Isroil zaxiradagi askarlari G‘azo urushiga qarshi chiqmoqdalar

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Pol Adams
- Role, Bi-bi-si muxbiri, Quddus
- O'qilish vaqti: 4 daq
Isroilning G‘azodagi urushi davom etgani sayin unga qarshilik ham ortib bormoqda.
So‘nggi haftalarda barcha harbiy bo‘linmalardan minglab isroillik zaxiradagilar Bosh vazir Binyamin Netanyahu hukumatidan janglarni to‘xtatib, HAMAS qo‘lida qolgan 59 nafar garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha kelishuvga e’tibor qaratishni talab qilib, ochiq maktubga imzo chekdilar.
Bir yarim yil oldin HAMASni mag‘lub etish va garovga olinganlarni qaytarishga kam sonli isroilliklar shubha qilishardi.
Ko‘pchilik uchun yanvardagi vaqtinchalik tinchlik va 30 dan ortiq garovga olinganlarning qaytarilishi urush tez orada tugashiga umid uyg‘otgandi.
Biroq, Isroil tinchlikni buzib, mart o‘rtalarida urushni qayta boshlashi bu umidlarni yo‘qqa chiqardi.
"Biz Isroil juda yomon yo‘ldan ketayotganini angladik," dedi menga Mossad josuslik agentligining sobiq rahbari Denni Yatom.
"Tushunishimizcha, Netanyahuni asosan o‘z manfaatlari tashvishga solmoqda. Uning ro‘yxatida shaxsiy manfaatlari va hukumat barqarorligi birinchi o‘rinda, garovga olinganlar emas."
So‘nggi maktublarga imzo chekayotganlarning ko‘pchiligi Yatom kabi uzoq vaqtdan beri bosh vazirni tanqid qilib kelayotganlar. Ularning ba’zilari 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning hujumidan so‘ng urush boshlanishidan oldin hukumatga qarshi norozilik namoyishlarida ishtirok etgan.
Ammo Yatom bu asosiy sabab emasligini ta’kidlaydi.

"Men o‘z nomimdan imzo chekdim va namoyishlarda qatnashyapman, buning sababi siyosiy emas, milliy," dedi u.
"Mamlakatim yo‘ldan adashib ketishidan juda xavotirdaman."
Aprel boshida e’lon qilingan birinchi ochiq xatga 1000 nafar harbiy havo kuchlari zaxiradagi askarlari va veteranlari imzo chekkan.
"Urushning davom etishi uning e’lon qilingan maqsadlarining hech biriga xizmat qilmaydi, aksincha, garovga olinganlar o‘limiga olib keladi," deb yozishgan ular.
Imzo chekkanlar isroilliklarni G‘azoda hali ham tirik deb taxmin qilinayotgan 24 nafar garovga olinganlar uchun kech bo‘lmasdan izga qaytishga chaqirdi.
"O‘tayotgan har bir kun ularning hayotini yanada xavf ostiga qo‘ymoqda. Ikkilanishning har bir daqiqasi afsuslanarli."
O‘tgan haftalar davomida armiyaning deyarli barcha bo‘linmalaridan, jumladan, sara jangovar va razvedka bo‘linmalaridan, shuningdek, bir qator mukofotlangan qo‘mondonlardan shunga o‘xshash xatlar paydo bo‘ldi.
Jami 12 mingdan ortiq imzo to‘plandi.

