Rossiya. Yangiliklar: Oshkora namoz o‘qimang, qo‘y so‘ymang, o‘z ona tilingizda pichirlamang, rus tilini biling… - Moskva yana nima qilmoqchi?

Moskvada namoyoz o‘qiyotgan Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, So‘nggi yangilik Rossiyada aksilmigratsion qonun-qoidalar kuchayib borayotgan bir manzarada olindi.
O'qilish vaqti: 6 daq

Rossiya o‘zbekistonliklar uchun ham eng yirik mehnat bozori bo‘ladi.

Agar, so‘nggi e’lon qilingan rasmiy raqamlarga tayanilsa, bugungi kunda Rossiyada bir million nafar o‘zbekistonlik mehnat qiladi.

So‘nggi yangilik Rossiyada aksilmigratsion qonun-qoidalar kuchayib borayotgan bir manzarada olindi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating va a’zo bo‘ling:

Yangi taklif

Rossiyada qor kurayotgan Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari
Surat tagso‘zi, Joriy paytda aynan Rossiya mehnatga layoqatli aholisi malakasining qanchalik zamon talablariga mos ekani bo‘ladimi yoki ikki o‘rtada amalda bo‘lgan qat’iy viza tartiblari - turfa ob’ektiv va sub’ektiv omillar bois, o‘zining tashqi mehnat bozorlarini hali to‘lig‘icha turfalashtirishga ulgurmagan mazkur mamlakatlar uchun xuddi shunisi bilan ham beqiyos o‘rin tutadi.

Bu gal "Novie lyudi" fraktsiyasining uch deputati yangi taklif bilan chiqishdi.

Ular migrantlar uchun imtihonga xotin-qizlar bilan muloqot qilish qoidalarini kiritishni taklif etishdi.

Deputatlarga ko‘ra, xorijiy fuqarolar "har qanday shakldagi shilqimlik ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka olib kelishi"dan xabardor etilishlari kerak.

Vladislav Davankov, Yaroslav Samilin va Kseniya Goryacheva bu xususda Rossiya Fan va Oliy ta’lim vaziriga maktub yo‘llashgan.

Ular o‘z maktublarida migrantlar uchun imtihonni "Rossiyada xotin-qizlar bilan munosabat me’yorlari" bilan to‘ldirishni taklif qilishgan.

Bu haqda xabar bergan Rossiyaning TASS axborot agentligi o‘z ixtiyorlarida maktub matni borligini ham ilova qilgan.

Parlament a’zolarining fikricha, bu tashabbusning amalga oshishi janjalli vaziyatlarni kamaytirish, jamoat joylarida xotin-qizlar himoyasi va xavfsizligini yaxshilash va aholining davlatning migratsiya siyosatiga ishonchini mustahkamlash imkonini beradi.

Agar, ular Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlaridan keltirgan raqamlarga tayanilsa, o‘tgan yili mamlakatda ma’muriy tarzda chiqarib yuborish, deportatsiya va qayta qabul qilish hollariga oid qarorlar soni 2023 yildagisi bilan qiyoslanganda qariyb 94 mingtaga ortgan.

Deputatlarning ta’kidlashlaricha, bunga ko‘proq "xotin-qizlarga nisbatan haqoratomo‘z va hurmatsiz munosabat, tegajoqlik va shilqimlik ilova jamoat tartibini buzish hollari" sabab bo‘lgan.

Mualliflar fikricha, "deportatsiya va chiqarib yuborish amaliyoti takomillashganiga qaramay, migrantlarda ayollarga nisbatan madaniy va huquqiy me’yorlar to‘g‘risida boshlang‘ich bilimlarni shakllantirishga qaratilgan profilaktika choralarini ko‘rish zarur".

Rossiya, yillarki, aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari uchun eng yirik mehnat bozori vazifasini bajarib keladi.

So‘nggi raqamlar va yangilikka mintaqa davlatlari mas’ul idoralarining munosabati hozircha ma’lum emas.

Ammo xabar Rossiya Markaziy osiyolik mehnat muhojirlarini turli yo‘llar bilan Ukraina urushiga jalb qilish harakatida ekaniga oid xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.

"Novie lyudi" fraktsiyasi uch deputatining taklifiga Rossiya Fan va Oliy ta’lim vazirining javobi ham halicha ko‘zga tashlanmaydi.

Ammo bu Rossiyada migrantlarga qarama-qarshi jins vakilalariga qanday munosabatda bo‘lishlarini o‘rgatishga qaratilgan birinchi harakat emas.

Aloqador mavzular:

Yangi kurslar

Moskvadagi o‘zbekistonlik migrantlar O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimov haykali yonida.

