O‘zbekiston uzoq yillar ortga surib kelgan qimmatchilik: nega uning zarbasini yumshatish muhim?

Yuqori quvvatli elektr uzatish liniyasida ishlayotgan elektrchi

Surat manbasi, Rasmiy

O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekistonda 2025 yil 1 aprelidan ko‘zlangan narxlar erkinlashtirilishini 1 mayga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi, vanihoyat, o‘zgarishlar kuchga kirdi.

1 maydan elektr va suyultirilgan gazlar baholari ko‘tarildi, yana qator sohalarda qimmatlashish kuzatildi.

Bu O‘zbekiston hukumati 1992 yildan buyon ortga surib kelayotgan, ammo muqarrar jarayon, buni xalqaro moliya tashkilotlari, mustaqil iqtisodiy tahlilchilar anchadan buyon aytib keladilar.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

O‘zbekiston hukumati narx-navoni oshirishga juda ehtiyotkorlik bilan yondoshadi.

Bunga mustaqillik dastlabki yillaridagi hodisalar sabab bo‘lgan.

1992 yil boshidagi non narxi ko‘tarilishi "Vuzgorodok" hodisalari" deb nomlangan noroziliklarni keltirib chiqargan, shundan keyin Prezident Islom Karimovning narxlar oshirilishi haqidagi hujjat ostidagi imzosi matbuotda e’lon qilinmaydigan bo‘lgan.

SSSR tarqalishi arafasida boshlangan tovarlar taqchilligi sobiq ittifoq respublikalari mustaqilliklarining dastlabki yillarida qimmatchilik bilan davom etdi, mustaqil bo‘lgan har bir mamlakat o‘z iqtisodiyotini isloh etishga o‘zicha yondashdi.

Rossiya "shok terapiyasi"ni tanlagan, mamlakat aholisining aksari kambag‘al bo‘lgani uchun Prezident Islom Karimov falaj qilib davolash usuli O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmaydi degan qarorga keldi.

Davlat bosh islohotchi bo‘lib, iqtisodiyot bosqichma-bosqich bozor relsiga o‘tkazilishi kerak, degan yo‘l tanlandi.

Aloqador mavzular

Ammo SSSR zamonida qurilgan issiqlik elektr energiyasi ishlab chiqaradigan stantsiyalar tabiiy gazga ishlaydigan qilib qurilgan, bu stantsiyalar tobora eskirib ketaverdi, gaz iste’moli va isrofi ham ko‘pligicha qolaverdi.

Hali 2000 yillar boshlarida xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston energetika haqlarini erkinlashtirishi zarurligini, bozor munosabatlari davlatning yelkasidan xalqni arzon elektr bilan ta’minlash yukidan xalos qilishi maslahatini berishgan, lekin yana xalqning turmush darajasi yuqori emasligi vajidan bu maslahat va tavsiyalarga quloq solinmadi.

Shuning uchun bugungacha davlat zarariga bo‘lsa ham aholi uchun elektr haqlarini "qo‘l yetar" qilib saqlab turish siyosati tanlandi.

O‘zbekiston hukumati 2019 yildan 2024 yilgacha elektr narxlarini ko‘tarmadi.

Orada butun mamlakat energetika tizimi ayni qishning ayozida ishdan chiqdi, ta’mir uchun bir necha kun zarur bo‘ldi.

Ikki yilcha oldin davlat bir milliard dollarcha mablag‘ni elektr energiyasi subsidiyasiga ajratishga majbur bo‘layotganini, minglab kilometr elektr simlari, yuzlab podstantsiyalar eskirib ketganini tan oldi.

Ammo bu tartib yana uzoq davom etolmaydi, shuning uchun ham bir kun kelib elektr haqlarini bozorning o‘ziga qo‘yib berish kerak.

Buning uchun esa aholining turmush darajasi baland bo‘lishi, toki bozor narxlari "chaqib olmaydigan" bo‘lishiga yetishishi talab qilinadi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Aks holda qimmatchilik ijtimoiy noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkin, 2022 yilgi Qozog‘istondagi "Qonli yanvar" hodisalari qanday boshlangani ham siyosatchilarning, ham oddiy odamlarning yaxshi yodida: noroziliklar gaz zapravkalaridagi suyultirilgan gaz baholari oshirilishi ortidan kelib chiqqandi.

Shu yil 1 apreliga rejalangan narxlarni ko‘tarishni 1 mayga qoldirish sabablaridan biri ham ana shunday xavotirlar bilan izohlanadi.

"O‘zbekistonning davlat xarajatlari hali ham yuqoriligicha qolayapti, O‘zbekiston o‘tish davri iqtisodiy islohotlarida salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritdi, biroq bu islohotlarni nihoyasiga yetkazishi va institutsional islohotlarni jadallashtirishi lozim", dedi yaqinda bir oy mobaynida mamlakatdagi ahvolni o‘rgangan Xalqaro Valyuta jamg‘armasining maxsus missiyasi.

Oddiy odamlarga qimmatchilik zarbasini yumshatish yo‘lida aksilmonopoliya idorasining roli katta bo‘lishi lozimligini urg‘ulaydilar iqtisodiy ekspertlar.

Chunki mamlakatda sabab bo‘lsa-bo‘lmasa, "dollar qimmatladi", "benzin, gaz qimmatladi" degan bahona bilan sotayotgan tovari narxini ko‘tarish holatlari tez-tez kuzatiladi.

Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram kanalida monopolistlarning avtomobillarga yoqilg‘i va gaz bozoridagi yakkahukmronligini suiste’mol qilishlari mavzusini ko‘tardi.

Shuningdek, hukumat tobora ko‘p aholiga narxlarni nega bozor ixtiyoriga qo‘yib yuborishi muhimligini yanada faol tushuntirishni kuchaytirishi kerak, deb hisoblaydilar iqtisodchilar.