Rossiyada oziq-ovqat narxlari keskin oshmoqda. Urush ruslar hamyoniga ta’sir qilmoqdami?

- Author, Olga Shamina
- Author, Yaroslava Kiryukina
- Author, Sergey Kagermazov
- Role, BBC News Rus xizmati
- O'qilish vaqti: 5 daq
Katta korporatsiyada ishlaydigan moskvalik reklama mutaxassisi Aleksandr hayot qimmatlashib borayotganidan noliydi.
Bir oy ichida uning oylik oziq-ovqat xarajati 35 000 rubldan (450$) 43 000 rublgacha (555$) ko‘tarildi – bu 22 foizdan ortiq o‘sish demakdir.
Rossiya iqtisodiyoti turg‘unlik va tanazzul o‘rtasida turgan bir paytda, oddiy rossiyaliklar Ukrainaga qarshi urush ta’sirini his qila boshladi. Urush to‘rtinchi yilga qadam qo‘ymoqda.
Aleksandr mahalliy supermarketlarda deyarli barcha zarur mahsulotlar – tuxum, tovuq filesi va mavsumiy sabzavotlar narxi oshganini sezgan. Ushbu maqola uchun suhbatlashgan har bir kishi ismini o‘zgartirdik.
Hatto uning ishga ketayotganda kanda qilmaydigan kundalik ichimligi – mahalliy qahvaxonadagi Amerikano ham birdaniga 230 rubldan 290 rublgacha, ya’ni 26 foizga oshdi.

Surat manbasi, Getty Images
Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Rossiyada narxlar barqaror o‘sib bormoqda. Bunga federal byudjetda urush va mudofaa sanoatiga ustuvor ahamiyat berilgani sabab bo‘lmoqda.
Boshqa tomondan, bu butun mamlakat bo‘ylab jadal iqtisodiy o‘sish va turmush darajasi oshishiga olib keldi.
Shu paytgacha aholi yuqori darajadagi inflyatsiyani, ayniqsa, Moskva va Sankt-Peterburg kabi yirik shaharlarda deyarli sezmagan edi. Katta xarajatlar urushning o‘sib borayotgan iqtisodiy oqibatlarini, G‘arb sanksiyalari va Rossiyadan xorijiy sarmoyalarning chiqib ketishini yashirdi.
2025 yilda iqtisodiy o‘sish keskin sekinladi va maoshlar inflyatsiyaga yetib ololmay qolgach, narxlar oshishi odamlar hamyoniga ta’sir qila boshladi.
Rossiya statistika xizmati Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil boshida bir oydan kamroq vaqt ichida supermarketlardagi narxlar 2,3 foizga oshdi.
Yil boshida hamma narsa qimmatladi: go‘sht, sut, tuz, un, kartoshka, makaron, banan, sovun, tish pastasi, paypoq, kir yuvish kukuni va ko‘plab dori-darmonlar ham.
O‘rtacha oziq-ovqat savati
2019 yildan beri har ikki yilda yanvarь oyida Bi-bi-si Moskvadagi "Pyaterochka" supermarketlar tarmog‘idan 59 ta asosiy mahsulotning bir xil to‘plamini sotib oladi. Savatda sabzavot va mevalar, sut va go‘sht mahsulotlari, konservalar, tez pishar makaron, shirinlik va ichimliklar, shu jumladan, pivo bor.
2024 yilda savat 7 358 rubl (83$) bo‘lgan edi. O‘tgan oyda u 8 724 rublga (112$) yetdi – bu 18,6 foizlik o‘sishdir.
Bu Rosstatning 2024 yil yanvaridan 2026 yil yanvari oxirigacha bo‘lgan umumiy to‘plangan oziq-ovqat inflyatsiyasi 18,1 foiz ekanligini ko‘rsatuvchi ma’lumotiga mos keladi.
68 yoshli Nadejda endi mol go‘shtini sotib olishga qurbi yetmasligi va arzon baliqlar olayotganini aytadi. Oylik nafaqasi – deyarli 32 000 rubl (413$) to'liq oziq-ovqatga ketmoqda.
Savatimizdagi narxlarning eng sezilarli o‘sishlaridan biri 2024 yildan beri meva va sabzavotlar narxining deyarli 15 foizga oshgani bo‘ldi.
Rossiya meva va sabzavotlarni asosan import qiladi, shuning uchun do‘konlardagi narxlar rubl kursi o‘zgarishi va yetkazib berish zanjiridagi uzilishlarga juda sezgir. Ikkalasi ham Ukrainada urush boshlanganidan keyin sodir bo‘ldi.
Shu bilan birga, odatda mahalliy ishlab chiqariladigan sut mahsulotlari narxi ham 41 foizga oshdi. Bu so‘nggi ikki yil ichida savatimizdagi eng katta o‘sishdir. Rossiya sut sanoati fermer xo‘jaliklari xarajatlarining oshishi, qimmat kreditlar va kadrlar yetishmasligidan aziyat chekmoqda.
Soliqlar oshishi va odatlar o‘zgarishi
Narxlar oshishiga ta’sir ko‘rsatgan eng so‘nggi omil – 1 yanvardan boshlab QQSning 20 foizdan 22 foizgacha oshirilgani bo‘ldi.
Sotuvdan olinadigan soliqning oshirilgani Ukrainadagi urush bilan bevosita bog‘liq, chunki Rossiya moliya vazirligi bu mamlakatning "mudofaa va xavfsizligini" moliyalashtirish uchun zarurligini ta’kidlagan.

