Nega Tramparastlar bolani ko‘paytirishga targ‘ib qilayaptilar?

- Author, Stefani Hegarti
- Role, Bi-bi-si aholishunoslik muxbiri
- O'qilish vaqti: 8 daq
Pronatalistlar (bolani ko‘paytirish tarafdorlari) asosan siyosiy o‘ng qanotdagi guruh. Ular AQSh hukumatidagi eng nufuzli shaxslar bizga xayrixoh deb ta’kidlashmoqda. Ammo ular haqiqatan ham shunchalik ta’sirlimi?
Simona Kollinz Pensilvaniyadagi XVIII asrda qurilgan kottejida keng yoqali qora fartukli libosda to‘rt farzandidan birini tizzasida tebratib o‘tiripti. Soat 8:30, u biroz toliqqan ko‘rinadi – u bir nechta biznesni, jamg‘armani boshqaradi va hozirda beshinchi farzandiga homilador. U va eri Malkolm yana ko‘proq farzand ko‘rishni rejalashtirganlar.
"Kamida yettita, – deydi u, – men jismonan qancha ko‘tara olsam, shuncha – o‘n ikkita bo‘lsa yanada ajoyib bo‘lardi."
37 va 38 yoshli bu amerikalik er-xotin dunyo ko‘proq chaqaloqqa muhtoj, aks holda, sivilizatsiya qulashi mumkin degan fikrga qattiq ishonadilar. Ular tug‘ilish darajasi pasayishi jamiyat uchun katta muammo ekanini ta’kidlaydigan pronatalizm harakati tarafdorlaridirlar. Ularning fikricha, buning davosi – katta oilalardir.
So‘nggi besh yil davomida ular o‘z uylarini intervyu va fotosessiyalar uchun ochib, o‘z g‘oyalarini targ‘ib qildilar. Ular bolalari aqlli bo‘lishi uchun EKU jarayonida embrionlarini maxsus saralatganliklarini aytishadi.
"Tadqiqotlar biz IQ uchun genetik moyilligimizni ko‘rsatdi, – deyishdi ular 2023 yilda bir muxbirga. – Bolalarimiz bizdan aqlliroq bo‘lishini istaymiz."

Bugun esa Malkolm tan oladi: "Pronatalizm haqida xabar tarqatishning eng oson yo‘li o‘zimizni memga aylantirish edi... Agar biz bu mavzuga bosiq oqilona yondashadigan bo‘lsak, hech kim e’tibor bermasdi. Dangal va haqoratli gaplarni aytsak, hammaning e’tiborini tortadi."
Ammo Donald Tramp shu yil boshida ikkinchi marta AQSh prezidenti sifatida qasamyod qilganidan beri, bu juftlik targ‘ibotni yangi bosqichga olib chiqdi. Kollinzlar endi Oq Uydagi ayrim shaxslarni o‘zlariga ittifoqchi sifatida ko‘rib, bundan to‘liq foydalanishga intilimoqdalar.
14 farzandning otasi bo‘lmish Ilon Mask tug‘ilish pasayishi "sivilizatsiya duch kelayotgan eng katta xavf" dedi. U tug‘ilish, ota-onalik va aholi o‘sishi kelajagi bo‘yicha tadqiqotlar olib boradigan Texasdagi Aholi farovonligi tashabbusiga 10 million dollar xayriya qildi.
AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens ham ko‘payish borasidagi qarashlari haqida ochiq gapirgan. Yanvar oyida abortga qarshi mitingda u: "Men Amerika Qo‘shma Shtatlarida ko‘proq chaqaloqlar bo‘lishini xohlayman," deya e’lon qildi.
Tramp ma’muriyati oilani ham ustuvor vazifa sifatida ko‘rayotganining dastlabki belgilari ko‘zga tashlanmoqda. 18 fevral kuni Tramp sun’iy urug‘lantirish imkoniyatini yaxshilash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unda "davlatimiz siyosati farzand ko‘rishni istagan mehribon ota-onalar uchun sharoit yaratishi zarur"ligi ta’kidlangan.

Surat manbasi, Getty Images
Pronatalistlar bundan ilhomlanmoqdalar va ko‘pchilik buni kelajakdagi o‘zgarishlar belgisi deb umid qilayapti.
Tug‘ilish pasayayotgani tayin. AQShda har bir ayolga 1,62 bola to‘g‘ri keladigan rekord darajada past ko‘rsatkich qayd etilgan va BMT bashoratlariga ko‘ra, asr oxiriga borib aksariyat mamlakatlarda aholi soni qisqaradi.
Bu jamiyat va iqtisodiyotga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zilar vaqt o‘tishi bilan bu yangi voqelikka moslashish mumkinligiga ishonsa, pronatalistlar bu borada unchalik nekbin emas.

