Ukraina, Rossiya, AQSh tinchlik masalalarini muhokama qildi - urushning tugashi yaqinlashdimi? Jenevadagi muzokaralar haqida Bi-bi-si reportaji

Surat manbasi, AFP via Getty Images
- Author, Yelizaveta Foxt*
- Author, Svyatoslav Xomenko
- Role, Bi-bi-si, Jeneva
- O'qilish vaqti: 8 daq
Uchta delegatsiya, yevropalik diplomatlar bilan norasmiy muloqot, o‘nlab jurnalistlar va natijalar haqida nihoyatda kamtarona bayonotlar — ana shunday sharoitda Rossiya, Ukraina va AQShning Jenevada o‘tgan ikki kunlik muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Qatnashchilar bilan norasmiy suhbatlardan kelib chiqadiki: delegatsiyalar janglar to‘xtatilgandan keyin nima bo‘lishiga oid muhim texnik jihatlarni muhokama qilishda oldinga siljishga erishgan, ammo urushni tugatish bo‘yicha siyosiy qaror qabul qilish masalasidagi bahslar og‘ir kechmoqda. Bi-bi-si muxbirlari Shveytsariyadagi uchrashuv qanday o‘tgani haqida hikoya qiladi.
2025 yil kuzida AQShning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatish bo‘yicha takliflari loyihasi OAVga tarqab ketgach, taraflar keyingi barcha muhokamalar ommaviy axborot vositalari uchun maksimal darajada yopiq formatda olib borilishiga kelishib olishgan edi.
Shuning uchun ham keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri o‘tkazilgan Moskva, Kiev va Vashingtonning ilk uch tomonlama muzokaralari deyarli to‘liq yopiq shaklda o‘tdi. Jurnalistlar hatto uchrashuv qaerda bo‘layotganini ham bilmagan.
Jenevada 2026 yil 17 - 18 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan muzokaralar esa boshqacharoq tashkil etildi. Uchrashuv joyi oldindan e’lon qilindi — u Intercontinental nomli nufuzli mehmonxona o‘tadigan bo‘ldi. Delegatsiya a’zolarining kamida bir qismi ham shu mehmonxonada turdi.
Muzokaralar boshlangan kuni aynan shu mehmonxonada to‘xtagan ba’zi omadli jurnalistlar bu yerda rasman muzokaralarda ishtirok etmagan ayrim yevropalik diplomatlarni ham ko‘rib xayratda qolishdi.
Masalan, muzokaralarning birinchi kuni ertalabgi nonushta vaqtida reportyorlar AQSh prezidentining maxsus vakili, Amerika delegatsiyasi rahbarlaridan biri Stiv Uitkoffning Britaniya bosh vazirining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jonatan Pauell bilan suhbatlashib turganini kuzatishdi. Shuningdek, Jenevaga yana bir nechta boshqa yevropa mamlakatlarining diplomatlari ham kelgan edi.
Ukraina delegatsiyasi vakillarining aytishicha, bu juda muhim omil edi. Birinchidan, so‘nggi oylarda Yevropa poytaxtlarida Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda Yevropaning ishtirok etmayotgani xavotir bilan tilga olinayotgan edi. Chunki bu masala qit’a xavfsizligiga bevosita daxl qiladi.
Ikkinchidan, Kievning fikricha, muzokaralar chog‘ida yevropaliklarning ishtirok etishi Ukraina pozitsiyasini kuchaytirgan bo‘lar edi. Chunki Vashington unga bosim o‘tkazmoqda va muayyan yon berishlarni talab qilmoqda.
Muzokaralarni yoritish uchun o‘nlab reportyorlar keldi, ammo ularning ko‘pchiligini hatto mehmonxona lobbisiga ham kiritishmadi: ikki kun davomida ko‘pchilik jurnalistlar muzokaralar o‘tkazilayotgan joydan taxminan yarim kilometr uzoqlikdagi matbuot markazida yoki mehmonxona kirish qismida o‘rnatilgan maxsus joylarda yomg‘irdan panoh topdi. Tashkilotchilari jurnalistlarga choy va qahva ham olib chiqib turishdi.
