O‘zbekiston fuqarolari o‘z tarixidagi eng millatchi hukumat tomonidan boshqarilayotgan Niderlandiyaga ishga yuborilishi mumkin

Elchi G‘ayrat Fozilov Niderlandiyaning "EuroTalents" ishchi agentligi vakillari bilan.

Surat manbasi, Dunyo

Surat tagso‘zi, Elchi G‘ayrat Fozilov Niderlandiyaning "EuroTalents" ishchi agentligi vakillari bilan.
O'qilish vaqti: 2 daq

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, O‘zbekistonning Benilyuks (Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg)dagi elchisi G‘ayrat Fozilov

o‘zbekistonliklar Niderlandiyaga borib ishlashlari imkoniyatlarini "EuroTalents" agentligi bilan muhokama qildi.

Vazirlikka tegishli Dunyo xabar agentligi yozishicha, janob elchi Niderlandiyaning "EuroTalents" agentligi direktori Tommi Kok va agentlik hammuassisi Ticho Saul bilan uchrashgan.

"Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistondan Niderlandiyaga ishchi kuchini jalb qilish, shuningdek, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va "EuroTalents" rekruting agentligi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi", - deyiladi rasmiy xabarda.

O‘zbekiston Prezidenti 2024-yil 17oktyabrda "Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzolagan.

Rossiya va sobiq sovet respublikalaridan tashqari, O‘zbekiston oxirgi yillarda Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Isroil, Kanada, Polsha, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy kabi xorijiy sheriklar bilan ishchi kuchni yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, elchi va niderland sheriklar O‘zbekiston bilan logistika va transport, qurilish va infratuzilmani rivojlantirish, texnologiya, mehmonxona biznesi va tibbiyot kabi sohalarda mehnat resurslarini jalb qilish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini muhokama qilishgan.

Shuningdek, vazirlik xabariga ko‘ra, "EuroTalents" rekruting agentligi Benilyuks mamlakatlaridagi kompaniyalar xorijiy ishchi kuchini faqat qonuniy asosda yollashini qayd etgan. Ta’kidlanishicha, agentlik xorijiy fuqarolarni yollash jarayonining barcha bosqichlari, jumladan, shartnomalar tuzish, ish haqi, uy-joy bilan ta’minlash va qonunchilikka rioya qilish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hal etishga yaqindan ko‘maklashadi.

Ommaviy deportatsiyaga chaqirib keladigan siyosatgi Xeert Vilders hozirda Niderlandiya hukumatidagi eng yirik partiyaning lideri.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Ommaviy deportatsiyaga chaqirib keladigan siyosatgi Xeert Vilders hozirda Niderlandiya hukumatidagi eng yirik partiyaning lideri.

Elchi bilan uchrashuvda "EuroTalents" agentligi O‘zbekistonning Migratsiya agentligi bilan onlayn muzokaralar o‘tkazishi kelishib olingan.

Yevropaning shimoli-g‘arbida joylashgan va Gollandiya nomi bilan ham ataladigan Niderlandiyada oxirgi yillarda malakali ishchilar yetishmayapti. Xususan, tibbiyot, quruvchilik, texnologiya sohalarida ishchi tanqisligi yuzaga kelgan. Bu vaziyat yaqin kelajakda yomonlashib borishi kutiladi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Ayni damda, Niderlandiya siyosatida anti-immigratsion kayfiyat kuchayib, immigratsiyani cheklashga chaqiruvchi partiyalar hukumatni egallagan. Hozirda mamlakatni Niderlandiya tarixidagi eng o‘ng-qanot partiyalar koalitsiyasi boshqaradi.

Davlat o‘tgan sentyabrda immigratsiyani cheklovchi qonunlarni qabul qildi. Jumladan, Niderlandiya fuqaroligini olish muddati 5 yildan 10 yilga o‘zgartirildi. Shuningdek, hukumat past maoshli ishlarga keluvchilar sonini keskin kamaytirib, yuqori malakali ishchilarni jalb qilishga ahd qildi.