Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari misli ko‘rilmagan sur’atda o‘sib bormoqda
- Author, Olga Ivshina
- Role, BBC News Rus xizmati
- O'qilish vaqti: 5 daq

BBC tahlillariga ko‘ra, so‘nggi 10 oy ichida Rossiyaning Ukraina bilan urushda yo‘qotishlari 2022 yilda keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri har qachongidan tezroq o‘smoqda.
2025 yilda Prezident Donald Tramp ma’muriyatining bosimi ostida tinchlik o‘rnatish uchun harakatlar kuchayib bordi. Boshqa tomondan, Rossiyadagi manbalar o‘tgan yilga nisbatan 40 foiz ko‘proq harbiylar nekrologlarini e’lon qildi.
Umuman olganda, Bi-bi-si Ukrainada Rossiya tomonida jang qilib halok bo‘lgan deyarli 160 ming kishining ismini tasdiqladi.
Bi-bi-si Rus xizmati 2022 yil fevralidan beri Rossiyaning urushdagi yo‘qotishlarini "Mediazona" mustaqil nashri va bir guruh ko‘ngillilar bilan hamkorlikda hisoblab kelmoqda. Biz rasmiy xabarlar, gazetalar, ijtimoiy tarmoqlar, yangi o‘rnatilgan yodgorliklar va qabrlar orqali o‘limi tasdiqlangan shaxslar ro‘yxatini yuritmoqdamiz.
Aslida qurbonlar soni ancha yuqori bo‘lib, biz maslahatlashgan harbiy ekspertlar fikricha, qabristonlar, urush yodgorliklari va nekrologlar bo‘yicha tahlillarimiz umumiy sonning 45-65 foizini tashkil etishi mumkin, xolos.
Bu rossiyalik qurbonlar sonini 243 mingdan 352 minggacha yetkazadi.
Muayyan davr mobaynidagi nekrologlar soni tasdiqlangan yo‘qotishlarning dastlabki miqdori hisoblanadi, chunki qolganlari qo‘shimcha tekshiruvga muhtoj va oxir-oqibat rad etilishi mumkin. Shunga qaramay, ular vaqt o‘tgan sayin jang shiddati qanday o‘zgarayotganini ko‘rsatishi mumkin.
2025 yil yanvarida e’lon qilingan nekrologlar soni avvalgi oylarga nisbatan kamroq bo‘lgan. Keyin bu raqam fevral oyida – Donald Tramp va Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatish haqida birinchi marta bevosita suhbatlashgan vaqtda ko‘paygan.
Avgust oyidagi navbatdagi yuqori ko‘rsatkich esa ikki prezidentning Alyaskadagi uchrashuviga to‘g‘ri keldi. Bu Putin uchun diplomatik g‘alaba bo‘lib, ko‘pchilik uni xalqaro yakkalanishning yakuni sifatida baholadi.
Oktyabrda, ya’ni rejalashtirilgan ikkinchi Rossiya-AQSh sammiti oxir-oqibat bekor qilinganda, keyin esa noyabrda, AQSh 28 banddan iborat tinchlik taklifini taqdim etganida, kuniga o‘rtacha 322 ta nekrolog nashr etilgan – bu 2024 yilgi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p.
Rossiya yo‘qotishlari ko‘payganini biror omil bilan bog‘lash qiyin, ammo Kreml AQSh bilan muzokaralarda hududiy yutuqlarni o‘z foydasiga ishlatishni ko‘zlamoqda: Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov yaqinda "so‘nggi muvaffaqiyatlar" muzokaralarga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi.
halok bo‘lgan va yaralangan rossiyaliklarning umumiy soni
1,1 millionkishini tashkil etadi
Murat Mukashev tezda sulh tuzilishiga umid bog‘laganlardan biri edi va bu umid uning hayotiga zomin bo‘ldi.
Mukashev hech qachon Vladimir Putin siyosatini qo‘llab-quvvatlamagan faol edi.
O‘tgan yillar davomida u politsiya zo‘ravonligi va qiynoqlariga qarshi namoyishlarda qatnashgan, LGBT huquqlari uchun va 2024 yilda qamoqxonada vafot etgan Kremlning asosiy raqibi Aleksey Navalniyni ozod qilish uchun mitinglarga qo‘shilgan.

