Urushga yollash mojarosi: Qirg‘iziston suvereniteti sinov ostidami?

Surat manbasi, Расмий
- Author, Shohruh Soipov
- Role, Mustaqil jurnalist
- O'qilish vaqti: 7 daq
O‘shdagi "Rus uyi" tashkiloti xodimining qirg‘iz fuqarolarini Rossiya armiyasi uchun yollashda gumonlanib, hibsga olinishi jamoatchilikda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Bu holat mamlakat suvereniteti va uning o‘z fuqarolarini himoya qilish qobiliyatiga oid savollarni o‘rtaga qo‘ydi.
O‘tgan hafta Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiev, Rossiyaning Bishkekdagi elchisi Sergey Vakunov bilan uchrashib, hibsga olinganlar masalasini muhokama qilgan.
Muzokaralar davomida ikki taraf ham "Rossotrudnichestvo"ga qarashli "Rus uyi"ning Qirg‘iziston fuqarosi hisoblangan shtatdan tashqari, mustaqil xodimi tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar jazosiz qolmaydi, degan xulosaga kelishgan.
Rasmiy bayonotda "Rossotrudnichestvo"ning mustaqil xodimi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarning og‘irligi ta’kidlanadi.
Mazkur uchrashuvdan so‘ng, Bishkekning Birinchi may tuman sudi odam yollashda gumon qilinib, hibsga olingan O‘sh shahridagi "Rus uyi" xodimi Natalya Sekerina uy qamog‘iga chiqarilganini ma’lum qildi.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergovchisi hibsga olinganlarning ehtiyot chorasini o‘zgartirish to‘g‘risida sudga ariza bergan va uni tuman sudi 25 aprel kuni qonaotlantirgan. Shu kuni mazkur ish bo‘yicha ayblangan yana bir gumonlanuvchi — S.V.T. ismli shaxs ham uy qamog‘iga qo‘yib yuborilgan. U Jalolobod viloyatidagi Mayluu-Suu lampa zavodi xodimi ekani xabar qilingan.
Hibsga olinganlar kimlar?
Ushbu og‘ir jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotganlar qonun bo‘yicha uy qamog‘iga chiqarilishi mumkin emas edi. Afsuski, siyosiy qarorlar qonuniy qarorlardan ustun kelmoqda.
Qirg‘iziston Xavfsizlik qo‘mitasi, Jinoyat kodeksining 416-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishi doirasida to‘rt kishini hibsga olganini ma’lum qilgan.
Ular, O‘sh shahar meriyasining axborot xizmati bosh mutaxassisi Sergey Lapushkin, "Rus uyi" xodimasi Natalya Sekerina, shuningdek ChVK Vagnerning sobiq rahbari, marhum Yevgeniy Prigojin va GRUga aloqador rossiyalik siyosiy strateg. Hibsga olingan to‘rtinchi gumonlanuvchining shaxsi ochiqlanmagan.
Uchchalasi ham O‘shdan Bishkekka olib kelingan va sud qarori bilan tergov yakunlangunicha hibsda saqlash chorasi qo‘llanilmoqda.
Ular, "boshqa davlatlarda qurolli mojarolarda ishtirok etish maqsadida yollanma jangchilarni yollash, moliyalash, moddiy jihatdan ta’minlash, o‘qitish va ularni mojarolarda foydalanish"da gumonlanmoqda.
Qonunchilikda ushbu harakat uchun yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Rossiya fuqarosining Qirg‘izistonda hibsga olinishi jamoatchilikda alohida qizg‘in bahs-munozoralarga sabab bo‘lmoqda.
"Rus uyi": Xodimimiz taqdiri bizni xavotirga solmoqda

Surat manbasi, Расмий
"Rossotrudnichestvo" tashkiloti odam yollashda gumonlanib hibsga olingan Natalya Sekerina O‘sh shahridagi "Rus uyi"da ishlaganini rasman tasdiqlagan.
Tashkilot Sekerinaga qo‘yilayotgan ayblovlar haqida to‘liq ma’lumotga ega emasligini bildirgan, ammo uning taqdiri jiddiy xavotirga solayotganini qayd etgan.
Shuningdek, "Rossotrudnichestvo" rahbari o‘z xodimining hibsga olinishini "provokatsiya" deb atagan.
