Kim kimga kerak: Yevropa O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga nega qiziqmoqda? Video

O'qilish vaqti: 5 daq

Afg‘onistondan Ukrainagacha, qazilma boyliklardan transport yo‘lagigacha. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo. Tomonlar bir-biridan qanchalik manfaatdor?

Samarqand

Surat manbasi, taqdim

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo munosabatlari umummiqyosda mustahkam o‘rnatilgan. Ittifoq – hududning ikkinchi eng yirik savdo hamkori. Shu bilan birga, ayni hududdagi investitsiyalarning 40 foizdan ortig‘i Yevropa Ittifoqidan kirib keladi.

Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela bir necha hafta oldin o‘z Linkedin sahifasida mintaqaning muhimligini ta’kidlab, uning iqtisodiy salohiyatini alqagan edi:

"Markaziy Osiyo 340 milliard yevrolik iqtisodiyotga ega va u shiddat bilan o‘sib boryapti. Hudud bilan savdo aloqalarimiz o‘sdi. Ammo biz buni yana-da rivojlantirishimiz mumkin."

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Samarqand

Surat manbasi, taqdim

So‘nggi vaqtlarga kelib, o‘zaro qiziqish yana-da ortgan. Aksar tahlilchilar bunga Markaziy Osiyodagi nodir metallar sabab desa, yana bir guruh kuzatuvchilar ayni aloqalar hududdagi respublikalar uchun yangi geosiyosiy imkoniyat ekanligini aytadi.

Samarqand sammitning bugungi geosiyosiy tangliklar manzarasida o‘tkazilganligi ham Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqi uchun muhim manzilga aylanganini ko‘rsatdi.

Xususan, siyosiy tahlilchi Uesli Hill ayni sammit Markaziy Osiyo geosiyosatda muhim burilish bo‘lganini aytadi.

"Sammit Bryusselning eski odati bilan o‘tdi. Ittifoq dunyoning boshqa qismlari bilan kollektiv o‘laroq muloqot qilishni xohlaydi. Ammo uning ayni harakatlari ko‘pincha muvaffaqiyatsiz tugaydi. Odatda Germaniya va Frantsiya kabi yirik ko‘lamli davlatlargina bundan manfaatdor bo‘ladi. Biroq, Markaziy Osiyo Ittifoq bilan strategik aloqalarni yana-da mustahkamlasa, bu Bryusseldan ko‘ra ko‘proq hudud uchun manfaatli bo‘ladi", - dedi u.

Ikki tomon o‘rtasida hamkorlikning bir nechta muhim qirralari bor. Markaziy Osiyoning geosiyosiy joylashuvi hamda nodir qazilmalarga boyligi doimo alqab kelinadi.

Biroq, 5 respublikaning Ukrainadagi urush borasida Rossiya bilan munosabatlari hamda hududdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat tanqid ostida. Ushbu tanqidchilarning aksari ham g‘arbiy tashkilotlardir.

Sekila va Saidov
rasmiy
Markaziy Osiyo 340 milliard yevrolik iqtisodiyotga ega va u shiddat bilan o‘sib boryapti. Hudud bilan savdo aloqalarimiz o‘sdi. Ammo biz buni yana-da rivojlantirishimiz mumkin.
Yozef Sikela
Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Uchinchi yildirki, Rossiyaning Ukrainaga bosqini hanuz davom etadi. Ushbu mavzuda G‘arbning qat’iy, Markaziy Osiyoning esa neytral pozitsiyalari to‘qnashadi.

Ayni masala Samarqand sammitida kun tartibidagi mavzulardan biri bo‘ldi.

Janob Koshta BMT Xavfsizlik Kengashi a’zosi bo‘lmish Rossiya xalqaro qonunlarni poymol etgani hamda xalqaro tizim barqarorligiga putur yetkazayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, u Markaziy Osiyo rahbarlarini Ukrainada tinchlikka erishish yo‘lida hamkorlik qilishga chaqirdi.

Prezident Mirziyoyev bunday chaqiriqlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Ammo buning qanchalik va qanday shaklda amaliyotga ko‘chishi noma’lum.

Ukrainaga yordam paketlari jo‘natgan Qozog‘istondan tashqari hududdagi barcha respublikalar ayni masalada Rossiya bilan neytral munosabatlarni saqlab keladi.

Biroq Qozog‘iston ham fevraldagi BMT Bosh Assambleyasida "Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilishga" chaqirgan ovoz berish jarayonlarida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi betaraf qolgan.

Samarqand

Surat manbasi, taqdim

Uesli Hill Markaziy Osiyoning ayni tanlovi har tomonlama mantiqiy ekanligini va hududda ma’lum bir miqyosda o‘z ta’sirini kengaytirishga intilyotgan uch tomon bilan ham teng munosabat o‘rnata olish muhimligini aytadi.

