BRICS sammiti - Putin diplomatiyasining g‘alabasimi?

BRIKS a’zolari rahbarlari

Surat manbasi, Reuters

O'qilish vaqti: 6 daq

G‘arb matbuoti yozishicha, Qozon shahridagi BRICS sammiti Ukrainaga bostirib kirgani uchun G‘arb yakkalab qo‘yishga intilayotgan Rossiyaning diplomatik g‘alabasi bo‘ldi.

BRICS sammitiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Xitoy Prezidenti Si Tszinpin, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon, bu tashkilotga a’zo bo‘lmagan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqaev va boshqalar bordilar.

Sammitda Xitoy rahbari “Ukrainadagi janglarni kengaytirmaslikka” chaqirdi, Bosh vazir Modi dunyodagi biror bir mojaroni nazarda tutmasdan, biz “urush emas, muloqot va diplomatiyaga chaqiramiz”, dedi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Eron Prezidenti Pezeshkiyon BRICS rahbarlaridan “G‘azo va Livandagi urushni to‘xtatish uchun barcha jamoaviy va yakka qobiliyatlarini ishga solishga” chaqirdi.

BRICS a’zolari Falastin hududlariga 1967 yilgi chegaralarida BMTning to‘laqonli a’zosi maqomi berilishini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

43 sahifalik Qozon deklaratsiyasi qabul qilindi.

Kreml matbuon kotibi Dmitriy Peskov so‘zlariga ko‘ra, bir necha davlat rahbari Ukraina mojarosini hal etish bo‘yicha vositachilikka tayyorligi haqida Prezident Putinga yakkama-yakka muloqotlari payti bildirganlar.

BRICS tashkiloti dunyodagi rivojlangan etti mamlakat – yirik ettilikka muqobil deb ham ko‘riladi, Buyuk Britaniyada nashr etiladigan Times ro‘znomasi o‘tgan yilgi JARdagi BRICS rahbarlari sammitida Xitoy bu tashkilotning G7 ning to‘laqonli raqibiga aylanish tarafdori ekani haqidagi bayonotini eslatdi.

Times yozishicha, “Si Tszinpinning Qozonga kelishi, har bir tomon o‘zining strategik va iqtisodiy manfaatlarini ko‘zlayotgan bo‘lsa-da, Rossiya bilan Xitoyning AQSh hukmronligiga qarshi birlashganini namoyish etadi”.

“Oxirgi yillarda Xitoy Global Janub mamlakatlari bilan hamkorliklarini kengaytirish bilan o‘zining xalqaro ta’sirini kengaytirdi. G‘arb mamlakatlari ichiga har xil mamlakatlar – ham demokratik, ham diktatorlik rejimlari kirgani uchun BRICSga uncha e’tibor berganlari yo‘q. Biroq xalqaro taranglik ortib borishi bilan BRICS tobora ko‘proq “G‘arb Sharqqa qarshi” va “Janubga qarshi Shimol” tamoyili asosida dunyoda o‘zaro dushman geosiyosiy bloklar yuzaga kelayotganining alomati sifatida ko‘rilmoqda”, deb yozdi Times gazetasi.

BMT Bosh kotibi Guterrish Qozonda

Surat manbasi, Reuters

Qozon deklaratsiyasi

Britaniyaning Daily Telegraph gazetasi yozishicha, Qozon sammitiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish borgani “BMTning tashkilot sifatida barbod bo‘lgani” alomatidir.

“Ukrainaga jinoiy bosqini tufayli Rossiyani “ixotalash”ga nima bo‘ldi?”, deya savol qo‘ygan ro‘znoma.

“Guterrish Ivan Grozniy qurgan qal’a oldidagi tadbirga borish bilan Putinga propaganda uchun ajoyib imkoniyat yaratib berdi. Bundan tashqari bir necha ishtirokchi mamlakat Putinni harbiy jinoyatlarda ayblab arest orderini chiqargan Xalqaro Jinoyat sudi tuzilishini ko‘zda tutgan Rim Statusini imzolagan”, deb yozdi Times.