Surat manbasi, .
7 oktyabrdan keyin yuz minglab isroillik zaxiradagilar chaqiruvga javob berib, xizmatga otlangandi.
Ammo hozirda tobora ko‘proq odamlar rad etmoqda, ma’lumotlarga ko‘ra, zaxiradagilar ishtiroki 50-60 foizga tushib qolgan.
O‘z urushlarida ko‘p jihatdan zaxiradagi askarlarga tayanadigan armiyaga 1982 yilda Isroilning Livandagi birinchi urushidan beri kuzatilmagan miqyosdagi inqiroz tahdid solmoqda.
Yam-yashil Quddus bog‘ida ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan piyoda askarlar zaxirasidagi "Yoav" (haqiqiy ismi emas) bilan suhbatlashdim.
Yoav o‘tgan yozda G‘azoda xizmat qilgan, ammo hozir bunday qilmasligini aytdi.
"Birodarlarimga yordam berish uchun borishim kerakligini his qilardim," deydi u menga.
"Yaxshi ish qilayotganimga ishonardim. Murakkab, lekin yaxshi. Ammo hozir buni avvalgidek ko‘rmayapman."
Yoavning fikricha, hukumatning HAMASga qarshi kurashni davom ettirish istagi, garovga olinganlar G‘azo tunnellarida o‘lim xavfi ostida qolayotgan bir paytda, noto‘g‘ri yo‘l.
"Biz juda kuchlimiz va HAMASni mag‘lub eta olamiz, ammo gap HAMASni mag‘lub etishda emas, – deydi u. – Gap mamlakatimizni yo‘qotish xavfi haqida."

Surat manbasi, Getty Images
Yoavning aytishicha, G‘azoda bo‘lgan paytida u "eng yaxshi axloqiy askar bo‘lishga" harakat qilgan.
Ammo urush qanchalik uzoq davom etsa, tanqidchilarning ta’kidlashicha, Isroil uchun o‘z armiyasini dunyodagi eng axloqiy armiya deb da’vo qilish shunchalik qiyinlashadi.
Yaqinda markaziy-so‘l yo‘nalishdagi "Haaretz" gazetasidagi maqolada iste’fodagi general Amiram Levin askarlar – katta qo‘mondonlardan boshlab – buyruqlarga bo‘ysunmaslik haqida o‘ylash vaqti kelganini aytdi.
"Urush jinoyatlariga aralashish xavfi bor, Isroil Mudofaa Kuchlari hamda ijtimoiy qadriyatlarimizga halokatli zarba ehtimoli bor, qo‘l qovushtirib o‘tirish mumkin emas," deb yozgan u.
Isroilning ba’zi tanqidchilari, jumladan Xalqaro Jinoyat sudi va Xalqaro Sudga ishlarni olib borganlar, bunday chegaralar allaqachon kesib o‘tilganini ta’kidlamoqda.
Netanyahu norozilarga qarshi chiqib, ularning tashvishlarini "ko‘p yillardan beri xizmat qilmagan, baland ovozli, tartibsiz va aloqasiz nafaqaxo‘rlardan iborat bir hovuch chetki unsurlar" tarqatgan "targ‘ibot yolg‘oni" deb rad etdi.
Biroq so‘rovlar shuni ko‘rsatmoqdaki, norozilik maktublari jamoatchilikda kuchayib borayotgan fikrni aks ettirmoqda: qolgan garovdagilarni ozod qilish boshqa barcha masalalardan ustun bo‘lishi kerak.
Tel-Avivda, bir yildan ortiq vaqt davomida urushga qarshi namoyishlar o‘tkazilayotgan joyda, garovdagilarning suratlari baland ko‘tarib turilibdi, boshqa namoyishchilar esa yo‘lda o‘tirib, urushda halok bo‘lgan falastinlik bolalarning rasmlarini bag‘riga bosib olishgan.
Maktublar keltirib chiqargan tortishuvlar hokimiyatni sarosimaga solgan ko‘rinadi.
20 aprel kuni politsiya qisqa muddatga namoyishchilarga "G‘azodagi bolalar yoki chaqaloqlarning rasmlari"ni, shuningdek, "genotsid" yoki "etnik tozalash" so‘zlari yozilgan plakatlarga ruxsat berilmasligini ma’lum qildi.
Tashkilotchilar noroziligidan so‘ng, politsiya tezda bu qaroridan voz kechdi.
Shu bilan birga, Bosh vazir HAMASni mag‘lub etishga bo‘lgan qat’iyati haqida gapirishdan charchamayapti.
Netanyahu ta’kidlashicha, harbiy bosim garovdagilarni uyga qaytarishning yagona yo‘li bo‘lib qolmoqda.