O‘tgan yil yozida Rossiyada Markaziy Osiyodan kelayotgan migrantlar uchun yangi moslashuv kurslari ham ishlab chiqilgan.

Bu yangilik ham so‘nggisi kabi o‘shanda Markaziy Osiyoda e’tibor topgan, yetakchi mintaqaviy nashrlarda sarlavhalarga ham chiqqan.

Markaziy osiyolik migrantlar uchun mo‘ljallangan yangi moslashuv kursi Rossiyaning Millatlar ishlari bo‘yicha Federal agentligi tomonidan yaratilgan.

70 daqiqalik ma’ruzadan iborat kursning mazmun-mohiyati bilan o‘shanda Rossiyaning "Kommersant’" nashri tanishishga muvaffaq bo‘lgan.

Xabar nashrning o‘zida ham "Hushtak chalmang, baqirmang, qo‘y so‘ymang" nomli sarlavha ostida chop qilingan.

Unda 70 daqiqalik yangi kurs Markaziy osiyolik migrantlarga Rossiya Federatsiyasining migratsiya va mehnat qonunchiligi haqida "hamma kerakli narsa"ni o‘rgatishi aytilgan.

Yangi kurs davomida ma’ruzachining Markaziy osiyolik migrantlarga, "qurolli kuchlarda shartnoma bo‘yicha xizmat qilish orqali Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish" imkoniyatini eslatib o‘tishi ham tilga olingan.

Bular qatorida yangi kurs migrantlarni Rossiya va uning muayyan mintaqalarida o‘zlarini qanday tutishlari lozimligi to‘g‘risidagi tavsiyalarni ham o‘z ichiga olishi ma’lum bo‘lgan.

Yangi kursda ularga "o‘z vatanlarida emasliklari" emasliklari eslatilgan.

Shu bois ham, o‘zlarini "Rossiyada qabul qilinganidek tutishlari" maslahat berilgan.

"Rossiyaliklar ko‘p millatli xalq ekani, lekin hammaning rus tilida gaplashishi"ni aytarkan, mualliflar tomonidan migrantlarning rus tilini bilishlari muhimligi ham ta’kidlangan.

Tavsiyalarda migrantlarga yaqinlari emasligi bois, boshqalarga "aka" yoki "opa", deb murojaat qilmasliklari" ta’kidlangan.

"O‘tkinchilarni o‘z ona tillarida muhokama qilmasliklari yoki o‘zgalar oldida o‘z ona tillarida pichirlamasliklari" ham uqtirilgan.

Xuddi shu yangi kurs doirasida ham ularga Rossiyada ekan, qarama-qarshi jins vakilalariga qanday munosabatda bo‘lishlarini o‘rgatish ham ko‘zda tutilgani ayon bo‘lgan.

Ma’ruzada Rossiyadagi ayollarning yorqin va ochiq kiyinishi ularning tanishish niyatida ekanliklariga dalolat qilmasligi tushuntirilib, "notanish xotin-qizlarga teginishlari, ularni chimchilashlari, quchoqlashlari, qo‘llar yoki kiyimlarini ushlashlari" nojoiz ekani aytilgan.

Ular aks holda bunday xatti-harakatlar "tegajoqlik", deb baholanishi bilan ham ogohlantirilganlar.

O‘zlariga yoqib qolgan ayol yoki erkakning e’tiborini jalb qilish uchun "ovoz chiqarmasliklari, baqirmasliklari, hushtak chalmasliklari va ularga qo‘l ko‘tarishlari ham mumkin emasligi" uqtirilgan.

Oshkora namoz o‘qimang, qo‘y so‘ymang...

Москвадаги Ҳайит намози
AFP
Rossiyada biror bir dinga mansublikni oshkora ko‘rsatish, ya’ni, ko‘chada, jamoat joylarida namoz o‘qish, toat-ibodat qilish, shuningdek, qurbonlik keltirish nojoiz.
Rossiyada Markaziy osiyolik migrantlar uchun ishlab chiqilgan yangi moslashuv kursidan olingan.
Batafsil: bbc.com/uzbek da.

Ma’ruzada Markaziy osiyolik migrantlarga yana "Rossiya - dunyoviy davlat" ekanligini yoddan chiqarmasliklari ham tayinlangan.

"Rossiyada biror bir dinga mansublikni oshkora ko‘rsatish, ya’ni ko‘chada, jamoat joylarida namoz o‘qish, toat-ibodat qilish, shuningdek, qurbonlik keltirishning nojoiz" ekani aytilgan.

Markaziy osiyolik migrantlarni, yana shuningdek, "ekstremistik va terroristik harakatlarda ishtirok etmaslik, "miting va namoyishlarga chiqmaslik" bilan ogohlantiriladi, ular buning oqibatlaridan ham boxabar etish ko‘zda tutilgan.

