O‘zbekiston: Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik borasida vaziyat o‘zgardimi? Yangiliklar

aqida
Ўқилиш вақти: 9 дақ

O'zbekistonlik bloger, inson va xotin-qizlar huquqi faoli Aqida xonimning aytishicha, mamlakatda so'nggi yillar ayollar haqlariga doir qator ijobiy o'zgarishlar sodir bo'ldi. "Ammo jarayonda bu o'zgarishlarga qarshi bo'lganlar asosan ayrim erkak mulozimlar ekani achinarli ahvoldir", deydi u.

Aqida xonim bilan Bi-bi-si O'zbek jurnalisti Luiza Iskandariy suhbatlashdi.

Aqida: Albatta o'zgarishlar bor. Xususan, prezidentimiz oilaviy-maishiy zo'ravonlikka qarshi qonunni imzoladilar. Bu bilan, maishiy zo'ravonlik jinoyat darajasiga chiqarildi. Bu qonun jamoatchilik tarafidan muhokama qilindi va aksar insonlar, xususan erkaklar bu qonunga qarshi fikr bildirishdi. Qiziqarlisi, qonunga qarshi fikr bildirgan erkaklar orasida davlat tashkilotlarida ishlovchilar ham bor edi. Qonun muhokamaga qo'yilgan paytda ham asosan erkak mulozimlar, deputatlar tarafidan qarshilikka uchragan. Shundan ham bilsa bo'ladiki, bizning jamiyatda ayollarga nisbatan bo'lgan oilaviy-maishiy zo'ravonlik normal holga aylanib bo'lgan va bu haqida ochiq gaplashilmaydi.

Suhbat videosini tomosha qiling:

Ўтказиб юборинг YouTube пост
Google YouTube контентига рухсат бериш

Айни мақолада Google YouTube томонидан тақдим қилинган контент мавжуд. Биз бу контент юкланмасидан аввал сизнинг розилигингизни сўраймиз, чунки улар куки ва бошқа технологиялардан фойдаланган бўлиши мумкин. Сиз Google YouTube ҳаволасида кукиларга доир ва шахсий маълумотларга оид қоидалар ҳақида аввал ўқиб, кейин қабул қилишга рози бўлишингиз мумкин. Кўриш учун “қабул қилиш ва давом этиш”ни танланг.

Огоҳлантириш:Учинчи манба материалида реклама бўлиши мумкин

Охири YouTube пост

Bi-bi-si: Mana shu yeri e'tiborga loyiq deb o'ylayman-da , zo'ravonlik kimga nisbatan bo'lmasin, faqat ayollarga nisbatanmi yoki erkaklarga ham nisbatanmi? Zo'ravonlik bu jinoyat ekanligida shubha yoki savol tug'ilishi kerak emas, to'g'rimi? Nima uchun shu qonun ko'rib chiqilayotgan vaqtda unga nisbatan qarshilik kuchli deb o'ylaysiz, hattoki rasmiylar orasida?

Aqida: Bilasizmi, bu masalada qonun loyihasi chiqarilishi o'zi katta narsa. Lekin bundan oldin ham bu masala sudlarda ko'tarilgandi-da, hatto sudyalardan biri aytgan, men ham ayolimni uraman nima qilibdi deb. Shundan xulosa qilsa bo'ladiki, bu insonlar ham potensial zo'ravon. Uyda ayoli, farzandini urish normal holga kelib qolgan. Qachon biz millat sifatida shunchalik o'zgarib ketdik. Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, ayollarga hurmat va ishonch kuchli bo'lganini Amir Temurdek hukmdor jihodlarga, janglarga ketganida davlat boshqaruvini ayoliga ishonib ketganidan ko'rishimiz mumkin. Qachon bunday past ishlar biz uchun norma bo'lib qoldi ekan? Har bir salbiy ishning ildizi bo'ladi, agar biz buni ildizi bilan sug'urib tashlamasak, ijobiy natijalarga erisholmaymiz. Ayollarga nisbatan maishiy zo'ravonlik qachon ildiz ota boshlaganini bilish uchun ko'p yillar davomida jamoatchilik bilan ishlab kelayotgan yoshi katta ayollar bilan gaplashib ko'rdim. Ba'zi bir fikrlarga ko'ra, bunga sabab Jahon urushidan ko'p erkaklarning yarador bo'lib qaytishi bilan ularga nisbatan ayollarning o'ta himoyakor munosabatda bo'lishgani deb tushundim. Ro'zg'ordagi aslida erkak kishi qilishi kerak bo'lgan og'ir ishlarni erkaklarni ayab ayollar o'z bo'yinlariga olishgan. Urush ko'rgan avloddan keyin 4-5 avlodmiz, shunga qaramay o'sha davrdan beri ayollarga bo'lgan hurmat-izzat kamayib kelyapti. Hatto tarixchi olimlarimiz ham eskidan ayollarga bo'lgan hurmat-izzat ancha baland bo'lganini ta'kidlashdi.

