Samarqand bayonoti Markaziy Osiyo - Turkiya munosabatlarini sovuqlashtiradimi?

Markaziy Osiyo prezidentlari va Yevropa Ittifoqi rahbarlari

Surat manbasi, Ўзбекистон президенти матбуот хизмати

Surat tagso‘zi, Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi sammiti tarixiy voqea deb baholandi
O'qilish vaqti: 3 daq

So‘nggi kunlarda qator nashrlar Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi sammiti mintaqaning muhim siyosiy va iqtisodiy sherigi bo‘lgan Turkiya bilan munosabatlariga qay darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkinligiga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qildilar.

Ayni paytda xalqaro tan olinmagan, ammo 2022 yildan buyon Turkiy Davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi sifatida kirgan Shimoliy Kipr Turk jumhuriyati prezidenti Ersin Tatar Markaziy Osiyo rahbarlarini ogohlantirgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Gap Markaziy Osiyo mamlakatlari Shimoliy Kiprni rasman tan olishdan bosh tortishlari Turkiyani g‘azablantirishi mumkinligi haqida ketmoqda.

O‘zbekistondagi Qalampir.uz nashri yozishicha, YeI va Markaziy Osiyo rahbarlari aprel boshida Samarqandda qabul qilgan qo‘shma bayonotda barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyati olingan.

"Xuddi shu ruhda, BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqladik. Mintaqaviy hamkorlik tuzilmalari doirasida ishtirok etishda ushbu xalqaro tamoyillarga rioya qilinishi kerakligini ta’kidladik — bu esa YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Turkmaniston o‘zining xalqaro majburiyatlarini doimiy betaraflik maqomi tamoyillariga qat’iy muvofiq amalga oshirishini eslatdi", deyilgan bayonotning aynan 4-bandida.

541 va 550 rezolyutsiyalar esa Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik, ular bilan hamkorlik qilmaslikni anglatadi. Bundan ko‘rinadiki, Markaziy Osiyoning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan 3 davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va kuzatuvchi davlat maqomida qolayotgan Turkmaniston o‘zi bilan bir tuzilma, ya’ni Turkiy davlatlar tashkilotida bo‘lib turgan ShKTR bilan bir stol atrofida to‘plansa-da, uni rad etadi", deb yozdi Qalampir.uz.

3-4 aprel kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi birinchi sammitida Yevropa Ittifoqi Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevropa Kengashi Prezidenti Antonio Koshta, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhamedov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdilar.

Kuzatuvchilar Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Xitoyning ta’siri oshib borayotgan bir manzarada Yevropa Ittifoqi ushbu sammitga Markaziy Osiyo bilan aloqalarini chuqurlashtirish strategiyasidagi burilish nuqtasi sifatida qaradi deb yozdilar.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Yevropa Ittifoqi mintaqaga 12 milliard Yevro sarmoya kiritishga va’da berdi, O‘zbekiston va Tojikiston bilan sheriklik kelishuvlarini kengaytirish rejalarini e’lon qildi.

Tahlilchilarga ko‘ra, YeI-MO qo‘shma bayonoti uch turkiy davlatning Kipr bahsi bo‘yicha mavqe’larini YeI va BMT mavqe’lariga moslashtirgan.

YeI va BMT Turkiyani Kipr shimolini bosib olgan bosqinchi mamlakat deb biladi, asosan turklar istiqomat qiladigan Shimoliy Kipr Turk respublikasini tan olmaydi.

Turkiya esa Kipr orolida ikkita davlatni barpo etish g‘oyasini ilgari surib keladi.

BMT Kiprdagi ikki davlatni birlashtirish muzokaralarini boshlagan, 2017 yili Shveytsariyaning Kran-Montanasida tashkillashtirilgan muzokaralardan rasmiy Anqara chiqib ketishga qaror qilgan.

O‘shandan buyon Turkiya Shimoliy Kipr Turk respublikasi(ShKTR)ni xalqaro sahnada rasman e’tirof etilishiga harakat qilib keladi.

2021 yili Shimoliy Kipr Turk respublikasiga Turkiy Davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi maqomi berildi, 2024 yildagi Turkiy Davlatlar rahbarlarining Bishkekdagi sammitiga ShKTR Prezidenti Ersin Tatar faxriy mehmon sifatida taklif etildi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, janob Tatarning Bishkek sammitidagi ishtiroki YeI va YeI rasman tan olgan janubiy Kipr Respbulikasi tanqidlariga sabab bo‘ldi, ular Turkiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlariga ta’siri ShKTRning e’tirofiga olib keladi deb qo‘rqdilar.

Muxbirlarning yozishlaricha, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi va Turkiy Davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashi raisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Binali Yildirim so‘nggi rivojlanishlarga nisbatan sukut saqlab turiptilar.

Turkiyadagi muxolifat esa hukumatni munosabat bildirmagani uchun tanqid qilgan.

Diplomat nashri Markaziy Osiyo Kipr borasida Turkiya bilan diplomatik bo‘linishga yo‘l ochdi deb yozdi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating