Iqlim o‘zgarishini to‘xtatish yo dunyoni sovutish chorasi topildimi?

Okean atmosferaga chiqariladigan CO2'ning taxminan to‘rtdan bir qismini yutadi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Okean atmosferaga chiqariladigan CO2'ning taxminan to‘rtdan bir qismini yutadi
    • Author, Jona Fisher
    • Role, BBC
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Angliyaning janubiy sohilida dengizdan uglerod so‘rib olishga qaratilgan innovatsion loyiha ish boshladi.

SeaCURE deb nomlangan kichik sinov loyiha Buyuk Britaniya hukumati tomonidan iqlim o‘zgarishiga qarshi texnologiyalarni yaratish doirasida moliyalashtirilmoqda.

Global isishning asosiy sababi bo‘lgan issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish eng muhim vazifa ekanligi borasida iqlimshunos olimlar deyarli yakdil fikrda.

Biroq, ko‘plab olimlar allaqachon chiqarilgan gazlarning ma’lum qismini ushlab qolish ham yechimning bir qismi bo‘lishi lozim, deb hisoblashadi.

Plimut dengiz laboratoriyasidan professor Tom Bell Veymutdagi SeaCURE inshootining ichida
Surat tagso‘zi, Plimut dengiz laboratoriyasidan professor Tom Bell Veymutdagi SeaCURE inshootining ichida

Uglerodni tutish deb ataluvchi bu loyihalar odatda chiqindilarni manbaning o‘zida ushlab qolishga yoki ularni havodan so‘rib olishga qaratiladi.

Aloqador mavzular:

SeaCure'ning qiziq tomoni shundaki, u dengizdan sayyorani isituvchi uglerodni olish samaraliroq bo‘lishi mumkinligini sinab ko‘rmoqda, chunki uglerod kontsentratsiyasi havoga qaraganda suvda yuqoriroq.

Veymutdagi inshoot atmosferadan uglerodni dengiz orqali chiqarib tashlash imkoniyatini sinab ko‘rmoqda
Surat tagso‘zi, Veymutdagi inshoot atmosferadan uglerodni dengiz orqali chiqarib tashlash imkoniyatini sinab ko‘rmoqda

Loyiha ofisining kirish qismiga yetib borish uchun Weymouth Sealife markazining orqa tomoniga aylanib o‘tib, "Diqqat: Moray ilonbaliqlar tishlashi mumkin" degan yozuv yonidan o‘tish kerak.

Bu innovatsion loyihaning aynan shu yerga joylashtirilishi bejiz emas.

Bu toshloq sohil ostidan o‘tib, La-Mansh bo‘g‘oziga chiqadigan, dengiz suvini so‘rib olib, qirg‘oqqa chiqaradigan quvurdir.

Loyiha suvdan uglerod olish atmosferadagi CO2 gazi miqdorini kamaytirishning tejamkor usuli bo‘lishi mumkinmi, yo‘qmi, shuni aniqlashga harakat qilmoqda.

SeaCURE dengiz suvini qayta ishlab, uglerodni ajratib oladi, so‘ng uni ko‘proq CO2 yutadigan dengizga qaytaradi.

Biz bu yerga kelgan birinchi teleradiojurnalistlar bo‘ldik. Plimut dengiz laboratoriyasi professori Tom Bell bizga atrofni ko‘rsatadi.

Uning tushuntirishicha, jarayon dengiz suvining bir qismini kislotaliroq qilish uchun qayta ishlashdan boshlanadi. Bu esa dengiz suvida erigan uglerodni gazga aylantirib, CO2 ko‘rinishida atmosferaga chiqishiga turtki bo‘ladi.

BBC
Gazli ichimlikni ochganingizda, ko‘piklashini ko‘rgansiz, bu CO2 chiqishi. Biz dengiz suvini katta yuzaga yoyish orqali xuddi shunday jarayonni amalga oshiryapmiz.
Professor Tom Bell
Batafsil: BBC.COM/UZBEK

"Bu dengiz suvini tozalovchi qurilma," deydi professor Bell kulib, burchakka burilganimizda.

"Tozalovchi" zanglamaydigan po‘latdan yasalgan katta idish bo‘lib, u kislotali dengiz suvi va havo o‘rtasidagi aloqani maksimal darajada ta’minlaydi.

"Gazli ichimlikni ochganingizda, ko‘piklashini ko‘rgansiz, bu CO2 chiqishi, – deydi professor Bell. – Biz dengiz suvini katta yuzaga yoyish orqali xuddi shunday jarayonni amalga oshiryapmiz. Bu polga ichimlik to‘kib, CO2 ning dengiz suvidan juda tez chiqib ketishiga imkon berishga o‘xshaydi."

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Havoga chiqqan CO2 so‘rib olinadi, keyin esa saqlash uchun ko‘mirga aylangan kokos yong‘og‘i po‘chog‘i yordamida kontsentrlanadi.

Kam uglerodli dengiz suviga qo‘shilgan kislotani neytrallash uchun ishqor qo‘shiladi, keyin u dengizga quyiladigan oqimga haydaladi.

Dengizga qaytgach, u darhol atmosferadan ko‘proq CO2 yutishni boshlaydi va shu tariqa issiqxona gazlarini kamaytirishga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shadi.

