O‘zbekiston va mintaqa: DXX jazo muqarrarligini aytdi, Markaziy Osiyodan G‘azoga yordam bordi, Javohir IShID topshirig‘ini bajarganmi – Rossiya o‘zbekistonlikni 20 yilga kesdi

Illyutrativ surat

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Bunga o‘xshash jinoiy ish tafsilotlari O‘zbekistondan bu yaqin yillarda olinmagan.
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekiston va mintaqada nima gap – BBC O‘zbek xizmatining mintaqaviy dayjesti.

Bunaqasi bo‘lmaganmi?

O‘zbekistonda xalqaro miqyosda juda katta miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan uyushgan jinoiy guruh fosh qilingani aytilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Bunga o‘xshash jinoiy ish tafsilotlari O‘zbekistondan bu yaqin yillarda olinmagan.

DXX axborotiga tayanilsa, bunga Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmalari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv natijasida erishilgan.

Aytilishicha, jinoiy guruhga 34 kishi kirgan, unga Farg‘ona shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro rahbarlik qilgan.

Jinoiy guruh Farg‘ona va Toshkent shaharlarida binolarni ijaraga olgan. "Koll-markaz"lar niqobi ostida faoliyat yuritgan.

Guruh Rossiyadagi dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning 70 mingdan ziyod mijozlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.

Bunga esa axborot texnologiyalari yordamida muvaffaq bo‘lgan.

Keyin bo‘lajak o‘ljalari bilan qay tarzda muomala qilish bo‘yicha o‘rgatilgan operatorlar SIP telefoniya va Zoiper ilovalari orqali asosan keksa yoshdagilarga qo‘ng‘iroq qilishgan.

O‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar va bank xodimlari sifatida tanishtirishgan.

Ma’lum qilinishicha, keyin ular go‘yoki kompaniya tomonidan sifatsiz dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar sotilganligini ta’kidlagan holda, mijozlarga 500 mingdan 580 ming rublgacha miqdorda kompensatsiya to‘lab berilishini aytishgan.

Buning uchun esa fuqarolar 5 mingdan 20 ming rublgacha miqdorda soliq to‘lashlari kerakligiga ishontirilgan, deyilda DXX rasmiy xabarida.

Natijada jabrlanuvchilar jinoiy guruh a’zolari tomonidan taqdim etilgan turli bank plastik kartalariga jami 9 mln 599 ming 561 rubl miqdoridagi pul mablag‘larini o‘tkazib berishgan, ya’ni, rossiyaliklardan jami 124,5 ming AQSh dollar miqdorida pul undirishgan.

Aytilishicha, jinoiy guruhning 3 nafar a’zosi yana kriptovalyutalar savdosini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olmasdan, jami $470 ming AQSh dollariga yaqin kripto-aktivlar aylanmasini ham amalga oshirgan.

DXXga ko‘ra, ularning ishi Yozyovon tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Jinoiy guruh a’zolarining 21 nafariga qamoq jazosi berilgan.

3 yil 6 oydan 9 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan maxrum etish jazolari belgilangan.

Qolgan 13 nafarining ozodligi turli yillarga cheklangan, jarimalar ham qo‘llanilgan.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar ham undirilishi aytilgan.

O‘zbekiston tomonining rasmiy xabariga Rossiyaning munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

O‘zbekistonlikka 20 yil

Hibs qilinayotgan shaxs

Surat manbasi, LAURENT FIEVET/AFP via Getty Images/ILLYUSTRATIV

Xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada terakt uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rganlikda aybdor, deb topilgan.

Janubiy okrug harbiy sudi Javohir O‘tkirovni 20 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Sud vakilining jurnalistlarga aytishicha, u Stavropol o‘lkasidagi hukumat binosida terakt uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rgan.

Unga ko‘ra, Javohir O‘tkirov Rossiyada faoliyati taqiqlangan IShID guruhi manfaatlari yo‘lida harakat qilishga rozi ekanini aytib, video olgan va uni guruh a’zosiga yuborgan.

Rossiyadagi yetakchi nashrlarning sud vakili so‘zlariga tayanib xabar berishlaricha, O‘tkirov keyinroq IShID yetakchisining ko‘rsatmasi bilan Rossiya hududidagi aholi punktini tanlash va u yerdagi terakt nishonini o‘rganish vazifasini o‘z zimmasiga olgan.

23 sentyabr kuni O‘zbekistondan Rossiyaga kelgan va o‘zi tanlagan aholi punkti – Stavropol haqida ma’lumot bergan va u yerdagi bir nechta ob’ektlarni suratga olgan.

Dekabr oyida IShID yetakchisi Stavropol o‘lkasi hukumati binosiga ishora qilib, unga terror hujumining taxminiy joyi haqida ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng gumonlanuvchi qo‘lbola portlovchi uskuna va portlovchi moddalar tayyorlash uchun zarur bo‘lgan narsalarni xarid qilgan. Ularni hozirlab, so‘ng yashirin joyga olib o‘tgan.

