Ka’bapo‘sh mojarosi: Islomning eng muqaddas maskanidan Epshteynga yuborilgan hadiya

Surat manbasi, EPA
- Author, Greys Soy
- Role, Bi-bi-si Jahon xizmatining Global jurnalistika jamoasi
- Author, Fayruz Ho‘sni
- Role, Bi-bi-si Arab xizmati
- O'qilish vaqti: 6 daq
Dunyo musulmonlari Islomdagi eng muqaddas ziyoratgoh – Ka’ba ustiga yopiladigan ka’bapo‘sh parchalari jinsiy jinoyatlarda aybdor topilgan Jeffri Epshteynga yuborilganidan g‘azablanmoqda.
AQSh Adliya vazirligi 30 yanvarda e’lon qilgan Epshteyn fayllaridagi 2017 yilga oid elektron maktublarda Saudiya Arabistonidan Epshteynning Karib dengizidagi uyiga kisva – ka’bapo‘shning uch bo‘lagi jo‘natilgani aytilgan.
"Yer yuzidagi eng muqaddas joydan eng iflos joyga shu parchalar yuborilganini tasavvur qiling!" deya yozadi bir X foydalanuvchisi.
2014 yilda olingan yana bir suratda Epshteyn va bir erkak ka’bapo‘shning eng bezakdor parchasi – Ka’ba eshigini yopib turuvchi qismiga o‘xshash mato bo‘lagini ko‘zdan kechirayotgani ko‘rinadi.

Surat manbasi, Source: US Department of Justice
Boshqa bir X foydalanuvchi esa, kisvaning "polga gilam kabi to‘shab qo‘yilgani" odamning "yuragini ezib tashlaydi" deb yozadi.
Biroq, bu surat 2017 yilda Epshteynga ka’bapo‘sh parchalari jo‘natilgani aytilgan hujjatlarga aloqador emas. Shuningdek, suratdagi mato haqiqiy ka’bapo‘sh parchasi ekanligi ham aniq emas.
"Masjid"
Qora ipakdan tayyorlangan ka’bapo‘shga oltin va kumushrang iplar bilan Qur’on oyatlari bitiladi. U Ka’baning tashqi devorini to‘liq o‘rab turadi.
Millionlab ziyoratchilar ushlagan ka’bapo‘sh har yili islomiy yangi yilni nishonlash marosimida yangisiga almashtiriladi.

Surat manbasi, Reuters
Adliya vazirligi arxivida Epshteynning xodimlari va "Aziza al-Ahmadiy" nomli elektron pochta manzili o‘rtasidagi yozishmalar bor. Ularda 2017 yilda Epshteynga ka’bapo‘shning uchta parchasi jo‘natilgani ko‘rinadi: biri Ka’baning ichki qismidan olingan yashil; yana biri tashqi qoplamadan olingan qora; va xuddi shu materiallardan tikilgan, ammo ishlatilmagan yozuvli parcha haqida gapirilgan.
2017 yil 1 fevraldagi elektron xatda Ahmadiy deb atalgan shaxsning yordamchisi Epshteynning xodimlariga "masjid uchun Ka’baning ba’zi qismlarini yuborishlarini" aytgan. Ular "masjid" deganda Epshteynga qarashli mulkdagi joyni nazarda tutganmi yoki yo‘q, aniq emas.
Hozirgacha ko‘rib chiqilgan Epshteyn fayllarida orolda masjid haqida hech qanday ma’lumot yo‘q edi. Biroq, vazirlik veb-saytida joylangan hujjatlarga ko‘ra, kichik bino "ibodatxona" deb ko‘rsatilgan. Xatda nima nazarda tutilgani aniq emas. Bu kichik Sent-Jeyms orolidagi ibodatxona bo‘lib, orolning janubiy qismida joylashgan oltinrang gumbazli kichik bino.
Hujjatda tilga olingan "masjid"ni Makkadagi Ka’ba joylashgan Katta masjid bilan adashtirmaslik kerak.
Hujjatlar ko‘rsatishicha, yuk Epshteynning Palm-Bichdagi uyiga 2017 yil 4 martda yetib borgan va keyin AQShning Virjiniya orollaridagi Sent-Tomasga jo‘natilgan. U Epshteynning shaxsiy oroli bo‘lmish Kichik Sent-Jeymsga yaqin bo‘lib, u yerda bir nechta jabrlanganlar o‘zlarining odam savdosiga yo‘liqqani va zo‘ravonlikka uchraganini ta’kidlashgan edi.
2017 yil 14 martdagi AQSh bojxona hujjatida ushbu yuk qiymati 10 980 dollar bo‘lgan "rasmlar, chizmalar va pastellar" deb deklaratsiya qilingan. 21 martdagi elektron xat orqali esa ka’bapo‘sh parchalari "janob Epshteynning uyiga" yetkazib berilgani tasdiqlangan.
Yuk jo‘natilgandan so‘ng, Ahmadiydan yuborilgan elektron xatda Epshteynga qora parchaga "kamida 10 million nafar turli mazhabdagi musulmonlar, sunniylar, shialar va boshqalar qo‘l tekkizgani" aytilgan.
"Ular Ka’bani yetti marta aylanadi, keyin har kim imkon qadar unga tegishga intiladi va o‘zlarining duolari, tilaklari, ko‘z yoshlari va umidlarini ushbu parchada qoldiradi", deyiladi elektron xatda.
Epshteyn ka’bapo‘sh bo‘laklarini sovg‘a sifatida olganmi yoki o‘zi umuman ular haqiqiymi – noma’lum.

