Los-Anjelesdagi yong‘inlar qurbonlari soni 24 kishiga yetdi, ofat yanada tarqalishi kutilmoqda

yong'in

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Kanada va Meksikadan ham o‘t o‘chiruvchilar yordamga kelgani xabar qilinmoqda.
O'qilish vaqti: 4 daq

Kaliforniyaning favqulodda xizmatlari bu hafta boshida Los-Anjelesda shamol kuchayishi haqida ogohlantirdi, bu esa o‘rmon yong‘inlarining yanada tezroq tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Eng yirik yong‘in Tinch okeani sohilidagi Paliseydes hududida kuzatilmoqda hamda Brentvud va Bel-Eyr — ko‘plab amerikalik yulduzlarning dang‘illama uylari joylashgan hududlarga tahdid solmoqda.

7 yanvarda boshlangan Los-Anjelesdagi yong‘inlar tarixdagi eng katta vayronalardan birini keltirib chiqardi. 180 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilindi, taxminan 10 mingta bino yonib ketdi.

Los-Anjeles okrugi patolog-anatomi yakshanba kuni yong‘in qurbonlari soni 24 kishiga yetganini ma’lum qilgan. Qurbonlarning16 nafari Iton hududida, yana sakkiz nafar esa Paliseydesda topilgan.

Yong‘in natijasida bir qator Hollivud yulduzlari o‘z uylarini yo‘qotgan: jumladan, Entoni Xopkins, Peris Xilton, Billi Kristal va Mel Gibson.

Ofat ko‘lami shu qadar yirikligidan Meksika va Kanadadagi hamkasblari mahalliy o‘t o‘chiruvchilarga yordam berish uchun yetib kelgan.

Aloqador mavzular:

"Nazoratga olingan" yong‘in

yong'in

Surat manbasi, Kyle Grillot/Bloomberg

Surat tagso‘zi, Los-Anjeles yong‘inlari tarixda o‘xshash xarakterdagi eng ko‘lamli ofatga aylangan.

Hozirda Los-Anjelesda kamida uchta yong‘in davom etmoqda: Pasifik-Paliseydes hududida (yong‘in ko‘lami 96 kv km, nazoratga olinganlik darajasi 13%), Iton hududida (yong‘in ko‘lami 57 kv km, nazoratga olinganlik darajasi 27%) va Xerst hududida (yong‘in ko‘lami 3,2 kv km, nazoratga olinganlik darajasi 89%).

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Favqulodda xizmatlarning tushuntirishicha, "yong‘in nazoratga olindi" degani yong‘in to‘liq o‘chirilganini anglatmaydi.

Bu yong‘in tarqalishi ustidan nazorat o‘rnatilganini anglatadi.

Masalan, 11% degan ko‘rsatkich yong‘in perimetrining faqat shu qismida turli to‘siqlar bilan qurshab olinganini bildiradi.

kosmos

Surat manbasi, Satellite image ©2025 Maxar Technologies

Surat tagso‘zi, Yong‘in ko‘lami kosmosdan ham yaqqol ko‘rinmoqda. Surat 11 yanvarь kuni sun’iy yo‘ldoshdan olingan.

Bu to‘siqlar tabiiy (yo‘llar yoki daryolar) yoki qutqaruvchilar tomonidan o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin.

Yong‘in 100% nazoratga olingan deb hisoblanganda, uning barcha tomonlari to‘siqlar bilan qurshalgani va u endi tarqalmasligi anglashiladi.

Juma kuni Los-Anjelesda kuchli shamol biroz susaygan, bu esa o‘t o‘chiruvchilarga yong‘in bilan kurashda muayyan muvaffaqiyatlarga erishish imkonini bergan.

Ammo o‘shandan buyon shamol yana kuchayishni boshlagan.

Sinoptiklarning prognozlariga ko‘ra, yakshanba kechasidan chorshanbagacha yong‘in yuz berayotgan hududda shamolning tezligi 96 km/soatga yetishi mumkin.

Bu shamol sabab yong‘in boylar yashaydigan Brentvud hududiga tarqalish xavfi borligi aytilmoqda.

Brentvudda Arnold Shvartsenegger va Riz Uizerspun kabi ko‘plab Hollivud yulduzlarining uylari joylashgan.

Bundan tashqari, Brentvudda Getti ko‘rgazma markazi joylashgan bo‘lib, u yerda Rembrandt va Van Gogning bebaho san’at asarlari saqlanadi.

Yong‘in, shuningdek, 1,8 million odam yashaydigan zich aholilik San-Fernando vodiysiga tarqalishidan ham xavotirlar yuzaga kelgan.

Los-Anjeles sherifi Robert Luna yakshanba kuni shahar aholisining 105 ming nafari evakuatsiya qilinishini, yana 87 ming nafari esa evakuatsiya ogohlantirishi olishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Bungacha 153 ming nafar odam zudlik bilan evakuatsiya qilinishi kerakligi, yana 166 ming nafar odamga ogohlantirish berilgani haqida xabar berilgan edi.

Marodyorlik xavfi

yong'in

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Yong‘in oqibatida minglab uylar, jumladan, ko‘plab Hollivud yulduzlarining dang‘illama hovlilari yakson bo‘lgan.

Sherif Robert Luna ofat hududida marodyorlik xavf yuzaga kelgani hamda vaziyatni nazorat ostida saqlash maqsadida 1,200 nafarga yaqin politsiyachi safarbar etilgani haqida ham gapirgan.

Ular 12 soatlik smenada ishlayotgani, yo‘llarni nazorat qilish, mahalliy aholining uylarini aylanib chiqish va evakuatsiyada yordam berish bilan shug‘ullanayotgani aytilmoqda.

Politsiya marodyorlikda gumon qilingan 29 kishini hibsga olgan ham.

Sherif Lunaning aytishicha, gumon qilingan ikki kishi o‘zini o‘t o‘chiruvchi sifatida ko‘rsatishga uringan.

Tramp keladimi?

Yakshanba kuni Los-Anjeles meri Karen Bass saylangan prezident Donald Trampni ofat hududini kelib ko‘rishga taklif qilgan.

Tramp Los-Anjelesdagi yong‘inlarni AQSh tarixidagi eng yirik ofatlardan biri deb atagan va shahar rasmiylarini ofatga qarshi choralar ko‘ra olmaganlikda tanqid qilgan.

"Los-Anjelesda yong‘inlar hanuz davom etmoqda. Noqobil siyosatchilar yong‘inni qanday o‘chirishni bilishmaydi ham. Minglab go‘zal uylar yakson bo‘ldi, va yana ko‘plab uylar xuddi shu taqdirga duch kelmoqda. Har joyda o‘lim… Ular hattoki yong‘inlarni o‘chira olishmaydi. Nega ular bunaqa o‘zi?" deb yozgan Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida.

Los-Anjeles va Kaliforniya odatda demokratlar uchun ovoz beriladigan hududdir.

Ko‘plab respublikachilar shtat gubernatori, demokrat Geyvin Nyusomning iste’fosini talab qilib chiqqan.

O‘z navbatida, Nyusom ham Trampni ofat hududiga kelishni taklif qilgan.

Shunga qaramay, BBC muxbirlarining aniqlik kiritishicha, Trampning hududga tashrifi yong‘inlarni bartaraf etish jarayoniga xalaqit beruvchi logistik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.