"Albatta, Markaziy Osiyoning Rossiya va Xitoy ta’siridan mustaqil iqtisod qura olishi Bryussel uchun muhim. Ammo na Bryussel, na Vashington hududga bir tomonni tanlash va Rossiya yoki Xitoy kabi yirik hamkorlardan voz kechish talabini qo‘ya olmaydi. Antoniu Koshta sammit doirasida bu mavzuga to‘xtalib o‘tgan bo‘lsa-da, bu umumiy ritorikadan boshqa narsa emas. "

O‘rta Yo‘lak va Xitoy

Ukrainadagi urush va Qizil dengizdagi mojarolar manzarasida ayni transport yo‘lagining ahamiyati yana-da oshdi.

Ushbu yo‘lak Markaziy Osiyodan Kaspiy dengizi orqali Kavkazga, Qora dengiz va Turkiya orqali esa Yevropa bozoriga chiqadi.

Sikela bu yo‘lak haqida shunday izoh bergan: "O‘rta Yo‘lak Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yuk tashish muddatini atigi o‘n besh kunga qisqartirishi mumkin. Bu esa biz uchun an’anaviy yo‘llarga muqobil muhim variant degani."

Ba’zi tahlilchilar, ushbu transport yo‘lagini Xitoyning "Bir makon – bir yo‘l" tashabbusiga raqobatchi sifatida ko‘radi.

Biroq, Xitoyning ayni tashabbusi ichidagi qator loyihalar allaqachon amaliyotga ko‘chgan. Xususan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘lining qurilishi ham 2024 yilning so‘ngida ramzan boshlangan edi.

O‘rta Yo‘lak borasida esa hanuz chigalliklar hamda transchegaraviy qiyinchiliklarni ko‘rish mumkin.

Ittifoq prezidenti Ursula fon der Lyayen yo‘lak qurilishi amaliyotga enayotganini hamda hududdagi transport loyihalarida 3 milliard yevro investitsiya qilinganini e’lon qildi.

Samarqand

Surat manbasi, president.uz

Uesli Hill ayni mavzuda ham Xitoy, ham Yevropaning maqsadlari o‘zaro mushtarak ekanini aytadi. Rossiyaning keying harakati qanday bo‘lishini bashorat qilish qiyin bo‘lgan bir paytda Markaziy Osiyo bu ikki tomonni bir-biriga bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘tay oladi.

"Bir makon – bir yo‘l" va O‘rta Koridor borasidan Yevropa Ittifoqi va Xitoy raqobatga kirishishi qiyin. Aksincha, ularning har ikkisi bundan manfaatdor. Ular bu bilan, birinchidan, Rus yo‘laklariga ehtiyojdan qutilishadi. Ikkinchidan, esa Markaziy Osiyo orqali ham yangi bozor bilan, ham o‘zaro aloqalarda osonroq bog‘lanishadi. Rossiyaning mintaqaga munosabati juda agressiv. Ammo aniqki, Markaziy Osiyo Yevropa va Xitoy bilan yaqinroq bo‘lib, ehtimoliy rus agressiyasiga ham qarshi turishi mumkin."

Nodir metalllar

Markaziy Osiyo nafaqat qulay joylashuvga, balki boy qazilmalarga ham egadir. Yozef Sikelaga ko‘ra, hudud Yevropa Ittifoqning mis, magniy va litiy kabi nodir metallarga bo‘lgan ehtiyojining qariyb yarmini qondira oladi.

Prezident Ursula von der Lyayen ham ayni qazilmalarga alohida diqqat qaratgan. Hudduddagi ma’danlarni qazib olishda o‘zaro hamkorlikka chaqirgan.

"Ba’zilar faqatgina eksplutatsiya qilish va qazib olishga qiziqadi. Ammo bizning qarashimiz boshqacha. Biz hududdagi mahalliy sanoatni rivojlantirishda hamkor bo‘lishni istaymiz", - dedi Lyayen.

Lyayen o‘z nutqida "ba’zilar" deganda ayni qaysi tomonlarni nazarda tutganiga aniqlik kiritmadi. Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra Yevro Ittifoq prezidenti Rossiya va Xitoyga ishora qilgan.

Samarqand

Surat manbasi, president.uz

Uesli Hill Markaziy Osiyo minerallar borasida Yevropa Ittifoqi bilan munosabat o‘rnatib, xavfsiz makonga aylanishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Uning fikricha, shu vaqtga qadar qazilmalar sohasida republikalar Xitoy va Rossiya bilan qalin hamkorlik qilib kelgan, va ayni metallar asosan chetda qayta ishlangan. "Natijada, boy tabiiy qazilmalarga qaramasdan, Markaziy Osiyoda hanuz mahalliy sanoat rivojlanmagan."

"Yevropa bilan esa vaziyat boshqacha. Ikki hudud bir-biridan sezilarli masofada joylashganligi uchun qazilmalarga ishlov berish jarayonini mahalliy sharoitda qilish har ikki tomon uchun foydali. Bunda ham mahalliy ishlab chiqarish rivojlanadi, ham Markaziy Osiyo Rossiya va Xitoydan farqli o‘laroq o‘z qazilmalariga ko‘proq muhtoj bo‘lga Yevropa bilan ehtimoliy agressiyalarga qarshi tura oladi," – deydiUesli Hill.