"Tushuntirish va reaktsiyalar kutilmoqda. Bu provokatsiya. Natalyani hibsdan chiqarib olamiz. O‘zimiznikini tashlab qo‘ymaymiz. Xulosa chiqarildi. "Ular samarali va yoqimsiz bo‘ladi", deb yozdi "Rossotrudnichestvo" rahbari Yevgeniy Primakov o‘zining Telegram-kanalida.
Tashkilot o‘z faoliyatini faqat hukumatlararo bitimlar asosida amalga oshirishini ta’kidlagan.
"Rossotrudnichestvo" - Rossiya hukumatiga qarashli tashkilot bo‘lib, asosiy maqsadi boshqa mamlakatlar bilan madaniy, ta’lim va gumanitar aloqalarni rivojlantirish hisoblanadi.
Ushbu tashkilot xorijiy mamlakatlarda "Rus uylari"ni ochib, rus tili va madaniyatini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.
Biroq ko‘plab davlatlar "Rossotrudnichestvo" - yumshoq kuch" vositasi, deb hisoblashadi.
Joriy yil fevral oyida Ozarbayjon o‘z hududida ushbu tashkilot faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan. Mahalliy manbalarga ko‘ra, Ozarbayjon maxsus xizmatlarga bog‘liq tashkilotlar yordamiga ehtiyoj sezmayotganini bildirgan.
Ukraina hududidagi harbiy amaliyotlarda qatnashish uchun fuqarolarni jalb qilishda gumonlanib hibsga olingan yana bir shaxs, O‘sh shahar meriyasining axborot xizmati bosh mutaxassisi Sergey Lapushkin.
Maxalliy hokimiyat axborot xizmati rahbari Jumamidin Sulaymanqulov Lapushkinni ko‘p yillardan beri tanishini aytadi.
"Sergey Qirg‘iziston fuqarosi. Davlat xizmatiga tanlov orqali qabul qilingan. Hokimiyat tadbirlarini suratga olardi va biz ularni veb-saytimizga joylashtirardik. Unda hech qanday shubhali harakatlar sezmaganmiz. Xavfsizlik xodimlari uni ish joyidan suhbat uchun olib ketishdi. Nima uchun hibsga olinganini biz ham keyin bildik", deydi Sulaymanqulov.
O‘sh Qirg‘izistondagi eng yirik shaharlardan biri bo‘lib, strategik ahamiyatga ega.
"Istalmagan shaxs deb e’lon qilishimiz kerak"
O‘shdagi "Rus uyi" xodimi va maxalliy hokimiyat vakilining boshqa davlat armiyasiga odam yollashda gumonlanib qo‘lga olinishi siyosiy muhokamalarga ham sabab bo‘lmoqda.
Rossiya Davlat Dumasi Mintaqaviy siyosat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mixail Matveev "Rus uyi" xodimasining qo‘lga olinishini sharhlar ekan, sobiq sovet respublikalari, Markaziy Osiyo davlatlarining prezidentlari va tashqi ishlar vazirlari Moskvaga nisbatan "etarlicha dag‘dag‘a bilan" muomala qilayotganini ta’kidlagan. Uning fikricha, mintaqa davlatlari iqtisodiyotining "katta qismi" Rossiyaga bog‘liq va aynan Rossiya ularning mehnat muhojirlarini qabul qiladi.
Matveevning ta’kidlashicha, Rossiyaning bu davlatlarga bosim o‘tkazish uchun "beqiyos miqdorda" mexanizmlari mavjud va undan hukumat hamda Tashqi ishlar vazirligi foydalanishi kerak.
"Menimcha, Qirg‘izistonga Rossiya banklaridan pul o‘tkazmalarini cheklash juda oson. Bu pul o‘tkazmalari bir kuni to‘satdan to‘xtab qolishi mumkin-ku? Katta derjava o‘zini dag‘dag‘a bilan tutgan kichik tashkilotni o‘rniga qo‘yish uchun millionta imkoniyatga ega", degan deputat.
Qirg‘iziston parlamenti deputati Dastan Bekeshev, rossiyalik hamkasbi yaqin hamkor davlatni, uni "o‘rniga qo‘yish kerak bo‘lgan tashkilot" deb ataganini haqoratli tarzda kamsitish deb hisoblaydi va Matveevning Qirg‘izistonga kirishini ta’qiqlash kerak ekanini aytadi.