Biroq harakatda siyosiy unsur ham mavjud. Pronatalistlar deyarli faqat siyosiy o‘ng qanotdan. Masalan, Malkolm va Simona Kollinz o‘zlarini progressiv, "uok" (woke) siyosatdan ko‘ngli qolgan sobiq liberallar sifatida tasvirlaydilar.
Ular o‘zlarini pragmatik va byurokratiyaga butunlay qarshi deb hisoblashadi.
"Biz falsafalarimiz, diniy e’tiqodlarimiz, oilaviy tuzilishlarimiz bilan bir-biridan keskin farq qiladigan odamlar koalitsiyasimiz, – deydi Malkolm. – Lekin biz bir narsada hamfikrmiz: bizning asosiy dushmanimiz – shahar monokulturasi; birlashtiruvchi so‘l madaniyat."
Xo‘sh, bu chekkadagi guruh haqiqatan ham AQSh hukumatidagi eng nufuzli shaxslarning e’tiborini tortishi mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, ular nafaqat aholi soni kamayishi, balki keng qamrovli masalalar bo‘yicha siyosatga qay darajada ta’sir o‘tkaza oladilar?
Vens, Mask va "fertilizatsiya prezidenti"
Yaqinda Texasda 200 ga yaqin pronatalist ikkinchi Natal konferentsiyasiga to‘plandi. Har yili dam olish kunlari o‘tkaziladigan bu tadbirda qatnashish uchun taxminan 1000 dollar to‘lash kerak.
Konferentsiya Amerika o‘ng siyosiy oqimining turli yo‘nalishlaridan kelib chiqqan ikki guruhni birlashtiradi: konservativ xristianlar va Kremniy vodiysidagi libertarian, startap madaniyatidan kelib chiqqan, yuqoriga intilayotgan "texnologik o‘ng" deb ataluvchi qanot a’zolari.
Ba’zilari AQShning amaldagi hukumatiga aloqador. Tramp Maykl Antonni Davlat departamentining siyosatni rejalashtirish bo‘yicha direktori etib tayinladi. U o‘tgan yilgi konferentsiyada ma’ruza qilgan edi.
Bu yilgi konferentsiyaning boshqa ma’ruzachilari orasida o‘ta o‘ng qanot faol Tommi Robinson bilan aloqador bo‘lgan Karl Benjamin va "Xom tuxum millatchisi" taxallusi bilan tanilgan inflyuenser Charlz Kornish-Deyl ham bor edi.
"Bu muqaddas ittifoqqa o‘xshamaydi," deydi sakkiz farzandning onasi va olti farzandning o‘gay onasi, iqtisodchi Ketrin Pakaluk. U ham konferentsiyada nutq so‘zladi, lekin o‘zini pronatalist deb atashni istamaydi. "Bu murakkab harakat bo‘lib, turli maslakni tutgan odamlar bor," deydi u.
Biroq, ularning mushtarak jihati shundaki, ularning barchasi o‘z g‘oyalari hukumatning eng yuqori darajalarida eshitilishini istaydilar.
Ba’zilar fikricha, ular allaqachon eshitilmoqda. "Agar mendan hozir Oq Uyda pronatalistlar bormi deb so‘rasangiz, – deydi Malkolm, – bunga "Albatta, Ilon va Jey Di Vens" deb javob berardim."