Muzokaralarning rasmiy ochilishini suratga olish uchun bir nechta jurnalistgina taklif qilindi. Rossiya prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umarov va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff boshchiligidagi delegatsiyalar - Donald Trampning kүyovi Jared Kushner bilan birgalikda milliy bayroqlar fonidagi katta stol atrofida rasmga tushishdi. Shundan so‘ng jurnalistlardan zalni tark etishlarini so‘rashdi

Surat manbasi, EPA/Shutterstock
Harbiylar "deyarli hamma narsani kelishib bo‘lishdi"
Bi-bi-siga muzokaralarda qatnashgan bir nechta ishtirokchilar ma’lum qilishicha, uchrashuvning ushbu qismi yarim soatdan ko‘p davom etmagan.
Shundan keyin ishtirokchilar ikki alohida guruhga bo‘linib, turli xonalarda ishlarini davom ettirishgan. Kuluaralarda ular "siyosiy guruh" va "harbiy guruh" deb atalgan.
Siyosiy guruh a’zolari urushni to‘xtatish shartlariga tegishli masalalarni muhokama qilgan: misol uchun Rossiya da’vo qilayotgan va Ukraina mutlaqo bermoqchi bo‘lmayotgan Donbass hududlarining maqomi, yoki xavfsizlik kafolatlari masalasi.
"Harbiy guruh" esa asosan agar taraflar urushni tugatish bo‘yicha siyosiy qaror qabul qilsa, shu qarorni amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan chora-tadbirlar majmuasidan iborat texnik masalalarni muhokama qildi.
Muzokaralarning ikkinchi kuni yakunida Bi-bi-si bilan gaplashgan Ukraina diplomatik doiralaridagi manbaga ko‘ra, eng katta ilgarilash aynan shu harbiy-texnik yo‘nalishda kuzatilgan.
Uning aytishicha, "harbiylar – harbiylar bilan" formati siyosiy qaror qabul qilish paytigacha hal qilinishi shart bo‘lgan ulkan texnik masalalarni batafsil ishlab chiqishi lozim. Bu – to‘qnashuv chizig‘ida bo‘layotgan vaziyat, kuchlarni ajratish, monitoring, verifikatsiya (bo‘lishi mumkin bo‘lgan qoidbuzarliklarni tekshirish) kabi masalalar. Hozircha bu format juda samarali ishlayapti.
Harbiy yo‘nalishdagi muhokamalar siyosiy guruh muhokama qilayotgan asosiy "urush va tinchlik" kabi fundamental masalalardan farqli ekanligiga qaramay, manba Bi-bi-si bilan suhbatda "harbiy format" ahamiyatini past baholamaslikka chaqiradi.
"Agar "harbiylar - harbiylar bilan" formati oldindan zarur qarorlarni qabul qilib qo‘ymasa, vaziyatni tasavvur qilib ko‘ring: siyosiy to‘xtamga kelindi, ammo keyin harbiylar qancha vaqt ketishini bilmay, jon-jahdi bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi", - deb tushuntirdi u.
"Boshqacha aytganda, - dedi Bi-bi-siga Ukraina diplomatik doiralaridagi yana bir manba, - bundan ko‘zlangan maqsad shundaki, agar qaysidir paytda (masalan, ikki mamlakat rahbarlari darajasida) harbiy harakatlarni tugatish bo‘yicha qaror qabul qilinsa, uni amalda, ya’ni "erda" -q o‘shinlarni ajratish, o‘t ochishni to‘xtatish monitoringini tashkil etish va hokazolarni imkon qadar tezroq amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Muzokaralar yakunida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiylar "deyarli hamma narsa bo‘yicha kelishib olganini" aytdi. Ushbu uchrashuvda Amerika tomonidan quruqlikdagi qo‘shinlar vaziri Deniel Driskoll ishtirok etdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv davomida AQSh ehtimoliy sulhga rioya etilishini nazorat qilishda ishtirok etishga tayyorligi ma’lum bo‘lgan va bu Kievda ijobiy belgi sifatida qabul qilingan.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashning kelajakdagi tizimida Yevropaning roli hali ham noaniqligicha qolmoqda.
