O‘zbekistonda non va un narxi keskin oshganiga sabab nima? Rossiya: og‘ir ishlarda o‘zbekistonliklar ishlaydimi? Markaziy Osiyo kelajagi "yo‘l xaritasi" belgilandi

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda non va un mahsulotlari narxi keskin o‘smoqda. Bunga sabab nima? Rossiyaning Mariy El Respublikasida o‘zbekistonlik migrantlarning o‘ta zarurligi va ishonchliligi aytildi. Mutaxassislar Markaziy Osiyo kelajagini qanday tasavvur qilishmoqda?
Non narxi oshishiga sabab nima?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda non va un mahsulotlari narxi keskin o‘smoqda. Markaziy bankning tahlillariga ko‘ra, 2020–2025 yillar oralig‘ida birinchi navli undan tayyorlangan non 77,6 foizga, oliy navli undan tayyorlangan non esa 52,5 foizga qimmatlagan. Non narxi esa shu davrda 62,4 foizga ko‘tarilgan.
Mutaxassislar bu holatga bir nechta asosiy sabablarni ko‘rsatmoqda. Birinchidan, ishlab chiqarish xarajatlari yil sayin ortayapti: elektr energiyasi, gaz, suv, yoqilg‘i va transport xizmatlari uchun to‘lovlar bir necha barobar oshgan. Masalan, 2020–2025 yillar mobaynida gaz uchun to‘lov qariyb 130 foizga, suv va kanalizatsiya xizmatlari esa qariyb 300 foizga ko‘tarilgan. Shuningdek, fermerlar ish haqi va texnika xizmatlari narxlari ham o‘sgani non narxiga zanjirli ta’sir ko‘rsatgan.
Ikkinchidan, O‘zbekiston bug‘doy import qilishda ko‘proq Qozog‘istonga bog‘liq. Jahon narxlari oshishi bilan mahalliy bozor ham shiddat bilan qimmatlashmoqda. Masalan, pandemiya va Rossiya–Ukraina urushi paytida bug‘doy narxi 2020 yildagi har tonnasi uchun 179 dollardan 2022 yilda 406 dollargacha ko‘tarilgan, bu esa mahalliy bozorda ham keskin o‘zgarishga olib kelgan.
Keyingi yillarda ta’minot zanjirining tiklanishi, alternativ eksportchilar
(masalan, Hindiston va AQSh) bozordagi bo‘shliqlarni to‘ldira boshlashi natijasida
narxlar bosqichma-bosqich pasaydi. 2025-yil aprelida 1 tonna bug‘doy narxi
174,8 dollarga tushib, so‘nggi 5 yildagi eng past darajani qayd etganini ham e’tirof etish kerak.
77,6 foizga,oliy navli undan tayyorlangan non esa
52,5 foizga qimmatlagan.
Uchinchidan, iqlim va agrar omillar ham narxlarning oshib borishiga ta’sir qilmoqda. Sug‘orish tizimining samarasizligi, yerning sho‘rlanishi, suv tanqisligi va yuqori harorat hosildorlikni pasaytirayotgani qayd etilmoqda, deyiladi tahlilda.
Shu bilan birga, mamlakat aholisi soni ortib, daromadlari o‘sayotgani qayd qilingan. Bu holat bir tomondan unga talabni oshirsa, ikkinchi tomondan sog‘lom turmush tarziga intilish va turli mahsulotlardan foydalanish odati sabab ba’zi uy xo‘jaliklarida non iste’moli kamaygan.
Mutaxassislar fikricha, non narxini barqarorlashtirish uchun ichki ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, import manbalarini diversifikatsiya qilish va agrar sohada resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish zarur.
Toshkentda Markaziy Osiyoning kelajagi uchun "yo‘l xaritasi" taqdim etildi

Surat manbasi, Strategik islohotlar agentligi
Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida mintaqaning barqaror taraqqiyoti va xavfsizligiga qaratilgan yangi "yo‘l xaritasi" e’lon qilindi. Hujjat mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, iqtisodiy rivojlanishdan tortib ekologiya va xavfsizlikkacha bo‘lgan masalalarni qamrab olgan.
Gazeta.uz da keltirilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, "yo‘l xaritasi"da quyidagi yo‘nalishlar asosiy deb belgilangan:
- iqtisodiy hamkorlik va savdo aylanmasini kengaytirish,
- suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanish,
- iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit muammolariga birgalikda yechim topish,
- transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish.
Tadbirda so‘zga chiqqan mutaxassislar mintaqada xavfsizlikka tahdid solayotgan omillarga ham alohida to‘xtaldi. Ular qatorida ekstremizm va terrorizm xavfi, migratsiya jarayonlari, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar tilga olindi.
Tahlilchilar fikricha, yangi «yo‘l xaritasi»ning samarali amal qilishi uchun davlatlar o‘rtasida siyosiy ishonch va o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish talab etiladi. Shu bilan birga, umumiy loyihalar uchun moliyaviy manbalarni topish va ularni maqsadli yo‘naltirish muhim ahamiyatga ega bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
Muttaxassislar ta’kidlashicha, agar tashabbuslar to‘liq ishga oshirilsa, Markaziy Osiyo nafaqat iqtisodiy jihatdan barqaror, balki xavfsiz va uzviy bog‘langan mintaqasiga aylanishi mumkin.
Og‘ir ishlarni o‘zbek migrantlari qilmoqdami?

Mariy Elda ishchi kuchi yetishmasligi tufayli mahalliy korxonalar o‘zbekistonlik migrantlarni jalb etmoqda. Yoshkar-Olada o‘tkazilgan konferentsiyada shu masala muhokama qilindi.
Mariylik tadbirkor Denis Klimenchuk o‘z tajribasini bayon etar ekan, shunday dedi:
"Robotlar yoki sun’iy intellekt oddiy ishchi kuchini almashtira olmaydi. Bizda o‘zbekistonlik ishchilarsiz ishlab chiqarish jarayoni to‘xtab qolishi mumkin."
Hozirgi vaqtda mintaqa korxonalarida ayniqsa qo‘l mehnati talab etiluvchi sohalarda — qurilish, tozalash, tikish fabrikalarida ishchi kuchi yetishmaydi. Masalan, parranda mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonada mingdan ortiq ishchi zarurligi aytildi.
O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakillari ham Mariy Elga tashrif buyurib, fuqarolarning sharoiti va huquqlari haqida fikr bildirishdi. Ularga ko‘ra, mahalliy aholi o‘zbek ishchilariga nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lib, ular bu yerda o‘zini xavfsiz his qilayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston tomoni migrantlarni tayyorlash uchun maxsus o‘quv markazlari tashkil etgan. Ular qurilish sohasi uchun tokar, armaturchi, betonchi kabi mutaxassislarni tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan.
Rossiyada esa o‘zbekistonliklar orasida eng talabgor kasblar — payvandchi, quruvchi va turli yordamchi ishlar hisoblanadi.
Huquqbonlar so‘nggi yillarda Rossiyada migrantlarga nisbatan tahqiromuz qo‘lga olishlar va ularni kamsitish holatlari ko‘payganini aytishadi.












