O‘zbekiston sayyohlarning cho‘ntagi izidan quvyaptimi?
O‘zbekiston sayyohlikni o‘zi uchun muhim sohalardan biri sifatida ko‘rmoqda. Mirziyoyev qudratga kelgach, sayyohlar oqimi qariyb olti baravarga oshib, soha mamlakat uchun ustivor yo‘nalishga aylandi. Biroq, ayni rivojlanish ba’zi hollarda aholi e’tirozi va turar-joy binolarining buzilishi barobarida kechmoqda.

Surat manbasi, president.uz
9-apreldagi yig‘ilishda Prezident Mirziyoyev turizm sohasida erishilgan yutuqlarni qayd etgan.
Yillar davomida tashqi dunyoga qariyb yopiq bo‘lib kelgan O‘zbekiston sayyohlik oqimini 2016 yilgi 2 milliondan qariyb 11 millionga yetkazdi.
Sayyohlikning YIMdagi ulushi 0.5 foizdan taxminan 3 foizga o‘sgan.
O‘zbekistonda turizm xizmat ko‘rsatishdagi muhim sektor o‘laroq shakllanmoqda. Hukumat ayni sohaga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirgan.
Prezident matbuot xizmati buni "so‘nggi sakkiz yilda erishilgan yutuq" o‘laroq tavsif etadi.
O‘zbekistonning Turizm elchisi Sofia Ibotsonga ko‘ra, mamlakatning turizm salohiyati keng, ammo ijrodagi kamchiliklar ayni rivojlanishga to‘siq bo‘lmoqda.

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Prezident Shavkat Mirziyoyev e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, O‘zbekiston 2024-yilda 10 milliondan ortiq xalqaro sayyohni jalb qilgan va bu mamlakatning turizm sektoriga 3,5 milliard dollar daromad keltirgan.
Rejalarda dastlab O‘zbekiston 2030-yilga borib xorijlik sayyohlar sonini 15 millionga yetkazishi ko‘zda tutilgan edi.
Ammo O‘zbekiston prezidentining aytishicha, mamlakat ayni maqsadga joriy yilda erishishi mumkin.
Biroq, mavjud tashriflar yo‘nalishi cheklangan. Sayyohlarning aksariyati, asosan, tarixiy imoratlar va muzeylar bilan cheklanadi.
Ularning ham ba’zilari allaqachon himoyaga muhtoj ahvolda.
Ta’mirlash va kengaytirishlar bo‘yicha chiqarilgan loyihalar esa ba’zan e’tiborsiz qolib ketadi, ba’zan aholi e’tiroziga sabab bo‘ladi.
Jumladan, Samarqanddagi Imom Moturidiy majmuasini kengaytirish maqsadida 217 nafar fuqaroga tegishli bo‘lgan turar-joy binolari buzilishi reja qilingan.
Tarmoqlarda tarqalgan e’tirozli xabarlarga javoban, Madaniy Meros agentligi ayni loyiha Prezident farmoniga muvofiq va YuNESKO Umumjahon merosi markazini xabardor qilgan holda amalga oshirilishini bildirgan.

Surat manbasi, Madaniy meros agentligi
Shu bilan birga, hukumat turizmning bir yo‘nalishi bilan cheklanib qolmaslikka va sayyohlikning boshqa jabhalarini ham rivojlantirishga urinmoqda.
Xususan, Surxondaryo viloyatining janubiy tog‘li hududlarida qishki dam olish maskanlari barpo etish rejalangan.
Kuni kecha esa Prezident Mirziyoyev Yashnobod tumanida qurilishi ko‘zda tutilayotgan okeanarium bilan tanishgan. Ushbu okeanarium Chirchiq daryosi bo‘yidagi 20 gektar yerda quriladi.
Rasmiylar, shuningdek, sayyohlar uchun chipta va viza olish tartib-qoidalarini soddalashtirish maqsadida elektron platforma ishlab chiqishmoqda.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda sayyohlikni rivojlantirish uchun shu qadar ko‘p qarorlar qabul qilinganki, ayni paytda qonunchilik bazasida sohaga doir yuzdan ortiq huquqiy hujjatlar mavjud.
Ularning ba’zilari amalda bo‘lsa-da, aksari chala holatda yoki e’tibordan chetda qolgani aytiladi.
Mahalliy Kun.uz nashrining yozishicha, olti oy avval qabul qilingan hukumat qarorida ko‘rsatilgan ko‘plab tashabbuslar amalga oshmay qolmoqda.
"Shunisi e’tiborga loyiqki, sanoat, geologik, ilmiy, harbiy va davlat boshqaruvi turizmi kabi yangi turizm formatlari hali paydo bo‘lmagan, PayPal va Apple Pay kabi xizmatlar hali ham O‘zbekiston bozoriga kirmagan" - deb yozadi nashr.
Shunga qaramay, sayyohlikka doir yangi loyiha va qarorlar to‘xtab qolgani yo‘q.
Chet ellik mehmonlarning tez ko‘payishiga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston rasmiylari Yevropada ishlab chiqarilgan 14ta Airbus yo‘lovchi samolyotini sotib olish va qo‘shimcha beshtasini ijaraga olish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi.
Bundan tashqari, rasmiylar AQShning Boeing ishlab chiqaruvchisi bilan taxminan 2 milliard dollarlik 14 787-8 Dreamliner sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Kuzatuvchilarning fikricha, O‘zbekiston turizmni katta daromad keltiradigan, ish o‘rinlari yaratadigan sohaga aylantirmoqchi.
Sofia Ibotson mamlakatning sayyohlik salohiyati keng ekanligini, ammo ijrodagi kamchiliklar loyihalarni kechiktirayotganini aytadi.
"O‘zbekiston ham madaniy, ham ko‘ngilochar manzil sifatida shakllana oladi. Biz buni so‘nggi yillarda aniq ko‘rdik. Ammo hukumat ishlab chiqqan loyihalarning hammasi ham amalga oshmaydi. Bu esa mamlakatda turizm rivojlanishini ortga tortmoqda" - deydi u.












