Isroil IShIDga aloqador guruhni qurol bilan ta’minlayaptimi - Netanyahu nima dedi?

Isroil tanki

Surat manbasi, AFP via Getty Images

    • Author, Sebastyan Usher
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 2 daq

Isroil muxolifati hukumat G‘azoda IShIDga aloqador guruhni qurollantirayotganini aytib chiqdi. Bosh vazir Benyamin Netanyahu "buning nimasi yomon", dedi.

Bosh vazir Benyamin Netanyahu Isroil G‘azoda Hamasga qarshi bo‘lgan klanlarni qurollantirayotganini tasdiqladi.

Uning bu bayonoti Isroil matbuoti Mudofaa vazirligidagi manbalarga tayanib bergan xabarlaridan so‘ng yangradi. Unga ko‘ra, Netanyahu G‘azoning janubidagi aniq bir guruhga qurol berishga ruxsat bergan.

Bundan so‘ng bir nechta isroillik siyosatchilar Netanyahuni mamlakat xavfsizligiga tahdid solishda ayblashdi.

"Buning nimasi yomon?" dedi Netanyahu o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi videomurojaatida. "Bu faqatgina isroillik askarlarning hayotini saqlab qoladi. Bu haqda oshkora gapirish esa faqat Hamasga foyda keltiradi".

Aloqador mavzular:

Bosh vazir Isroil uning shaxsiy topshirig‘i bilan G‘azoda Yossir Abu Shabab rahbarlik qilayotgan guruhga qurol bergani haqidagi xabarlarni nazarda tutgan.

Ayrimlar bu guruhni jangari yoki jinoiy tuzilma deb hisoblasa-da, u o‘zini Hamasga muxolif kuch sifatida ko‘rsatmoqda.

Guruhning aytishicha, ularning maqsadi — G‘azoga yordam olib kirayotgan yuk mashinalarini himoya qilish. Ammo tanqidchilar bu guruh aslida yordam mashinalarini talayotganini aytishmoqda.

BMT yordam yetib bormayotganidan G‘azoning aksar aholisi ochlikka yuz tutishidan ogohlantirmoqda

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, BMT yordam yetib bormayotganidan G‘azoning aksar aholisi ochlikka yuz tutishidan ogohlantirmoqda

Bu fosh etilgan ma’lumotlarni Benyamin Netanyahu jiddiy qabul qilmagan bo‘lsa-da, ular yangi siyosiy mojaro boshlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Isroil mudofaa idorasi manbalari ilgariroq mahalliy jurnalistlarga muxolifat vakili Avigdor Libermanning da’volari rost ekanini tasdiqlashgandi.

"Yisrael Beiteinu" partiyasi yetakchisi Liberman Kan telekanaliga Netanyahu Abu Shabab guruhiga qurol berishni bir tomonlama tartibda taqdiqlaganini aytdi.

Reuters
Isroil hukumati Islomiy Davlat (ISHID)ga aloqador bir guruh jinoyatchilar va zo‘ravonlarga qurol beryapti. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, qarorni Vazirlar mahkamasi ma’qullamagan.
Avigdor Liberman
Isroil "Yisrael Beiteinu" partiyasi yetakchisi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Isroil hukumati Islomiy Davlat (IShID)ga aloqador bir guruh jinoyatchilar va zo‘ravonlarga qurol beryapti. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu qaror vazirlar mahkamasi tomonidan ma’qullanmagan", dedi Liberman.

Mudofaa vazirligidagi manbalarning tasdiqlashicha, Isroil Abu Shabab klanini Kalashnikov avtomatlar bilan, ularning bir qismi Hamasdan musodara qilingan, qurollantirgan.

Bu qabila Rafahda, Isroil harbiy nazoratidagi hududda faoliyat yuritmoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Biroq Yossir Abu Shabab ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilib, guruhi Isroildan qurol olganini "mutloqo rad etdi".

"Bizdagi qurollar oddiy, eskirgan va faqat xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan kelgan", dedi u.

Hamas manbalarining ta’kidlashicha, Abu Shabob guruhi faoliyati muammoga aylangan. Arab nashrida chiqqan bir xabarga ko‘ra, Hamasning harbiy qanoti klan a’zolarini o‘ldirishni boshlagan.

Netanyahu idorasi Isroil "barcha xavfsizlik tuzilmalari rahbarlarining tavsiyasi asosida turli vositalar orqali Hamasni mag‘lub etish ustida ish olib bormoqda", deya bayonot berdi.

Bu tashabbusni Knessetdagi Demokratlar yetakchisi Yair Goland keskin tanqid qildi.

U ijtimoiy tarmoqdagi postida shunday yozdi: "Netanyahu Isroil milliy xavfsizligi uchun tahdiddir. U sulhga erishish … tutqundagilarni uyga qaytarish va Isroil fuqarolari xavfsizligini ta’minlash o‘rniga, G‘azoda yangi soatli bomba yaratmoqda".