"Prezervativ hayotimni saqlab qoldi"

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Kristin Ro
- Role, BBC Future
- O'qilish vaqti: 7 daq
Maura prezervativdan foydalanish hayotini saqlab qolgan deb hisoblaydi.
Hozirda 43 yoshda bo‘lgan va AQShning Ohayo shtatida yashovchi Maura (ismi o‘zgartirilgan) bu muammo ilk bor 20 yoshlarida boshlanganini aytadi. U shunday deydi:
"Agar prezervativsiz bo‘lsa, jinsiy aloqadan keyin jinsiy a’zolarimda yonish va achishish paydo bo‘lardi."
Maura bu haqda o‘sha paytdagi juftiga aytishga uyalardi. Shuning uchun u jufti ketishini kutar, keyin esa o‘zini yaxshilab yuvar edi. U turli gigiena vositalarini — sovundan tortib moylagichgacha — almashtirib ko‘rdi, ammo muammo yanada kuchaydi. Shish va qizarish paydo bo‘lardi. Bu holat faqat sperma tushgandan keyin yuzaga kelardi.
Oxirida u o‘sha erkakdan ajralib, prezervativdan muntazam foydalanadigan yangi juft bilan munosabat boshladi. "Hech qanday muammo yo‘q edi, to bir kecha jinsiy aloqadan keyin yotganimizda, tilim to‘satdan shishib ketmaguncha, – deydi Maura. – Juftim vaziyatni ko‘rib, "Nafas olaolmayapsan!" deb baqirdi va ingalyatorimni olib, og‘zimning burchagiga tiqib qo‘ydi... Omadim kelib, hali yetarlicha nafas olayotgandim va dori o‘pkalarimga kirdi."
Astma va bir qancha allergiyasi bor Maura o‘sha kecha prezervativdan suyuqlik sizib chiqqan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. Endi u va uning uzoq muddatli jufti prezervativdan foydalanishga yanada ehtiyotkor qaraydi. Maura bu voqeaga qadar insonda spermaga allergiya bo‘lishi mumkinligini bilmaganini aytadi.
Bunday holatlar juda kam uchrasa-da, ba’zi insonlarda boshqalarning tanasiga nisbatan og‘ir immun reaktsiyalari kuzatiladi. Bu ko‘p hollarda nafaqat salomatlikka, balki ishga, munosabatlarga va umuman inson hayotidagi harakatlariga ham ta’sir qilishi mumkin.
Ammo bunday reaktsiyalar aniq qanday yuzaga chiqadi va ularning sababi nima ekani hanuz to‘liq tushunarli emas. Ular haqiqiy allergiyami yoki boshqa bir holatmi? Olimlar ayrim ishoralarni aniqlar ekan, bu g‘alati reaktsiyalar tanamiz kimyosi va inson immun tizimidagi nozik jihatlar haqida yangi ma’lumotlarni ochib bermoqda.
Teriga nisbatan
Ko‘pincha insonning boshqa birov tanasiga sezuvchanligi o‘sha shaxs tanaga qo‘llagan tashqi mahsulotlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, terida dezodorant va tuklar qirilgach suriladigan malham tarkibidagi sun’iy xushbo‘y moddalar saqlanishi mumkin. 150 dan ortiq xushbo‘y modda teri bilan bog‘liq allergiyalar sababchisidir.
Allergiyani qo‘zg‘atuvchi aniq omillar ko‘pincha noma’lum qoladi. AQShda mastotsit hujayralar faollashuvi sindromining og‘ir shaklidan aziyat chekkan bir ayolda erining hidiga nisbatan kuchli allergik reaktsiya rivojlangan. Bu holatda organizmdagi infektsiyaga qarshi kurashuvchi hujayralar to‘g‘ri ishlamay qoladi. Avstriyadagi Kepler universitet shifoxonasi shifokori Sabina Altrixterning aytishicha, bu bog‘liqlik hali ilmiy tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, mastotsit hujayra muammosi bo‘lgan ba’zi bemorlar o‘zlarini boshqalarning tabiiy hidi yoki teri orqali chiqadigan kimyoviy moddalariga nisbatan sezuvchan deb hisoblashadi.
Teri badan hidini shakllantiruvchi turli birikmalarni chiqaradi. Ushbu teri gazlari tarkibida toluol kabi kimyoviy moddalar ham bo‘lishi mumkin – u neftda uchraydi, bo‘yoqlar hamda plastik ishlab chiqarishda ishlatiladi. Inson toluolni atay qabul qilishi mumkin (masalan, kleyni hidlab mast bo‘lish maqsadida) yoki tasodifan, ish joyidagi ta’sir orqali. Shuningdek, toluol tamaki tutunida uchraydigan ko‘plab kimyoviy moddalardan biri hisoblanadi.