Bir tomondan, Kiev "Ixtiyoriylar koalitsiyasi" deb ataladigan guruh a’zolari bilan faol muzokaralar olib bormoqda. Bi-bi-si ma’lumotlariga ko‘ra, bu muzokaralarda Yevropa mamlakatlarining harbiylari Ukraina hududida, sulh kuchga kirganidan keyin, doimiy yoki vaqtinchalik asosda ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.
Boshqa tomondan, Moskva hozircha NATO mamlakatlari harbiylari Ukraina hududida "qizg‘in bosqich" tugaganidan keyin ham bo‘lishiga qat’iyan qarshilik qilmoqda. Vashingtonning bu masalaga munosabati esa bir ma’noli emas: AQSh ma’muriyatining turli vakillari o‘zaro ziddiyatli bayonotlar bergan.
Jenevadagi muzokaralar to‘g‘risida Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt shunday dedi: taraflar sezilarli darajada ilgarilashga erishdi va ishni davom ettirishga kelishib oldi.
Amerika delegatsiyasi a’zolarini, Rossiya va Ukraina delegatsiyalaridan farqli tarzda, jurnalistlar hatto mehmonxona lobbisida ham ko‘rmadi.
Bi-bi-si ma’lumotlariga ko‘ra, delegatsiya rahbarlari Uitkoff va Kushner - rasmiy uchrashuvlarda faqat birinchi kuni ishtirok etgan. Ikkinchi kuni muzokaralarning rasmiy qismida ishtirok etgan eng yuqori martabali amerikalik amaldor bu aynan Driskoll bo‘lgan.
Uchrashuv oldidan AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga "iloji boricha tezroq muzokaralar stoliga o‘tirgani ma’qul"ligini aytgan edi. Kiev esa Volodimir Zelenskiy tili bilan javob qaytardi: biz urushni tugatishdan manfaatdormiz, AQSh takliflarining deyarli hammasiga rozimiz, jarayonni Moskva cho‘zib kelmoqda, deb bildirgan.
So‘nggi oylarda Kiev va Vashington AQShning Ukrainaga "qizg‘in bosqich" yakunlanganidan keyin taqdim etishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari paketini faol muhokama qilmoqda. 2025 yil dekabrida Berlinda o‘tgan keng qamrovli muzokaralardan keyin AQShning bir mansabdori, maxfiylik sharti bilan, bu kafolatlar NATO Ustavining 5-moddasi - kollektiv mudofaa prinsipiga :o‘xshash" bo‘lishi mumkinligini aytgan. Biroq u shuni ham qo‘shimcha qilganki, bu taklif muzokaralar stolida abadiy turmasligi mumkin.
Volodimir Zelenskiyning aytishicha, Jeneva uchrashuvi paytiga kelib, AQShning Kiev uchun xavfsizlik kafolatlari paketi yo to‘liq tayyor bo‘lgan, yoki deyarli tayyor. Hozir Ukrainaning pozitsiyasi shundan iboratki, bu hujjatni iloji boricha tez imzolash, chunki u Rossiya bilan muzokaralarda Kiev mavqeini kuchaytiradi.
OAV xabarlariga ko‘ra esa AQSh, kafolatlar haqidagi hujjatni umumiy tinchlik bitimi bilan bir vaqtda imzolash tarafdori.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
"Qiyinroq, lekin jarayon ketyapti"
Urushga chek qo‘yishi kerak bo‘lgan asosiy qarorlar - ya’ni "siyosiy" masalalar muhokamasi, aftidan, ancha qiyin kechmoqda. Hozircha Rossiya va Ukraina eng muhim masalalar bo‘yicha murosaga kela olishmayapti: bular jumlasiga Moskva topshirishni talab qilayotgan Ukraina nazoratidagi Donbass hududlari taqdiri, Kiev fikricha, uzoq muddatli tinchlik uchun zarur bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari hamda Zaporoje AESning maqomi kabi mavzular kiradi.
Muzokaralarning birinchi kunida Volodimir Zelenskiy Axios portaliga bergan intervyusida Ukraina fuqarolari Ukraina qurolli kuchlarining Donbassdan bir tomonlama olib chiqilishini hech qachon qabul qilmasligini ta’kidladi. Agar har ikki mamlakat qo‘shinlari to‘qnashuv chizig‘idan bir xil masofaga chekinsa, bu variant referendumda qo‘llab-quvvatlanishi mumkin, deb taxmin qildi Zelenskiy.