Surat manbasi, Source: US Department of Justice
Biroq, Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu Saudiya Arabistonidan Epshteynga birinchi jo‘natma emas ekan.
2017 yil 27 yanvardagi elektron xatlar almashinuvida Ahmadiyning yordamchisi deb aytilgan shaxs "masjid ichi uchun biror narsa" tayyorlash maqsadida "masjidning ichki suratlarini" so‘ragan. Avvalroq xuddi shu yozishmada Epshteynning yordamchisi "chodir va boshqa uy buyumlari" yetib kelganini tasdiqlagan edi.
Vazirlik fayllarida an’anaviy arab jun chodiri rasmi, gilamlar, qahva idishlari, piyolalar hamda savatlar kabi boshqa narsalarning tasviri ko‘rsatilgan hujjat ham mavjud. Biroq, ular ushbu jo‘natmada Epshteynga yetkazib berilgan narsalarmi? Bularni ham aniqlab bo‘lmaydi.
Har ikkala jo‘natma 2008 yilda Epshteyn voyaga yetmagan qizni fohishalik bilan shug‘ullanishga undaganlik bo‘yicha ikkita ayblovni tan olib, jinsiy jinoyatchi sifatida hukm qilinganidan keyin amalga oshirilgan.
Ahmadiy Bi-bi-sining izoh so‘roviga javob bermadi. Hujjatlarda ismlarning paydo bo‘lishi huquqbuzarlik dalili emas.
Hozirgacha o‘rganilgan Epshteyn hujjatlarida orolda masjid borligi yoki uning aniq joyi haqida ishonchli ma’lumot topilmadi. Garchi, ayrim elektron xatlarda masjid tilga olingan bo‘lsa-da, hujjatlarda bu haqda aniq tasdiq yo‘q.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Epshteyn Litl Sent Jeyms orolida 2009–2013 yillarda ibodatxonaga o‘xshash bir inshoot qurdirgan. Unga o‘rnatilgan oltin rangli gumbaz esa 2017 yildagi kuchli dovul paytida uchib ketgan.
Biroq hujjatlarda aytilgan "masjid" aynan shu inshootni anglatgan yoki Epshteyn mulkidagi boshqa bir joy nazarda tutilganini aniqlashning iloji yo‘q.
Shuningdek, hujjatlarda tilga olingan "masjid"ni Makkadagi Kaaba joylashgan Masjid ul-Harom bilan adashtirish kerak emas.

Surat manbasi, EPA
Mo‘’tabar, lekin muqaddas emas
Saudiya Arabistoni hukumati ka’bapo‘shning qanday tayyorlanishi, o‘rnatilishi va olib tashlanishidan tortib, eski nusxalaridan foydalanishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni to‘liq nazorat qiladi. Ammo eski ka’bapo‘shni taqsimlash bo‘yicha alohida qonun yo‘q.
Bi-bi-si qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan bog‘landi, biroq maqola chop etilgan vaqtda javob olmadi.
"Odatda "belbog‘" va "samadiyas" deb ataladigan oltin va kumush yozuvli qismlarni faqat Saudiya Qirollik Saroyi amaldorlari sovg‘a qilishi mumkin", deydi Haj va Umra ziyoratlari bo‘yicha yozuvchi Ahmad al-Halabiy Bi-bi-si Arab xizmatiga.
"Bu narsalar odatda musulmon davlatlari rahbarlari va ularning hukumat a’zolariga taqdim etiladi".
"Qolgan qora mato odatda bo‘laklarga bo‘linib, pastroq lavozimdagi amaldorlarga berilishi mumkin", deya qo‘shimcha qiladi Halabiy.
Londondagi SOAS universitetining islom san’ati tarixchisi doktor Saymon O'Mira aytishicha, ka’bapo‘sh "muqaddas" emas, ammo musulmon dunyosida mo‘’tabar sanaladi.
"U Ka’baga hurmat belgisi – xuddi monarx libosi kabi.
Ka’bapo‘sh yechilgach, uni tahqirlash mumkin emas. Uni oyoq osti qilish kerak emas."
Boshqa tomondan, Halabiy Adliya vazirligi e’lon qilgan yozishmalarda tilga olingan parchalarning haqiqiyligini ham shubha ostiga oladi. Shuningdek, u musulmon bo‘lmaganlarga bu matoni hadiya qilish mumkin emasligini ham ta’kidlaydi.

