Aholisi qariyotgan Xitoy har bir chaqaloqqa 1 500 dollar taklif qilmoqda

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Osmond Chia
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 2 daq
Xitoyda hukumat tug‘ilishlar sonini oshirish maqsadida 3 yoshga to‘lmagan har bir bola uchun ota-onalarga yiliga 3 600 yuan (500 dollar) to‘lashni taklif qilmoqda. Bu mamlakat miqyosidagi birinchi bevosita subsidiya dasturi hisoblanadi.
Hatto hukmron Kommunistik partiya qariyb o‘n yil oldin bahsli "bir bola" siyosatini bekor qilganiga qaramay, so‘nggi yillarda Xitoyda tug‘ilishlar soni keskin pasayib bormoqda.
Davlat OAVning xabar berishicha, bu yordam taxminan 20 million oilani bola parvarishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashda yordam beradi.
Dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot hisoblangan Xitoy demografik inqirozga yuz tutarkan, bir qator viloyatlar odamlarni ko‘proq farzand ko‘rishga undash maqsadida turli to‘lov dasturlarini allaqachon boshlab yuborgan.
Dushanba kuni e’lon qilingan bu yangi dastur doirasida har bir bola uchun jami 10 800 yuangacha (1,5 ming dollar) mablag‘ ajratiladi.
Pekindagi CCTV davlat televideniesining ma’lum qilishicha, mazkur siyosat 2025 yil boshidan orqa sana asosida amalga joriy qilinadi.
2022–2024 yillar oralig‘ida tug‘ilgan bolalari bor oilalar ham qisman subsidiya olish uchun ariza topshirishlari mumkin.
Bu qaror Xitoydagi tug‘ilish ko‘rsatkichini oshirish maqsadida mahalliy hukumatlar tomonidan olib borilayotgan harakatlar mantiqiy davomi hisoblanadi.
Joriy yil mart oyida Xitoyning shimolida joylashgan Huhhot shahri kamida uch nafar farzandi bor oilalarga har bir bola uchun 100 000 yuangacha to‘lashni boshladi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Shuningdek, Pekinning shimoli-sharqidagi Shenyan shahrida uchinchi farzandi 3 yoshga to‘lmagan oilalarga oyiga 500 yuan subsidiya ajratiladi.
O‘tgan haftada esa Pekin mahalliy hokimiyatlarga maktabgacha ta’limni bepul qilish rejalarini ishlab chiqishni tavsiya qildi.
Xitoyda bola tarbiyalash nisbiy hisobda jahonda eng qimmatlardan biri hisoblanadi. Xitoyda joylashgan YuWa aholi tadqiqot institutining tahliliga ko‘ra, bolani 17 yoshgacha tarbiyalash o‘rtacha 75 700 dollarga tushadi.
Joriy yilning yanvar oyida e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Xitoy aholisi uchinchi yil qatorasi pasaygan.
Milliy statistika byurosi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatda 9,54 million chaqaloq dunyoga kelgan. Bu 2023 yilga nisbatan ozgina o‘sishni anglatadi, ammo umumiy aholi soni kamayishda davom etgan.
1,4 milliard aholisi bor mamlakat tez qarib ham bormoqda. Bu Pekinning demografik inqiroz xavotirini yanada orttiradi.












