Kremlparastlar Tramp Markaziy Osiyo sammitini tahdid deb ko‘rayaptilar

Surat manbasi, YouTube/Amerika ovozi
- Author, BBC Monitoring
- O'qilish vaqti: 4 daq
26 oktyabr kuni tarqalgan xabarga ko‘ra, AQSh Prezidenti Donald Tramp Markaziy Osiyoning besh davlati prezidentlarini noyabr boshida Vashingtonda o‘tkaziladigan C5+1 sammitida ishtirok etishga taklif etgan.
"Donald Tramp O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlariga 6 noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan C5+1 (Markaziy Osiyo + AQSh) sammitida ishtirok etish uchun taklifnomalar yubordi", — deb xabar qildi gazeta.uz veb-nashri O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatidagi manbalarga tayanib.
Ayni paytda Qozog‘iston davlat axborot agentligi Kazinform Prezident Qosim-Jomart Toqaev sammitda ishtirok etishga taklifnoma yuborgani uchun Trampga "samimiy minnatdorlik" bildirganini xabar qildi.
AQSh prezidentiga yo‘llagan maktubida Toqaev sammitni o‘tkazish tashabbusini o‘z vaqtida qilingan deb baholagan. U, shuningdek, "Prezident Donald Trampning ichki va tashqi siyosatdagi asosiy maqsadlarini, xususan, an’anaviy qadriyatlarni himoya qilish va global tinchlik hamda xavfsizlikni ta’minlashga intilishini qo‘llab-quvvatlashini" ta’kidlagan.
27 oktyabr kuni Qirg‘izistonning xususiy axborot sayti Vesti.kg Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning AQShda bo‘lib o‘tadigan C5+1 sammitida ishtirok etishi tasdiqlanganini xabar qildi.
Shu kuni Tojikistonning xususiy axborot sayti Asia-Plus Tojikiston prezidenti matbuot xizmati Prezident Emomali Rahmonga Trampdan taklifnoma kelgani haqida hali ma’lumot bermaganini yozdi.
Ayni paytda, Turkmanistonning davlat axborot agentligi TDH 27 oktyabr kuni Prezident Sardor Berdimuhammedovga Tramp tomonidan yuborilgan taklifnomani e’lon qildi.
AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor hamda AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau 26–30 oktyabr kunlari O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurayaptilar.
AQSh Davlat departamentining ma’lum qilishicha, ular Qozog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari bilan iqtisodiy va xavfsizlik masalalari bo‘yicha keng ko‘lamli muzokaralar olib borishadi. Bu AQShning Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni mustahkamlash va savdo aloqalarini kengaytirishga intilishining bir qismi sifatida baholanadi.

Surat manbasi, .
Ushbu sammit Prezident Trampning Ukraina urushini muzokara yo‘li bilan to‘xtatishga urinish harakatlari samara bermayotganidan hafsalasi pir bo‘lgani ko‘rinayotgan, Rossiya neft shirkatlariga qarshi sanksiya joriy etishga qaror qilgani manzarasida tashkillashtirilayapti.
Kreml tarafdori bo‘lgan sharhlovchilar Trampning Markaziy Osiyo rahbarlarini shaxsan sammitga taklif qilganiga tanqidiy munosabat bildirishdi. Ular buni mintaqani Rossiyadan uzoqlashtirishga qaratilgan keng qamrovli harakatning bir qismi sifatida ko‘rayaptilar.
Kыrgыzskiy forpost Telegram kanali Qozog‘iston Trampning taklifiga eng faol va samimiy javob berganini ta’kidladi. Prezident Toqaev AQSh tashqi siyosatini maqtab, rasmiy maktub yo‘lladi.
"Qozog‘iston eng katta hayajon va ehtiromni namoyon etdi: Toqaev AQSh prezidentiga minnatdorlik bildirgan maktub yozdi va u "an’anaviy qadriyatlarni himoya qilish hamda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga intilish" kabi siyosiy tamoyillarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Maktubning ikkinchi qismi ortiqcha edi, va bunday ehtirom Trampga qo‘shimcha ta’sir imkonini beradi — Qozog‘iston sammitdan yana bir partiya lokomotiv yoki Boeing samolyotlari uchun shartnoma bilan qaytishi mumkin", — deyiladi postda.
