Turkiya va Armaniston rahbarlarining tarixiy uchrashuvi: Qorabog‘ urushi armani genotsidi mavzusiga nuqta qo‘ydimi?

Pashinyan va Erdo‘g‘an

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Pashinyan bir necha yildan buyon Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an bilan munosabatni yo‘lga qo‘yishga intiladi(ikki rahbarning o‘tgan yil sentyabrida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasidagi uchrashuvi)
    • Author, Grigor Atanesyan
    • Role, Bi-bi-si
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Turkiya prezidentining taklifiga binoan Armaniston bosh vazirining Turkiyaga borayotgani — ikki davlat rahbari o‘rtasidagi bunday darajadagi ilk uchrashuvdir. Bosh vazir Nikol Pashinyan munosabatlarni tezroq normallashtirishga intilayotgan bo‘lsa, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bu jarayonni Armanistonning Ozarbayjon bilan yarashishi sharti bilan bog‘layapti.

Ikki mamlakat mavqe’larining yaqinlashuvi Pashinyan tomonidan qilingan katta yon bosishlardan keyin boshlandi. Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olish, qo‘shnilarga nisbatan hududiy da’volardan voz kechish va 100 yil oldingi armani genotsidi masalasini kun tartibidan olib tashlash Armaniston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaralarni ochish uchun to‘siqlar qolmaganini anglatadi.

Biroq Anqaraning oldindan qo‘ygan sharti bor — avval Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanishi kerak.

Ammo bu muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Armaniston diplomatiyasining bugungi vazifasi — ushbu ikki jarayonni bir-biridan ajratish.

Pashinyan bilan Erdo‘g‘anning uchrashuvi natijalari Turkiya buni amalga oshirishga tayyormi-yo‘qmi, degan savolga oydinlik kiritadi.

Dunyo chorrahasi va o‘tmish yaralari

Yerevanda Turkiya va Ozarbayjon bayroqlarining yoqilishi

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Pashinyan Yerevan shahridagi armanilar qirg‘inini xotirlash marosimida Ozarbayjon va Turkiya bayroqlari yoqilganini qoraladi

Armaniston hukumati Ozarbayjon va Turkiya bilan yarashishni va o‘zaro da’volardan voz kechishni istaydi. Shu maqsadda u munosabatlarga xalaqit berayotgan to‘siqlarni bartaraf etishga harakat qilmoqda. Masalan, Pashinyan Ararat tog‘ini respublika ramzi sifatida ishlatishdan voz kechdi, chunki u Turkiya hududida joylashgan. Yana bir ramziy qadam — Erdo‘g‘anning iltimosiga binoan Armaniston Falastinni suveren davlat sifatida tan oldi.

Armaniston tezroq yarashish butun Janubiy Kavkaz va uning qo‘shnilariga moddiy foyda keltiradi demoqda. Pashinyan mintaqadagi barcha davlatlar o‘rtasida chegaralarni ochish va iqtisodiy to‘siqlarni bekor qilishni xohlaydi. U Armanistonni "dunyo chorrahasi" sifatida ko‘radi — bu yerdan yo‘llar, gaz quvurlari, kabellar va elektr uzatish tarmoqlari o‘tib, Ozarbayjon, Gruziya, Eron va Turkiyani bog‘laydi. Ushbu reja Qora dengiz va Fors ko‘rfazi, Kaspiy va Marmar dengizlari o‘rtasidagi eng qisqa yo‘lni va’da qiladi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Diplomatik munosabatlar o‘rnatish va chegaralarni ochish urinishlari yangilik emas — 2009 yili Turkiya va Armaniston rahbarlari munosabatlarni normallashtirish haqidagi hujjatlarni imzolagan edilar. Ammo bu jarayon Qorabog‘ mojarosi, Armanistonning 1915 yildagi ommaviy qirg‘inlarni genotsid sifatida xalqaro tan olinishiga erishish urinishlari va chegara masalasidagi kelishmovchiliklar tufayli barbod bo‘lgan edi.

"Bunda asosiy rolni Turkiyaning ushbu bitimlarni ratifikatsiya qilmasligiga erishgan Ozarbayjon o‘ynagan edi", deb yozgan edi Qorabog‘ mojarosi bo‘yicha tarixchi Tom de Val. Yerevanda esa shunga o‘xshash kampaniyani armani millatchilaar va diaspora vakillari olib bordilar, ular Turkiya genotsidni tan olsin degan talabni qo‘ydilar.

O‘shandan buyon mintaqadagi kuchlar muvozanati o‘zgardi. Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘ ustidan nazoratni tikladi va Pashinyan Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan oldi. Chegara masalasi ham kun tartibidan tushirildi — endi Armanistonning qo‘shnilarga nisbatan hududiy da’volar yo‘q.

Pashinyan 1915 yil masalasida ham o‘tmish bilan aloqani uzdi. Shu yil mart oyida turk jurnalistlari bilan uchrashuvda u "armani genotsidining xalqaro tan olinishi bugun tashqi siyosatimizda ustuvor yo‘nalish emas", dedi. Uning ta’kidlashicha, bugungi ustuvor vazifa — qo‘shnilar bilan tinchlik, o‘tmish fojialari haqidagi bahslar emas.

"Dunyo chorrahasi" loyihasining prezentatsiyasi

Surat manbasi, Press office of the Government of Armenia

Surat tagso‘zi, Armaniston dunyo chorrahasi bo‘lishni istaydi, ammo bu borada qo‘shnilari Armanistonga yordamga shoshilayotganlari yo‘q

Rasman Yerevan 1915 yilda Usmonli imperiyasida armanlar va boshqa nasroniy fuqarolarning ommaviy o‘ldirilishini genotsid deb hisoblashda davom etmoqda, buni tarixchilarning ko‘pchiligi qo‘llab-quvvatlaydi. Xalqaro genotsid tadqiqotchilari uyushmasi (IAGS) ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar soni bir milliondan ortiq bo‘lgan. Ammo Anqara buni genotsid emas, balki har ikki tomon — ham armanilar va ham turklar qurbon bo‘lgan qirg‘in deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, Armaniston tashqi siyosatining asoslaridan voz kechishi, Qorabog‘ni Ozarbayjonniki deb tan olishi va mavjud chegaralarni qabul qilishi Yerevan va Anqara o‘rtasida printsipial kelishmovchiliklar qolmaganini anglatadi.

Shunday bo‘lsa ham Erdo‘g‘on hukumati bir necha bor ta’kidladiki, avval Armaniston Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolasin, ana undan keyin normallashtirish haqida gapirish mumkin. Ammo Yerevan va Boku o‘rtasida hali ham chuqur kelishmovchiliklar mavjud.

Pashinyanning vazifasi — diplomatik burilishga erishish va Turkiya bilan normallashuv jarayonini boshlash, bu jarayonning Ozarbayjon sulhidan ayriligiga erishishdir.