Hojatxonadagi bakteriya insonlar hayotini asrab qolishi mumkin

- Author, Jeyms Gallaher
- Role, Bi-bi-sining salomatlik va ilm-fan muxbiri
- O'qilish vaqti: 6 daq
Men infektsiyalarni davolashi mumkin bo‘lgan xaloskor virusni qidiryapman.
Biz barchamiz virus "yomon bolalar"ni yaxshi bilamiz – kovid, gripp, norovirus, gerpes, suvchechak, qizamiq… ro‘yxat tugamaydi.
Biroq shunday virus borki, u inson organizmiga emas, balki bakteriyalarga hujum qiladi.
Ular bakteriyaxo‘rlar, «bakteriofaglar» yoki shunchaki «faglar» deb ataladi.
Bunday viruslarni topsak, antibiotiklarga dosh berayotgan xavfli "superbakteriyalar"dan davolanishning yangi usulini ochish mumkin.
Xo‘sh, bunday "qotil" virusni qanday tutamiz?
Aytishlaricha, bu ajablanarli darajada oson ekan. Phage Collection Project jamoasi menga namuna to‘plash uchun flakonlar va qo‘lqop yubordi. Mendan talab qilinadigan ish – shunchaki iflos suv topib, flakonni botirish va qopqog‘ini yopish.

Men bir necha havzalardan, qurt-kompost idishidan namuna oldim. Endi esa eng iflos manba kerak edi. Shu bois, hojatxonadagi "katta hojat"dan so‘ng suvini bir necha soat tortmasdan qoldirdim. Qo‘lqop kiyib, nafasni ushlab, so‘ng namuna oldim. Barcha gigiena qoidalariga – ayniqsa, qo‘llarni astoydil yuvishga qat’iy amal qildim.
Flakonlar laboratoriyaga yuborildi. Uch kundan so‘ng men Sautgempton universitetiga yo‘l oldim – natijalarni ko‘rish uchun.
"Olganimda ular ancha iflos edi," deydi faglar bo‘yicha olim Mishel Lin, biz mikroorganizmlar ustida ishlashga mo‘ljallangan 2-darajali xavfsizlik laboratoriyasiga kirish arafasida ko‘k xalat va maxsus qo‘lqop kiydik.
Muzlatkichdan mening flakonlarimni chiqarib oldik – ular endilikda ancha toza, iflosliklardan filtrlangandi.
"Hammasi joyida – bu jarayon uchun zarur," deydi Mishel, bu yoqimsiz ishni bajargan inson.

Filtrlash – faglarni topishdagi birinchi bosqich. Keyin ularga "taom" – faglar yaxshi ko‘radigan bakteriyalar aralashmasi – beriladi, ko‘payishlari uchun.
Endi esa eng qiziq qism – foydali fagni topish. Olimlar yaqin atrofdagi shifoxonadan davolash mushkul bo‘lgan infektsiyalarga chalingan bemorlardan bakteriya namunasini to‘plashgan.
Mishel menga Petri idishini ko‘rsatadi – unda qayta-qayta siydik yo‘llari infektsiyasiga sabab bo‘ladigan bakteriyalar o‘smoqda.
Men uchun haqiqiy hayrat – hojatxonadan olgan faglarimdan biri ushbu infektsiyani laboratoriya sharoitida yo‘q qila olgani.
"Fag bakteriyani zararlaganini shunday ko‘rasiz: bakteriya o‘smagan joylarda halqasimon teshikchalar paydo bo‘ladi – ular faglar tozalagan joylar," deb tushuntiradi Mishel.

Idishda leopard terisiga o‘xshash naqshlar paydo bo‘lgan – faglar zamonaviy tibbiyot yechim topa olmagan infektsiyani oson yo‘q qilgandi.
"Qancha g‘alati tuyulmasin, hojatxona namunasiga rahmat," deydi Mishel, tabassum bilan.
Fagga nom qo‘yish imkoniyati berilganda, men unga Gallaxer-fag deb nom qo‘ydim.
"Menga ajoyib eshitilyapti bu nom," dedi Mishel mamnuniyat bilan.
Hozircha buning hammasi laboratoriyadagi qiziqarli tajriba, lekin fagim bir kun kelib haqiqatan bemorni davolash uchun qo‘llanishi mumkinmi?
"Ha, men shunga umid qilaman," deydi Sautgempton universitetining assistent professori doktor Franklin Nobrega, fagimning elektron mikroskopdagi tasvirini ko‘rsatar ekan.
"Sizning fagingiz atigi 24 soat ichida yuqori kontsentratsiyaga erishdi va kuchli bakteriya qotiliga aylandi. Demak, bu bemorlar uchun umidbaxsh natija. Rahmat sizga," deya ta’kidlaydi doktor Nobrega.

Faglar menga Oyga qo‘nadigan kapsulani eslatadi – katta tana va ingichka oyoqchalar. Lekin ular Oyga tushish o‘rniga, shu oyoqlar orqali qurbonlarini tanlaydi.
Fag bakteriya ichiga kirib olib, uni o‘zining ko‘payish fabrikasiga aylantiradi. So‘ng yangi faglar bakteriya ichidan yorib chiqib, uni yo‘q qiladi.
Faglarning o‘z afzallik va kamchiliklari bor. Ular organizm ichida ko‘payishi mumkin, shuning uchun antibiotiklardek doimiy dozalar kerak bo‘lmaydi.
Lekin ular juda tanlovchan: har bir bakteriya shtammiga mos fag kerak bo‘ladi. Antibiotiklar esa, aksincha, yaxshi va yomon bakteriyalarni farqlamay, hammasini yo‘q qiladi. Shuning uchun to‘g‘ri fagni topish mushkulroq, biroq topilsa – noxush ta’sirlari ancha kam.
Doktor Nobrega menga aytishicha, faglarni yarali jarohatlarda qo‘llash juda qulay, chunki ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaraga surtish mumkin. Shuningdek, ingalyator orqali nafas yo‘llari infektsiyalarini davolash yoki siydik yo‘llari infektsiyalariga qarshi ham qo‘llash mumkin.
"Ayni paytda biz aynan shuni tadqiq qilmoqdamiz," deydi u.