Kanalning yozishicha, O‘zbekiston ham sammitga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda va AQSh vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. "O‘zbekiston ham sammitga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda — Prezident Mirziyoyev AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor va Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau bilan uchrashdi. Ular, ehtimol, Vashingtonda imzolanadigan hujjatlar asosini tashkil etadigan kelishuvlarni muhokama qilishgan", — deyiladi postda.
Kыrgыzskiy forpost yozishicha, "Qirg‘iziston va mintaqadagi boshqa davlatlar ehtiyotkorlik bilan harakat qilayaptilar, Rossiyaning yo‘nalishiga sodiqligini namoyon etayaptilar".
Vostochnыy ekspress 24 Telegram kanalida 27 oktyabr kuni e’lon qilingan sharhda Qirg‘izistonning sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari Murat Beyshenov mintaqaning resurslari va aholisi global e’tiborni jalb qilayotganini aytdi.
"Bizning hududimiz tabiiy resurslarga boy, xususan, hozirda ustuvor bo‘lgan nodir yer metallariga ega. Bu yaqinda Rotshildning nabirasi Qirg‘izistonga tashrif buyurgani bilan tasdiqlandi. Inson salohiyati ham muhim resurs — mintaqada taxminan 80 million aholi yashaydi. Xavfsizlik ham kam ahamiyatga ega emas: Markaziy Osiyo noustuvor mintaqa bo‘lib, mojaro xavfi yuqori. Pokiston va Afg‘onistondagi yaqindagi voqealar bunga misol", — deb yozdi u.
Telegram kanali yozishicha, Beyshenov mintaqa xavfsizligida Rossiyaga tayanishdan boshqa yo‘l yo‘qligini ta’kidlagan.
"Sobiq vazir o‘rinbosariga ko‘ra, Tojikiston va butun Markaziy Osiyo xavfsizlik masalasida Rossiyaga tayanishga majbur. AQSh, Xitoy va Turkiya ham bizni qo‘llab-quvvatlashga qodir emas. Tojikiston Rim statusini imzolagan va YeI sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda, ammo Rahmon asosiy hamkor kimligini yaxshi biladi", — deyiladi postda.
Shu kuni Vostochnыy ekspress 24 kanalida e’lon qilingan boshqa bir postda Markaziy Osiyo mamlakatlari jamoatchilik aloqalari rivojlanishi instituti direktori Kaldan Ernazarova, "Markaziy Osiyo +" formatidagi G‘arb davlatlari bilan uchrashuvlar iqtisodiydan ko‘ra geosiyosiy mazmunga ega", deb yozdi.
"Rossiya va Xitoyning ustunligi tarixiy va an’anaviy aloqalarga asoslangan, bu ularning ustuvorligini belgilaydi. Masalan, 'Bir kamar — bir yo‘l' tashabbusi eski aloqalarni tiklamoqda. G‘arbda bunday narsa yo‘q, AQSh, Yevropa va Turkiya bilan hamkorlik tajribamiz ijobiy bo‘lmagan", — degan Ernazarova xonim.
Mustaqil ekspert Marat Abdildaev fikriga ko‘ra, "Markaziy Osiyoda hamkorlik global vaziyatda muhim ahamiyat kasb etadi, chunki yetakchi geosiyosiy kuchlar o‘rtasida raqobat kuchaymoqda va yangi mojarolar, shu jumladan gibrid usulda olib boriladigan uchinchi jahon urushi xavfi mavjud", — deyiladi kanalda.
Aldarkөse deb nomlanadigan Kreml tarafdori bo‘lgan Telegram kanali 27 oktyabr kungi postida "AQSh Qozog‘iston resurslarini istaydi", deb yozdi.
"Qisqasi, ular 'qazish va burg‘ilash'ni faollashtirishni rejalashtirmoqda, o‘zlari uchun maksimal foyda bilan. Tramp vakillarining sammit oldidan tashrifi bu shubhalarni yo‘qqa chiqaradi. Toqaevning maktub mazmuniga qaraganda, ko‘p ko‘ndirishga urinib o‘tirishga hojat yo‘q: AQSh bilan to‘liq o‘zaro tushunish va deyarli yagona siyosiy kurs mavjud. Demak, tariflar, sanksiyalar va boshqa narsalar o‘tmishda qoldi. Investorlarni qo‘rqitmaslik uchun faqat ijobiy narsalar haqida gaplaashish kerak", — deb yozdi Aldarko‘sa.












