Tashievning ishdan olinishi: Qirg‘iziston siyosatida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Qamchibek Tashiev
Surat tagso‘zi, Qamchibek Tashievning kutilmagan iste’fosi nafaqat Bishkekda, balki Toshkentda ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda
O'qilish vaqti: 8 daq

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashievning kutilmagan iste’fosi nafaqat Bishkekda, balki Toshkentda ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ushbu siyosiy o‘zgarish mintaqa xavfsizligi va ikki davlat munosabatlari uchun yangi davr boshlanishi sifatida talqin qilinmoqda.

Xo‘sh, Qamchibek Tashiev aslida kim edi va uning ketishi Markaziy Osiyodagi kuchlar muvozanatini qanday o‘zgartirishi mumkin?

«Ikki do‘st» tandemining intihosi

Qamchibek Tashiev va Prezident Sadir Japarov
Surat tagso‘zi, 57 yoshli Qamchibek Tashiev shunchaki maxsus xizmat rahbari emas, balki so‘nggi besh yil davomida Qirg‘izistonni Prezident Sadir Japarov bilan teng huquqli boshqarib kelgan «ikki do‘st» tandemining yarmi edi.

57 yoshli Qamchibek Tashiev shunchaki maxsus xizmat rahbari emas, balki so‘nggi besh yil davomida Qirg‘izistonni Prezident Sadir Japarov bilan teng huquqli boshqarib kelgan «ikki do‘st» tandemining yarmi edi.

Tashiev 2020 yildagi Oktyabr voqealarida hal qiluvchi rol o‘ynagan: aynan u Japarovni qamoqdan ozod qilish uchun omma oldida turib, o‘sha paytdagi prezident Sooronbay Jeenbekovni qonsiz iste’foga chiqishga majbur qilgan. Shundan so‘ng u MXDQ raisi va Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari sifatida mamlakatdagi eng qudratli siyosiy figuraga aylandi.

«Xalq generali» va mintaqaviy xavfsizlik

 Qamchibek Tashiev

Tashievning ta’siri rasmiy lavozimlaridan ancha kengroq bo‘lgan. U Qirg‘izistonda «xalq generali» deb atalsa-da, uning nomi bir qator ziddiyatli voqealar bilan bog‘lanadi. Xususan, u Tojikiston bilan chegara nizolarini hal qilishda markaziy rol o‘ynagan, shuningdek, MDH miqyosidagi yirik jinoiy avtoritet Qamchi Ko‘lbaevning o‘limi bilan yakunlangan amaliyotga rahbarlik qilgan.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, Tashievning ketishi qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar uchun ijobiy hodisa bo‘lishi mumkin:

«Japarov-Tashiev ikkiligida Tashiev ancha agressivroq, millatchiroq va keskinroq siyosatchi edi. Bu Qirg‘izistonning ham ichki, ham tashqi siyosatida juda sezilardi. Agar Japarov vazmin siyosatchi bo‘lsa, Tashiev kuch ishlatishga moyil etatist (ya’ni, barcha muammolarni davlatning 'qattiq qo‘li' va nazorati bilan hal qilish tarafdori) edi».

O‘zbekistonliklarni bu voqeaning iqtisodiy jihati ham befarq qoldirmaydi. Qirg‘iziston — O‘zbekistonning muhim savdo sherigi bo‘lib, har qanday siyosiy beqarorlik ushbu aloqalar va chegaradagi migratsiya oqimiga ta’sir etishi muqarrar.

«Endi Qirg‘izistonda siyosiy parokandalik biroz kuchayadi. Tabiiyki, norozi Tashiev vaziyatni chayqashga ham urinib ko‘rishi mumkin. Bu — biz uchun ham yomon yangilik», — deb ogohlantiradi Kamoliddin Rabbimov. Biroq ekspert Japarov ham tajribali siyosatchi ekanini va Tashievga «o‘zini oldirib qo‘ymasligini» ta’kidlaydi.

Siyosiy fitna va «75 kishining xati»

Ko'zi rasmda bekitilgan uch kishi

Surat manbasi, Rasmiy

Tashievning iste’fosi shunchaki kadrlar almashinuvi emas, balki Bishkekda kuchaygan yashirin siyosiy kurash va legitimlik borasidagi bahslarning mahsuli ekani oydinlashmoqda. Voqealar rivojini 9 fevral kuni Prezident Japarov va spiker Turgunbekovga yo‘llangan 75 nafar taniqli shaxsning murojaati tezlashtirib yubordi.

Xatga imzo chekkanlar orasida Qirg‘iziston Qahramonlari Mitalip Mamitov, Kubat Osmonbetov, sobiq bosh vazirlar Tursunbek Ching‘ishev, Janto‘ra Satibaldiev, Muhammedkaliy Abilgaziev va Qubatbek Boronov kabi og‘ir vaznli siyosatchilar bor.

