O‘zbekiston va dunyo: Endi inflyuenserlik orqasidan dollar, dollar pul ishlash qiyin bo‘ladimi?

Surat manbasi, Kaaviya Sambasivam/Simone Mckenzie/Google Veo 3
- Author, Sakshi Venkatraman
- Role, AQSh bo‘yicha muxbir, BBC
- O'qilish vaqti: 5 daq
Bir qarashda Jiji boshqa yosh ijtimoiy tarmoq inflyuenserlariga o‘xshaydi.
Sochi va pardozi joyida, muxlislari bilan muloqot qiladi. Ovqatlanayotgani, terisini parvarishlayotgani, lab bo‘yog‘i surtayotgani kabi videolarini ulashadi. Hatto ba’zi videolarda yoqimtoygina chaqalog‘i ham ko‘rinib qoladi.
Ammo bir necha soniyadan so‘ng, nimalardir g‘alati tuyulishi mumkin.
U erigan lavadan tayyorlangan pitstsa yeydi yoki lablariga yaltiratish uchun qor parchasi va shakarpaxta suradi. Qo‘llari ba’zan ushlab turgan narsalardan o‘tib ketadi.
Buning sababi oddiy – Jiji haqiqiy odam emas. Uni yozda pul ishlash maqsadida Illinoys universiteti talabasi Simona Makkenzi sun’iy intellekt yordamida yaratgan.
21 yoshli Makkenzi xonim Google Veo 3 kabi sun’iy intellekt chatbotlariga oddiy so‘rovlar – promptlar yozish orqali videostrim yaratadiganlardan biri. Mutaxassislar aytishicha, ba’zi tanqidchilar va norozi tomoshabinlar "SI axlat" deb atagan bu janr ijtimoiy tarmoqlarni egallab olmoqda.
Uning ijodkorlari sezilarli darajada muvaffaqiyatga erishmoqda.
"Bitta video menga atigi to‘rt kunda 1600 dollar daromad keltirdi, – deydi Makkenzi xonim. – Shunda o‘zimga: mayli, davom ettiraveray-chi dedim."
Ikki oydan so‘ng, Jijining videolari millionlab marta ko‘rildi va Makkenzi xonimga TikTok ijodkorlar fondi orqali minglab dollar keltirdi. Bu dastur ijodkorlarga ko‘rishlar soniga qarab haq to‘laydi. Biroq mutaxassislar fikricha, u sun’iy intellekt yordamida oson mashhurlik qozonayotgan yagona inson emas.
"Hozir bu jarayon avj olmoqda va ehtimol, davom etadi," deydi Pensilvaniya universiteti dotsenti va raqamli madaniyat bo‘yicha mutaxassis Jessa Lingel.
Endi bir necha daqiqada amalda istalgan narsa haqida video yarata oladigan bu SI ijodkorlar serdaromad inflyuenserlar tomorqasida tartibsizlik chiqarishi mumkin.
Biroq ba’zilar sun’iy intellekt ijtimoiy tarmoqlarni buzayotganini aytsa, boshqalar internetda shuhrat qozonish imkoniyatini hammaga berayotganini aytmoqda, deydi Lingel. Chiroyli orqa manzara, kamera yoki video tahrirlash vositalari uchun puli yoki vaqti bo‘lmaganlar ham endi mashhur bo‘lishi mumkin.
Bitta video menga atigi to‘rt kunda 1600 dollar daromad keltirdi. Shunda o‘zimga: mayli, davom ettiraveray-chi dedim...

Surat manbasi, Simone Mckenzie/Google Veo 3
An’anaviy inflyuenserlar siqib chiqarilmoqdami?
Ijtimoiy tarmoqlarda inflyuenser bo‘lish yaqindagina normal karьeraga aylangandi. Ammo atigi bir necha yil ichida sanoat hajmi 250 milliard dollardan oshdi, deb xabar beradi Goldman Saks investitsiya kompaniyasi. Onlayn ijodkorlar ko‘pincha kontent yaratish va obunachi jalb qilish uchun o‘z hayot tarzlaridan – ta’tillari, uy hayvonlari, pardoz odatlaridan foydalanadi.
Sun’iy intellekt ijodkorlari esa xuddi shunday narsani tezroq, arzonroq va cheklovlarsiz qila oladi.