Surat manbasi, Манба: АҚШ Адлия вазирлиги
Saudiya aloqalari
Adliya vazirligi fayllariga ko‘ra, Epshteyn bilan 2016 yil boshidan 2019 yil boshigacha bir qator mavzular bo‘yicha elektron maktub almashuvlar bo‘lgan. Ba’zi elektron xatlarda unga "boshliq" va "xo‘jayin" deb murojaat qilingan va hujjatlar ular Nyu-York va Parij kabi bir nechta joylarda uchrashganliklarini ko‘rsatadi.
Adliya vazirligi e’lon qilgan hujjatlardan Epshteyn Saudiya Arabistoni hukumatiga Ahmadiy orqali ta’sir o‘tkazishga uringanini taxmin qilish mumkin.
2016 yil iyul oyida Ahmadiyning nomi ostidagi elektron xatda u Epshteyn va "HE Raafat" ismli shaxs o‘rtasida uchrashuv tashkil qilishga urinayotgani ko‘rsatilgan. "HE" ehtimol "Janobi oliylari" ("His Excellency") ma’nosini anglatadi, bu Saudiya Arabistonida yuqori martabali davlat amaldorlariga nisbatan qo‘llanadi.
Adliya vazirligi e’lon qilgan hujjatlarda Epshteyn 2016 yil avgust oyida Ahmadiy ismli shaxsga elektron xat orqali "moliyaviy salomatlik tekshiruvi"ni taklif qilgani va Aramco (ehtimol, Saudiya Arabistonining davlat neftь kompaniyasi)ning ommaviy listingiga qarshi chiqqani anglashiladi. Keyinchalik, Ahmadiy buni "ko‘rib chiqishini" aytgan va javobida "Raafat Alsabbag‘" deb atalgan shaxsning elektron pochta manzilini qo‘shgan.
Epshteynning yordamchilaridan birining 2016 yil noyabrь oyidagi elektron xatida shunday deyilgan: "Aziza HE Raafat'ning yordamchisi." Turli qabul qiluvchilarga yuborilgan bir nechta elektron xatlarda Epshteyn "Raafat Alsabbag‘"ni "Saudiya valiahd shahzodasi"ning "maslahatchisi" deb ta’riflagan.
Saudiya Arabistoni rasmiy matbuot agentligining 2017-yilgi xabarida u "Qirollik saroyining maslahatchisi" deb atalgan.
Adliya vazirligi fayllaridagi elektron xatlarga ko‘ra, "Sabbag‘" deb nomlangan kimsa Epshteyn bilan tez-tez yozishmalar olib borgan ko‘rinadi. 2016-yilgi matnli xabarda "Raafat Alcabbag‘" deb nomlangan shaxs Epshteynga shunday yozgan: "Do‘stingiz bo‘lganim bilan o‘zimni qadrlayman."
"Raafat Alsabbag‘" nomi ostida Epshteynga yuborilgan elektron xatda 17 yoshli rossiyalik go‘zallik malikasi o‘z bokiraligini sotish uchun Dubayga qochgani haqidagi xabarga havola berilgan. Pedofil javob bergan: "Va nihoyat, arziydigan narsa yubordingiz."
Boshqa tomondan, fayllarda Ahmadiyning o‘zi haqida ma’lumot cheklangan. Ammo 2018 yil sentyabrida kimdir shu nom bilan Epshteyndan mobil o‘yinlar kompaniyasi haqida maslahat so‘ragan.
Ka’bapo‘sh va Epshteyn hamda xatlarda ko‘rsatilgan shaxslar o‘rtasidagi munosabatlar haqida ko‘plab savollar mavjud. Islom dunyosida Saudiya rasmiylarini chuqur tergov o‘tkazishga chaqiriqlar ko‘payib bormoqda.

