"Mixail Matveev kabilar mamlakatlar o‘rtasiga nizo urug‘ini sochmoqda va o‘zaro aloqalarga raxna solish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda. Menimcha, shunday nediplomatik chiqishlar Rossiyaning o‘zi tomonidan ham cheklanishi kerak. Biz esa o‘z navbatida Tashqi ishlar vazirligimizga topshiriq berib, Rossiya elchisini chaqirtirishimiz, unga nota topshirishimiz va Mixail Matveevni persona non grata deb e’lon qilishimiz zarur", deydi Bekeshev.
"O‘z vaqtida marhum Vladimir Jirinovskiyni ham persona non grata deb e’lon qilgan edik va uning mamlakatimizga kirishini taqiqlanganmiz. Keyin u bizga kelishni juda istagan, uchib kelishni ham rejalashtirgan edi, lekin bu qaror tufayli u Qirg‘izistonga kela olmagan", deya eslaydi Bekeshev.
"Josus, sotqin va dushmanlar nafaqat jamiyatda, balki davlat idoralarida ham bor"
So‘ngi hibsga olishlar, Qirg‘izistonda Rossiya propagandasining ta’sirini kamaytirish, boshqa davlatdagi urushlarda ishtirok etuvchilar oqimini to‘xtatish zarurligi haqidagi muhokamalarni yana kun tartibiga olib chiqdi.
O‘shdagi "Rus uyi" xodimi va maxalliy hokimiyat vakili hibsga olinganidan keyin, avvaliga "Rossotrudnichestvo" tashkiloti, uning ortidan Rossiya Davlat Dumasi deputati turli bayonotlar bilan chiqishdi.
Ularning chiqishlari Qirg‘izistonga bosim sifatida ham baholanmoqda.
Bu voqealarning oqibatlari qanday bo‘lishi mumkinligi haqida bishkeklik siyosiy tahlilchi Mavlyan Asqarbekov fikrini so‘radik.
Savol: Bunday vaziyatda Qirg‘iziston mustaqil davlat sifatida qanday yo‘l tutishi kerak deb o‘ylaysiz?
Mavlyan Asqarbekov: Sobiq sovet davlatlari ishtirokida MDH, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB), Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqi kabi bir qator tashkilotlar va ittifoqlar tashkil etilgan. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga qaramay, Rossiya Davlat Dumasining ayrim deputatlari, jurnalistlari va rasmiy ommaviy axborot vositalari Markaziy Osiyo davlatlarini kamsitish, qo‘rqitish va yomonlash siyosatini olib bormoqda. Buning ikki sababi bor: Birinchisi, g‘oyaviy sabab. Rus ulug‘ xalq degan tushuncha, imperialistik o‘ksinish, "biz sizni odam qildik" degan qarash va axborot ustunligi. Ikkinchisi esa, xavfsizlik, iqtisodiy va migratsiyaviy qaramlik. Bunday vaziyatda biz yolg‘iz emasmiz va birgalikda muammoni to‘liq hal qilish mumkin. Ammo, hozirgi Markaziy Osiyo davlat rahbarlari mentalitet, tarbiya va qaramlik sababli buni o‘zgartirishga jur’at qilolmayapti, deb hisoblayman".
Savol: Juma kuni Xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiev, Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi bilan uchrashib, odam yollashda gumonlanib hibsga olinganlarni uy qamog‘iga chiqarish mumkinligini aytdi. Bunday og‘ir moddalar bilan ayblanayotganlarni uy qamog‘iga chiqarishga qonun yo‘l beradimi yoki bu bosim natijasida qabul qilingan qarormi?
