Urush holatidagi Rossiyadan ham oldinda: O‘zbekiston narx oshishi bo‘yicha MDHda birinchi

Piyoz narxi 10 barobar oshgan

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, Piyoz narxi 10 barobar oshgan
O'qilish vaqti: 2 daq

2024 yilda O‘zbekiston iste’mol narxlarining o‘sish sur’ati MDH davlatlari orasida eng yuqori bo‘ldi. Piyoz narxi misli ko‘rilmagan tarzda oshmoqda.

Mahalliy rusiyzabon internet nashrlarining MDH qoshidagi Davlatlararo statistika qo‘mitasi hisobotiga tayanib yozishicha, O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksi 2023 yilga nisbatan 9,8% ga oshib, 109,8% ni tashkil etdi.

Boshqa MDH davlatlarida esa iste’mol narxlari indeksi bundan pastroq bo‘lgan.

Masalan, Ukraina bilan urush holatida bo‘lgan Rossiyada 2024 yil dekabrgacha iste’mol narxlari indeksi 6,6% ga oshgan. Qozog‘istonda ham shuncha – 6,6% atrofida.

Qirg‘iziston, Belarusь, Ozarbayjon, Moldova va Tojikiston kabi davlatlarda inflyatsiya darajasi bundan ham past bo‘lgani qayd etilgan.

Piyoz 10 barobar qimmatladi

Narx oshishi bo‘yicha O‘zbekiston MDH davlatlari orasida peshqadamligi xabari chiqishi ortidan mamlakatda piyoz narxi rekord darajaga yetgani aytildi.

Gazeta.uz ning EastFruit portaliga tayanib yozishicha, O‘zbekistonda piyozning yangi hosili narxi rekord darajaga yetdi.

Ma’lum qilinishicha, ertaki kuzgi piyoz yetishtirish bo‘yicha asosiy hudud — Surxondaryo viloyati dehqonlari 10 kuncha avval hosilni yig‘ib olishga kirishgan. Biroq, o‘tgan yillardan farqli o‘laroq, 2025 yilda mahsulotlarning boshlang‘ich narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 baravar yuqori bo‘ldi.

Portal ma’lumotlariga ko‘ra, fermerlar daladan piyozning bir kilogrammini 5000 so‘mdan sotmoqda, chakana bozorlarda esa narx 7000−8000 so‘mgacha yetmoqda.

Nashr VESAGRO konsalting kompaniyasi rahbari O‘rmonali Usmonovdan iqtibos keltirishicha, narxlar oshishining asosiy sababini ertaki kuzgi piyoz ekiladigan maydonlarning taxminan 30−40 foizga qisqarganligi bilan izohlanadi. Uning ekini o‘tgan yilning avgust-sentyabrь oylarida ekilgan edi.

"Shunga o‘xshash vaziyat, menimcha, qo‘shni mamlakatlarda ham kuzatilgan. Hosildorlik va pishish muddatlariga kelsak, 2024 yilning kech kuzi va qish faslida g‘ayritabiiy sovuqlar bo‘lmadi — ob-havo sharoiti qulay edi. Hosildorlik o‘tgan yilgi darajada qoldi, pishish muddati esa o‘zgarmadi. Biroq, hozirda piyoz hali „po‘stlog‘ini yopmagan" va kerakli yetuklikka erishish uchun vaqt kerak bo‘ladi. O‘ylaymanki, tarmoq sifatidagi va eksportga yaroqli miqdordagi mahsulotlar ichki bozorda taxminan 2025 yil 15−20 aprel kunlari paydo bo‘ladi”, — degan u.

O‘zbekistonda gaz va elektr tariflari endi har yili oshadi

O‘zbekiston hukumati 201 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha elektr iste’moli uchun alohida tariflar joriy etmoqda.

2026 yildan elektr va gaz tariflari har yili 1 maydan inflyatsiyani hisobga olib, ammo 10 foizdan oshmagan miqdorda ko‘tariladi. Gazeta.uz ning yozishicha, garchi 2026 yildan ularni kamida uch yilga o‘zgarishsiz qoldirish reja qilingandi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

"Bundan tashqari, 2026 yildan elektr energiyasi va gaz tariflari yillik inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda, biroq 10 foizdan oshirmasdan, har yili 1 maydan ko‘tarib boriladi. Shu bilan bir paytda, hukumatning 2024 yil 15 iyundagi qarorida belgilangan tartibda tasdiqlangan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari 2026 yildan boshlab kamida uch yil amal qilishi, ya’ni 2026 yildan keyin kamida uch yil o‘zgarishsiz qolishi kerakligi belgilangan edi", deyiladi xabarda.

O‘zbekiston hukumati o‘tgan yilgi va yangi oshirilgan tariflarga qaramay, gaz va elektr energiyasi narxlarini subsidiyalashni davom ettirishni rejalashtirgan. 2025 yilda davlat byudjetidan gaz, elektr energiyasi va issiqlik ta’minoti uchun subsidiyalar ko‘rinishida 12,3 trln so‘m ajratish reja qilingan.