"Deyarli har bir oiladan kimdir urushda" – Erkaklarini urushda yo‘qotgan rus qishlog‘i

tasvirda Vladimir Akkeev harbiy kiyimda, orqa fonda esa krestlar va gullar qo‘yilgan qabriston aks etgan.

Surat manbasi, Камчатка ҳокимияти

Surat tagso‘zi, Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Sedanka qishlog‘idan bo‘lgan Vladimir Akkeev Ukrainadagi urushga ixtiyoriy borganidan to‘rt oy o‘tib vafot etgani haqida xabar berilgan
    • Author, Olga Ivshina
    • Role, BBC News Russian
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Rossiyaning Uzoq Sharqidagi baliqchilar qishlog‘i Sedankada hayot og‘ir.

Aksar uylarda oddiy suv ta’minoti, ichki hojatxonalar va markaziy isitish kabi asosiy qulayliklar yo‘q, vaholanki, qish oylarida harorat muntazam ravishda -10C yoki sovuqroq bo‘ladi.

O‘rmon-tundra va botqoqliklar bilan o‘ralgan tuman markaziga faqat maydan oktyabrgacha daryo qayiqlari yoki gusenitsali transport orqali borish mumkin. Qishda faqat motorli chana yoki vertolyotda.

Mahalliy ish o‘rinlari kam, qishloq ahlining aksariyati baliqchilik bilan va o‘z oziq-ovqatini yetishtirib kun kechiradi.

Axlatxonalar esa dunyodagi eng yirik ayiqlardan biri – Kamchatka qo‘ng‘ir ayiqlarini o‘ziga jalb qiladi.

Shunga qaramay, Sedanka yaqinda yana bir mushkulotga yo‘liqdi.

Mahalliy aholi aytishicha, 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning deyarli barchasi Rossiyaning Ukrainadagi urushiga ketgan.

"O‘tin yorgani odam yo‘q"

"Bu yurakni ezadi, qanchadan-qancha odamlarimiz halok bo‘ldi", deydi biz xavfsizligi uchun ismini o‘zgartirgan qishloqlik Natalya Bi-bi-si Jahon xizmatiga bergan intervyusida.

"Singlimning eri va amakivachchalarim frontda. Deyarli har bir oiladan kimdir urushda."

Kamchatka yarim orolining shimoli-g‘arbiy chekkasida, Oxota dengizi yaqinida joylashgan Sedanka Ukrainadagi urush frontidan 7000 kilometr olisda joylashgan.

Okean ortidagi Amerikaning Ankorij shahri bu masofaning taxminan yarmiga teng.

Qishloqning 258 nafar aholisidan o‘ttiz to‘qqiz nafari urushda qatnashish uchun shartnoma imzolagan.

Ulardan 12 nafari halok bo‘lgan, yana yetti nafari bedarak ketgan.

"Bizning barcha erkaklarimiz maxsus harbiy operatsiyaga jo‘nab ketdi", deydi bir guruh ayollar 2024 yil mart oyida kelgan viloyat gubernatoriga.

"Qishda pechlarimizni isitish uchun o‘tin yoradigan hech kim yo‘q", deya qo‘shimcha qildi ular davlat telekanalida namoyish etilgan o‘zaro muloqotda.

Bi-bi-si, Rossiyaning «Medizona» nashri va ko‘ngilli tadqiqotchilar hozircha 2025 yilda 40 201 nafar rossiyalik askar halok bo‘lganini aniqladi.

Tahlillarimizga ko‘ra, 2025 yilda halok bo‘lganlarning umumiy soni 80 mingga yetishini taxmin qilmoqdamiz, bu 2022 yil 24 fevralda keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari uchun eng halokatli yil bo‘ladi.

Ushbu hisob-kitoblarda 2025 yilda vafot etgan yoki dafn etilgan deb ko‘rsatilgan nekrologlar hisobga olingan, ammo ma’lumotlarni hali to‘la qayta ishlaganimiz yo‘q.