Shu bilan birga, Ukraina prezidenti har qanday saylov yoki referendumni tashkil etish uchun Ukrainada barqaror o‘t ochishni to‘xtatish rejimi ta’minlanishi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. Bu muddat Vladimir Putin aytganidek faqat ovoz berish kuni emas, balki kamida ikki oy davom etishi lozim.
Rossiyaning muzokaralardagi pozitsiyasiga ko‘ra, Ukraina harbiylari Donbassdagi o‘zlari nazorat qilayotgan hududlarni zudlik bilan tark etishi shart.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin aks holda Rossiya bu masalani "harbiy" yo‘l bilan hal qilishga ham rozi ekanligiga bir necha bor sha’ma qilgan. Rossiya tomoni muzokaralar "Ankorij ruhida" olib borilishi kerakligini ta’kidlamoqda. Bunda ular o‘tgan yilning avgust oyida Alyaskadagi sammitda Putin va Tramp go‘yoki erishgan kelishuvlarga tayanmoqda. Ushbu kelishuvlar aynan nimalardan iborat ekanligini Kreml oshkor qilishni rad etmoqda.
Volodimir Zelenskiy ruslar doimiy ravishda tayanayotgan "Ankorij formulasi" aynan nimadan iborat ekanligini tushunmasligini aytgan, amerikaliklar esa Alyaskada erishilgan hech qanday kelishuvlar haqida omma oldida umuman eslashmayapti.
Bi-bi-si Oq uy Ankorij yakunlaridan ko‘ra ko‘proq hafsalasi pir bo‘lganligi haqida batafsil yozgan edi. Yevropa va AQSh diplomatik doiralaridagi Bi-bi-si suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, uchrashuv shuni ko‘rsatdiki: Rossiya uchun nafaqat hududiy yutuqlar, balki global xavfsizlik va urushdan keyingi tuzilish masalalari ham ustuvor hisoblanadi, bu mavzu bo‘yicha esa hozircha o‘zaro kelishuvga erishishning iloji bo‘lmayapti.
Hududlar masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, muzokaralarda vositachilik rolini o‘z zimmasiga olgan AQSh so‘nggi oylarda tomonlarga Donbassning Rossiya da’vo qilayotgan qismini "erkin iqtisodiy zona"ga aylantirish variantini taklif qilmoqda.
To‘g‘ri, Amerika tomonining fikricha, ushbu yerlar ustidan rasmiy suverenitet kimga tegishli bo‘lishi kerakligi hozircha noaniq. Dekabr oyida Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov nazariy jihatdan ushbu zonada Rossiya Rosgvardiyasi va politsiyasi ishtirok etishi mumkin bo‘lgan variant haqida mulohaza yuritgan edi.
Ukrainaning hozirgi delegatsiyasi a’zolaridan biri, Prezident ofisi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa o‘shanda bu g‘oyani absurd deb atagandi. Jenevada Rossiya va Ukrainaning ushbu masala bo‘yicha pozitsiyalari bir-biriga yaqinlashdimi yoki yo‘qmi - buni aytishning deyarli iloji yo‘q.
Uchrashuv arafasida The Economist nashri Ukraina delegatsiyasi ichida hududiy masalalar bo‘yicha murosa haqidagi yondashuvlarda ixtilof borligini yozgan edi: go‘yoki delegatsiya a’zolarining bir qismi muayyan imtiyozlarni muhokama qilishga moyil, boshqa qismi esa, sobiq prezident devoni rahbari Andrey Yermak ta’sirida, keskin va murosasiz pozitsiyada turgani aytilgan. Ukraina prezidenti devonida ham, Jenevadagi Ukraina delegatsiyasining o‘zida ham bu ma’lumot rad etildi.
Bundan tashqari, Axios ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuvning birinchi kuniyoq siyosiy guruh muzokaralari to‘xtab qolgan - bunga go‘yoki Medinskiy uchrashuvda bayon qilgan pozitsiya sabab bo‘lgan. Bi-bi-si bu ma’lumotni Jenevada tasdiqlay olmadi: muzokara qatnashchilari bu savolga javob berishdan bosh tortgan.
