Suriya: Eron quvildimi hamda Uyg‘ur va Afg‘on jangchilar taqdiri

- Author, Nafisa Ko‘hnavard
- Role, BBC
- Reporting from, Suriya
- O'qilish vaqti: 6 daq
Ikki qavatli yotoqlarda mog‘or bosgan yarim tayyor taomlar, tashlab ketilgan harbiy kiyim va qurollar – bular bir paytlar Eron va uning Suriyadagi guruhlariga tegishli edi, bazadan shoshilinch chekinganlarida tashlab ketishgan.
Bu manzara sarosima bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu yerda joylashgan kuchlar deyarli ogohlantirishsiz qochishgan. 10 yil saqlab turgan joylarini bir necha haftada yo‘qotishgan.
Eron 10 yildan ortiq vaqt davomida Suriya prezidenti Bashar Asadning eng muhim ittifoqchisi edi – harbiy maslahatchilar yuborar, xorijiy jangarilarni safarbar qilar va Suriya urushiga katta sarmoya kiritardi.
Uning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) yer osti bazalarini qurib, minglab jangchilarni qurol-yarog‘ bilan ta’minladi va o‘qitdi. Eron uchun bu ham Isroilga qarshi "xavfsizlik kamari"ning bir qismi edi.
Biz Idlib viloyatining Xon Shayxun shahri yaqinidamiz. 8 dekabrgacha, Asad rejimi qulagunga qadar, bu joy IIQK va uning ittifoqdosh guruhlari uchun asosiy strategik nuqtalardan biri edi.
Asosiy yo‘ldan qaraganda darvoza qum va tosh uyumlari ortida zo‘rg‘a ko‘zga tashlanadi. Eron bayrog‘i ranglarida bo‘yalgan tepalikdagi kuzatuv minorasi bazaga qarab turibdi.

Kvitantsiyalar daftarchasi bazaning nomini tasdiqlaydi: Shahid Zohidiy bazasi – 2024 yil 1 aprelda Isroilning Suriyadagi Eron konsulligiga uyushtirgan havo hujumida halok bo‘lgan IIQKning yuqori lavozimli qo‘mondoni Muhammad Rizo Zohidiy sharafiga nomlangan.
Yaqinda buyurtma qilingan mahsulotlar – shokolad, guruch, o‘simlik yog‘i uchun kvitantsiyalarni topdik, aftidan bu yerda kundalik hayot so‘nggi daqiqalargacha davom etgan. Ammo hozir bazaning yangi egalar bor – Hay’at Tahrir ash-Shom (HTSh) islomiy jangari guruhining ikki qurollangan uyg‘ur jangchisi, ularning yetakchisi Ahmad ash-Sharaa Suriyaning yangi muvaqqat prezidenti bo‘ldi.

Uyg‘urlar to‘satdan harbiy mashinada kelib, bizdan OAV guvohnomasini so‘rashdi.
"Bu yerda eronliklar bor edi. Hammasi qochib ketdi," deydi ulardan biri ona tili uyg‘urchada. "Bu yerda nimaiki ko‘rsangiz, hammasi ulardan. Hatto mana bu piyozlar va qolgan taomlar ham."
Hovlidagi qutilardagi piyozlar unib chiqibdi.
Baza oq qoyali tepaliklar ichiga chuqur qazilgan tunnellar labirintidan iborat. Derazasiz ba’zi xonalarda ikki qavatli yotoqlar bor. Yo‘laklardan birining shipiga Eron bayrog‘i rangidagi mato tortilgan va toshli javonda bir nechta forscha kitoblar turibdi.