iqtibos

Bi-bi-si: Demak, erkaklar boshidan o'tqazgan qiyinchiliklari uchun avaylanganlari sari, ayollarga bo'lgan zo'ravonlik kuchaygan. Buni qanday qilib izohlash mumkin?

Aqida: To'g'risini aytsam, zo'ravonlikka nisbatan hech qanday izoh topolmayman. Bu kecha yoki o'tgan kun yuzaga kelgan narsa emas. Uch yil oldin zo'ravonlik masalasini ilk bor yoritib chiqqanimda, menga yoshi katta ayollar ham bizning davrda ham bor edi zo'ravonlik deb chiqishdi. Bu SSSR davriga to'g'ri keladi. O'sha davrda ham, oldingi prezidentimiz davrida ham hech kim bunday hollarda ichki ishlarga murojaat qilmagan. Ko'pi bilan, o'sha davrdagi militsiya xodimlari zo'ravon bilan suhbat o'tqazib qo'yishgan, yoki berilgan tan jarohatiga qarab 2-3 sutka o'tirib chiqishi mumkin bo'lgan. Hozir esa vaziyat o'zgardi, qonun imzolandi va oilaviy zo'ravonlik jinoyat deb qaralmoqda. Eng asosiysi aholining ongi o'sib, zo'ravonlik ayolga, bolaga, tabiatga bo'ladimi, bunga jinoyat deb qarayapti. Bunday o'zgarishlarga kelishning o'zi bo'lmagan. Ilk zo'ravonlik holatini yoritganimda, meni qo'llab-quvvatlaganlar, va menga qarshi bo'lib zo'ravonlikni oqlaganlar elikka-ellik bo'lgan. Jamoatchilikda meni oilaviy ishga aralashishda ayblaganlar ko'pchilik bo'lgan. Ularni orasida "vaqtida biz ham kaltak yeganmiz, buning qo'rqinchli joyi yo'q" degan ayollar borligi achinarli yedi. Ayolga qarshi zo'ravonlikning ayollar tarafidan oqlanishi - mizoginiya bu. Feysbuk ijtimoiy tarmog'ida 71 ming obunachilarim orasidagi erkaklar ham boshida mening aralashuvimni yoqlashmagan. Birovlarni oilasiga aralashib nima qilasiz, ayoli tili sabab bo'lib kaltak yegandir da deyishgan. Bu esa qurbonni o'zini ayblash- "tilidan yegan" deyish. Yoki erkak ayolini o'lasi qilib urgan tasvirlarni ko'rsatsam, "ayol xiyonat qilgandi da" deyishadi. Agar bu mantiq bilan yondashadigan bo'lsak, ayoliga xiyonat qilgan qanchadan-qancha erkaklar kaltak ostida qolib ketishi kerak.