2024 yil uchun tasdiqlangan o‘lim holatlari hozir 69 362 tani tashkil etmoqda – bu taxminan 2022 va 2023 yillardagi umumiy ko‘rsatkichlar bilan taqqoslanadi. Ko‘rsatkichlar 2024 yil oxiridan keskin ko‘tarilgan.

Biz rasmiy hisobotlar va vasiyatnomalar reestri – o‘limdan keyingi holatlar rasmiy reestri, shuningdek, gazeta maqolalari, qarindoshlar yoki yaqin do‘stlarning ijtimoiy tarmoqlardagi postlari, yangi yodgorlik va qabrlardan olingan ma’lumotlar yordamida o‘lim holatlarini tasdiqladik.

Umuman olganda, Bi-bi-si urushda halok bo‘lgan 186 102 nafar rossiyalik askar ismini aniqladi.

Biroq, haqiqiy qurbonlar soni odatda ancha yuqori deb taxmin qilinadi, chunki jang maydonida ko‘plab o‘limlar qayd etilmaydi.

Harbiy ekspertlar fikricha, bizning tahlilimiz umumiy ko‘rsatkichning 45-65 foizini tashkil etishi mumkin va rossiyaliklarning ehtimoliy o‘lim soni 286 mingdan 413 500 nafargacha bo‘lishi mumkin.

Ukraina ham katta yo‘qotishlarga uchradi.

O‘tgan oyda prezident Volodimir Zelenskiy Frantsiyaning France 2 telekanaliga jang maydonida 55 ming ukrainalik halok bo‘lganini "rasman" aytdi.

Bundan tashqari, "ko‘plab odamlar" rasman bedarak yo‘qolgan deb hisoblanadi, dedi u, ammo aniq raqamni aytmadi.

UA Losses veb-sayti kabi manbalar hisob-kitoblariga asoslanib, biz o‘ldirilgan ukrainaliklar soni 200 ming kishini tashkil etishini taxmin qilmoqdamiz.

Qalin kurtkalar kiygan odamlar Akkeevning tobuti atrofiga to‘plangan — tobut yog‘och chanada mahkamlab qo‘yilgan. Yer qor bilan qoplangan, harbiy formadagi erkaklar ham xalq orasida ko‘ringan. Kimdir qo‘lida Rossiya bayrog‘ini ushlab turgan.

Surat manbasi, Камчатка ҳокимияти

Surat tagso‘zi, Vladimir Akkeev harbiy shartnoma tuzganidan to‘rt oy o‘tgach, urush davomida halok bo‘lgani xabar qilingan

Urushda halok bo‘lgan ruslarning aksariyati slavyancha familiyali.

Ammo aholi jon boshiga hisoblaganda, yo‘qotishlar kichik mahalliy guruhlar orasida nomutanosib ravishda yuqori, ayniqsa, Sibir va Uzoq Sharqning Sedanka kabi iqtisodiy jihatdan qoloq hududlarida.

Sedankada asosan koryaklar va itelmenlar – urush qoidalariga ko‘ra safarbarlikdan ozod qilinishi mumkin bo‘lgan mahalliy guruhlar yashaydi.

Urushga qarshi faollardan Mariya Vyushkovaning aytishicha, Rossiya davlat televideniesi mahalliy xalqlarni urushga qo‘shilishga qiziqtirish uchun ularni "tug‘ma jangchilar" va mohir merganlar degan stereotiplarni kuchaytirmoqda.

"Ko‘plab mahalliy jamoalar bu merosdan o‘z shaxsiyatining bir qismi sifatida faxrlanadi. Kreml bu g‘ururni urushga yollash uchun ishlatmoqda", deydi Vyushkova.

Urushga qo‘shilgan sedankalik erkaklardan biri ovchi va baliqchi, 45 yoshli Vladimir Akeev bo‘lib, u 2024 yil yozida armiya bilan shartnoma imzolagan.

To‘rt oydan so‘ng u jangda halok bo‘ldi.