Ular maxfiy ma’lumotlar bor hujjatlarni qoldirib ketishgan. Barchasi fors tilida, ularda jangchilarning shaxsiy ma’lumotlari, harbiy xizmatchilarning kodlari, uy manzillari, Erondagi turmush o‘rtoqlarining ismlari va mobil telefon raqamlari mavjud. Ismlaridan ko‘rinib turibdiki, bu bazadagi bir nechta jangchi Eron tomonidan Suriyada jang qilish uchun tuzilgan afg‘on brigadasidan ekan.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlarga aloqador manbalarning Bi-bi-si Fors xizmatiga aytishicha, bazada asosan afg‘on kuchlari joylashgan bo‘lib, ularga eronlik "harbiy maslahatchilar" va ularning eronlik qo‘mondonlari hamrohlik qilgan.
Tehronning Suriyadagi harbiy ishtirokining asosiy sababi "jihodchi guruhlarga qarshi kurashish" va "shialarning muqaddas ziyoratgohlari"ni radikal sunniy jangarilardan himoya qilish edi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Qo‘shnimning uyi harbiy postga aylantirilgandi. Ular qurollarini yo‘lga qaratib o‘tirishardi, bizga shubha bilan qarashardi.
Eron asosan afg‘onlar, pokistonlik va iroqlik jangchilardan iborat harbiylashtirilgan guruhlarni tuzdi.
Ammo so‘nggi lahza kelganda Eron bunga tayyor emas edi. Chekinish to‘g‘risidagi buyruqlar ba’zi bazalarga eng so‘nggi daqiqada yetib borgan. "Voqealar juda tez rivojlandi," deydi menga Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Iroq harbiylashtirilgan guruhining yuqori lavozimli a’zosi. "Buyruq shunday edi: faqat ryukzagingizni olib, jo‘nab keting."
Bi-bi-sining IIQKga yaqin bir nechta manbasiga ko‘ra, ularning aksariyati Iroqqa qochishga majbur bo‘lgan va ba’zilariga Suriyadan evakuatsiya qilinishi uchun Livanga yoki Rossiya bazalariga borish buyurilgan.
HTSh jangchisi Muhammad ar-Rabbat guruhning Idlibdan Halab va Suriya poytaxti Damashqqa yurishi guvohi bo‘lgan.

Uning aytishicha, ular operatsiya "taxminan bir yil" davom etadi va eng yaxshi holda "Halabni uch-olti oy ichida egallab olamiz," deb o‘ylashgan. Ammo kutilmaganda, bir necha kun ichida Halabga kirib borishdi.
Rejimning tez qulashiga HAMASning 7 oktyabrь kuni Isroilga hujumidan keyin sodir bo‘lgan voqealar zanjiri sabab bo‘ldi.
Bu hujum Isroilning Suriyadagi IIQK va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlarga qarshi havo hujumlari kuchayishiga va Eronning yana bir asosiy ittifoqchisi – Livanning "Hizbulloh" jangari guruhiga qarshi urushga olib keldi, uning rahnamosi havo hujumida halok bo‘ldi.
Eron va "Hizbulloh" uchun "psixologik inqiroz holati" ularning qulashida hal qiluvchi rol o‘ynadi, deydi 35 yoshli jangchi Rabbat.
Ammo eng muhim zarba ichkaridan keldi: Asad va uning Eron bilan bog‘liq ittifoqchilari o‘rtasida kelishmovchilik bor edi, deydi u.
"Ular o‘rtasida ishonch va harbiy hamkorlik butunlay yo‘qoldi. IIQK bilan bog‘liq guruhlar Asadni xoinlikda ayblashdi va u ularning joylashuvini Isroilga oshkor qilayotganiga ishonishardi."
Xon Shayxundan o‘tayotganimizda, Eron bayrog‘i ranglariga bo‘yalgan ko‘chaga duch keldik. U Eron qarorgohiga aylantirilgan maktab binosiga olib borardi.

Hojatxona kiraverishda devorda "Isroil yo‘qolsin" va "AQSh yo‘qolsin" degan shiorlar yozilgandi.
Bu qarorgohlar ham shoshilinch bo‘shatilgani ko‘rinib turardi. Biz "o‘ta maxfiy" deb belgilangan hujjatlarni topdik.
65 yoshli Abdulloh va uning oilasi IIQK boshchiligidagi guruhlar bilan birga bu yerda qolgan juda kam sonli mahalliy aholidan biri edi. U hayot og‘ir bo‘lganini aytadi.
Uning uyi qarorgohdan bir necha metr narida joylashgan bo‘lib, ular orasida tikan simli chuqur xandaq o‘tgan.
"Kechasi harakatlanish taqiqlangan edi," deydi u.

