Aspirin saraton oldini oladimi? Olimlar nima deydi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Jeyms Gallaher
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 3 daq
Olimlar arzon og‘riq qoldiruvchi aspirin saraton tarqalishini qanday to‘xtatishi mumkinligini aniqlashdi.
Hayvonlarda o‘tkazilgan tajribalar bu dori immunitetning qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini oshirganini ko‘rsatdi.
Kembrij universiteti jamoasi ta’kidlashicha, bu hayajonli va kutilmagan kashfiyot bo‘lib, kelajakda saraton kasalligiga chalingan bemorlarga aspirin tavsiya etilishiga olib kelishi mumkin. Biroq, hozircha bunday emas va odamlarga dorilarni o‘zboshimchalik bilan qabul qilmaslik tavsiya etiladi.
Oddiy aspirin xavf tug‘diradi va olimlar qaysi bemorlar ko‘proq naf ko‘rishini aniqlashga harakat qilmoqda.
O‘n yildan ko‘proq vaqt oldingi qiziqarli ma’lumotlar shuni ko‘rsatdiki, allaqachon har kuni aspirin qabul qiladigan odamlar saraton tashxisi qo‘yilganda omon qolish ehtimoli yuqoriroq bo‘lgan.
Lekin bu qanday ro‘y beradi?
Bu saratonning zaiflik lahzasida ro‘y beradi – yakka hujayra asl o‘smadan ajralib, shamoldagi urug‘ kabi tananing boshqa qismlariga tarqalishga harakat qiladi.
Bu jarayon "metastaz» deb ataladi va saraton kasalligidan o‘limning asosiy sababidir.
Immunitetning bir qismi – T-hujayra deb ataladigan oq qon hujayrasi – tarqalayotgan saratonni bostirib, uni yo‘q qilishi mumkin.
Ammo tadqiqot ko‘rsatdiki, qonimizning yana bir qismi – odatda qon ketishini to‘xtatadigan trombotsitlar T-hujayralarni bostiradi va ularning saratonni yo‘q qilishini qiyinlashtiradi.
Aspirin trombotsitlarni parchalaydi va ularning T-hujayralarga ta’sirini yo‘qotadi, natijada ular saratonni samaraliroq aniqlay oladi.
Kembrij universitetidan professor Rahul Roychoudhuri shunday dedi: "Biz kashf etgan narsa shuki, aspirin kutilmaganda immunitet tizimining kuchini ishga solib, metastazlanayotgan saraton hujayralarini tanib olish va yo‘q qilishga yordam berishi mumkin".
Uning fikricha, dori erta aniqlangan saraton kasalliklarida eng yaxshi natija beradi va jarrohlik amaliyotidan so‘ng allaqachon tarqalgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan saraton hujayralarini topishda immunitet tizimiga yordam berish uchun qo‘llanilishi mumkin.
Saratonga qarshi aspirin ichishim kerakmi?
Aspirin kutilmaganda immunitet tizimining kuchini ishga solib, metastazlanayotgan saraton hujayralarini tanib olish va yo‘q qilishga yordam berishi mumkin.
Saraton kasalligiga chalingan har bir kishi uchun eng tabiiy savol – aspirin qabul qilish kerakmi?
London Qirolicha Meri universiteti jarrohi va saraton tadqiqotchisi professor Mangesh Torat shunday deydi: "Agar siz saraton kasalligiga chalingan bo‘lsangiz, hozircha aspirin sotib olish uchun dorixonaga shoshilmang. Aksincha, aspirinning davom etayotgan yoki rejalangan sinovlarida ishtirok etishni jiddiy o‘ylab ko‘ring."
Uning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqot aspirinning qanday ishlashini tushunishda "jumboqning yetishmayotgan qismi"ni ko‘rsatgan, ammo hali ham javobi noma’lum savollar bor.
Aspirin xavfli ichki qon ketishiga, shu jumladan, insultga olib kelishi mumkin, shuning uchun xavflarni muvozanatlashtirish kerak. Shuningdek, u barcha saraton turlariga ta’sir qiladimi yoki faqat ma’lum saraton turlarigami, aniq emas. Bu hali ham hayvonlar ustida o‘tkazilgan tadqiqot bo‘lib, olimlar buni odamlarda qo‘llash mumkinligini taxmin qilishsa-da, buni hali tasdiqlash kerak.
Ba’zi bemorlarga – saraton xavfini oshiradigan Linch sindromi bilan og‘riganlarga allaqachon aspirin tavsiya etiladi.
Ammo bundan ko‘proq bemorlar naf ko‘rish-ko‘rmasligini tushunish uchun to‘g‘ri klinik sinovlar o‘tkazish kerak.
Bunday sinovlar allaqachon boshlangan. London universitet kollejining MRC klinik sinovlari bo‘limi professori Rut Lengli aspirin erta bosqichdagi saraton kasalliklari qaytallashini to‘xtata olishini tekshirish uchun qo‘shimcha aspirin sinovini o‘tkazmoqda.
Uning aytishicha, tadqiqot natijalari "muhim kashfiyot" bo‘ldi, chunki ular "saraton tashxisi qo‘yilgandan keyin aspirindan kim ko‘proq naf olishi mumkinligini" aniqlashga yordam beradi.
Biroq, u yana aspirin qabul qilish xavfi haqida ogohlantirib, "har doim boshlashdan oldin shifokoringiz bilan maslahatlashing" deb ta’kidladi.
Professor Roychoudhuri uzoq muddatli istiqbolda aspirinning afzalliklariga ega, ayni paytda xavfli nojo‘ya ta’sirlari kamroq bo‘lgan yangi dorilar ishlab chiqilishini taxmin qilmoqda.
"Evrika lahzasi"
Nature jurnalida e’lon qilingan bu kashfiyot tasodifan sodir bo‘ldi, chunki olimlar aspirinni tadqiq qilmayotgan edi.
Kembrijdagi jamoa saraton tarqalganda immunitet tizimi unga qanday javob berishini o‘rganayotgan edi.
Ular genetik jihatdan o‘zgartirilgan sichqonlardan foydalanishdi va ma’lum bir genetik to‘plamiga ega sichqonlarda metastatik saraton rivojlanish ehtimoli kamroq ekanligini aniqladilar.
Keyingi tekshiruvlar ko‘rsatishicha, bu T-hujayralarning qanday bostirilishi bilan bog‘liq bo‘lib, aspirinning tanada qanday ishlashi haqidagi ma’lumotlarga mos kela boshladi.
Tadqiqotni olib borgan doktor Ji Yang shunday dedi: "Bu Evrika lahzasi edi.
Bu mutlaqo kutilmagan topilma bo‘lib, biz kutganimizdan butunlay boshqacha izlanish yo‘liga olib chiqdi."