Surat manbasi, Getty Images
Prezident Trampning shu paytgacha qabul qilingan farmonlarida sun’iy urug‘lantirish to‘g‘risidagi farmondan tashqari, bevosita oilaga aloqador deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan farmonlar deyarli yo‘q. Biroq, pronatalistik fikrlash tug‘ilish haqida siyosatga ta’sir qila boshlagan bo‘lishi mumkin.
Yanvar oyida AQSh Transport vaziri Shon Daffi o‘z vazirligiga grantlar berishda "nikoh va tug‘ilish darajasi mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lganlarga ustunlik berish" haqida ko‘rsatma berdi.
O‘ng qanot tahlil markazi Heritage jamg‘armasining ichki siyosat bo‘yicha vitse-prezidenti Rojer Severino bu siyosatda Jey Di Vensning ta’sirini ko‘radi. "Vensning uzoq yillik oilaparvarcha fikrlash va siyosat ishlab chiqish tarixi bor," deydi u.
Vens erkaklarni zaiflashtirish orqali AQShda oilalarni parchalab tashlayotgan "buzilgan madaniyat"ni tuzatish zarurligi haqida ko‘p gapirgan.
Yaqinda bergan intervyusida u shunday dedi: "Biz Xudo erkak va ayolni ma’lum maqsad uchun yaratgan deb ishonamiz va siz yigit va qizlar sifatida rivojlanishingizni xohlaymiz. Bunga siyosatimiz orqali yordam beramiz."
Bu g‘oya pronatalistik doiralarda aks-sado berdi.
"Vens – ochiq pronatalist," deydi Vox nashrining siyosat bo‘yicha muxbiri Reychel Koen. "Trampning o‘zi yangi "chaqaloqlar bumi"ni joriy etish bo‘yicha kampaniya olib bordi va o‘tgan hafta u o‘zini "fertilizatsiya prezidenti" deb e’lon qildi."
Pronatalistlar o‘zlaricha farmonlar loyihalarini yozishmoqda
Malkolmning aytishicha, u allaqachon Oq Uyga ta’sir o‘tkazishga uringan. Uning ta’kidlashicha, u "nufuzli odamlarni yashirin kanallar orqali jalb qilib, hokimiyat markazlarida pronatalizm haqida gapirish odatiy holga aylanishiga erishgan va bu oxir-oqibat ma’muriyat va asosiy texnologik madaniyatga singib borgan."
Ular Heritage jamg‘armasi bilan pronatalistik siyosat bo‘yicha muzokaralar olib borishmoqda. Keyin ular qo‘llagan bevosita yondashuv ham mavjud. "Biz farmonlar loyihalarini Tramp ma’muriyatiga taqdim etdik," deydi Simona.
Ularning takliflari orasida bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi muassasalarni deregulyatsiya qilish va avtomobillarga ko‘proq bolalar sig‘ishi uchun avtomobil o‘rindiqlari tanlovini kengaytirish bo‘yicha takliflar bor.
Er-xotin bu takliflar amalga oshadimi yoki yo‘q, hali bilishmaydi, lekin ular o‘zlarini eshitayotganlar borligiga ishonadilar.
Ularning hokimiyat bilan aloqasi Kremniy vodiysidagi ba’zi qudratli odamlar boshchiligidagi liberalizmga qarshi reaktsion harakat bo‘lgan "texnologik o‘nglar" tufaylidir.
Texnologik o‘nglar orasida "Paypal" hamasoschisi, Vensning Senatdagi saylov kampaniyasiga homiylik qilgan va tug‘ilish texnologiyalariga sarmoya kiritgan Piter Til hamda venchur kapitalistlar Devid Saks va Mark Andrissen bor.

Surat manbasi, Getty Images
Simona Kollinz ilgari janob Til boshqaradigan eksklyuziv a’zolar klubining boshqaruvchi direktori bo‘lgan. Er-xotinning aytishicha, ular biznes elitasi uchun yana ikkita tarmoq guruhini boshqargan. Ularning 2021 yilda tashkil etilgan Pronatalist jamg‘armasi Skype asoschisi, estoniyalik milliarder Yaan Tallin jamg‘armasi orqali 500 ming dollardan sal kamroq mablag‘ olgan.
"Texnologik o‘nglar bahslarga katta kuch beradi," deydi Heritage jamg‘armasining ichki siyosat bo‘yicha vitse-prezidenti Rojer Severino. "Biz o‘ng qanot oqimlarni qanday birlashtirishni muhokama qildik. Harakatni yaxlitlashtirishga harakat qilyapmiz."
Pronatalistlar ittifoqidagi yoriqlar
Biroq, harakatni "yaxlit" qilishga xalaqit beradigan yoriqlar bor.
An’anaviy diniy o‘nglar orasida ko‘pchilik sun’iy urug‘lantirish kengayishidan xavotirda va embrion skriningiga qarshi, ba’zilari esa bir jinslilar nikohiga va ularning ota-ona bo‘lishiga ham qarshi.
"Bu shunchaki tug‘ilish darajasi juda pastligidan xavotirga tushgan odamlarning g‘alati ittifoqi. Ammo uni tuzatish uchun nima qilish kerakligi haqida turli yondashuvlar va g‘oyalar mavjud," deydi Pakaluk xonim.
"Amerikalik konservatorlar orasida pronatalizm va oilani targ‘ib qilishga bo‘lgan qiziqish yana kuchaydi", deydi "Oila dushmani: Madaniyatimiz bola tarbiyalashni qanday qiyinlashtirdi" kitobi muallifi Timoti Karni. Ammo u qo‘shimcha qiladi: "Ziddiyatlar albatta bo‘ladi."