Murojaat egalarining fikricha, amaldagi hokimiyat faoliyatining birinchi bosqichi mantiqan yakuniga yetgan va mamlakatga «yangilangan ishonch mandati» zarur. Ular o‘z talablarini ikkita asosiy omil bilan asoslashmoqda.

Ularga ko‘ra Sadir Japarov 2021 yilda eski Konstitutsiya bo‘yicha saylangan, biroq hozirda mamlakat yangi Bosh qonun bilan ishlamoqda. Bu esa prezidentning vakolat muddati borasida jamiyatda turli huquqiy bahslarni keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, xat mualliflari muddatidan oldin saylov o‘tkazish orqali kelajakdagi ehtimoliy bo‘linishlar va Konstitutsiyaviy sudga murojaatlarning oldini olishni taklif qilishgan.

Tashabbuschi guruh rahbari Bekbolot Talgarbekov Bi-Bi-Siga bergan intervyusida xavotirlarini shunday tushuntirgan:

"Jamiyatda bahslar kuchayib bormoqda. Kimdir prezidentning muddati tugadi desa, boshqasi yana bir yili bor demoqda. Bizga hozir barqarorlik va tinchlik kerak. Agar hokimiyat tashabbusni o‘z qo‘liga olib, saylovlarni iyunь-iyul oylariga belgilasa, bu bahslar barham topardi."

Prezidentning keskin javobi: «Fitna niqobi»

Biroq rasmiy Bishkek bu taklifni «demokratik tashabbus» emas, balki davlat tuzilmalari orasiga nifoq solishga urinish sifatida qabul qildi. Prezident Japarov Tashievni ishdan bo‘shatish qarorini aynan «davlat idoralari o‘rtasida bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik va birlikni mustahkamlash» istagi bilan izohladi.

Prezident matbuot kotibi Askat Alagozovning aniqlik kiritishicha, gap Tashievning shaxsi haqida emas, balki uning nomidan foydalanib «o‘yin» qilganlar haqida ketmoqda:

"Bekbolot Talgarbekov va Emilbek Uzaqbaev kabi shaxslar Qamchibek Tashievning nomini niqob qilib olib, Jogorku Kenesh deputatlari va ziyolilarga qo‘ng‘iroq qilishgan. Ularni "General tomonga o‘tinglar, mana bunga qo‘l qo‘yinglar" deb turli harakatlarga undashgan. Bu bilan ular davlat mas’ullari orasida nosog‘lom muhit yaratilishiga sabab bo‘lishdi."

Natijada, 11 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi «Ommaviy tartibsizliklar» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atib, Talgarbekov va uning bir necha hamrohlarini hibsga oldi. Shu tariqa, «75 kishining xati» Qirg‘izistondagi eng qudratli tandemning parchalanishiga va yangi siyosiy tozalashlar to‘lqiniga turtki bo‘lgan «siyosiy mina»ga aylandi.

«Qo‘sh hokimiyat» va MXDQdagi qo‘rquv muhiti

Edil Baysalov

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Edil Baysalov

Vazirlar mahkamasi yetakchisining o‘rinbosari Edil Baysalov ham o‘zining Feysbuk sahifasida Qirg‘izistondagi so‘nggi siyosiy voqealar va Qamchibek Tashievning xizmatdan bo‘shatilishi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

U so‘nggi besh yil davomida Sadir Japarov va Qamchibek Tashiev hamkorligi davlat boshqaruvining o‘ta mustahkam modeli bo‘lib kelganini alohida qayd etib, prezident Sadir Japarov shu vaqt mobaynida davlat ahamiyatiga molik biror bir muhim qarorni Qamchibek Tashiev bilan maslahatlashmasdan qabul qilmagan deb, yozdi.

«Bu ongli ravishda tanlangan jamoaviy mas’uliyat modeli edi. Tan olish kerak, ushbu boshqaruv usuli ko‘plab ichki va tashqi kuzatuvchilarni hayratda qoldirib, shu yillar davomida o‘z barqarorligini saqlab qoldi».

Edil Baysalovga ko‘ra, mazkur tandem muhim qarorlarni birgalikda qabul qilish orqali yurtda tinchlikni ta’minlagan. Biroq so‘nggi oylarda bu muvozanatga tashqaridan zarba berildi. U davlat hokimiyati faqat bir markazdan boshqarilishi shartligini va «qo‘sh hokimiyat» degan tushunchaga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Uning fikricha, Tashiev prezidentni qo‘llab-quvvatlashini, uning navbatdagi saylovda nomzod sifatida ko‘rsatilishiga roziligini va amaldagi davlat rahbarining islohotlarni davom ettirishga konstitutsiyaviy huquqi borligini doimo ochiq bildirib kelgan. Biroq so‘nggi paytlarda ayrim «mas’uliyatsiz elementlar» va «siyosiy bankrotlar» generalning nomidan foydalanib, shaxsiy manfaatlari yo‘lida fitna uyushtira boshlashgan.