Men oilaviy zo'ravonlikdan jabr tortgan ayollar mavzusini yoritganimda, meni fikrlarim uchun yomon ko'rgan, mendan nafratlangan bir erkak obunachim bo'lardi. Oradan 1 yarim yil o'tganidan keyin menga o'zi shu borada yordam berishimni so'rab yozdi. Aytishicha, jo'rasiga uzatilgan singlisini , kuyov bo'lmish jo'rasi shu darajada urar ekanki, ayolning tishlari sinib ketibdi. Men Rossiyada ishlayman, singlimga buyoqdan turib qanday yordam bera olaman, deb maslahat so'radi. Zo'ravonlik tushirilgan tasvirlarni menga yubordi, men esa u tasvirlarni Bosh prokuraturaga va ichki ishlar vazirligiga yubordim. Shunda bu odamga, ko'rdingizmi, siz bugun zo'ravonlikni oqlab tursangiz, ertaga bu narsa sizning yaqinlaringiz boshiga tushishi mumkin deb aytdim. Shunday ekan, zo'ravonlikni hech qanaqasiga oqlab bo'lmaydi. Zo'ravonlik normal holat degan fikr qizlarning o'zida bor, bu esa juda katta falokat. Mayli, bir-bir bo'lib turadi deb o'ylashadi. Ota-onasiga shikoyat qilganida esa, ota-ona menga tegma, meni sharmanda qilib turmushingdan qaytib kelma deyishadi. Bunaqa hollardan nechtasi yuz berdi?! Orada uch yil farq bilan bir oilaning ikkita kelini joniga qasd qildi. 23-24 yoshli qizlar. Biz 23-24 yoshimizda g'am- tashvishsiz o'ynab yurardik. Bular bir erkakning ikki ayoli - birinchisi joniga qasd qilib vafot etgan, keyin ikkinchi marta uylangan ayoli ham uksus (sirka) ichgan.

Bi-bi-si: Mana siz o'zingiz menga turli videolar, turli murojaatlar kelib tushadi deyapsiz. Oxirgi yillarda yuragingizni larzaga solgan va xotirangizda qolgan hodisalardan aytib berolasizmi?

Aqida: Eng birinchi larzaga solgan hodisa, eri doimiy ravishda urib, taglikdagi axlatni yedirgan Samarqandlik kelin hodisasi yedi. Men bu hodisani 4 oy davomida yoritganman. Shu sabab u kelinning qaynatasi tomonidan hayotimga tahdidlar bo'lgan. Mahalla raislari, viloyat hokimi o'rinbosarlari ishtirokidagi yigirma kishilik majlisda "men u blogerni ag'darib tashlayman,yo'qotib yuboraman" degan gaplarni gapirgan. Shunday tahdidlar qilgan bo'lsa-da, u kishi hech qanday javobgarlikka tortilmagan.

Bi-bi-si: Siz so'z yuritayotgan hodisa tafsilotlari ba'zi tomoshabinlarimizga ma'lum bo'lmasligi mumkin, biroz shu haqida gapirib berolasizmi?

Aqida: Uyning kuzatuv kamerasiga yosh erkak yosh ayolni vahshiylarcha do'pposlayotgani tasvirga tushadi. Orada esa qaynana ularni ajratmoqchi bo'lganday harakatlar qiladi, aslida esa haqiqiy ajratmoqchi bo'lgan yagona jonzot - uyning kuchugi. Mana shu videoni menga kelinning qarindoshi yuboradi. Bu kelinning onasi yo'q, otasi ajrashib ketgan va boshqa oilasi bor, aka-singillari ham yo'q. qarindoshlari esa boshqa yerda yordam berisholmayapti. Bu tasvirni ijtimoiy tarmoqqa qo'ydim. Ichki ishlar vazirligi jabrdiydaning erini qo'lga olganini aytdi. Bu xabarni menga Samarqand ichki ishlar matbuot kotibi Jahongir Sa'dullayev bildirdi. Boshida "opajon ushladik"deyishdi, bir-ikki soatdan keyin esa "opajon qochib ketibdi" deb xabar berdi. Ushlab kelishgach esa, umuman boshqa modda bilan ma'muriy javobgarlikka tortilgan. U yigitning 22-marta ma'muriy javobgarlikka tortilganligi ma'lum bo'ldi. Qonunchiligimiz bo'yicha, uchinchi ma'muriy javobgarlikdan so'ng, jinoiy javobgarlikka kiradi. Bu narsadan tizimda korrupsiya borligiga shubha uyg'onadi. Xuddi ichki ishlar ishni bosti-bosti qilish payida bo'lganday tuyuldi. Bu hodisani yoritish uchun mening to'rt oy umrim, asabim ketdi. Mustahkam hodisasidan keyin juda ko'plab ayollar menga oilaviy zo'ravonliklar haqida murojaat qila boshlashdi. Asosiysi sukut saqlamaslik, gapira olish hamda kerakli joylarga murojaat qilish. To'rt oy boshqa davlatlardan, o'zbek tilini biladiganlar bu voqeani kuzatib borishdi. Zo'ravon turmush o'rtog'iga olti yil qamoq jazosi berildi. Lekin qaynatasi meni orqamdan kuzatib yurish uchun ikkita giyohvandni qo'ydi. Yigirma kishilik majlisda hayotimga tahdid qilgani uchun javobgarlikka tortilmadi ham. Guvohlik qilib ariza yozib berishni so'raganimda esa, "siz Toshkentda yashaysiz, biz esa Samarqandda, o'z xavfsizligimiz uchun qo'rqamiz" deb yordam berishmadi. Ko'ryapsiz, bu yerda insonlarni himoya qilishi kerak bo'lgan tizimlar, ularni olov ostiga, xavfga tashlab qo'yadi. Jabrdiydani himoya qilaman deb, o'zim himoyaga muhtoj bo'lib qolganman.