"Bu, shubhasiz, ijodkorlar maydonini ostin-ustun qilishi mumkin", deydi Kornel universitetining raqamli va ijtimoiy media bo‘yicha tadqiqotchisi Bruk Daffi.
Jiji ijodkori Makkenzi xonimning aytishicha, videolarni yaratish uchun unga atigi bir necha daqiqa kerak bo‘ladi va u ba’zan kuniga uchta post joylaydi.
Bu turli platformalarda 1,3 million atrofida obunachiga ega 26 yoshli Kaaviya Sambasivam kabi inson inflyuenserlar uchun imkonsiz.
U qanday video tayyorlayotganiga qarab – taom retseptimi, kundalik hayot haqida videoblogmi yoki pardoz bo‘yicha tavsiyalarmi – bir necha soatdan bir necha kungacha vaqt ketishi mumkin. U xarid qilishi, rejalashtirishi, fon va yorug‘likni sozlashi, suratga olishi va keyin videoni montaj qilishi kerak.
Sun’iy intellekt ijodkorlari esa bu bosqichlarning deyarli barchasini o‘tkazib yubora oladi.
"Savol tug‘iladi: biz bunda raqobatlasha olamizmi? Chunki men insonman. Mening imkoniyatlarim cheklangan, – deydi Shimoliy Karolinada yashovchi Sambasivam xonim. – Shunday oylar bo‘ladiki, ruhan tushkunlikka tushaman va juda kam post joylayman. Robotlar bilan bellasha olmayman."
U o‘z kanalini Kovid pandemiyasi paytida ota-onasi bilan yashab turganda boshlagan. Uskunalari bo‘lmagani sababli suratga olish uchun telefonini devorga skotch bilan yopishtirib qo‘yardi. Vaqt o‘tib, u inflyuenser sifatida ishlab topgan pulini o‘z videolari uchun shtativlar, yoritgichlar, pardoz ashyolari va oziq-ovqat sotib olishga sarfladi, obunachilarini orttirish uchun yillar kerak bo‘ldi.
Makkenzi xonimning aytishicha, u avvaliga an’anaviyroq inflyuenser bo‘lishni o‘ylagan, ammo puli, vaqti yoki uskunalari yo‘q edi. Shuning uchun u Jijini yaratdi.
"Uydagi ish stolimda juda ko‘p kitoblar va narsalar bor, – deydi u. – Bu video uchun juda ko‘rimli emas. Sun’iy intellekt yordamida xohlagan foningizni tanlash ancha oson, albatta."
Tez orada sun’iy aql insoniyat boshiga yetadimi - videoni tomosha qilish uchun quyida ilova qilingan linkni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post

Surat manbasi, Kaaviya Sambasivam
Sun’iy intellekt videolarida "haqiqiy" hayot
Makkenzi xonim ishni boshlaganida, Google'ning Veo 3 chatbotidan ayol obrazini yaratishni so‘radi.
Jiji 21 yoshda, terisi quyoshda toblangan, ko‘zlari yashil, sepkilli, ko‘z kipriklari qanotsimon va uzun qora sochli. Keyin u chatbotdan Jijini gapirtirishni so‘radi. Endi Jiji har bir videoni uni sun’iy intellekt deb ayblayotgan foydalanuvchilarni tanqid qilishdan boshlaydi. So‘ng, ularning haqligini masxaraomuz tarzda tasdiqlab, toshlardan yasalgan avokado yoki shilimshiqdan tayyorlangan pechenьeni yeydi.
Daffi xonimning aytishicha, raqamli o‘zgartirishlar yangilik emas. Avvaliga rasmlarni tahrirlash uchun Photoshop kabi dasturlar mavjud edi. Keyinchalik, FaceTune kabi ilovalar foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoqlar uchun yuzlarini o‘zgartirishni osonlashtirdi. Biroq u bugungi o‘ta realistik sun’iy intellekt videolarining asosiy o‘tmishdoshi 2010-yillar oxirida paydo bo‘lgan mashhurlarning soxta videolari ekanligini ta’kidlaydi.
Ammo hozir ular ancha haqiqiyroq ko‘rinmoqda va tezroq tarqalishi mumkin, deydi Daffi xonim.