Surat manbasi, Getty Images
Pronatalizmdagi eng bahsli masalalardan biri uning ba’zi texnologik o‘ng qanot tarafdorlari orasida genetika bilan bog‘liq ayrim jihatlarning tilga olinishidir. Bu narsa siyosiy spektrning barcha tomonlarida, ayniqsa, axloqiy nuqtai nazardan, tashvish uyg‘otadi.
O‘ng yo‘nalishdagi «Amerika Axloq va Davlat Siyosati Markazi»ning oilaviy siyosat bo‘yicha xodimi Patrik T. Braun, EKU (ekstrakorporal urug‘lantirish)dan foydalanish imkoniyatini yaxshilash bo‘yicha farmon texnologik o‘ng qanotning siyosatga ta’sirini ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlaydi. Biroq u bu ta’sirdan, ayniqsa embrion skriningi masalasida xavotirda. "Bolalarning iste’mol mahsulotiga aylantirilishi meni juda tashvishga soladi, – deydi u. – Bu chigal vaziyatga olib keladi."
Yaqinda o‘tkazilgan konferentsiyada ishtirok etganlarning ba’zilari o‘zlarini "irqiy realistlar" deb atashdi, ulardan biri hatto ko‘plab olimlar inkor qiladigan intellekt va irq o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida gapirgan.
Genetik Adam Rezerford foydalanilgan ma’lumotlarni "soxta va irqchilik, haqiqatga ozgina jiddiy qaraydigan har qanday kishi ilmiy dalil sifatida qaramaydigan kichik namunalardan olingan" deb ta’riflaydi.
"Bu fikrlar irqchilikning tarixiy g‘oyalarini yana takrorlash."
Ana shu narsa sababli ayrimlar o‘zlarini pronatalist deb atashni istamaydi. Ketrin Pakaluk shulardan biri. "Menimcha, sof yevgenik yoki oq tanlilar ustunligi tarafdorlari bo‘lgan ba’zi odamlar bor," deydi u.
"Men buni jirkanch va qoralanishi kerak deb bilaman va bunday odamlar bilan hech qachon birga bo‘lishni istamayman."
Bahslar yumshoq kuchga aylanishi mumkinmi?
Savol tug‘iladi: bularning barchasi pronatalistlarni qanday ahvolda qoldiradi va ular qanchalik katta ta’sirga ega?
Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, ularning ta’siri allaqachon sezilmoqda. "Trampning Oq Uyida pronatalistlarning kuchli ta’siri borligi aniq, – deydi Koen xonim. – Menimcha, asosiy savol shundaki, buning tug‘ilishni rejalashtirish va kontratseptsiyani cheklash bo‘yicha harakatlarga qanchalik aloqasi bor? Bolalar parvarishi uchun mablag‘ ajratish kabi xarajatlar haqidagi bahslarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?"
Janob Karni bu borada ehtiyotkorroq: "Vens juda oilaparvar va pronatalist, u hukumat oilalarni qo‘llab-quvvatlashi va tug‘ilishni oshirishga yordam berishini xohlaydi, ammo Jey Di Vens prezident emas. Menimcha, Donald Trampning bu masalada qat’iy fikri yo‘q."

Surat manbasi, Getty Images
U, shuningdek, ba’zi oilaparvar siyosatlarga qarshilik bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, Kongressni nazorat qiluvchi respublikachilarning ayrimlari oilani qo‘llab-quvvatlash g‘oyasini yoqtirmasligini aytadi. "Ular buni noloyiqlarga berilgan ijtimoiy yordam deb hisoblashadi."
Kollinzlar va yaqinda o‘tkazilgan konferentsiya e’tibor tortgani shubhasiz. Biroq ekspertlardan biri ular faqat bahs qo‘zg‘atayotganini ta’kidlaydi.
"Agar siz Kapitoliyga borib, Kongress a’zolari yoki Amerika bo‘ylab shtatlardagi gubernatorlar bilan suhbatlashsangiz, ular muammoni hatto tan olmasliklari mumkin," deydi janob Braun.
Uning aytishicha, "internetdagi rag‘batlar" har doim ham muvaffaqiyatli ommaviy harakatga rag‘bat bo‘lavermaydi. "E’tiborni tortadigan narsa – provokatsiya va chegaralarni buzish. Bu kliklar va izdoshlarni ko‘paytirish.
Lekin, menimcha, bu siyosiy dinamikani o‘zgartirmaydi."
Maqolaning eng yuqoridagi surati: Getty Images