Bi-bi-si: Demak, sizning fikringizcha, bu sohada ayollarga nisbatan zo'ravonlik holatlariga qarshi kurashishda sukut saqlamaslik, oshkora gapirish, bu holatlarni ayon qilish katta yordam berishi mumkin. Lekin mana siz aytyapsizki, gapirgandan, oshkora qilgandan keyin ham rasmiylarning, tizimning o'zi xaspo'shlashga, berkitishga harakat qilishadi. Mana shunday vaziyatda ayol o'zini tanho his qilmasligi uchun, qayerdandir, qandaydir qo'llov olabilishi uchun, masalan Afg'onistondagi ayollarga o'xshab, ularga yordam beradigan tashkilot bo'lmasa, o'zini qanday tutishi mumkin?

Aqida: To'g'risini aytsam, O'zbekiston ayollari bilan Afg'oniston ayollarining holatlarida yer bilan osmoncha farq bor. Afg'oniston ayollarining umuman huquqlari yo'q. Tolibon hukumatga kelganida bizdagi ba'zi insonlar xursand bo'lishdi. Mana, shariat bo'yicha yashasa bo'larkan-ku, deb. Lekin qaysi shariat bo'yicha? Qaysi shariatda ilm olishga to'sqinlik qilingan? Bunaqa narsa yo'q shariatda. Dinni niqob qilib olish deb tushunaman men buni. Ularning na yashashga, na ilm olishga haqqi bo'lsa! Tolibon ayollariga juda achinaman. Ularning ahvollarini o'nglanishini Xudodan so'rayman faqat. Ilm olishdan to'silishi, qanday yuzqoralik bo'ldi! Islom qorong'ilik emas- haqiqiy islom ilm o'rganish. Qur'onda ham "Iqro, iqro, iqro- "o'qi, o'qi, o'qi " deyilgan. To'g'risi, men ularga "bunday bo'ling", "shunday qiling" deb o'rgata olmayman, har xil vaziyatlardamiz. Kimga, qanday murojaat qilishlari mumkin bilmayman, chunki Tolibonni O'zbekiston ham, boshqa davlatlar ham hukumat sifatida tan olmagan. To'g'ri, endi qo'shni bo'lganimiz uchun gaplashib, ba'zi bir masalalarni tinchlik yo'li bilan hal qilamiz. Lekin, Tolibon xalqaro arenada o'z o'rniga ega emas, johillik, bosqinchilik bilan davlatni qo'lga kiritgan. Bizda davlat tizimi farqli, shunga u yerdagi ayollarga maslahat berishim to'g'ri deb o'ylamayman. Afg'on ayollari dodini Allohga aytadi faqat. Afg'on ayollariga achinaman.

Bi-bi-si: Mana siz aytib o'tdingiz, O'zbekiston dunyoviy davlat va yaqinda ayollarga bo'lgan maishiy zo'ravonlik jinoyat safiga kiritildi rasman. Mana shu rasmiy qadam amaldagi vaziyatga ta'sir qildimi?

Aqida: Zo'ravonlik necha-necha yillardan beri davom etib kelayotgan holat. Usti yopilgan yaradek edi, biz bloggerlar, jurnalistlar shu yarani ochib ko'rsatdik. Maishiy zo'ravonlik borligini, undan ayollar aziyat chekayotganini ochiq gapirdik, zo'ravonlikni oldini olish uchun qonun ishlab chiqildi. Bundan buyog'i ommaviy axborot vositalari, blogerlar qonun buzilgan hollarni jamiyatga ko'rsatib berib, jazoga hukm qilinganini ham e'lon qilib tursa, sekin-sekin jamiyatdagi insonlar ham o'zini tarbiyalashni boshlaydi.