Surat manbasi, Murat Mukashev
U Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini 2022 yildan beri ijtimoiy tarmoqlarda bir necha bor qoralagan edi. Keyin, 2024 yil boshida Mukashev Moskvadagi uyi yaqinida qo‘lga olinib, katta miqdorda giyohvand moddalar savdosida ayblangan.
Do‘stlari va oilasining aytishicha, uning ishi ko‘rib chiqilayotganda, unga mudofaa vazirligi bilan shartnoma taklif qilishgan.
Ular unga qarshi qo‘yilgan og‘ir ayblovlarni armiyaga yozilishga majburlash uchun qo‘llanayotgan odatiy hiyla deb o‘ylashdi. 2024-yilgi qonun ayblanuvchilarga jinoiy ayblov bilan hukm qilinishdan qutulish imkonini beradi, sharti armiyaga qo‘shilish – oqlanish darajasi 1 foizdan kam bo‘lgan mamlakatda bu jozibador taklifdir.
Mukashev taklifni rad etgan va sud uni 10 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilgan.
2024 yil noyabrь oyida qamoqxonada u fikrini o‘zgartirdi. Do‘stlarining aytishicha, Trampning urushni tezroq tugatish haqidagi va’dalari uni ruhlantirgan va tinchlik kelishuviga erishilgunga qadar ozod bo‘lish uchun tezroq ro‘yxatdan o‘tishga qaror qilgan.
"U buni 10 yillik qattiq rejimdagi qamoqdan ozodlikka chiqish imkoniyati sifatida ko‘rdi", deyiladi uning qo‘llab-quvvatlov guruhi bayonotida.
Urushda qatnashishni odam o‘ldirishni istamaslik bilan qanday kelishtirgani haqida esa izoh yo‘q.
2025 yil 11 iyun kuni Mukashev Ukraina shimoli-sharqidagi Xarkov viloyatida hujum guruhi safida janglarda halok bo‘ldi.
Bi-bi-si raqamlariga ko‘ra, xuddi u kabi, 2025 yilda frontda halok bo‘lgan rossiyaliklarning aksariyati keng ko‘lamli urush boshlanganda harbiylar bilan hech qanday aloqasi bo‘lmaganlardir.
Ammo 2023 yil oktyabrida Avdiivka shahri uchun qonli jangdan so‘ng, bosqin boshlanganidan beri ixtiyoriy shartnoma imzolagan, "ko‘ngillilar" deb ataluvchilar orasida qurbonlar soni barqaror o‘sib bormoqda.
Hozir ular bosqindan oldin armiyaga qo‘shilgan yoki undan keyin harbiy xizmatga safarbar qilingan professional askarlardan farqli o‘laroq, Rossiyaning yangi yollanma askarlarining ko‘pchiligini tashkil etmoqda.
Bir yil oldin o‘lgan rossiyalik harbiylarning 15 foizi ko‘ngillilar hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2025 yilda bu har uch kishidan biriga to‘g‘ri keldi.

Surat manbasi, Reuters
Mahalliy hokimiyat organlari yangi askarlarni doimiy jalb qilish bosimi ostida qolgan, ular katta to‘lovlarni reklama qiladi, katta qarzlari bor odamlar bilan uchrashadi, universitet va kollejlarda targ‘ibot olib boradi.
Bu sa’y-harakatlar Kremlga frontdagi katta yo‘qotishlarni qoplash, shu bilan birga, keng ko‘lamli majburiy safarbarlikdek xavfli siyosiy qadamdan tiyilish imkonini berdi.
Milliy xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev bergan ma’lumotga ko‘ra, oktyabrь oyiga kelib bu yil 336 ming kishi harbiy xizmatga yozilgan – bu oyiga 30 mingdan ortiq demakdir.
Keyinchalik NATO bosh kotibi Mark Ryutte har oyda 25 ming rossiyalik askar halok bo‘layotganini aytdi. Agar ikkalasi ham to‘g‘ri bo‘lsa, Rossiya hali ham yo‘qotayotganidan ko‘ra ko‘proq askar yollamoqda.
Ta’ziyanomalar va qarindoshlar hikoyalariga qarasak, jangga yozilganlarning aksariyati buni o‘z ixtiyori bilan qilgan; ammo, ayniqsa oddiy chaqiriluvchilar va jinoiy javobgarlikka tortilganlarga bosim va majburlash holatlari haqida ham xabarlar bor.
Ba’zi yangi xizmatchilar bir yilga ro‘yxatdan o‘tgach, cho‘ntaklari to‘la pul bilan eski hayotlariga qaytishi mumkinligiga ishonadi.
Yangi yollangan askar bir yilda 10 million rublgacha (128 ming dollar) ishlab topishi mumkin. Aslida, 2022 yil sentyabridan boshlab mudofaa vazirligi bilan tuzilgan barcha shartnomalar urush tugaguncha avtomatik uzaytiriladi.
NATO ma’lumotlariga ko‘ra, urushda halok bo‘lgan va yaralangan rossiyaliklarning umumiy soni 1,1 million kishini tashkil etadi, bir amaldorning hisob-kitoblariga ko‘ra esa, 250 ming kishi halok bo‘lgan.
Garchi bizning ro‘yxatimizga Ukraina sharqidagi ikki bosib olingan hudud jangarilari orasida xizmat qilayotib halok bo‘lganlar kiritilmagan bo‘lsa-da – biz ularning sonini 21 mingdan 23,5 minggacha deb taxmin qilyapmiz – bu bizning hisob-kitoblarimizga mos keladi,
Ukraina ham katta yo‘qotishlarga uchradi.
O‘tgan fevralda prezident Volodimir Zelenskiy jang maydonlarida halok bo‘lganlar sonini 46 ming, yaradorlar sonini esa 380 mingga yetganini aytgan edi. U yana o‘n minglab odamlar bedarak yo‘qolgan yoki asir tushganini qo‘shimcha qildi. Boshqa hisob-kitoblar va o‘zaro bog‘liq ma’lumotlarga asoslanib, biz hozirgacha halok bo‘lgan ukrainaliklar soni 140 mingga yetgan deb hisoblaymiz.