Surat manbasi, Getty Images
Odamlar bilan bog‘liq reaktsiyalarni yana bir toifa odamlardagi holat orqali o‘rganish mumkin. "Menga allergiyasi bor odamlar" (PATM – People Allergic To Me) deb atalgan sirli holatdan aziyat chekuvchilar bor. PATM kam uchraydigan va ijtimoiy yolg‘izlikka olib keladigan holat bo‘lib, unga chalinganlarga yaqin turgan odamlarda yo‘tal, bo‘g‘ilish kabi allergiyaga o‘xshash belgilar paydo bo‘ladi.
2023 yili Yaponiyaning Tokay universiteti kimyo professori Yoshika Sekine va hamkasblari PATM simptomlari kuzatilgan insonlardan chiqadigan teri gazlarini o‘rganishdi. O‘rganilgan 75 xil teri gazi ichida toluol ham ayniqsa tez-tez uchrayotgani ma’lum bo‘ldi. PATM bor odamlarda bu modda boshqalarga nisbatan o‘rtacha 39 barobar ko‘proq aniqlangan.
"Toluol nafas olganda organizmga kiradi. Bu zararli modda bo‘lib, odatda jigarda parchalanib, siydik orqali chiqarib yuboriladi, – deydi Sekine. – Biroq PATM bemorlarida toluolni parchalash qobiliyati zaif bo‘ladi, natijada u qonda to‘planadi va keyinchalik teri orqali chiqadi."
Sekine ta’kidlashicha, PATM tushunchasi hali ham tibbiyot mutaxassislari tomonidan keng tan olinmagan va bu holat uchun rasmiy tashxis metodlari mavjud emas.
Shu bilan birga, terga bo‘lgan allergiya odatda insonning o‘z terisiga nisbatan sezuvchanligi bilan bog‘liq bo‘ladi, boshqalarniki bilan emas. Soch bilan bog‘liq allergiya holatlari esa juda kam uchraydi. Ular ham sochning o‘z moddasiga emas, balki tashqi omillarga, masalan, keratin asosidagi soch muolajalaridagi formaldegid hosilalariga yoki mushuk oqsili singib qolgan sochlarga nisbatan bo‘ladi.
Tana suyuqligiga nisbatan
Ko‘pincha, boshqa insonning tana suyuqliklaridagi muayyan allergenlar ham allergik reaktsiyalarga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, Buyuk Britaniyadagi bir holatda Braziliya yong‘og‘iga allergiyasi bor ayol aralash yong‘oqlar iste’mol qilgan erkak bilan jinsiy aloqadan so‘ng terisida dog‘lar paydo bo‘lib, nafas olishi og‘irlashgan. Bu orada erkak og‘zini, tirnoqlari va teri yuzasini tozalagan bo‘lsa-da, allergik reaktsiya yuz bergan. Shu kabi holatlar bo‘sa olish paytida ham, agar juft yong‘oq iste’mol qilgan bo‘lsa, kuzatilgan.
Yong‘oqlar bu borada eng ko‘p uchraydigan allergenlardan bo‘lsa-da, so‘lak meva, sabzavot, baliq va sut kabi mahsulotlar iste’moli ortidan ham allergik reaktsiyalarga olib kelgan holatlar qayd etilgan. Antibiotiklarga allergiyasi bor ayollarda esa antibiotik qabul qilgan juft bilan vaginal yoki (boshqa hollarda) oral jinsiy aloqadan so‘ng salbiy reaktsiyalar yuz bergan.
Bundan tashqari, ayrim tana suyuqliklarining o‘z oqsillari ham allergiyani qo‘zg‘atishi mumkin. Shu kabi holatlardan biri – sperma allergiyasi, tibbiy atamada seminal plazmaga gipersezuvchanlik deb ataladi.

Surat manbasi, Getty Images
Bu holatda jinsiy aloqadan so‘ng terida qichishish, shish, toshma yoki hatto hayot uchun xavfli anafilaktik shok kabi reaktsiyalar kuzatilishi mumkin. 2024 yilda chop etilgan maqolaga ko‘ra, bu holat ko‘pincha 20–30 yoshlardagi odamlarda aniqlangan, ammo hozircha butun dunyo bo‘ylab 100 dan kam holat qayd etilgan. Eng ko‘p bog‘langan allergen – bu prostata-spetsifik antigen bo‘lib, u spermadagi suyuqlik, seminal plazmadagi oqsildir. Reaktsiya shu oqsilga bo‘ladi, sperma hujayralariga emas.
