Isroil 70 mingdan ortiq falastinlik o‘ldirilganini "tan olmoqda"mi?

Surat manbasi, Reuters
- Author, Dan Jonson
- Role, BBC muxbiri, Quddus
- O'qilish vaqti: 2 daq
Isroil matbuotining xabar berishicha, Xavfsizlik Xizmatidagi yuqori lavozimli manba G‘azoga urush mobaynida 70 mingdan ortiq falastinlik o‘ldirilganini harbiylar tan olishlarini bildirgan.
Isroil sobiqda Hamasning Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan bu boradagi ma’lumotlarni shubha ostiga olib kelgandi.
Ammo Hamas Sog‘liqni saqlash vazirligining qurbonlar haqidagi ma’lumotlarini BMT ishonchli, deya qabul qilib, Inson haqlari tashkilotlari va xalqaro matbuot ularga iqtibosan bu ma’lumotlarni keng ravishda berib kelgan.
G‘azo urushi 2023 yil 7 oktyabr kuni Hamasning Isroil janubiga qilgan hujumidan so‘ng boshlangandi.
Hamas hujumi oqibatida 1200 inson o‘ldirilgan va 251 kishi garovga olingandi.
Isroil bunga javoban G‘azoga qarshi harbiy amaliyotlarni boshladi.
Hamas Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, ushbu urush davrida 71 ming 660 falastinlik o‘ldirilgan.
2025 yil 10 oktyabr kuni otashkesimga erishilganidan beri ham 492 inson o‘ldirilgan.
4 isroil askari ham bu muddatda halok bo‘lgan.
Isroil o‘tgan yili otashkesimga erishilgunga qadar o‘ldirilgan falastinliklar sonini hamisha bahs ostiga olib kelgandi.
Isroil tomoni o‘sha vaqtda bergan ma’lumotlariga ko‘ra, otashkesimga erishilgunga qadar 1600 falastin jangarisi va amaliyotlar mobaynida 22 ming falastinlik jangchi o‘ldirilgan.
Isroil Mudofaa Vazirligi shuningdek, har bir jangchi bilan birga 2-3 nafar oddiy aholi vakili ham o‘ldirilganligini bildirgandi.
Falastinlik qurbonlar haqidagi har qanday ma’lumot rasmiy kanallar orqaligina nashr qilinadi.
Hozirda Isroil Qurolli kuchlaridagi yuqori lavozimli rasmiysi Haaretz va Times of Israel jurnalistlari doxil matbuotga Hamas Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan ma’lumot anchayin aniq ekaniga ishora qilgan.
Ushbu rasmiy o‘ldirilgan falastinliklardan qanchasi jangari va qanchasi harbiy amaliyotlar oqibatida o‘ldirilganligini ochiqlamagan.
Isroil matbuotida bu haqda ma’lumotlar chop qilingandan so‘ng Isroil Mudofaa vazirligi bu raqamlar rasmiy ma’lumotni aks ettirmasligini bildirgan.
"Bu borada har qanday ma’lumot rasmiy kanallar orqaligina nashr qilinadi", deya aytgan Mudofaa vazirligi rasmiysi.












