Rossiya - "doimiy, ammo boshqarib bo‘ladigan tahdid" : Pentagon yangi milliy mudofaa strategiyasini e’lon qildi

Surat manbasi, EPA
AQSh Mudofaa vazirligi yangi milliy mudofaa strategiyasini e’lon qildi. 2025‑yil oxirida chop etilgan milliy xavfsizlik strategiyasi singari, asosiy e’tibor ichki xavfsizlik va ittifoqchilarga ko‘rsatiladigan yordamni qisqartirishga qaratilgan. Pentagon fikricha, yaqin kelajakda Rossiya Sharqiy Yevropadagi NATO a’zolari uchun "doimiy, ammo boshqarib bo‘ladigan" tahdid bo‘lib qoladi.
"Juda uzoq vaqt davomida AQSh hukumati amerikaliklarni va ularning manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish g‘oyasiga bepisand qarab keldi, hatto uni inkor etdi", deya boshlanadi Pentagon tomonidan 23 yanvar, juma kuni kechqurun e’lon qilingan 34 betlik hujjat.
Pentagon milliy mudofaa strategiyasini har to‘rt yilda bir marta e’lon qiladi. 2022 yilda hujjatda asosiy ustuvorlik Xitoydan kelayotgan tahdidlar bo‘lsa, 2018 yilda Xitoy va Rossiya kabi "revizionist davlatlar" asosiy xavf sifatida ko‘rsatilgan edi.
Bu safar esa Oq uy "sovuq urushdan keyingi avvalgi ma’muriyatlarning ulkan strategiyalaridan tubdan farq qiladigan yondashuv" va’da qilmoqda.
Yangi strategiya AQSh ittifoqchilari o‘z manfaatlarini himoya qilish borasida asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerakligini, Vashington esa "G‘arbiy yarim sharda amerikaliklarning manfaatlarini faol va qo‘rqmasdan himoya qilishda davom etishini" belgilaydi.
Hujjat 2025 yil dekabrida e’lon qilingan milliy xavfsizlik strategiyasiga doimo murojaat qiladi va uni qisman takrorlaydi. Unda xususan, Yevropa siyosati keskin tanqid qilinadi va ittifoqchilar harbiy yordamga haddan tashqari tayanib qolganini aytib, ularni "o‘z oyoqlarida mustahkam turish"ga undash maqsad qilingan.
Oldingi milliy mudofaa strategiyalaridan farqli o‘laroq, yangi hujjatda Tayvan biror marta ham tilga olinmagan. Dunyoning AQShdan keyingi "ikkinchi eng qudratli davlati bo‘lgan" Xitoyni tiyib turish Pentagon rejasiga ko‘ra "to‘qnashuv emas, kuch orqali" amalga oshiriladi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Hujjatda shuningdek: "Yevropa va boshqa mintaqalarda ittifoqchilar biz uchun unchalik jiddiy bo‘lmagan, ammo ular uchun muhimroq bo‘lgan tahdidlarga qarshi kurashda asosiy rolni o‘ynaydi", deb yoziladi. Shu sabab Janubiy Koreya KXDRni tiyib turish bo‘yicha asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
Moskva Yevropada gegemonlik da’vo qiladigan darajada emas, chunki Yevropaning NATOga a’zo davlatlari Rossiyadan iqtisodiy tarafdan va aholi soni jihatidan ustun.
Pentagon Rossiyani qanday baholaydi
"Rossiya yaqin kelajakda NATOning sharqiy a’zolari uchun doimiy, biroq boshqariladigan tahdid bo‘lib qoladi", deyiladi hujjatda. AQSh Mudofaa vazirligi qayd etishicha, Rossiya iqtisodiy va demografik qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsa-da, kuchli armiyaga, sanoat bazasiga va dunyodagi eng yirik yadro arsenaliga ega davlat bo‘lib qolmoqda.
Shu sababli Pentagon AQSh kuchlarining Rossiya tahdidlariga qarshi himoya uchun doimiy tayyorligini ta’minlaydi, biroq NATOdagi AQSh rolini "moslashtirishda" davom etadi. Vazirlik fikricha, "Moskva Yevropada gegemonlik da’vo qiladigan darajada emas", chunki Yevropaning NATOga a’zo davlatlari Rossiyadan iqtisodiy quvvat va aholisi soni bo‘yicha ustun -"demakki, potentsial harbiy quvvat bo‘yicha ham".
Shu bilan birga, Pentagon Yevropani muhim mintaqa deb atasa-da, uning global iqtisodiyotdagi ulushi kamayib borayotganini ta’kidlaydi. "Shu sabab, Yevropada ishtirok etishda davom etgan holda, biz AQShning ichki xavfsizligini va Xitoyni tiyib turishni ustuvor vazifa sifatida belgilashimiz kerak bo‘ladi", deyiladi hujjatda.
Ukrainadagi urush masalasida esa hujjat yana bir bor "Yevropa asosiy rolni o‘z zimmasiga olishi kerak, AQSh esa "hal qiluvchi, ammo cheklangan" darajadagi yordam ko‘rsatishda davom etadi", degan pozitsiyani takrorlaydi.