Qo‘shnisining uyi harbiy postga aylantirilgandi. "Ular qurollarini yo‘lga qaratib o‘tirishardi, bizga shubha bilan qarashardi," deb eslaydi u.
Jangchilarning ko‘pchiligi hatto arab tilini ham bilmasdi, deydi u. "Ular afg‘onlar, eronliklar, Hizbulloh a’zolari edi. Ammo biz ularning barchasini eronliklar deb atardik, chunki Eron ularni boshqarardi."
Abdullohning xotini Juriya "Eron jangarilari" ketganidan xursand ekanini aytadi, lekin ular chiqib ketishidan oldingi "zo‘riqish" paytini hali ham eslaydi. U Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlar o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab, jangga tayyorgarlik ko‘rayotganda, o‘q yomg‘iri ostida qolamiz deb o‘ylagan ekan, ammo "ular bir necha soatda g‘oyib bo‘lishdi."
"Bu bosqinchilik edi. Eron bosqinchiligi," deydi boshqalar kabi 10 yildan so‘ng oilasi bilan bu yerga qaytgan Abdo. Uning uyi ham harbiy bazaga aylantirilgandi.
Men Eronga nisbatan bunday g‘azab va Rossiyaga nisbatan yumshoqroq munosabatni suriyaliklar bilan ko‘plab suhbatlarda kuzatdim.
HTSh jangchisi Rabbatdan buning sababini so‘radim.
"Ruslar osmondan bombalar va boshqa narsalarni tashlab, o‘z bazalarida qolishdi, eronliklar va ularning jangarilari esa yerda, aholi orasida edi. Odamlar ularning mavjudligini his qilishardi va ko‘pchilik bundan mamnun emas edi," deya tushuntirdi u.
Bu tuyg‘u Suriyaning yangi hukmdorlarining Eronga nisbatan siyosatida ham aks etgan.
Yangi hokimiyat isroilliklar bilan bir qatorda Eron fuqarolarining ham Suriyaga kirishini taqiqladi. Ammo ruslarga nisbatan bunday taqiq yo‘q.

Rejim qulaganidan so‘ng g‘azabnok namoyishchilar bostirib kirgan Eron elchixonasi yopiqligicha qolmoqda.
Eron rasmiylarining Suriyadagi voqealarga munosabati ziddiyatli bo‘ldi.
Oliy rahbar Ali Xomanaiy "Suriya yoshlari"ni Suriyaga "beqarorlik olib kirgan"larga "qarshi turish"ga chaqirgan bo‘lsa, Eron tashqi ishlar vazirligi ancha muvozanatli yo‘l tutdi.
Ular "Suriya xalqi tanlagan har qanday hukumatni qo‘llab-quvvatlashini" aytishdi.
Suriyaning yangi rahbari Sharaa o‘zining dastlabki intervyularidan birida Asad ustidan qozonilgan g‘alabani "Eron loyihasi yakuni" deb ta’rifladi. Ammo u Tehron bilan "muvozanatli" munosabatlar o‘rnatish mumkinligini inkor qilmadi.
Hozircha, Eron Suriyada xush ko‘rilmayapti. Yillar davomida o‘z harbiy ishtirokini kengaytirganidan so‘ng, Tehron qurgan hamma narsa hozir jang maydonida ham, Suriya jamoatchiligining katta qismi nazarida ham vayronaga aylangan.
Tashlab ketilgan bazada Eronning harbiy kengayishi so‘nggi kunlargacha davom etgani ko‘rinadi. Lagerь yonida yana tunnellar qurilayotgandi, chamasi, dala shifoxonasi boshlanishi edi. Devorlardagi sement hali nam, bo‘yoq yangi.
Ammo jang izlari ham yo‘q emas – bir nechta o‘q qoldiqlari va qonga bo‘yalgan harbiy kiyim.












