Olamning eng batafsil “xaritasi”: Olimlar koinotning 3D atlasini yaratmoqdalar

Yulduzli osmon xaritasi

Surat manbasi, ESA

Surat tagso‘zi, Bu Yevklid tomonidan yaratilgan mozaika 2024-yil 25-martdan 8-aprelgacha olingan 260 ta suratni o‘z ichiga oladi. Bu teleskop keyingi olti yil davomida kuzatadigan osmonning taxminan 1 foizini tashkil etadi.
O'qilish vaqti: 3 daq

Yevropa Kosmik Agentligi olimlari Yevklid kosmik teleskopining suratlaridan foydalangan holda koinotning xaritasini tuza boshladilar.

Xaritaning birinchi qismi, 260 ta suratdan iborat mozaika sifatida yig‘ilgan bo‘lib, 14 milliondan ortiq galaktikani o‘z ichiga oladi. Biroq, bu olimlar xaritaga tushirishi kerak bo‘lgan koinotning atigi 1 foizini tashkil etadi, xolos.

Yevklid missiyasi, 2023-yilda NASA ishtirokida Yevropa Kosmik Agentligi tomonidan ishga tushirilgan bo‘lib, o‘sha yili noyabr oyida va 2024-yilning mayida birinchi suratlarini yuborgan edi.

Yevklidning maqsadi koinotning vaqt va makon bo‘yicha uch o‘lchovli xaritasini yaratish va uning evolyutsiyasini aniqlash, shuningdek, koinot massasining 95 foizini tashkil etuvchi sirli qorong‘i energiya va qorong‘i moddaga aniqlik kiritishdir.

Yulduzli osmon surati

Surat manbasi, ESA

Surat tagso‘zi, 2024-yil 15-oktabrda Yevklid tomonidan olingan mozaikaning bir qismi. Surat katta mozaikaga nisbatan 12 baravar kattalashtirilgan. Markazdan chap tomonda 25 million yorug‘lik yili uzoqlikdagi NGC 2188 spiral galaktikasi joylashgan. O‘ng yuqorida esa 678 million yorug‘lik yili uzoqlikdagi Abell 3381 galaktika klasteri ko‘rinib turibdi.

“Masshtab mutlaq qo‘l yetmas darajada”, deydi Yevropa Kosmik Agentligining ilmiy direktori Kerol Mandell Italiyaning Xalqaro astronautik kongressida. U to‘liq aniqlikdagi (208 gigapiksel) suratni ko‘rsatish uchun 16 000 ta 4K televizor kerak bo‘lishini ta’kidlaydi.

Yevklid yordamida olimlar Olamning eng katta va aniq xaritasini yaratishga umid qilmoqdalar. Tadqiqotning birinchi bosqichi aprel oyida amalga oshirilgan bo‘lib, teleskop ikki hafta davomida janubiy osmonda to‘lin oy o‘lchamidan 500 baravar katta hududni xaritaga tushirdi.

Yulduzli osmon surati

Surat manbasi, ESA

Surat tagso‘zi, Bu hudud katta mozaikaga nisbatan 36 baravar kattalashtirilgan. Ushbu tasvir 678 million yorug‘lik yili uzoqlikdagi Abell 3381 galaktika klasterining yadrosini ko‘rsatadi. Tasvirda turli shakl va o‘lchamlardagi galaktikalarni, jumladan, ulkan elliptik galaktikalardan tortib, oddiy spiral galaktikalargacha, shuningdek, kichik va xira mitti galaktikalar ko‘rinadi.

Rasmdagi ko‘k izlar yaqin atrofdagi Somon Yo‘li galaktikasidagi chang va gazlardir, deydi Mandell. Tasvirni kattalashtirish orqali bir-birlari bilan o‘zaro ta’sirda bo‘lgan va aylanuvchi galaktikalarni ko‘rish mumkin, ba’zilarining markazlarida supermassiv qora tuynuklar mavjud bo‘lib, ular tortishish to‘lqinlarini chiqaradi, buni esa Yerdagi asboblar yordamida aniqlash mumkin.

Keyingi olti yil davomida teleskop tun osmonining uchdan bir qismini mustaqil ravishda kuzatadi. Tadqiqotchilar yakuniy xaritada 8 milliardga yaqin yoshi 10 milliard yilgacha bo‘lgan galaktikalar bo‘lishini taxmin qilmoqdalar.

Yulduzli osmon surati

Surat manbasi, ESA

Surat tagso‘zi, Bu hudud katta mozaikaga nisbatan 150 baravar kattalashtirilgan. Tasvirning chap tomonida Yevklid 420 million yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan o‘zaro ta’sir qilayotgan ikkita galaktikani (ESO 364-G035 i G036) suratga olgan. Tasvirning o‘ng tomonida esa 678 million yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan Abell 3381 galaktika klasteri ko‘rinadi.

Galaktika klasterlari va gravitatsiya yorug‘likni qanday egishini kuzatish kabi boshqa hodisalarni o‘rganish orqali Yevklid “kosmik to‘r” — moddaning makon va zamondagi taqsimlanishini tekshiradi. Yevropa Kosmik Agentligi mutaxassisi Valeriya Pettorino ta’kidlashicha, qorong‘i energiya va qorong‘i modda galaktika klasterlari orasidagi bo‘shliqlarni shakllanishiga ta’sir qilganligi sababli, bu bo‘shliqlarni o‘lchash bizga ularning tabiatini tushunishga yordam beradi.

Snimok zvezdnogo neba

Surat manbasi, ESA

Surat tagso‘zi, Bu hudud katta mozaikaga nisbatan 600 baravar kattalashtirilgan. Ushbu tasvir 420 million yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan yagona spiral galaktika (ESO 364-G036) ni juda aniq tafsilotlarda ko‘rsatadi. Tasvir Yevklid suratlaridan yaratilgan 208 gigapiksel hajmdagi asl tasvirning 0, 0003 foizini yoki asosiy mozaikaning 1/330 000 qismini tashkil etadi.