Surat manbasi, Getty Images
Moskvadan kelgan Aleksandr Bi-bi-siga ovqatlanish odatini o‘zgartirmoqchi emasligini aytgan bo‘lsa, boshqalar oziq-ovqat qimmatlashishi ularning ratsioni va oilaviy byudjetiga sezilarli ta’sir ko‘rsatganini aytmoqda.
68 yoshli Nadejda endi mol go‘shtini sotib olishga qurbi yetmasligini va arzon baliqlarni olayotganini aytadi.
U nafaqaga chiqqan eri bilan Moskvada davlat pensiyasi va erining qo‘shimcha daromadi hisobiga yashaydi. Nadejda aytishicha, uning butun oylik nafaqasi – deyarli 32 000 rubl (413$) faqat oziq-ovqatga ketmoqda.
Bu esa boshqa xarajatlar kechiktirilishiga olib kelmoqda.
Ular mashinani ta’mirlash uchun pul yig‘ishardi, ammo yaqinda oziq-ovqat uchun o‘sha jamg‘armalaridan olishga majbur bo‘lishdi. Xuddi shunday, Nadejdaning eriga yangi qishki kurtka sotib olish (bu taxminan 17 000 rubl (220$) keyingi yilga qoldirildi.
Moskvalik 40 yoshlar o‘rtasidagi marketing mutaxassisi Kristina ham o‘tgan oyda oziq-ovqat sotib olish uchun jamg‘armasidan foydalanishga majbur bo‘lgan. U shaxsiy murabbiy bo‘lib ishlaydigan turmush o‘rtog‘i bilan yashaydi va keyingi vaqtlarda chegirmalarga e’tibor bera boshlaganini, supermarketlarda boshqalar ham shunday qilayotganini payqaganini aytadi.
"Juda pragmatik yondashyapman: nimani xohlayman yoki xohlamayman emas, balki bu mahsulotning 100 grammida qancha oqsil bor, shunga e’tibor beryapman", deydi Kristina.
U va eri tashqarida ovqatlanmayapti, lekin hatto uyda ovqat pishirganda ham, ikki kishilik kechki ovqat narxi ikki baravar oshgan – taxminan 1000 rubldan (12,92$) 2000 rubldan ko‘proqqa (25,85$) yetdi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
2025 yil yozida Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina iqtisodiyot "iqtisodiy o‘sishning muvozanatli sur’ati stsenariysi"ga yaqinligini aytgan edi.
Biroq ba’zi iqtisodchilar o‘tgan yili sezilarli darajada sekinlagandan so‘ng, Rossiya iqtisodiyoti hozir inqirozga uchrash xavfi ostida ekanligini ta’kidlamoqda.
Bu yilgi asosiy xatarlardan biri neftь bozoridan keladi.
Federal byudjet yuqori neftь narxiga qaram, biroq joriy yil boshidan buyon bozor narxlari pasaygan va yaqin kelajakda o‘sish kutilmayapti.
Rossiyaning neftь savdosiga AQShning so‘nggi sanksiyalari ham ta’sir ko‘rsatdi, ular Moskvaning asosiy savdo hamkorlaridan biri bo‘lgan Hindistonga yetkazib berishni to‘xtatdi.
Natijada, Rossiya hukumati rejalashtirganidan ko‘ra kattaroq byudjet taqchilligiga duch kelishi mumkin.

Surat manbasi, Getty Images
Yuqori foiz stavkalari tufayli qarz olish qiyin – urush holatida bo‘lgan va ishonchsiz degan nom chiqargan mamlakatga qarz berishni xohlovchilar kam.
Bu ahvolda boshqa nomaqbul choralar ham yo‘lga qo‘yilishi mumkin – odamlar va biznesga zararli soliqlarni yanada oshirish yoki byudjet xarajatlarini, avvalo, davlat sektorida qisqartirish. Bu iqtisodiyotni sekinlashtiradi va aholi daromadlarini yanada pasaytiradi.
"Umuman olganda, turg‘unlik va yalpi ichki mahsulotning mumkin bo‘lgan pasayishi kuzatilmoqda", deydi iqtisodchi, Pensilvaniya shtat universitetining mehmon dotsenti Tatyana Mixaylova Bi-bi-si bilan suhbatda.
Hozircha hech narsa iqtisodiyotning pasayishidan dalolat bermayapti, lekin uning fikricha, bunday holat yuz berish ehtimoli yuqori.
"Har safar neft narxi pasayganda, Rossiyada inqiroz yuz berishi mumkin", deydi u, garchi iqtisodiyot bir muddat o‘sishsiz davom etishi mumkinligiga ishonsa ham.
Bu oddiy ruslar uchun unchalik tasalli bermasligi mumkin, chunki ular baribir buning ta’sirini o‘z hamyonlarida his qilmoqda.





























