Sanktsiyalar: Rossiyaliklar qanday qilib haliga qadar iPhone sotib olish uddasidan chiqmoqda?

Ukrainada urush boshlanishi ortidan minglab katta-kichik brendlar Rossiyadan chiqib ketdi, bu mamlakatga eksport hajmi keskin qisqardi. Ammo bugun do‘konlar hali ham G‘arb tovarlariga to‘laligicha qolmoqda.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng dunyodagi minglab yirik brendlar norozilik o‘laroq bu mamlakatni boykot qila boshladi.
Birgina Yevropa Ittifoqidan eksport hajmi ham qariyb uch baravarga qisqardi.
Samolyotlar qismlar, mikrochiplar, navigatsiya qurilmalari kabi boshqa muhim qator tovarlarning Rossiyaga sotilishi esa taqa-taq to‘xtatildi.
Ammo odamlar haliga qadar Moskvada Big Mac, Sankt-Peterburgda esa iPhone sotib olmoqda.
Buning sababi nimada? Rossiya G‘arbning qattiq sanktsiyalarini qanday aylanib o‘tmoqda?
O‘rnini egallash

Surat manbasi, Getty Images
Rossiyaliklar G‘arb tovarlarini, asosan, uch yo‘l bilan qo‘lga kiritmoqda.
Shulardan biri – urushga qadar Rossiyada faoliyat yuritgan G‘arb brendlari o‘rnini egallash.
Ayrim G‘arb kompaniyalari 2022 yil fevralidan so‘ng Rossiyadan butunlay ketgan bo‘lsa, boshqalari shunchaki xo‘jayinini o‘zgartirdi.
McDonaldʼs o‘zining 800 dan ortiq restoranlarini mahalliy biznesmenga sotdi.
Restoranlar nomi o‘zgardi, menyu esa juda tanishligicha qoldi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Vkusno i Tochka nomini olgan bu fast-fud tarmog‘ining Grand Burgeri McDonaldʼsʼning G‘arbda mashhur gamburgeriga juda o‘xshab ketadi.
Yangi xo‘jayin bunga qadar McDonaldʼsʼning Sibirdagi restoranlarini boshqargan.
Bi-bi-si Rus xizmati o‘tkazgan surishtiruv esa u AQSh sanktsiyalari ostidagi investorlardan dastak olgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Boshqa rus bizneslari ham G‘arb kompaniyalari qoldirgan bo‘shliqni zudlikda to‘ldirdi.
Masalan, Krunchy Dream Krispy Kreme o‘rnini egalladi. Dobriy Cola esa Coca-Cola o‘rnini.
O‘rnini egallash trendida faqatgina rus bizneslari ishtirok etgani yo‘q.
Zara o‘rniga Livanning MAAG fashion brendi keldi.
IKEA o‘rniga esa o‘xshash tovarlarni taklif etuvchi Belorusning SwedHouse brendi Rossiyaga kirib keldi.

Surat manbasi, Getty Images
Urush boshlanganidan beri turk brendlari ham bu jarayonda faol ishtirok etmoqda.
Bir vaqtning o‘zida, Rossiya hukumati xorijiy kompaniyalarga nisbatan mamlakatdan chiqib ketish jarayonini qiyinlashtiruvchi tartib-qoidalarni joriy qildi.
Bu kompaniyalar o‘z mulkini arzon narxlarda sotish va yana norasman “chiqish solig‘i” nomini olgan milliardlab dollarga teng to‘lov to‘lashga majburligini anglatar edi.
Natijada, xorijiy kompaniyalar mulklari prezident Vladimir Putinga yaqin shaxslar qo‘liga borib tushishi ehtimoli ortgan muhit paydo bo‘ldi.
Starbucksʼni repper Timati sotib oldi va 130 kofe shopdan iborat savdo tarmog‘i nomi Stars Coffee’ga o‘zgartirildi.
Timati Rossiya prezidentining ashaddiy tarafdorlaridan biri.
Uning hatto “Eng yaxshi do‘stim – Vladimir Putin” degan mashhur qo‘shig‘i ham bor.
Ammo matbuotda chiqqan ba’zi xabarlarda Timati sanktsiyaga tushgan rus senatori Arsen Kanokovning vakili bo‘lishi mumkinligi aytiladi.
Milliylashtirish
Ko‘pgina rus oligarxlari sanktsiyalar tufayli anchagina boyligidan ayrildi.
Ehtimol, yo‘qotilgan boylikning bir qismini qayta tiklab olish imkoniyati berish Putin uchun oligarxlarni xursand va sadoqatli saqlash yo‘llaridan biri bo‘lishi mumkin.
Ayrim kompaniyalar Rossiyani zudlikda tark etdi, ammo boshqalari o‘z mulklari ustidan nazoratni boy berdi.
Daniyaning Carlsberg pivo ishlab chiqaruvchisi o‘zi uchun xaridor topdi, biroq rus hukumati uning mahalliy Baltika kompaniyasidagi ulushini qo‘lga kiritish maqsadida o‘rtaga qo‘shildi.
Citroen kompaniyasi 2022 yilda Rossiyadagi barcha ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatdi.
Lekin uning Rossiyadagi zavodlari Xitoydan import qilingan butlovchi qismlar bilan Citroen’ning yangi modellarini yig‘a boshladi.
Citroen’ning egasi bo‘lmish Stellantis konglomerati Rossiyadagi mulklariga haliga qadar rasman egalik qiladi, ammo ishlab chiqarish jarayoni ustidan nazoratni qo‘ldan boy berganini aytadi.
Parallel import

Surat manbasi, Reuters
Urush boshlanganda Apple Rossiyaga o‘z tovarlari eksportini zudlikda to‘xtatdi – lekin rossiyaliklar haliga qadar yangi iPhone yo MacBook sotib olish imkoniga ega.
Hozirda, olib-sotarlar Apple tovarlarini Rossiyaga parallel import nomini olgan usulda olib kirmoqda.
Bunda tovarlar uchinchi davlatdan kompaniyaning ruxsatisiz import qilinadi.
Rossiya hukumati parallel importni 2022 yilda qonuniylashtirgan.
Shundan beri rossiyalik chakana sotuvchilar Sobiq Ittifoq davlatlari, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy kabi mamlakatlar orqali g‘arb tovarlari olib kiriluvchi muqobil ta’minot tarmog‘ini yaratdilar.
Bugun zavodlar va do‘konlar ana shu tovarlardan bilan to‘yinmoqda.
Bi-bi-siga javob bergan rus hukumati Rossiya mamlakatda qolgan xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikka tayyor ekani, bir vaqtning o‘zida, “tijoriy aloqalarni hech qachon siyosiylashtirmaslik”ka chaqirishini aytdi.
Rossiya G‘arbni ba’zi bizneslarni chiqib ketishga majburlashda ayblaydi va o‘zining sanktsiyalarga nisbatan javobini o‘zaro manfaatli tijorat aloqalarini shakllantirishga urg‘u bergan “diqqat bilan sozlangan” javob deya ta’riflaydi.
Ammo kelajak hozirgi mavjud holatda ko‘rinayotgandek juda ham yorqin bo‘lmasligi mumkin.
Rossiya iqtisodiyoti milliardlab dollar investitsiyadan mahrum bo‘lmoqda hamda harbiy xarajatlar, davlat qo‘shni davlatlarga qaramligi yanada ortmoqda.
Shunday ekan, vaziyat tashqaridan qaraganda, odatdagidek holda ko‘rinayotgan bo‘lsada, u yana qancha davom etadi, degan savol paydo bo‘lmoqda.
End of Telegram kanalimiz