“Ukraina urushi uchun G‘arb boykot qilgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin seshanba kuni diplomatik g‘alabani qo‘lga kiritdi. U Xitoy, Hindiston va Janubiy Afrika rahbarlarini AQSh ustunlik qilayotgan dunyo muvozanatini o‘zgartirishga intilayotgan o‘tish iqtisodidagi mamlakatlar sammiti ochilishi marosimida qarshi oldi”, deb yozdi AQShda bosiladigan New York Times gazetasi.

“Xalqaro Jinoyat sudi chiqargan hibsga olish orderi bois dunyo bo‘ylab sayohat qilolmaydigan Putin o‘zini dunyo miqyosidagi siyosatchi deb tasavvur qilishi mumkin”, deb yozdi ro‘znoma.

Qozondagi BRICS sammiti

Surat manbasi, Reuters

“Rossiya 22 davlat rahbari va 30 dan ziyod mamlakat vakilini Qozonda qabul qilayotgani Putin xalqaro sahnada yakkalab qo‘yilmagani va Xalqaro Jinoyat sudi orderining kuchi cheklanganini ko‘rsatadi”, dedi New York Timesga Tarqatmaslik bo‘yicha Jeyms Martin markazi eksperti Xannu Notte.

“Bu narsa Ukraina urushi normal holatga aylangani va uni xalqaro reallikning ajralmas qismi sifatida qabul qilayotganlarini ko‘rsatadi”, dedi ekspert.

New York Times yozishicha, barcha BRICS ishtirokchilari Ukraina urushini davom ettirishda Rossiya iqtisodiyotiga yordam berayapti.

Ukraina BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Qozon sammitiga borganini tanqid qildi.

“BMT Bosh kotibi Ukrainaning Shveytsariyadagi Global Tinchlik sammitina taklifini rad etdi. Biroq harbiy jinoyatchi Putinning Qozon sammitiga taklifini qabl qildi. Bu tinchlik ishiga yordam bermaydigan noto‘g‘ri tanlov”, deyiladi Ukraina Tashqi ishlar vazirligining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilgan bayonotida.

Bundan oldin bosh kotib vakili u Rossiya Prezidenti Putin bilan Ukraina urushini tugatish yo‘llarini muhokama etish uchun uchrashish niyatida ekanini ma’lum qildi.

«Bosh kotib o‘zining Ukraina urushiga nisbatan taniqli mave’ini va BMT nizomi, xalqaro huquq va BMT rezolyutsiyalari shartlarini tasdiqlaydi”, dedi BMT bosh kotibi vakili.

BRICSga qo‘shilmagan Qozog‘istonni Rossiya "jazo"layaptimi?

BRIKS sammiti e’loni va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

Surat manbasi, EPA

Rossiyaning dehqonchilik mahsulotlari xavfsizligi uchun mas’ul tashkiloti "Rosselxoznadzor" Qozog‘istondan Rossiyaga olib kiriladigan meva-sabzavotga vaqtinchalik taqiq joriy etganini e’lon qildi, bu Qozog‘istonning Rossiya etakchiligidagi BRICS tashkilotiga qo‘shilmasligi haqidagi bayonotidan so‘ng kuzatildi.

"Rosselxoznadzor" o‘z qarori 17-oktyabrdan kuchga kirishi, Qozog‘istondan Rossiyaga pomidor, qalampir, kungaboqar, qovun va boshqalar olib o‘tishi to‘xtatilishini xabar qildi.

Ayni paytda BRICS tashkiloti raisligi Rossiyada, 22-24 oktyabr kunlari Qozon shahrida BRICS rahbarlari sammiti rejalangan.

O‘tgan yili Xalqaro Jinoyat sudining hibs orderi bois Janubiy Afrikadagi sammitda onlayn qatnashgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozon yig‘ilishiga raislik qiladi.

Qozog‘iston matbuoti xabar qilishicha, Rossiya Prezident Qosim-Jo‘mart Toqaevga BRICS tashkilotiga qo‘shilish taklifini yuborgan va janob Toqaev mehmon sifatida Qozon sammitida ishtirok etadi va 24-oktyabr kuni ma’ruza qilishi ham rejalangan.