«Bu shaxslar go‘yo hokimiyat almashishi haqida qaror qabul qilinganidek yashirin qarama-qarshilik muhitini yaratishdi. Natijada jamiyatda "qo‘sh hokimiyat" borligi, saylovlarni muddatidan oldin o‘tkazish kerakligi va amaldagi hukumatning legitimligi borasida shubhali gap-so‘zlar tarqaldi. Aynan mana shu fitnachilarning ambitsiyalari Japarov va Tashiev o‘rtasiga sovuqchilik tushirdi, bu esa davlat butunligiga xavf sola boshladi. Biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», — dedi Baysalov.

Shuningdek, u davlat boshqaruvida, xususan, maxsus xizmat tizimida paydo bo‘lgan nomutanosiblikni ham tan oldi:

"Yetilgan siyosiy jamiyat sifatida biz hozir eng muhim davlat masalalarini muhokama qilishni ikki kishining shaxsiy munosabatlariga bog‘lab qo‘ymasligimiz kerak. Qo‘shimcha qilishim mumkinki, so‘nggi yillarda hukumatda ham, joylarda ham davlat boshqaruvi tizimida muayyan disbalans (nomutanosiblik) paydo bo‘lganini ochiq tan olishimiz kerak deb hisoblayman. Davlat xavfsizlik organlarida ayrim funktsiyalarning haddan tashqari to‘planib qolgani ushbu tuzilmalarning ba’zi vakillari o‘zlarini qonun quroli emas, balki tartib uchun kurash niqobi ostida o‘z vakolatlaridan chiqib ketishlariga va jamiyatda qo‘rquv, ta’qib muhiti yaratilishiga olib keldi. Bu mavzu fuqarolik jamiyati, tadbirkorlik tuzilmalari va yoshlarimiz tomonidan asosli tanqidlarga sabab bo‘lmoqda".

Yakunda Edil Baysalov Qamchibek Tashievning tinchlikni saqlash borasidagi pozitsiyasini yuqori baholab, prezidentlik saylovi o‘z muddatida — 2027 yilning yanvarь oyida bo‘lib o‘tishini eslatdi. U barcha fuqarolarni Prezident Sadir Japarov atrofida jipslashishga chaqirdi.

Tashievning Germaniyadan ilk bayonoti: «Bu men uchun kutilmagan bo‘ldi»

11 fevral kuni Qamchibek Tashiev o‘zining ishdan olinishi borasida ilk bor munosabat bildirdi. Uning murojaati generalning yaqin safdoshlaridan biri Nurgazi Anarkulov tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi.

Germaniyada davolanayotgan Tashiev voqealar rivoji u uchun mutlaqo kutilmagan bo‘lganini yashirmagan:

«Men kasal bo‘lib qolganim sababli, prezidentning ruxsati bilan Germaniyaga kelgan edim. Biroq kecha meni ishdan olishibdi. Bu men uchun juda kutilmagan hol bo‘ldi. Qanday bo‘lmasin, biz prezidentning qarorini bajarishga majburmiz», — deyiladi bayonotda.

MXDQ raisi Qamchibek Tashievning lavozimdan olinishi uning viloyatlardagi safdoshlari orasida ham turli munosabatlarni keltirib chiqardi. Xususan, O‘sh shahri meri Jenishbek Toktorbaev jurnalistlar bilan uchrashuvda o‘zining Tashievga yaqinligini yashirib o‘tirmadi.

Toktorbaev o‘zini Tashievning «kadri» va yaqin do‘sti deb atab, sobiq rahbar bilan Germaniyaga ketganidan so‘ng bog‘langanini bildirdi. Merning so‘zlariga ko‘ra, Tashievning salomatligida jiddiy muammo yuzaga kelgan:

«Uning yuragida besh dona stent bor. Shulardan biri joyidan siljib ketgan ekan. Tashiev prezidentdan ruxsat olib, 10-15 kunga stentni joyiga qo‘ydirib kelish uchun Germaniyaga ketgan. Uning eng katta armoni — shaxsiy tarkib bilan xayrlashishga imkon berilmagani bo‘ldi», — deydi O‘sh meri.

O‘sh shahar meri Jenishbek Toktorbaev «Ata-Jurt Qirg‘iziston» partiyasi orqali siyosatga kirib kelgan va 2025 yil boshida aynan Tashievning qo‘llovi bilan O‘sh shahriga rahbar etib tayinlangan edi. U shahardagi "snos"lar va yana boshqa keskin choralari bilan tanilgan.