Bi-bi-si: Bir nechi yillar kerak deyapsiz, zo'ravonlikdan aziyat chekayotgan ayollar yana nechi yil kutsin?

Aqida: Amaliyotimdan kelib chiqib bir narsani aytaman. Menga yoshi kattaroq, 30 dan oshgan ayollar ham murojaat qilishadi. Urilgan, momataloq bo'lgan , og'zi-burni qonagan rasmlarini, videolarini yuborishadi. Shuni ijtimoiy tarmoqlarda chiqarib bering deyishadi. Siz ichki ishlarga murojaat qildingizmi, deb so'rayman, yo'q deyishadi. Agar profilaktika inspektori, ichki ishlar chora ko'rmasagina, men bunday hollarni yoritaman. Ayollar esa, "siz menga chiqarib bering, zo'ravonning yuzini hamma ko'rsin" deyishadi. Xo'p, siz ichki ishlarga murojaat qilasizmi , deb so'rayman, "yo'q, qilmayman" deb javob berishadi. Aslida ayolning maqsadi zo'ravonni sharmanda qilish, qo'lidan nimalar kelishini ko'rsatish, manipulyatsiya qilish bo'ladi. Qonuniy chora ko'rilishini esa xohlashmaydi. O'zicha jazolab, yana er-xotin bo'lib yashashda davom etadi. Menga kuniga 6-7 murojaat tushadi. Shahar, qishloq farqi yo'q, butun O'zbekistondan. Ularga haq-huquqlarini tushuntirib, qayerga murojaat qilish yo'l-yo'rig'ini tushuntirsam ham, amal qilishmaydi. Ruhshunoslikda Stokgolm sindromi degan tushuncha bor. Bu jabrlanuvchining zo'ravonga nisbatan achinish hissida bo'lishi, uning hatti- harakatlarini oqlashi. Ana shu menga murojaat qilgan ayollar ham xuddi shunday ruhiy holatda deb o'ylayman. Zo'ravonni yonini olish, uni himoya qilish payida bo'ladi. Zo'ravonlik bir daraxtning mevasi bo'lsa, johillik shu daraxtning ildizidir. Qizlarning fikrlashini o'zgartirishimiz kerak, ularning ta'limiga e'tibor qaratishimiz kerak. Agar qiz bola ta'lim oladigan bo'lsa, uning dunyoqarashi umuman boshqacha bo'ladi. O'qisa - diplomi, ishi, o'ziga tegishli puli bo'ladi. Moddiy qaramlik sabab, turmush o'rtog'ining zo'ravonliklariga chidab yashashga majbur bo'lmaydi. Zo'ravonlik bo'lmasa-da, hayotda har xil vaziyat bo'lishi mumkin. Turmush o'rtog'i mehnatga layoqatsiz bo'lishi, yoki erta vafot etishi mumkin. Shunday hollarda farzandlari va o'zini ta'minlay olishi kerak. Buning ustiga, o'qigan, aqlli onadan aqlli farzand tarbiyalanadi. Agar onaning fikri-xayolida faqat latta-putta, tilla, seriallar, odamlar nima deydi degan gaplar , g'iybat bo'lsa, u ona farzandiga nima beroladi? Albatta, bularning bari yaxshi tomonga o'zgarishi uchun vaqt kerak bo'ladi. Buning mevasini siz bilan biz ko'rmasmiz, lekin albatta shunday kun keladi. Qizlarimiz ko'proq ilm olishi kerak. Va shu bilan birga oilada farzand tarbiyasiga ota-ona birday mas'ul bo'lishi kerak. Biz o'zbeklarda "ota ko'chaning odami" degan gap bor. Menimcha, bu noto'g'ri, ayniqsa o'g'il bolalar uchun otaning tarbiyasi muhim.

Bizda afsus faqat qizlarni tarbiyasiga ahamiyat berib, yoshlikdan kelinlikka tayyorlashadi. Qizlarning bo'yniga ko'p narsa ilishadi. Lekin o'g'il bolalar o'z holicha, asosiy talab ko'p pul topish. Ko'p pul topishdan tashqari yaxshi ota, yaxshi turmush o'rtog'i bo'lish kerakligi o'rgatilmaydi. Ayollar o'zlarini nuqsonli sezadi, o'g'il bolalar esa o'zini to'kish deb biladi. Afsuski gap faqat pul topishda emas. Dunyoqarash, farosat degan masalalar bor. Mehnat qilish, ilm olish. Qisqasi, tarbiya talablari qizlarga ham, o'g'il bolalarga ham birdek muhim.