Surat manbasi, Getty Images
Fag – do‘st virus
Fag ilmi yangi va hayratlanarli tuyulishi mumkin, ammo aslida u 1910-yillarda Feliks d'Erel va Frederik Tuort qilgan kashfiyotlarga borib taqaladigan yuz yillik g‘oyadir.
Bakteriofag terapiyasi tibbiyotning bir bo‘limi sifatida shakllangan va o‘z vaqtida juda jozibador g‘oya bo‘lgan. Hatto 1940-yillarga kelib ham G‘arb mamlakatlarida bakterial infektsiyalarga qarshi kurashish uchun fag terapiyasini ishlab chiqarishga urinayotgan faol farmatsevtika sanoati mavjud edi.
Biroq bu usul 20-asrning mo‘’jizaviy dorisi – antibiotiklar soyasida qoldi.

Surat manbasi, University of Southampton
«Antibiotiklar juda yaxshi ish berayotgan edi, shuning uchun odamlar: "Bo‘ldi-da, boshqa nima kerak?" deyishardi», deydi doktor Nobrega.
Fag terapiyasi bo‘yicha ishlar Jorjiya kabi joylarda davom etgan va uning ajoyib samaralari haqida alohida hikoyalar bor. Ammo antibiotiklar kabi bu usul bo‘yicha yetarli tibbiy tadqiqotlar va klinik sinovlar o‘tkazilmagan.
Bir vaqtlar antibiotiklarning dastlabki muvaffaqiyati fag ilmini to‘xtatgan bo‘lsa, hozir esa antibiotiklar samarasizligi bu ilmiy sohani yana jonlantirmoqda.

Surat manbasi, .
Har yili dunyoda bir milliondan ortiq kishi davolab bo‘lmas bakteriyalar tufayli yuzaga kelgan infektsiyadan vafot etmoqda – bu holat «sassiz pandemiya» deb ataladi. 2050-yilga borib, bu ko‘rsatkich yiliga 10 million kishiga yetishi mumkin.
Bu «antibiotik apokalipsisi» shunday holga olib keladiki, oddiy infektsiyalar yana o‘limga sabab bo‘lishi va zamonaviy tibbiyot poydevorini izdan chiqarishi mumkin. Chunki antibiotiklar ishlamasa, organ transplantatsiyasi, ochiq jarrohlik va kimyoterapiya imkoni yo‘qqa chiqishi mumkin.
«Antibiotiklarga chidamlilik haqidagi bashoratlar juda dahshatli, ammo aslida biz buni allaqachon ko‘ryapmiz va bu faqat yomonlashib boradi», deydi Sautgempton universiteti qoshidagi Tibbiy innovatsiyalar instituti direktori, professor Pol Elkington.

U o‘pka kasalliklari bo‘yicha mutaxassis shifokor hamdir va aytishicha, bir yillik davodan so‘ng, bora-bora zaharli va kam samarali antibiotiklarga o‘tiladi va oxiri bemor bilan shunday suhbat bo‘ladi: «Kechiring, bu infektsiyani davolay olmaymiz».
Uning aytishicha, kelajakda biz faqat antibiotiklarga suyana olmaymiz va faglar muqobil usul hisoblanadi.
Biroq u laboratoriyadan bemorgacha bo‘lgan yo‘l «noma’lum» ekanini ham ta’kidlaydi.
Shu bilan birga, vaziyat o‘zgarmoqda. Buyuk Britaniyada fag terapiyasi boshqa muolajalar samarasiz bo‘lganda qo‘llanishi mumkin. Mamlakat dori vositalari nazorati organi – Dori va tibbiyot mahsulotlari agentligi fag terapiyasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ilk rasmiy qoidalarini e’lon qildi.
«Agar kelasi 15–20 yilga nazar tashlasak, rivojlanayotgan metodlar tufayli faglar ancha ommaviy va keng qo‘llanadigan bo‘lishi, hatto ayrim infektsiyalarda shifokorlar antibiotik o‘rniga fag tayinlashi mumkin bo‘ladi», deydi professor Elkington.
Agar siz ham foydali virusni topa olasizmi, deb qiziqsangiz, The Phage Collection Project shu hafta Britaniya Qirollik jamiyatida o‘tayotgan Yozgi ilm-fan ko‘rgazmasi va o‘z veb-sayti orqali yangi namunalar olish to‘plamlarini taqdim etmoqda.
«Antibiotikka qarshilik har birimizning hayotimizga ta’sir qilishi mumkin, – deydi Phage Collection Project vakilasi Esmi Brinsden. – Agar jamoatchilik bu ishda ishtirok etsa, ular bemorni davolash va hayotini saqlab qolishga yordam beradigan navbatdagi fagni topishlari mumkin».
Fotolarni Bi-bi-si muxbiri Emma Linch olgan