Mer Japarov va Tashievni hanuz «ajralmas do‘stlar» deb bilishini aytsa-da, prezidentning qaroriga qarshi chiqmasligini ta’kidladi: «Biz prezidentning qaroriga qo‘shilamiz. Agar hozir "iste’foga chiq" deyishsa, ariza yozib ketishga tayyorman», — deya qo‘shimcha qildi u.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

Tandemning o‘rnini kim egalladi?

Tashievning ketishi bilan MXDQ tizimida ham katta o‘zgarishlar boshlandi. 10 fevral kuni prezident farmoni bilan Jumg‘albek Shabdanbekov MXDQ raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Bu tayinlov shunchaki texnik almashinuv emas. Shabdanbekov Tashiev davrida MXDQ raisi o‘rinbosari va 9-xizmat (davlat qo‘riqlash xizmati) rahbari bo‘lib ishlagan bo‘lsa-da, ekspert fikrlariga ko‘ra, u ko‘proq "prezidentning odami" hisoblanadi.

Bundan ham muhimrog‘i, Japarov MXDQ tarkibidagi Chegara xizmati va Kuzatuv xizmatini alohida mustaqil organlar sifatida ajratib oldi. Bu Tashiev besh yil davomida qurgan qudrat markazining vakolatlarini keskin cheklash va kuch ishlatar tizimlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga bo‘ysundirish strategiyasining bir qismidir.

Ekspertlar tahlili: «Tashievning ta’siri so‘nmoqda»

Chapdan o‘ngga: Temir Umarov, Sadyr Japarov, Kamchibek Tashiev, Arkadiy Dubnov
Surat tagso‘zi, Chapdan o‘ngga: Temir Umarov, Sadyr Japarov, Kamchibek Tashiev, Arkadiy Dubnov

Berlindagi «Rossiya-Yevraziya» Karnegi markazi xodimi Temur Umarovning fikricha, Tashiev uchun endi «yangi reallik»ni tan olishdan boshqa yo‘l qolmadi. Ekspertning ta’kidlashicha, Tashievning qudrati faqatgina prezident bilan do‘stligi va apparatdagi mavqeiga tayangan edi.

«Sistema ichida kimdir Japarovning qaroriga qarshi chiqib, sobiq 'bosh chekist'ga ochiq sodiqlik ko‘rsatishini tasavvur qilish qiyin. Prezident Sadir Japarov endi mamlakatda hech kim bunday darajadagi ta’sirga ega bo‘lmasligi kerakligini tushunib yetdi va MXDQni kuchsizlantirish jarayonini boshladi», — deb yozadi Umarov.

Rossiyalik ekspert Stanislav Pritchin esa Tashiev davrida MXDQ qo‘lida mislsiz vakolatlar to‘planganiga e’tibor qaratadi. Uning aytishicha, prezident qo‘riqlash xizmati, chegara qo‘shinlari va tergov huquqlarining bir qo‘lda bo‘lishi Japarovning o‘z hokimiyatini yo‘qotish xavfini tug‘dirgan.

G‘arb nashrlari, xususan, The Diplomat Qirg‘iziston siyosatidagi bu burilishni «Putin-Medvedev» modelining barbod bo‘lishi yoki amalga oshmay qolgan stsenariysi sifatida baholamoqda. Doktor Aksana Ismailbekovaning fikricha, Tashiev nafaqat xavfsizlik, balki ichki siyosat va ijtimoiy loyihalarda ham Japarov bilan tengma-teng yurgani tandem ichidagi ziddiyatni pishitgan.

Reuters agentligi esa boshqa bir muhim jihatga — Qirg‘izistonning xalqaro sanksiyalarni aylanib o‘tishdagi roliga to‘xtaladi. Nashrning yozishicha, G‘arb davlatlarining Qirg‘izistonga nisbatan bosimi ham Japarovni kuch ishlatar tizimlarni jilovlashga va xalqaro maydonda «vazminroq» ko‘rinishga majbur qilgan bo‘lishi mumkin.

Voqealar rivoji shuni ko‘rsatmoqdaki, Sadir Japarov endi o‘z prezidentlik muddatini uzaytirish va hokimiyatni institutsional jihatdan mustahkamlashga kirishadi. Tashievning Germaniyadan qaytishi va uning sog‘ligi bahonasida siyosatdan chetlatilishi Japarov uchun eng xavfsiz «yumshoq qo‘nish» stsenariysi bo‘lib ko‘rinmoqda.

Shunday qilib, Qirg‘izistonda «ikki do‘st» davri o‘z nihoyasiga yetdi. Endi mamlakatni yagona siyosiy markaz va mutlaq hokimiyat davri kutmoqda.