Hindiston: Boburiy hukmdor qabri xavf ostidami? Video

Surat manbasi, ANI
- Author, Niyoz Faruqiy
- Role, BBC News, Dehli
- O'qilish vaqti: 3 daq
Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi zo‘ravonliklarga hindu guruhlarining Boburiy hukmdor Avrangzeb qabrini ko‘chirib tashlash talabi sabab bo‘lgan.
Voqealarning so‘nggi rivoji dushanba kuni tunda, Nagpur shahrining Mahal mavzesida kuzatilgan.
Mashinalarga o‘t qo‘yilgan va toshlar otilgan.
Zo‘ravonliklar ortidan, shaharning ayrim qismlarida komendantlik soati joriy etilgan.
Politsiya hozir vaziyat vaziyat nazorat ostida ekanini aytib, odamlarni osoyishtalikni saqlashga chaqirgan.
Nagpur politsiya komissari Ravinder Singalning ANI axborot agentligiga aytishicha, 50 dan ortiq odam hibsga olingan, hodisada 30 dan oshiq kishi yaralangan.
Avrangzeb 300 yildan ko‘proq vaqt oldin vafot etgan.
Hindu guruhlarining ko‘chirib tashlash talabi kuchayib borarkan, uning qabri so‘nggi yillarda siyosiy keskinlik nuqtasiga aylangan.
Maqbara Nagpurdan 500 chaqirimcha uzoqlikda, Chxatrapati Sambxajinagar okrugida joylashgan. Bu yer o‘z vaqtida Avrangzeb sharafiga Avrangobod, deb yuritilgan.
Maharashtra Bosh vaziri Devendra Fadnavisning shtat kengashiga aytishicha, so‘nggi zo‘ravonliklar ikki hindu tashkiloti – Vishva Hindu Parishad va Bajrang Dalning Boburiy hukmdor tulupini yoqib, uning qabrini ko‘chirib tashlashni talab qilishi ortidan boshlangan.
Xuddi shu narsa ayrim diniy ramzlarning tahqirlanganiga oid gap-so‘zlarga sabab bo‘lgan. Fadnavisga ko‘ra, bu "avvaldan puxta rejalashtirilgan hujum"dek ko‘ringan zo‘ravonliklarga olib kelgan.
Uning ma’lum qilishicha, kechki namozdan so‘ng 250 nafar musulmon bir joyga yig‘ilib, hayqira boshlashgan.
"Odamlar mashinalarga o‘t qo‘yamiz, deyishganida esa, politsiya kuch qo‘llagan", - deya qo‘shimcha qilgan u.
Nagpur politsiya komissari Ravinder Singalning ANI axborot agentligiga aytishicha, 50 dan ortiq odam hibsga olingan, hodisada 30 dan oshiq kishi yaralangan.
Nagpur bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, shaharning markaziy qismlaridagi do‘konlar va bizneslar yopilgan.
Ayni paytda Maharashtrada "qonun va tartib izdan chiqqanligi"ni aytib, muxolifatdagi partiyalar shtatning Bharatiya Janata partiyasi boshchiligidagi hukumatini tanqidga tutishgan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Kechayotgan haftadagi zo‘ravonliklarga Bollivudning Avrangzeb bilan to‘qnashuvda mag‘lub bo‘lgan va qiynoqqa solingani yaqqol tasvirlangan Maratxa hukmdori Sambhaji haqidagi yaqinda ishlangan filmi turtki bergan.
Kecha, seshanba kuni Fadnavisning shtat kengashiga aytishicha, mazkur film "odamlarning Avrangzebga qarshi g‘azabini qo‘zg‘atgan".
Hindu millatchi partiyalaridan bo‘lgan siyosatchilar Avrangzebni tanqid qilib, uning qabrini ko‘chirib tashlashga chaqirishar ekan, mavzu so‘nggi kunlarda sarlavhalarga chiqqan.
Xabarlarga ko‘ra, namoyishchilar yana mintaqaviy siyosatchi Abu Azmiyning "Avrangzeb shafqatsiz hukmdor bo‘lmagani" va "ko‘plab ibodatxonalar barpo etgani"ga oid so‘zlaridan ham g‘azabga kelishgan.
Azmiy, shuningdek, Avrangzeb hukmronligi davrida Hindistonning chegaralari Afg‘onistonu hozirgi Myanьmaga qadar yetgani, mamlakat oltin qushga qiyos berilgani, uning Yalpi Ichki Mahsuloti jahonnikining to‘rtdan bir qismini tashkil etganini ham aytgan.
Siyosatchi keyin mahkamaga o‘zining so‘zlari yanglish talqin etilganini bildirgan, biroq Maharashtra shtati kengashidan chetlashtirilgan va unga qarshi tergov o‘tkazish buyurilgan.
2022 yilda ham Avrangzebning nomi ijtimoiy tarmoqlarda tilga tushgan.
Bunga uning buyrug‘i bilan buzilgan 17-asrga mansub ulkan hindu ibodatxonasi Vishvanath o‘rniga qurilgani aytiluvchi masjid ustidan kelib chiqqan janjal sabab bo‘lgan.
Sud buning rostdan ham shunday bo‘lgani yoki yo‘qligini aniqlash uchun tekshiruv o‘tkazishni buyurgan.
Mintaqaviy siyosatchi "keragi yoki yo‘qligi"ni savol ostiga olib, buzib tashlashga chaqirishi ortidan esa, Avrangzebning maqbarasi tashrif buyuruvchilar uchun yopilgan.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ham o‘sha yili Varanasidagi tadbirda "Avrangzebning vahshiyliklari" va "uning terrori" haqida gapirgan.
"U tamaddunni qilich bilan o‘zgartirishga harakat qildi. Aqidaparatslik bilan madaniyatni yakson etishga urindi", - deb aytgan.
Avrangzeb kim?

Surat manbasi, Getty Images
Avrangzeb oltinchi Boburiy hukmdor bo‘ladi.
U Hindistonni yarim asrcha – 1658-1707 yillar oralig‘ida boshqargan.
U zohidona hayot kechirishni afzal bilgan dindor musulmon sifatida tilga olinadi.
Ammo o‘zining imperiyasini kengaytirish yo‘lida shafqatsiz bo‘lgani, qattiq Shariat qonunlari va adolatsiz soliqlar joriy etgani aytiladi.
Garchi ayrim tanqidchilar qator yangilarini barpo etganligini ta’kidlashsa-da, u hindu ibodatxonalarini vayron qilganlikda ham ayblanadi.
Maqolani yozishda Bi-bi-sining Maratxa xizmati ham hamkorlik qilgan.