2024 yil noyabrь oyida uning dafn marosimida motam tutganlar qabristonga faqat qorda yuradigan mashinada yetib borolgan.

Akeevning tobutini u yerga keng yog‘och chanalarda olib ketishdi.

Boshqa joylarda tubjoy guruhlardan tasdiqlangan yo‘qotishlar orasida 201 nenets, 96 chukchi, 77 xanti, 30 koryak va yetti nafar inuit bor.

18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ulushi sifatida bu chukchilarning taxminan 2%, rus inuitlarining 1,4%, koryaklarning 1,32% va xantilarning 0,8% ni tashkil qiladi.

Bi-bi-si tahliliga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 67 foizi qishloqlar va aholisi 100 ming kishidan kam bo‘lgan kichik shaharlardan bo‘lib, aslida u yerlarda Rossiya aholisining atigi 48 foizi istiqomat qiladi.

Yo‘qotishlar darajasi yirik shaharlarda eng past bo‘lgan. Xususan, Moskvada aholi jon boshiga eng kam o‘lim qayd etilgan: har 10 000 erkakka besh kishi, ya’ni 0,05 foiz to‘g‘ri kelgan.

Sharqiy Sibirdagi Buryatiya va Janubiy Sibirdagi Tuva kabi nochorroq hududlarda o‘lim darajasi poytaxtdagiga qaraganda mos ravishda 27 va 33 baravar yuqori.

Shaharlar va qishloqlar o‘rtasidagi bu tafovutning asosiy sababi iqtisodiy rivojlanish, maosh va ta’lim darajasidagi farqlardir, deydi demograf Aleksey Raksha.

Natijada, kambag‘al hududlar va etnik ozchiliklardan bo‘lgan askarlar armiya tarkibida ham, halok bo‘lganlar orasida ham umumiy aholi soniga nisbatan ko‘proq ulushni tashkil etadi, deydi u.

Yo‘qotishlar yuqori bo‘lgan hududlarda erkaklar urushga ketishidan oldin ham o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi past bo‘lgan, deydi Bi-bi-siga boshqa bir rossiyalik demograf.

"Ko‘pchilik uchun bunga turtki bergan narsa nafaqat qashshoqlik, balki istiqbolning yo‘qligi – yo‘qotadigan hech narsam yo‘q, degan hissiyotdir", deydi u.

Sedankadagi yashil rangdagi uy — atrofini qor, yalang‘och daraxtlar va tog‘ etigi o‘rab turgan holda tasvirlangan.

Surat manbasi, Камчатка ҳокимияти

Surat tagso‘zi, Sedanka qishlog‘idagi sovet davrida qurilgan uylarning har beshtasiga bittasi davlat tomonidan yashash uchun xavfli, deb baholangan

2024 yil kuzida Sedanka qishlog‘ida "maxsus harbiy amaliyot ishtirokchilari"ga atalgan yodgorlik ochildi.

O‘tgan yili viloyat hokimiyati erkaklarining urushdagi ishtiroki uchun qishloqqa "Harbiy jasorat qishlog‘i" faxriy unvonini berishga va’da qilgandi.

Shuningdek, sedankalik askarlarning oilalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi ham va’da qilingan.

Biroq qishloq hali ham faxriy unvonni olgani yo‘q, askarlar oilalariga va’da qilingan yordamning ham aksariyati yetib kelmagan.

To‘rt nafar shartnomachi askarning yaroqsiz holga kelib qolgan uyi tomi faqat OAVning jiddiy e’tiboridan so‘ng ta’mirlab berildi.

Sovet davrida qurilgan har beshta uydan bittasi rasman yashash uchun xavfli deb topilgan.

Qishloqning yagona maktabi rasmiylar tomonidan avariya holatida deb belgilangan, ba’zi devorlari qulash xavfi ostida.

Bularga qishloqning mehnatga layoqatli erkaklarining Ukrainadagi urushda halok bo‘layotgani ham qo‘shildi.