Mavlyan Asqarbekov: Mazkur og‘ir jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib yoki ayblanayotganlar qonun bo‘yicha uy qamog‘iga chiqarilishi mumkin emas edi. Afsuski, siyosiy qarorlar qonuniy qarorlardan ustun kelmoqda. Bunday holatlar avval ham kuzatilgan. Masalan, 2023 yilda Rossiya tarafda Ukrainaga qarshi jangda qatnashgan hamyurtimiz Asqar Qubanichbek o‘g‘li 7 yilga qamalgan, ammo keyin probatsiya asosida ozod etilgan va Rossiyaga chiqib ketgan. Kreml unga rus pasporti va boshpana bergan. Undan avval "Sebat" litseyi rahbari, Qirg‘iziston fuqarosi O‘rxan Inandining Bishkekda o‘g‘irlanib, Turkiyaga olib ketilishi va u yerda uzoq muddatga qamoqqa hukm qilinishi, shuningdek poraxo‘rlikda ayblangan sobiq bojxona rahbari muovini Raimbek Matraimovning ham qamoqdan chiqarib yuborilishi shular jumlasidan.
Savol: So‘ngi hibsga olishlar bo‘yicha turli fikrlar aytilmoqda. Ayrim kuzatuvchilar buni, rasmiy Bishkekning yaqinda Moskvadagi hammomda o‘z fuqarolarining rus huquq tartibot idora hodimlari tomonidan ayovsiz do‘pposlanib, qo‘lga olinishi ortidan Rossiyaga ko‘rsatgan printsipi qatori baholashmoqda.
Mavlyan Asqarbekov: Rossiya Federatsiyasida fuqarolarimizning huquqlari doimiy ravishda buzib kelinmoqda. Moskvadagi hammom voqeasi bo‘yicha ma’lumotlar ochiqqa chiqdi, ochiqqa chiqmagani, noma’lum qolayotgani qancha. Qancha fuqarolarimiz turli moddalar bilan qo‘lga olingan, qanchalari qamoqda yotibdi va qanchalari urushda majburiy qatnashmoqda. Ularning aniq hisobi yo‘q. Qirg‘iziston havfsizlik idorasining kechagi hibsga olish amaliyoti oldindan rejalashtirilgan va Moskvadagi hammom voqeasi bilan bog‘liq emas. Bu davlat xavfsizligini himoya qilish uchun amalga oshirilgan amaliyot va jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Afsuski, josuslar, sotqinlar va dushmanlar nafaqat jamiyatda, balki davlat va mahalliy idoralarda ham mavjud.
Savol: So‘ngi voqealar Qirg‘iziston va Rossiya munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
Mavlyan Asqarbekov: Yuqorida aytilganidek, biz turli ittifoq va tashkilotlarda birga bo‘lsak-da, "strategik hamkormiz" degan deklaratsiyalar o‘zini oqlamayapti. Buni anglab yetish bilan munosabatlar kontseptual ravishda qayta ko‘rib chiqilishi shart. Afsuski, hozirgi sharoit va kadrlar bilan bu muammoni hal qilish qiyin.
Savol: Qirg‘izistonda bunday holatlar yana takrorlanmasligi uchun qanday choralar ko‘rilishi kerak?
Mavlyan Asqarbekov: Prezident bosh bo‘lib, yoshi ulug‘ siyosatchilar esa unga yordamchi bo‘lib, boshqa mamlakatlarning siyosiy texnologlariga suyangan holda ish tutishi yaxshilikka olib kelmaydi. Bu voqea Qirg‘iz davlatining suvereniteti qanday tahdid ostida ekanini ochiq ko‘rsatib turibdi. Bu masala chuqur tahlil qilinishi va kontseptual, strategik qarorlar qabul qilinishi lozim.
Savol: 10 aprel kuni Ukrainadagi "Xochu jitь" loyihasi Rossiya manfaatlari uchun Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan 350 qirg‘izistonlikning ro‘yxatini e’lon qildi. Ularning 38 nafari halok bo‘lgani aytilgan. Kuzatuvchilar, ushbu raqam aslida ancha ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytadi. Qirg‘iziston fuqarolarini bunday qadamga borishiga nima sabab bo‘lmoqda, deb o‘ylaysiz?
Mavlyan Asqarbekov: Bizning fuqarolar nafaqat Rossiya-Ukraina urushida, balki Suriyada va turli diniy, ekstremistik, radikal va terroristik tashkilotlarda ham ishtirok etmoqda. Bu faqat iqtisodiy sabablar bilan emas, boshqa turli omillar ta’sirida ham bo‘lmoqda. Ushbu omillarni tahlil qilish, ularni oldini olish va hal qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish, Qirg‘iziston Xavfsizlik Kengashining to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifasi edi...