AQShning Sintsinnati universiteti qoshidagi Tibbiyot kollejida allergiya va immunologiya sohasida professor Jonatan Bernstayn tushuntirishicha, seminal plazma gipersezuvchanligi organizmda aniq qanday sodir bo‘lishi hali to‘la tushunilmagan. Buni o‘rganishga to‘g‘ri keladigan hayvon modeli ham yo‘q, bemorlar soni ham juda oz bo‘lgani uchun katta tadqiqotlar o‘tkazish qiyin.
Sperma allergiyasi mahalliy yoki tizimli (butun tana bo‘ylab) bo‘lishi mumkin. Agar simptomlar faqat aloqa joyida – odatda qin atrofida – kuzatilsa, u holda bu mahalliy reaktsiya deb baholanadi. Ammo bir ispaniyalik ayolning holatida, u avval vaginal aloqada hech qanday reaktsiya ko‘rmagan bo‘lsa-da, anal aloqadan so‘ng hushini yo‘qotgan va anafilaktik simptomlar ro‘y bergan. Unga sperma suyuqligiga sezuvchanlik tashxisi qo‘yilgan. AQShda esa bir ayol jinsiy aloqa bo‘lmagan holatda, sperma bilan tegishganidan so‘ng terisida shish va toshmalar paydo bo‘lgan.
Mahalliy simptomlarda jinsiy aloqadan so‘ng darhol kuchli og‘riq va achishish bo‘ladi. "Bu go‘yo kislota tekkanday bo‘lar ekan," deydi Bernstayn. Uning bir bemori buni "qinga minglab ignalar qadalgandek" deb ta’riflagan.
Bernstaynning ta’kidlashicha, ayrim odamlar bir necha juftning sperma suyuqligiga sezuvchan bo‘lishi mumkin, ayrimlar esa faqat bir odamnikiga. Tashxis qo‘yishda odatda juftdan olingan yangi sperma suyuqligi namunasi bilan teriga kichik teshish (prick test) usuli qo‘llaniladi. Uning amaliyotida ko‘pincha erkak bilan uzoq munosabatdagi ayollar murojaat qiladi, ayniqsa homiladorlikka harakat qilayotganlar. Bemorlar unga hatto boshqa shtatlardan ham kelishadi, chunki bu sohada mutaxassislar kam. Ko‘p shifokorlar esa bemorni jiddiy qabul qilmaydi yoki steroidlar bilan davolashni boshlaydi.
Shu bilan birga, Bernstayn o‘z amaliyotida bu muammodan aziyat chekuvchi bemorlarga deyarli har doim yordam berish imkoni borligini aytmoqda.
Muolaja usullari
Avvaliga Bernstayn juftning sperma suyuqligini bemor terisi ostiga yoki teriga kichik in’ektsiya qilish orqali desensibilizatsiya qilish usulini sinab ko‘rgan. Bu usul erkaklarda uchraydigan va shaxs o‘z sperma suyuqligiga sezuvchan bo‘ladigan kamyob va og‘ir holat – orgazmdan so‘nggi sindromga o‘xshash. Ammo bu davolash shakli juda qimmatga tushgan: "Bemorlar namunalarni tayyorlash bo‘yicha laboratoriya ishlari uchun alohida to‘lashga majbur bo‘lishardi," deydi u.

Surat manbasi, Getty Images
Keyinchalik Bernstayn va uning jamoasi samaraliroq va arzonroq usulni qo‘lladi. Avvalo, ular sperma suyuqligidan spermatozoidlarni ajratib tashladi. So‘ng seminal suyuqlikni bir millionga bir qism yoki o‘n milliongacha bir qism qilib aralashtirib, 15 daqiqalik intervalda bemorning qiniga kiritdilar. Aralashtirish darajasi bemorning reaktsiya kuchiga qarab tanlanardi. Keyin esa bora-bora suyuqlikning to‘yintirilganroq shakllarini qo‘llashar, bemorning chidamliligi oshishiga erishilardi. Jarayon davomida bemor doimiy nazoratda bo‘lgan.
Natijada, Bernstaynning aytishicha, ularda sistemik reaktsiyalar deyarli kuzatilmaydi va ular shundan so‘ng himoyasiz jinsiy aloqa qila oladi – kamida o‘sha juft bilan.
Umuman olganda, seminal plazmaga gipersezuvchanlik hali ham ko‘p hollarda noto‘g‘ri tushuniladi yoki xato tashhis qo‘yiladi. Jinsiy aloqa vaqtida uzatiladigan boshqa ayrim suyuqliklarga nisbatan ehtimoliy allergiyalar haqidagi ma’lumot esa bundan ham kam.