Muzokaralar yakunlanganidan keyin Medinskiyning aytishicha, uchrashuv ishchi muhitda o‘tgan. "Agar tarix darslari haqidagi hazillarni nazarda tutsangiz - biz Ruslarning cho‘qinishi mavzusida to‘xtab qoldik", deb aytdi u RTga.
Muzokaralarning birinchi kuni ishtirokchilar umuman izoh bermadi, ikkinchi kuni esa jurnalistlar oldiga bir necha daqiqaga chiqib, qisqa bayonotlar bilan cheklandilar. Umerov muzokaralarni "intensiv va mazmunli" deb ta’rifladi. Medinskiy esa ularni "og‘ir, lekin ishchan" deb atadi.
Ukraina diplomatik manbasi muzokaralar "murakkab, ammo ma’lum ma’noda samarali - albatta, agar sizda ortiqcha, norealistik narsalar kutilmagan bo‘lsa", deb baho berdi.
Bi-bi-siga muzokaralarga yaqin yana bir suhbatdoshning aytishicha, siyosiy masalalar bo‘yicha muhokamalar "qiyonroq ketyapti, lekin baribir davom etyapti".
"Bu masala bo‘yicha kelishib olishga kelishib oldik", deya muzokaralar yakunidagi bayonotida xulosa qildi Volodimir Zelenskiy.
Muzokaralar "yakuniy bosqich"dan keyin ham davom etdi

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Aynan shu masalalarni ikkinchi kuni ertalab muzokaralar rasman yakunlangani e’lon qilinganidan keyin ham ishtirokchilar muhokama qilishda davom etgandir.
Intercontinental mehmonxonasida qolgan Bi-bi-si jurnalistlari shunga guvoh bo‘lishdiki, "yakun" haqida rasmiy bayonot berilganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy kutilmaganda mehmonxonaga qaytib keldi: u qisqa vaqt ichida usti-boshini rasmiy kostyumdan kardigan va jinsiga almashtirib ulgurgan edi.
Bi-bi-si uni muzokaralar tafsilotlari haqida gapirishga chaqirganida, Medinskiy kulimsirab: "Siz so‘radingiz, men esa javob bermadim", deb javob qildi va yordamchilari hamrohligida yo‘qolib qoldi. U mehmonxonada taxminan bir yarim soatcha bo‘ldi. Chiqib ketar ekan, u "Ukraina tomoni bilan uchrashgani"ni aytdi, ammo boshqa biror izoh berishdan bosh tortdi.
Bu orada mehmonxona lobbisida Ukraina delegatsiyasi a’zolari - avval tilga olingan Sergey Kislitsa va Ukraina MHX (GUR) rahbarining o‘rinbosari Vadim Skibitskiy bir necha bor ko‘rindi.
Bi-bi-si Ukraina xizmati aniqlashicha, aynan shu vaqtda Medinskiy Rustem Umerov va Ukraina jamoasi a’zosi, "Xalq xizmatchisi" fraktsiyasi rahbari David Araxamiya bilan uchrashuv o‘tkazgan. Umerovning matbuot kotibi Diana Davityanning aytishicha, bu norasmiy muzokaralar taxminan ikki soat davom etgan.
Bi-bi-si bu uchrashuvda aniq nima muhokama qilinganini bilib ololmadi. Biroq Umerov ham, Araxamiya ham siyosiy guruh tarkibida ishlagani inobatga olinsa, suhbat siyosiy masalalar haqida bo‘lganini taxmin qilish mumkin.
Muzokaralar yakunida Volodimir Zelenskiy shunday dedi: "Ma’lum ishlab chiqilgan takliflar bor, ammo hozircha pozitsiyalar turlicha va muzokaralar oson kechmadi. Suhbat bo‘ldi, olg‘a harakatlanishga va davom ettirishga kelishdik. Lekin harbiy yo‘nalishdagi kabi jiddiy ijobiy siljish eshitmadim".
Taraflar yana bir navbatdagi uchrashuvga kelishib olgan, ammo uning qaerda va qachon o‘tishi hozircha aniq emas.
































