Nega Tramp-Putin uchrashuvi Ukraina urushini tez tugatolmaydi?

A headshot of Trump

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, "Men (urushni) tugatish uchun bu yerdaman", dedi Tramp 6 avgust kuni
    • Author, Laura Gozzi
    • Role, BBC News
    • Author, Vitaliy Shevchenko
    • Role, BBC Monitoring
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Rossiyaning 2022 yil fevralida to‘laqonli bosqini bilan boshlangan Ukraina urushi pasayish alomatlarini ko‘rsatayotgani yo‘q.

Ukraina sharqida Rossiya yer bilan tekislashni davom ettirib ildamlayapti. Halokatli tungi havo hujumlari butun Ukraina bo‘ylab odatiy narsaga aylandi, ayni paytda Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari va energetika inshootlari Kiev dronlarining muntazam hujumlari ostidaa qoladigan bo‘lib qoldi.

Ayni manzarada Kreml Donald Tramp bilan Vladimir Putinning uchrashuvi rejalashtirilgan va tez orada bo‘ladi degan xabarni tasdiqladi.

Shu yil mayi va iyuli orasida Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uch davra muzokaralar ikki tarafni yaqinlashtira olgani yo‘q. Va Tramp vaziyatni o‘z qo‘liga olishi nihoyat otashkesimga olib keladi deb umid qilayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo Kiev bilan Moskva o‘rtasidagi ko‘rfaz shu qadar kengki, hatto Tramp vositachiligidagi muloqotlarning ham bu ko‘rfaz ustiga ko‘prik yasashi mushkul bo‘lib ko‘rinadi.

Iyun oyida ukrainaliklarga taqdim etgan memorandumida Moskva mojaroni "yakuniy yechimi"ga yetkazishning ado etib bo‘lmas shartlarini ilgari surgan edi. Bu talablar ichiga Ukrainaning Qrim, Donetsk, Luhansk, Zaporojiya va Xerson hududlarini Rossiyaniki deb tan olish, Ukrainaning demilitarizatsiya va neytralitetga rozi bo‘lishi, harbiy xorijiy kuchlar aralashmasligi va Ukrainada yangi saylovlar o‘tkazish shartlari bor edi.

Firefighters and rescuers sift through the rubble of a destroyed building

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Yaqinda Rossiya Kievga otgan raketa ko‘p qavatli uyning butun boshli bir pod’ezdini vayron etdi, halok bo‘lgan insonlar soni 30 dan ortdi

"Rossiya tarafi buni o‘nlab turli ramkalarda taqdim etib, Moskva yon bosishlar va jiddiy muzokaralarga ochiq degan taassurotni uyg‘otishi mumkin. Lekin asosiy mavqe’ o‘zgarmasdan qoladi: Rossiya Kievning to‘la taslim bo‘lishini xohlaydi", deb yozdi rossiyalik siyosiy tahlilchi Tatyana Stanovaya.

Putin bilan AQSh maxsus elchisi Stiv Uitkoff uchrashuvidan keyin AQSh Davlat kotibi Marko Rubio chorshanba kuni, "Vashington Rossiyaning qanday shartlarda urushga yakun yasashga tayyorligini yaxshiroq angladi", deb aytdi.

Biz Rossiya shartlari o‘zgargani-o‘zgarmaganini bilmaymiz. Ammo o‘tgan hafta Putin o‘zlarining Ukraina oldiga qo‘ygan memorandumini nazarda tutib shunday degandi: Rossiya o‘z maqsadlarini iyunda ma’lum qildi va maqsadlar hamon o‘shandayligicha turipti.

Shuning uchun ham Kremlning Tramp-Putin uchrashuviga rozilik berganiga qaramasdan, Moskva o‘zining bajarish qiyin shartlarini o‘zgartirishga tayyor deya olmaymiz.

Unda Putin shu paytga kelib nega muloqotga rozi bo‘ldi?

Ehtimoliy sabablaridan biri o‘zining muloqotga qo‘shilishi Trampning Moskvaning savdo sheriklariga qo‘llamoqchi bo‘layotgan ikkilamchi sanksiyalarini to‘xtatib qolishiga umid qilayotgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Kremlda, Trampni urushni yakunlashning o‘z shartlariga ko‘ndira olamiz, deb o‘ylayotgan bo‘lishlari mumkin.

Trump and Putin shaking hands in front of a lectern reading "Helsinki". American and Russian flags are in the background

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2018 yili Xelsinkida Putin bilan uchrashganidan keyin Tramp bergan bayonot ko‘plarni hayron qoldirgan edi

O‘zining ikkinchi prezidentligi boshlanishida Tramp Ukrainaga nisbatan Rossiyaga yon bosgandek ko‘rindi, Zelenskiyni "diktator" deb atadi va Rossiya bilan urush boshlanishiga Zelenskiyni aybladi.

Keyinroq Putinga nisbatan "sabr kosasi to‘lib" borayotganiga ishora qilib, aprel oyida "u faqat mening yelkamga qoqib qo‘yadi", deganiga qaramasdan, Rossiya rahbari otashkesimga tayyorligi borasida o‘zini aldayotgandek his qilayaptimi yoki yo‘qligini aytishni xohlamadi.

Yoki shaxsiy yaqinligi tufayli yoki dunyoqarashlari bir xilligidanmi, Tramp Putinni amallari uchun to‘la qoralamadi.

Ikkovlari hali Trampning birinchi prezidentligi payti - 2018 yili Xelsinkida uchrashganlarida Tramp 2016 yilgi AQSh prezidentligi sayloviga Rossiya aralashgani ayblovlarida Kreml tarafin olgani ko‘plarni hayratda qoldirgan edi.

Balki shuning uchun ham Putin Trampga ta’sir o‘tkazmasligi uchun o‘t ochishni to‘xtatishga bag‘ishlangan har qanday muzokarada Kiev ham qatnashmoqchi bo‘layotgandir.

O‘zining maxsus elchisi orqali Tramp Putin va Zelenskiy bilan uch tomonlama uchrashuvni taklif qildi. Biroq Kreml bu taklifni rad etdi. Bu bilan ikki delegatsiyalar "maxsus kelishuv"ga kelmagunlaricha Putin bilan Zelenskiyning uchrashuvidan ma’ni yo‘q, degan ishorani berdilar.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Hozir Ukrainada ayrimlar Tramp bilan Putinning uchrashuvi AQSh prezidentining Putin talablariga yon bosishiga olib keladi deb tashvishlanmoqdalar.

Ukraina Oliy Radasi deputati Irina Herashchenko so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadan hududiy yon berishlarni talab qilishlari ayon bo‘lib borayapti va muzokaralar davrasida Kievning bo‘lmasligi "juda xatarli"dir.

"Ukraina uchrashuvlardan qo‘rqmaydi va Rossiya tarafidan ham ana shunday jasur qadamlarni kutadi», — dedi Zelenskiy payshanba kuni.

Ammo Rossiya bilan Ukraina orasidagi jarlik saqlanib qolayapti.

Kreml uch tomonlama uchrashuvga rozilik bergan taqdirda ham, Moskvaning otashkesim borasidagi talablari shunchalik bajarib bo‘lmaski, Zelenskiy bilan Putinning yuzma-yuz ko‘rishishi qanday natija keltirishi noma’lum.