Masalan, servikovaginal suyuqlikka allergiya – bachadon bo‘yni va qin hujayralari tomonidan ajratiladigan, ushbu sohani namlash va patogenlarga qarshi himoya qilishga xizmat qiluvchi suyuqlikka nisbatan sezuvchanlik haqida chop etilgan tadqiqot deyarli yo‘q. Biroq Polshadagi Nikolay Kopernik universiteti huzuridagi dermatologiya va venerologiya bo‘limi dotsenti Marek Yankovskiy bu holatga amaliyotida duch kelganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir erkak bemor unga boshqa ko‘plab shifokorlarga uchragandan keyin murojaat qilgan. Bemor ta’riflashicha, har gal qin orqali jinsiy aloqadan taxminan yarim soat o‘tgach, uning olati qizarib, qichisha boshlardi. Oral aloqadan (cunnilingus) so‘ng esa yuzida ham qichishish paydo bo‘lardi. Bemor buni allergiya deb hisoblardi, biroq ko‘plab shifokorlar uni masxara qilar yoki jiddiy qabul qilmas edi, deydi Yankovskiy.
Shunga qaramay, Yankovskiy ayollar jinsiy aloqa paytida ajratadigan servikovaginal suyuqlikka allergiya bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarni o‘rgana boshladi. "Oxir-oqibat bemor antigistamin vositalardan yaxshi natija oldi," deydi u.
Bu holat Yankovskiy va hamkasblarini 2017 yilda ushbu masala bo‘yicha tadqiqot o‘tkazishga undadi. Ular bu holatga duch kelgan bo‘lishi ehtimoli bor bemor va dermatologlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazishdi. Javob bergan dermatologlarning taxminan 20 foizi bu kabi holatlarni shaxsan kuzatganini ma’lum qilgan, biroq ularning ko‘pchiligi buning sababi allergiya ekaniga shubha bilan qarashgan.
Ushbu tadqiqotga ko‘ra, bunday gipersezuvchanlikka duch kelganlar kontaktdan keyin qizarish, qichishish, achishish, shish va toshmalarni sezgan. Yankovskiy va jamoasi servikovaginal suyuqlikka allergiya holatlari AQShdagi minglab insonlarga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan sperma allergiyasi kabi keng tarqalgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelishgan. Biroq Yankovskiy ta’kidlashicha, "hozirgi vaqtda servikovaginal suyuqlikka allergiya mavjudligi haqidagi dalillar faqat ayrim kuzatuvlarga asoslangan, shu sababli bu sohada yana ilmiy tadqiqotlar olib borilishi zarur."
Servikovaginal suyuqlik va sperma allergiyasi o‘rtasidagi asosiy farqlardan biri shundaki, prezervativlar servikovaginal suyuqlikka bo‘lgan allergiyadan samarali himoya bermasligi mumkin, chunki ular qorin va tuxumdonlar sohasini to‘liq yopmaydi. Shunga qaramay, Yankovskiy va uning hammualliflari so‘rovnomasiga ko‘ra, antigistamin dori vositalari hamda takroriy ta’sir (desensibilizatsiya) aksariyat bemorlarga yordam bergan. "Aniqlangan holatlarning ko‘pchiligi jinsiy munosabatning boshlang‘ich bosqichidagi yoshlar orasida kuzatilgan. Ularda ishqiy ehtiros allergiyaning noqulayligidan ustun kelgan va allergenga takroriy ta’sir organizmning sezuvchanligini kamaytirgan," deydi Yankovskiy. Bu esa odatda o‘z-o‘zidan o‘tib ketmaydigan seminal plazma gipersezuvchanligidan farq qiladi.
Juftining organizmiga allergiyasi bor insonlar uchun bunday holatlarning oqibatlari juda jiddiy bo‘lishi mumkin. Masalan, Maura o‘zining spermaga sezuvchanligi uning va juftining farzandli bo‘lmaslik haqidagi qarorlariga ta’sir qilgan, deb hisoblaydi. Chunki u sperma bilan aloqadan qochishga yetarli yechim topish qimmat va murakkab bo‘lishini taxmin qilgan.
Bunday holatlar emotsional jihatdan ham qiyin kechadi. Mauraning munosabati hozir xavfsiz: uning jufti prezervativ ishlatishga rozi. Lekin "u mening spermaga allergiyam bor degan fikrdan ranjidi, – deydi u. – "U mendan emas, olamning shundayligidan ranjidi."