18 dekabr kuni esa hibsga olingan.

Sud vakilining bildirishicha, mahkama Javohir O‘tkirovni aybdor, deb topgan.

20 yillik jazosining besh yilini qamoq, qolganini esa qattiq tartibli koloniyada o‘tashi va uning yana 1 million rubl miqdorida jarima to‘lashi ham ko‘zda tutilgan.

Sud hukmiga va sud vakilining so‘zlariga ayblanuvchi o‘zining munosabati ma’lum emas.

Uning sud hukmi ustidan shikoyat arizasi bilan chiqish niyatida ekani yoki yo‘qligi ham hozircha noayon.

Tergov va sud jarayoni qanday o‘tgani, uning advokatga qanchalik imkonli bo‘lganmi-yo‘qligi tafsilotlari ham Rossiya nashrlarining xabarlarida ko‘zga tashlanmaydi.

Rossiyadan olinayotgan ayni xabarlarga O‘zbekiston tomonining munosabati halicha ma’lum emas.

Markaziy Osiyodan G‘azoga yordam

Tojikistonning G‘azoga yo‘llagan yordam karvoni

Surat manbasi, RASMIY

Shu kunlarda Tojikistondan olingan yana bir rasmiy xabar ham mintaqada ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortgan.

Tojikiston shu dam olish kunlarida G‘azoga yana insonparvarlik yordami yuborgan.

Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi rasman xabar bergan.

Oltita katta yuk mashinasiga yuklangan yordamning oziq-ovqat, issiq kiyim, chodirlar va suv o‘tkazmaydigan plyonkadan iborat ekani aytilgan.

Vazirlikka ko‘ra, yuk mashinalaridan iborat karvon 8 fevral kuni Rafah nazorat punkti orqali G‘azoga yetkazilgan.

Yordam bo‘lgaga Tojikistonning Misrdagi elchisi va Tojikiston xayriya tashkilotlari vakillari hozirligida o‘tkazilgan.

Vazirlikning rasmiy xabarida Tojikiston G‘azo aholisiga ushbu mintaqada mojaro boshlangan ilk kunlardan boshlab doimiy ravishda insonparvarlik va moliyaviy yordam ko‘rsatib kelayotgani alohida ta’kidlangan.

Xabar musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyiga sanoqli kunlar qolayotgan va hali qish mavsumi davom etayotgan bir paytda olingani bilan ham xos ahamiyat kasb etgan.

Шавкат Мирзиёев
rasmiy
Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalarida belgilanganidek, mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da).

G‘azodagi vaziyatga O‘zbekiston ham befarq emas.

Shavkat Mirziyoyev o‘zlarining "Falastin xalqi bilan birdam ekanliklarini qat’iy bildirishlari"ni aytgan.

Falastinning "BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlashlari"ni bayon qilgan.

O‘zbekiston prezidenti orada "zo‘ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to‘qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishi, bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin"ligi bilan ogohlantirgan.

Shavkat Mirziyoyev shularning barchasini nazarda tutgan holda, poytaxt Toshkentda ham "har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelish, jangovar harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinchlik yo‘li bilan hal etish"ga chaqirgan.

O‘zbekiston yetakchisi har ikki tomondan qurbon bo‘lgan barcha insonlarning oilalariga "chin dildan" o‘z ta’ziyalarini izhor etarkan, "G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qabul qilgan qarori" haqida ham rasman ma’lum qilgandi.

Yangilik o‘shanda so‘nggi Isroil-G‘azo urushi fonida hozircha qolgan biror bir mintaqa davlati poytaxtida kuzatilmagani bilan ham chetdagi ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortmay qolmagandi.

Shavkat Mirziyoyevning bayon qilishicha, Isroil-Falastin muammosining yagona va eng adolatli yechimi - nizoni "ikki xalq uchun ikki davlat" tamoyili asosida hal etishdir.

O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, "Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalarida belgilanganidek, mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega".

Prezident Mirziyoyev keyin falastinliklarni O‘zbekistonda beg‘araz davolashga tayyorliklarini ham bildirgan.

Buning ortidan o‘nlab falastinlik yarador ayol va bolalar o‘z hamrohlari bilan birga O‘zbekistonga vaqtincha olib kelingan.

O‘zbekiston hukumati ularga mamlakatda bo‘lish davrida oilasining barcha ehtiyojlari, jumladan, mehmonxonalar, maktablar, oziq-ovqat va boshqa narsalar bilan ta’minlashi, reabilitatsiya markazlari va shifoxonalarga joylashtirishi ham aytilgan.

O‘zbekiston rahbariyatining bu ishi ham o‘shanda mintaqa qolib, xalqaro miqyosda ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortmay qolmagan.