Sun’iy intellekt videolari "McDonald's"da ishlaydigan mushuk haqidagi multfilmdan tortib, eshikka o‘rnatilgan soxta kamera tasvirlarigacha bo‘lgan turli mavzularni qamrab oladi. Ular orasida barcha janrlar – qo‘rqinchli, kulgili, oshpazlik kabilargacha bor. Biroq bularning barchasi sun’iy.
"Bu ma’lum ma’noda mem madaniyatining bir shakliga aylandi," deydi Daffi xonim.
Janubiy Koreyada yashovchi 31 yoshli amerikalik ayolning TikTok sahifasi sun’iy intellekt yordamida yaratilgan Gamja ismli kuchukchaga bag‘ishlangan. Unda kuchukcha quloqchin taqib, ovqat pishirib, sochini jingalak qiladi. Uning videolari millionlab marta ko‘rilgan va ularga reklama joylashtirmoqchi bo‘lgan kompaniyalardan hamkorlik takliflarini olmoqda.
"Men odamlar sevadigan narsalarni, masalan, ovqat va kuchuklarni, ilgari qilinmagan tarzda birlashtirishni xohlardim," deydi u.
TikTok'dagi eng yirik sun’iy intellekt kontent yaratuvchilardan biri 27 yoshli Deniel Raylidir. Uning millionlab muxlislari bor, ammo ular uning yuzini hech qachon ko‘rmagan. Aksincha, uning "vaqt sayohati" videolariga 600 mingga yaqin obunachi bor va o‘n millionlab marta ko‘rilgan.
"POV: Siz Pompey shahrida vulqon otilgan kunda uyg‘ondingiz" va "POV: Siz Kleopatra malika sifatida uyg‘ondingiz" kabi sarlavhalar eng mashhur videolar bo‘lib, tomoshabinlarni qadimgi tarixning xayoliy kuni bilan 30 soniyada tanishtiradi.
"Men odatda millionlab dollar sarflanadigan hikoyalarni aytib berishim va odamlarga telefonlari orqali turli davrlarga nazar tashlash imkonini berishim mumkinligi haqida o‘yladim," deydi u.
U yana bir daromad manbaini yaratdi – oylik to‘lov evaziga boshqalarga shu kabi sun’iy intellekt videolarini yaratishni o‘rgatadigan kurs.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Biror kim farqini bilarmikan?
"Meni sun’iy intellekt deb atashni bas qiling," deydi Jiji har bir TikTok chiqishi boshida. U shubhalanuvchilar bilan bahslashadi, ammo ba’zi tomoshabinlar uning haqiqiy ekaniga shubha qilmaydi.
Bir tomondan, haqiqiydek ko‘rinadigan sun’iy intellekt videolari jiddiy muammo tug‘diradi, deydi Lingel xonim, ayniqsa, media savodxonligi hali shakllanmagan yosh bolalar uchun.
"Menimcha, yaqin kelajakda oddiy odam farqini ajrata olmaydi, – deydi u. – Yolg‘on ma’lumotlar, firibgarliklar va shunchaki... sifatsiz kontent ko‘payishiga guvoh bo‘lasiz."
Boshqa tomondan, sun’iy intellekt videolari jozibali bo‘lishi mumkin, deyishadi mutaxassislar, chunki ular multfilmga o‘xshash, bo‘rttirilgan materiallarni taqdim etadi.
"Haqiqat va yolg‘on qorishgan tasvirlar va postlar e’tiborimizni tortadi va ulashishga undaydi", dedi Daffi xonim.
Harvard universiteti tadqiqoti ko‘rsatishicha, 14-22 yosh oralig‘idagi sun’iy intellekt foydalanuvchilarining ko‘pchiligi undan rasmlar va musiqa kabilarni yaratish uchun foydalanishini aytgan.
Shunga qaramay, deydi u, savol shundaki, insonning fahm-farosati tez rivojlanayotgan texnologiyalar bilan hamqadam bo‘la oladimi?
Gamja ijodkorining aytishicha, u deyarli har kuni internetdagi odamlardan xabar oladi. Ular sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kuchukchadan xavotirda: ular kuchukcha sog‘lig‘i uchun zararli ovqatlar yeyapti deb o‘ylashadi, chunki ular haqiqiy itni ko‘ryapmiz deb ishonishadi.
































