Rossiya urush mashinasi uchun Qirg‘iziston va Britaniya orqali topilayotgan pullar fosh bo‘ldi

TGR pul yuvish tarmog‘i boshqaruvchisi Jorj Rossi va yordamchisi Yelena Chirkinyan

Surat manbasi, National Crime Agency

Surat tagso‘zi, TGR pul yuvish tarmog‘i boshqaruvchisi Jorj Rossi va yordamchisi Yelena Chirkinyan
    • Author, Daniel Sendford
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Buyuk Britaniya Rossiya urushini mablag‘ bilan ta’minlovchi "pul yuvish" tarmog‘ini fosh qildi. Tarmoq milliard dollar atrofidagi summani qonuniylashtirish uchun Qirg‘izistonda bank sotib olgan.

Britaniyaning Jinoyatga qarshi milliy agentligi (NCA)ning ma’lum qilishicha, Buyuk Britaniyada faoliyat yuritayotgan, Rossiya boshchiligidagi pul yuvish tarmog‘i bilan bog‘liq shaxs Qirg‘izistondagi bankni sotib olgan va ushbu bank Rossiyaning harbiy mashinasi uchun to‘lovlar amalga oshirishda ishlatilgan.

Agentlikning iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha direktori o‘rinbosari Sal Melki buni "dunyo bo‘ylab juda yomon ishlarni moliyalashtirayotgan ulkan jinoiy ekotizim" deb atadi.

NCA mazkur tarmoqni yuqoridan pastgacha izdan chiqarishga urinmoqda. Hatto pul yuvish bilan shug‘ullanuvchilar uchun naqd pul tashiyotgan kurerlarni uzoq muddatli qamoq jazolari haqida ogohlantirish maqsadida Britaniya avtomagistrallaridagi xizmat ko‘rsatish bekatlari hojatxonalariga ogohlantiruvchi e’lonlar joylashtirilgan.

Rossiya pul yuvish tizimi bo‘yicha surishtiruv "Beqarorlashtirish amaliyoti" deb nomlangan.

NCA o‘tgan yili TGR va Smart deb ataluvchi ikki tarmoqni aniqlaganini, ular giyohvand savdosi guruhlari, noqonuniy qurol yetkazib beruvchilar va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilarining naqd pullarini qayta ishlashda birgalikda ishlaganini ma’lum qilgan edi.

Agentlik qo‘lga kiritgan naqd pullar

Surat manbasi, National Crime Agency

Surat tagso‘zi, Agentlik qo‘lga kiritgan naqd pullar

Endi tergovchilar TGRni boshqaruvchi Jorj Rossi Qirg‘izistonda bank sotib olganini aniqlashdi.

Rossi bankni o‘zining Altair Holding SA kompaniyasi orqali sotib olgan. 2024 yil Rojdestvo kuni Altair Holding SA Keremet Bankning 75 foiz ulushini qo‘lga kiritgan.

Keyingi surishtiruvlar Keremet Bank AQSh Moliya vazirligi tomonidan "sanksiyalarni buzish markazi" deb ta’riflangan Rossiya davlat banki — Promsvyazbank (PSB) uchun to‘lovlarni amalga oshirishda yordam berganini ko‘rsatdi.

NCAning ta’kidlashicha, Keremet Bank Promsvyazbankga "Rossiyaning harbiy-sanoat bazasi", boshqacha aytganda Ukraina urushi uchun qurol ishlab chiqarayotgan korxonalarga mablag‘ o‘tkazishda ko‘maklashgan.

Jinoyatga qarshi milliy agentligining ta’kidlashicha, ko‘cha jinoiy guruhlari darajasida TGR va Smart "pul yuvish xizmatlarining to‘liq spektrini" taqdim etgan.

National Crime Agency
Keremet Bank "Promsvyazbank"ka Rossiyaning harbiy-sanoat bazasi, boshqacha aytganda Ukraina urushi uchun qurol ishlab chiqarayotgan korxonalarga mablag‘ o‘tkazishda ko‘maklashgan.
Britaniyaning Jinoyatga qarshi milliy agentligi
Batafsil: bbc.com/uzbek

Ular giyohvand sotuvchilari va noqonuniy qurol yetkazib beruvchilar naqd pullarini kriptovalyutaga almashtirish imkonini bergan.

Tergovchilarning ta’kidlashicha, ushbu pul yuvish tarmog‘i Buyuk Britaniyaning kamida 28 shahrida faoliyat yuritgan va "mamlakatimizda jinoyat orqali pul topish imkonini beruvchi butun bir arxitekturani ta’minlab turgan".

"Biz bu tahdidning ulkan ko‘lamini inkor eta olmaymiz. Britaniyada juma kechasi kimdir kokain xarid qilayotganidan to dunyo bo‘ylab azob-uqubat keltirayotgan geosiyosiy voqealargacha bog‘lanuvchi zanjirni aniq ko‘rsata olamiz", deydi Sal Melki.

Yekaterina Jdanova Smart pul yuvish tarmog‘ini yuritgan

Surat manbasi, National Crime Agency

Surat tagso‘zi, Yekaterina Jdanova Smart pul yuvish tarmog‘ini yuritgan

Uning qo‘shimcha qilishicha, "Bu "men dilerga pul to‘ladim va bari shu bilan tugadi" kabi oson emas. Bu aslida butun dunyoda dahshatli ishlarga mablag‘ ajratayotgan ulkan jinoiy ekotizim".

"Ko‘chadagi naqd pulni yuvish — mamlakatimizda jinoiy faoliyatning amalga oshishida o‘ta muhim ekanini aniq ayta olamiz".

Uning yana ta’kidlashicha, tergovchilar Smart tarmog‘ini boshqaruvchi Yekaterina Jdanova Rossiyaning Yevropa bo‘ylab dushmanlarini kuzatgan bolgariyalik Orlin Rusev rahbarligidagi ayg‘oqchilar guruhiga moliyaviy xizmat ko‘rsatganini aniqlagan. Jdanova hozirda Frantsiyadagi qamoqda sudini kutmoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

"Beqarorlashtirish amaliyoti" Evil Corp nomli internetda pl tovlamachilik bilan shug‘ullanuvchi guruh faoliyatini kuzatish bilan boshlangan. Ammo NCAning aytishicha, natijada "dahshatli darajada ulkan" pul yuvish ko‘lami ochilgan. Smart va TGR "milliardlab funtlik jinoiy boylik"ni aylantirgan.

To‘plangan pullar qurilish kabi naqd pulga boy bizneslar orqali yuvilgan, yoki "maxfiy uylar"da to‘planib, chet elda yuvilgan. Ba’zan pullar kir yuvish kukuni va bolalar ozuqa qutisiga yashirilib, chegaradan olib o‘tilgan.

Kir yuvish vositalarining qutisi ham pul tashishda ishlatilgan

Surat manbasi, National Crime Agency

Surat tagso‘zi, Kir yuvish vositalarining qutisi ham pul tashishda ishlatilgan

Guruhlar bilan aloqadorlar shasxlar orasida sobiq Hibernian futbolchisi Jeyms Kitings, Semen Kuksov va Andrey Dzektsa ham bor. NCAning aytishicha, ular Irlandiyaning "Kinehan" giyohvand karteli uchun pul yuvgan.

Bu yil ayblangan ikki kishi — Valeriy Popovich va Vitaliy Lutsak — Britaniyada avtotransport xarid qilib, ularni Ukrainaga olib borgan va u yerda kriptovalyutaga sotgan.