Yangi kurs doirasida Markaziy osiyolik migrantlarga qisqacha tarix saboqlari berilishi ham anglashilgan.

Boshqa mavzular qatorida ularga sobiq "SSSR byudjetidan ajratilgan katta mablag‘lar Markaziy Osiyo respublikalarining muvaffaqiyatli rivojlanishlari"ga imkon bergani eslatilgan.

"19-asrda yerlarining Rossiya imperiyasi tarkibiga kirishi mintaqa iqtisodiyotining rivojlanishiga yaxshi ta’sir ko‘rsatgani" ta’kidlangan.

Islom dini Rossiyada ikkinchi yirik din sanaladi.

Musulmonlar mamlakat aholisining 10 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Rossiyadagi musulmonlarning soni turli manbalarda 10 milliondan 25 milliongacha ekani aytiladi.

Rossiyadagi musulmonlarning salmoqli qismini, yillarki, Markaziy osiyolik migrantlar tashkil etib kelishadi.

Ularning orasida katta ko‘pchiligi Rossiyada mehnat muhojirligida band O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolaridir.

"Kommersant’" o‘shanda yangi kursning to‘rt bo‘limdan iboratligi haqida yozgan.

Ular "Migratsiya va mehnat qonunchiligi asoslari", "Rossiyada oddiy xulq-atvor asoslari", "Qonun hujjatlariga rioya qilmaslik uchun javobgarlik", "Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixi"ni o‘z ichiga olishini aytgan.

Xabarlarga ko‘ra, yangi kurs allaqachon Rossiyaning qator mintaqalarida sinovdan o‘tkazilgan.

"Muvaffaqiyatli sinovlar"dan so‘ng, boshqarma dasturga aniqlik kiritib, uni mamlakatning barcha hududlariga yuborgan.

Biroq qonunchilikda hali migrantlarning undan o‘tishlari shart emasligi ham aytiladi.

Rossiyaga tashqi mehnat migratsiyasi, boshqa tomondan, Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zining siyosiy va geosiyosiy bosimini o‘tkazishida, yillarki, Kreml qo‘lidagi eng samarali ta’sir vositalaridan biri bo‘lib kelgan va keladi.

So‘nggi yangilik Ukraina urushi fonida va mas’uliyatini Yaqin Sharqdagi IShID jangari guruhi o‘z zimmasiga olib chiqqan Moskvaning Krokusidagi qonli hujum ortidan Rossiya o‘zining Markaziy osiyolik migrantlarga qarshi siyosatini shundoq ham kuchaytirgan va bu allaqachon mintaqa davlatlari poytaxtlarida jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lib ulgurgan bir paytda olinmoqda.

Ayniqsa, Krokusdagi hujum rossiyalik ayrim siyosatchilarning Markaziy Osiyo davlatlari bilan amaldagi vizasiz tartibni bekor qilish chaqiriqlariga ham sabab bo‘lgan.

Qariyb 40 million ekani bilan O‘zbekiston mintaqaning aholisi eng katta davlati bo‘ladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston aholisi 60 foizga yaqinini mehnatga layoqatli yoshlar tashkil etishi aytiladi.

Yana mehnat muhojirlarining ortga yalpi qaytarilishiga oid qo‘rquvlarni kuchaytirgan Rossiyadagi voqealarning so‘nggi yillardagi rivoji manzarasida O‘zbekiston o‘z fuqarolari uchun tashqi mehnat bozorlarini turfalashtirish harakatida ekani ko‘riladi.

Poytaxt Toshkentdan shu kunlarda olingan xabarlarda aytilishicha, birinchi yarim yillikda 86 mingdan ortiq o‘zbekistonlik 17 mamlakatda ishga joylashgan.

O‘zbekiston Markaziy Bankining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi choragida mehnat muhojirlari tomonidan mamlakatga jami 4,8 mlrd. dollar miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan.

Pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,4 foizga o‘sgan.

Xususan, Boltiq davlatlari, Yevropa va boshqa mintaqalardan o‘tkazmalar hajmi o‘sish sur’ati qolgan mintaqalarga nisbatan yuqoriroq saqlanib qolgan.

Bunda, ayniqsa, Boltiq davlatlaridan pul o‘tkazmalarining sezilarli oshishi kuzatilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 65,6 foizga o‘sgan.

Bank, o‘z o‘rnida, so‘nggi choraklarda O‘zbekistonda real ish haqining o‘sishi mintaqadagi davlatlar bilan solishtirganda nisbatan pastroq shakllanayotganligi haqida ham ma’lumot berib o‘tgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi kambag‘allik va ishsizlik hozir ham nisbatan dolzarb muammoligicha olayotgan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari ijtimoiy barqarorligi uchun muhim omil sanaladi.