Dengiz suvi maxsus ishlovdan o‘tkaziladi va undan uglerod chiqarib tashlanadi, shundan so‘ng qayta dengizga quyiladi
Surat tagso‘zi, Dengiz suvi maxsus ishlovdan o‘tkaziladi va undan uglerod chiqarib tashlanadi, shundan so‘ng qayta dengizga quyiladi

Uglerodni to‘g‘ridan-to‘g‘ri havodan ushlab qoladigan ancha rivojlangan texnologiyalar bor, ammo SeaCURE loyihasini boshqarayotgan doktor Pol Halloran menga buning o‘rniga suvdan foydalanish afzalliklari borligini aytdi.

"Dengiz suvida havoga nisbatan taxminan 150 baravar ko‘proq uglerod mavjud," deydi doktor Halloran.

"Ammo uning o‘ziga xos qiyinchiliklari bor, Buning uchun energiya talabi juda yuqori."

Hozirda ushbu tajriba loyihasi chiqarayotgan CO2 miqdori juda oz – yiliga atigi 100 tonna, bu Atlantika okeanini kesib o‘tadigan tijorat uchog‘i chiqaradigan CO2 dan kamroq. Ammo dunyo okeanining kattaligini hisobga olsak, SeaCURE tadqiqotchilari bu texnologiyaning katta salohiyati borligiga ishonmoqda.

SeaCURE Buyuk Britaniya hukumatiga taqdim etgan hisobotida, agar dunyo okeani yuzasidagi dengiz suvining 1 foizi qayta ishlansa, texnologiya yiliga 14 milliard tonna CO2 ni yo‘qotish uchun keng miqyosda qo‘llanilishi mumkinligini ta’kidlagan.

Buning imkoniyati bo‘lishi uchun jarayon qayta tiklanadigan energiya bilan ta’minlanishi kerak. Ehtimol, bu dengizda suzadigan qurilmadagi quyosh panellari yordamida amalga oshirilar.

"Uglerodni yo‘qotish zarur. Agar siz nol emissiyaga erishmoqchi bo‘lsangiz, nol emissiya keyingi isishni to‘xtatish uchun kerak," deydi Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo panel a’zosi va uglerodni tutib qolish bo‘yicha ekspert doktor Oliver Geden.

"To‘g‘ridan-to‘g‘ri dengiz suvidan olish bir usul. Uni bevosita havodan olish esa boshqa usul. Asosan 15-20 ta variant mavjud va oxir-oqibat qaysi usulni qo‘llash, albatta, xarajatga bog‘liq bo‘ladi."

SeaCURE loyihasidan olingan uglerodi kamaygan suv dengizdan uncha uzoq bo‘lmagan joydagi soyga tushadi
Surat tagso‘zi, SeaCURE loyihasidan olingan uglerodi kamaygan suv dengizdan uncha uzoq bo‘lmagan joydagi soyga tushadi

SeaCURE loyihasi uchun hukumat 3 million funt sterling miqdorida mablag‘ ajratadi va u Buyuk Britaniyada issiqxona gazlarini ushlab qolish va saqlash texnologiyalarini rivojlantirish doirasida qo‘llab-quvvatlanadigan 15 ta sinov loyihadan biridir.

"Atmosferadan issiqxona gazlarini chiqarib tashlash sof nolga erishishimizda juda muhim," deydi energetika vaziri Kerri Makkarti. "Ekseter universitetidagi SeaCURE kabi innovatsion loyihalar buning uchun zarur bo‘lgan yashil texnologiyalarni yaratishda, malakali ish o‘rinlarini ta’minlashda va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynaydi."

Ekseter universitetidan Gay Huper uglerodi kamaygan dengiz suvining dengiz jonzotlariga ta’sirini o‘rganmoqda

Surat manbasi, University of Exeter

Surat tagso‘zi, Ekseter universitetidan Gay Huper uglerodi kamaygan dengiz suvining dengiz jonzotlariga ta’sirini o‘rganmoqda

"Atrof-muhitga ba’zi ta’sirlar"

Shuningdek, ko‘p miqdordagi kam uglerodli suv dengiz va undagi jonzotlarga qanday ta’sir qilishi haqida savol tug‘iladi. Veymutda suv quvurdan shunchalik oz miqdorda oqib chiqadiki, bu hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin.

Gay Huper Ekseter universiteti doktoranti bo‘lib, loyihaning ehtimoliy ta’sirini o‘rganmoqda. U laboratoriya sharoitida dengiz jonivorlariga kam uglerodli suvning ta’sirini sinab ko‘rmoqda.

"Dengiz organizmlari ma’lum jarayonlar uchun uglerodga muhtoj, – deydi u. – Masalan, fitoplankton fotosintez uchun ugleroddan foydalansa, midiyalar o‘z chig‘anoqlarini yaratish uchun undan foydalanadi."

Huperning aytishicha, dastlabki natijalar kam uglerodli suv miqdori sezilarli darajada oshirganda atrof-muhitga ma’lum ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

"Bu zararli bo‘lishi mumkin, ammo buni yumshatish yo‘llari ham bor – masalan, kam uglerodli suvni oldindan suyultirish orqali. Muhimi, bu masala dastlabki bosqichlardanoq muhokamaga qo‘yilishi lozim."