O‘zbekiston fuqarosi va to‘rt shirkati Buyuk Britaniya jazo choralari ro‘yxatiga kiritildi

Kimyo zavodi.

Surat manbasi, ЕРА

Surat tagso‘zi, Buyuk Britaniya paxta va sellyuloza mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi O‘zbekistondagi to‘rt shirkatni jazo choralari ro‘yxatiga kiritdi.
O'qilish vaqti: 3 daq

Buyuk Britaniyaning Moliya va Iqtisod vazirligi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq jazo choralari tatbiq qilingan shirkatlar ro‘yxatiga O‘zbekistondagi to‘rt shirkat va bir O‘zbekiston fuqarosini kiritdi.

Vazirlikning 18 dekabr kuni yangilangan ro‘yxatiga Farg‘ona kimyo zavodi - "Farg'ona kimyo zavodi MChJ" , Toshkentda qayd qilingan paxta mahsulotlarini eksport qilishga ixtisoslashgan Gelion Biznes treyd - "Gelion Business Trade LLC", Jizzaxdagi sellyuloza xom ashyo korxonasi - "Raw Materials Cellulose LLC" va Navoiydagi kimyo korxonasi - "Chemistry International LLC JV" kiritilgan.

List of Russia sanctions targets, 18 December 2025 ro‘yxatidagi shirkatlarning moliyalari muzlatilishi, ya’ni Buyuk Britaniya hududida ular egalik yoki nazorat qilgan har qanday moliya va iqtisodiy resurslari muzlatilishi shuningdek, har qanday Buyuk Britaniya jismoniy yoki yuridik shaxslar ular bilan hamkorlik qilish uchun maxsus litsenziya olishlari kerakligini nazarda tutadi.

Buyuk Britaniya Moliya va Iqtisod vazirligining jazo choralari ro‘yxatiga shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi Rustam Mo‘minov ham kiritilgan. Ayni vaqtda Rustam Mo‘minov Isroil va Rossiya fuqaroligiga ham ega ekanligi ham ko‘rsatilgan.

Buyuk Britaniya Moliya va Iqtisod vazirligi ro‘yxati.

Surat manbasi, ВВС

Surat tagso‘zi, Buyuk Britaniyaning Moliya va Iqtisod vazirligining jazo choralari yangi ro‘yxati 18 dekabr kuni e’lon qilingan.

Vazirlik hujjatida aytilishicha, Rustam Mo‘minov Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan jazo choralari kiritilishi bilan bog‘liq amallarga " aloqador shaxs" ekanligini taxmin qilish uchun yetarlicha asoslar mavjud va u moliyaviy xizmatlarni ta’minlash, moliya ajratish, iqtisodiy resurs, tovar va texnologiyalarni muhayyo qilish bilan Ukrainani beqarorlashtirish, hududiy yaxlitligiga raxna solish, mustaqilligi va suverenitetiga xavf solishi mumkin bo‘lgan jarayonga hissa qo‘shgan.

Buyuk Britaniya jazo choralari ro‘yxatidagi hamma to‘rt korxona ham aynan ana shu sabablar asosida kiritilgani aytilgan.

Ba’zi manbalarda ro‘yxatga kiritilgan 2 shirkat – Farg‘ona kimyo zavodi va Jizzaxdagi sellyuloza korxonasiga Rustam Mo‘minov yo egalik qilishi yoki aloqador ekanligi aytilgan.

Kuzatuvchilar Rustam Mo‘minov O‘zbekistondan paxta mahsulotlari eksportining yirik qismini (ba’zi manbalarga ko‘ra, 85 foizini) nazorat qilishini ham aytishadi.

Paxta va sellyuloza mahsulotlari porox ishlab chiqarishda foydalanilishi ma’lum.

Jazo choralarining ta’siri

2025 yil iyun oyida Buyuk Britaniya O‘zbekistonni Rossiyaga nisbatan kiritilgan jazo choralarini buzish ehtimoli katta bo‘lgan davlatlar sifatida ko‘rsatgandi.

Shuningdek, Britaniyadagi banklar, sug‘urta shirkatlari va ta’minotchilar bilan ish yuritayotgan O‘zbekiston shirkatlarining xizmatlari yoki tovarlari bilvosita bo‘lsa ham Rossiyaga borib qolishi ehtimoli tufayli ular mufassal tekshiruvga yuz tutishlari mumkinligi aytilgandi. Bu esa avvalroq, 2025 yil fevral oyida uchinchi davlatlar orqali Rossiya bilan ish yuritishni cheklashga qaratilgan choralar paketi ortidan yangragan.

Mutaxassislarga ko‘ra, bu choralarning O‘zbekistondagi shirkatlar uchun avvaldan ko‘zda tutilmagan ta’siri keng bo‘lishi mumkin.

Ya’ni britaniyalik shirkatlar yoppasiga O‘zbekistondagi shirkatlar bilan ularning biron qoidalarni buzganliklari dalillari bo‘lmasa ham, shunchaki ehtimoliy xavfdan o‘zlarini himoya qilish uchun ish yuritishdan bosh torta boshlashlari mumkin.

Aloqador mavzular:

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga xalqaro bozorlarda ham shubha bilan qarala boshlashiga olib kelishi ehtimoli ham bor.

Bundan tashqari o‘zbekistonlik shirkatlar bilan ish yuritishdan avval mavjud sanksiya va qoidalarga rioya qilinayotganligini tekshirish kabi qimmatga tushuvchi va murakkab jarayonlar to‘sig‘i vujudga kelishi ehtimoli katta.

Shuningdek, mutaxassislar Britaniya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalari miqyosi u qadar katta emasligi, yiliga atigi 500 million AQSh dollari atrofida ekanligini va Britaniya iqtisodi uchun u qadar katta ahamiyatga ega emasligini ta’kidlashadi.

Ularga ko‘ra, Rossiyaga nisbatan jazo choralari asosli ravishda kiritilgan. Shuning uchun Buyuk Britaniya bu jazo choralarini aylanib o‘tishga harakat qilgan shirkatlarga nisbatan chora qo‘llashga haqlidir.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lib kirish istagida ekan hukumat, Savdo Palatasi va O‘zbekistondagi shirkatlar xalqaro qonun-qoidalar doirasida ish yuritishni o‘rganishlari muhimligi ham aytilmoqda.

Hozirda Buyuk Britaniya kiritayotgan jazo choralari O‘zbekistondagi shirkatlarga ana shu yo‘lda amal qilishni o‘rganish imkoniyati sifatida ham qaralmoqda.