Biroq ham Toqaevning o‘zi, ham Qozog‘iston prezidenti ma’muriyati rasmiylari so‘zlariga ko‘ra, "Qozog‘iston yaqin orada BRICSga qo‘shilishga ariza topshirishdan o‘zlarini tiyib turadilar".

BRICS sammitiga 78 yashar Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva ham bormasligi xabar qilindi, sababi uning boshidan jarohatlangani deyildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ekranda. BRIKS sammitida video konferentsiya shaklida qatnashayapti

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2023 yil avgustidagi BRICS sammitida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin onlayn qatnashgan

Bi-bi-sining Rossiya bo‘yicha muharriri Stiv Rozenberg yozishicha, Prezident Putin BRICS sammitini G‘arb bosimi ish bermayotganining isboti sifatida namoyish etishni xohlaydi.

2022 yil fevralida Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyin G‘arb Rossiya siyosatchilariga, moliya tizimlari, ishlab chiqarish korxona va shirkatlariga ko‘plab sanktsiyalar joriy etdi, gaz va neft savdolarini chekladi.

Bunday sharoitda Prezident Putin, Evropa bo‘lmasa, Osiyo, Lotin Amerikasi yoki Afrika bilan yaxshi ittifoqchilikni qo‘lga kirita olishini ko‘rsatishni istaydi va shunga harakat qilmoqda.

MDH rahbarlari uchrashuvlari ham Prezident Putinga dunyodan yakkalanib qolmaganining namoyishi bo‘lib xizmat qilayapti.

Ana shunday bir sharoitda Qozog‘istonning BRICSga qo‘shilmaslik qarori Putinga zarbadek bo‘lib tuyuladi, yozishmoqda siyosiy tahlilchilar.

Qozon. BRICS sammiti

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Tatariston poytaxti Qozonda BRICS sammitiga juda katta tayyorgarlik ko‘rildi.

Qozog‘iston BRICSga qo‘shilgandan ko‘ra, Birlashgan Millatlar tashkilotiga a’zolik bilan kifoyalanishini bildirdi.

"Qozog‘iston bizning do‘stimiz, strategik sherigimiz, bizning ittifoqchimiz. Biz munosabatlarimizni qadrlaymiz. Shuning uchun ham Qozog‘iston muayyan tashkilotlardagi ishtiroki borasida o‘zi qaror qabul qiladi", deya munosabat bildirdi Kreml so‘zchisi Dmitriy Peskov.

BRICS Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika respublikasi nomlari ilk harflaridan yasalgan tashkilot nomi.

2024 yil 1 yanvaridan Misr, Eron, Efiopiya va Birlashgan Arab amirliklari qo‘shildi, Saudiya Arabistoni ham taklif qilingan.

Muxbirlarga ko‘ra, Prezident Putin Qozon sammitida AQSh dollarini chetlab o‘tadigan to‘lov tizimini yo‘lga qo‘yish taklifida.

Ammo so‘nggi tahlillarga ko‘ra, Kremlning ambitsiyali rejalarini tashkilot a’zolari qo‘llab-quvvatlashni xohlamayaptilar.

Misol uchun Hindiston siyosatchilari BRICSning "aksilamerika tashkilot"ga aylanishini xohlamasliklarini aytishgan.

G‘arb bilan munosabatlari juda yaxshi BAA global Janub G‘arbga nisbatan muxolifatda degan mavqe’ni xush ko‘rmasligini bildirgan.

Qozon sammiti Eronning yangi prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon ishtirok etadigan ilk yirik xalqaro tadbirlardan biri bo‘lishi xabar qilingan.

Yaqinda Islomobodda Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari uchrashuvi bo‘ldi, u ham rasmiy Tehron ishtirokidagi jahon e’tiboridagi yig‘in bo‘ldi.

Bugungi kunda Rossiya ham, Eron ham xalqaro sanktsiyalarga uchragan, Ukraina urushi va Yaqin Sharq mojarosi Eron va Rossiya harbiy hamkorligining kuchayishiga sabab bo‘layotgan omillardan deb ko‘riladi.

Shu kunlarda Isroil Eron raketa hujumlariga o‘zining javobi halokatli bo‘lishidan ogohlantirgan, G‘arb Yaqin Sharq mojarosi yanada kengayishidan xavotirda.

https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002