Balki o'n yil, balki yuz yildan keyin yaxshi tomonlarga o'zgarish bo'lar deb umid qilaman.

Bi-bi-si: Siz ayollarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi kurash sohasida bir necha yildan beri faoliyat yuritasiz. Shaxsan sizning faoliyatingiz qandaydir ijobiy o'zgarishga sabab bo'ldi deb ishonasizmi?

Aqida: Ishonaman. Buni davlat rahbarlari ham e'tirof yetishgan. Samarqandlik kelin Mustahkamning keysi, pedofiliya keysidan keyin aholining bunday masalalarga diqqatini qaratganman va jamoatchilik fikri shakllanishiga ta'sir qilganman. Bizni inflyunser- ta'sir o'tkazuvchi, opinion mayker- fikr shakllantiruvchilar deyishadi.

Bi-bi-si: Ijtimoiy fikrlarni shakllantirishga ta'sir ko'rsatish.

Aqida: Men jamoatchilikka olib chiqqan mavzular sabab, insonlar shu holatlarga fikr bildirishyapti va uning orqasidan qonunchilikda ham o'zgarishlar bo'lyapti. Bizning sog'lig'imiz, vaqtimiz bunga badal, bizga bu uchun hech kim pul to'lamaydi. Beminnat yoritamiz, yordam beramiz.

Biz bosh prokuratura, ichki ishlar vazirligi bilan ayollarga nisbatan zo'ravonlik masalalarida hamkorlik qilamiz. Bundan olti oycha oldin Bo'stonliqda eri Rossiyada mehnat muhojiri bo'lgan ayolni to'rt erkak mahalladoshi uyiga bostirib kirib, bolalarining ko'z oldida nomusiga tegishgan. Ayolning ahvoliga qarab bo'lmaydi! Bu masalani ham men ijtimoiy tarmoqlarda yoritib, ichki ishlarga murojaat qilgandim. Holat bo'yicha 62 ta ekspertiza tayinlangandi. Yaqinda sud bo'ldi va aybdorlarning hammasi qamoq jazosiga hukm qilindi. Eng kattasiga 9-yil 2 oy, qolganlariga 7 yarim yildan qamoq jazosi berildi.

Bi-bi-si: Umid bor, lekin afsus bilan aytish kerakki, o'zgarishlar yuz yildan keyin bo'ladi. Mana shu o'zgarishlar sur'atini tezlashtirish uchun nima qilish kerak?

Aqida: Sur'atni tezlashtirish uchun baribir avlod o'zgarishi kerak. Hozirda yoshi 20-25 dan past bo'lgan qizlarni ko'proq o'qishga, ilm olishga targ'ib qilish kerak. Qizlar ilm olsa o'ylash fikrlashi batamom boshqacha bo'ladi. O'g'il bolalar ham. Har bir oilani hujayra deydigan bo'lsak, bu oilalar birlashib organizmni - jamiyatimizni tashkil qiladi. Bir hujayra kasallansa, boshqasiga ham yuqadi. Hujayralar sog'lom bo'lishi uchun ilm olish eng oliy maqsad bo'lishi kerak. 90-chi yillarda biz o'rnak oladiganlarimiz shou- biznes vakillari edi. Hozirgi yoshlarga esa o'rnak bo'ladiganlar asosan blogerlar, vaynerlar bo'lyapti. Yoshlarimizga namuna bo'ladiganlar ilmli insonlar bo'lmas ekan, yaxshi tomonga o'zgarishimiz qiyin bo'ladi. Quvonarlisi shuki, hozir Yoshlar ishlari Agentligida xuddi shunday ilmli yoshlarni o'rnak qilib ko'rsatishga yordam beradigan loyihalar qilishyapti. Lekin bunday loyihalar bilan bittagina tashkilot cheklanib qolishi kerak emas, boshqa tashkilotlar bu tur loyihalarni qo'llab-quvvatlashi kerak, ommaviy bo'lishi kerak.

https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002