"Eng katta orzuim -farzandlarim men kabi ilmsiz bo'lmasin..." - O'zbekiston

Сурат манбаси, BBC.COM/UZBEK
- Author, Yulduz Abdurashidova
- Role, Samarqand viloyati
O'zbekiston qishloqlarida ayollar uchun ish o'rinlari ko'p emas. O'qigan xotin-qizlar, asosan, muallimalik yoki shifokorlik qilishadi, o'qimaganlar dalada ishlaydilar. Sarmoya topa olganlar biron kichik biznes bilan shug'ullanishlari mumkin. Hunar o'rganganlar tikuvchilik qilishadi.
Biroq dala ishlari mavsumiy, olis qishloqda yashasangiz, tijorat uchun shaharga qatnash yoki o'sha yerda yashash kerak.
Maktab va shifoxonalarda ham ish o'rinlari cheklangan. Ayniqsa, tozalovchi, sanitariya xodimasi yoki oshpazlik kabi ishlar uchun raqobat ozmuncha emas.
Shunday holatda ham ayol uchun ish imkoni yo biron tanlov bormi?
Aloqador mavzular:
Samarqand viloyati, Ishtixon tumani tibbiyot birlashmasi bolalar bo'limi kichik xodimalarining ko'pchiligi - ayollar.
Ular shifoxona tozaligi, bemorlar navbati, jihozlar sozligi va palatadagi ko'rpa-to'shaklarning tozaligi uchun mas'ullar.
(Qahramonlarning ismlari o'zgartirilgan)
Mavluda B. bir yildan buyon mazkur shifoxonada sanitariya xodimasi bo'lib ishlaydi. Uch farzandi bor, avval tikuvchilik qilgan. "Institutga kirishni juda istaganman, ammo o'sha paytlar puli borlar o'qirdi, meni o'qitishga otamning kuchi yetmagan. Hozir uch farzandim bor. Ikki o'g'il, bir qiz. Ishlagan pullarimini, asosan, oilaviy byudjetga qo'shaman, ro'zg'or xarajatlariga, o'g'illarimning o'qishlariga..."

Сурат манбаси, BBC.COM/UZBEK
Suhbatdoshimiz qizini universitetda o'qitganini, hozir farzandi turmushga chiqib, ishlayotganini aytadi.
"Qizlar birinchi o'rinda kasb-hunarli, ilmli bo'lishi kerak. Turmushga chiqishga shoshmaslik lozim. Agar hunarli va kasbli bo'lsa, ertaga turmush o'rtog'iga yordamlashadi", - deydi u.
"Har doim ham bunaqa erkakning topgani ro'zg'orning kamini to'ldirishga yetmasligi mumkin, ayol kishi ham ishlasa, ro'zg'origa yordamlashadi, bolalarining o'qishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga sarflaydi. Ayolning ishlagani baribir oilaga yordam bo'ladi", deydi subatdoshimiz.
S.B

S.B ham ushbu muassasa xodimasi. U ishlab, oilaviy xarajatlarni qoplashda turmush o'rtog'iga ko'maklashib kelayotganini aytadi.
Suhbatdoshimizning bildirishicha, u har doim oliy tibbiyot muassasasida o'qishni, doktor bo'lishni istaganini, biroq moliyaviy sabablar tufayli talaba bo'la olmaganini urg'ulaydi. "2016-yildan buyon shu yerda ishlayman. Bu yerga ishga kirishimdan avval tikuvchilik, savdo-sotiq bilan shug'ullanganman. To'rt nafar farzandim bor", - deydi u.S.B maoshining juda kam qismini o'z ehtiyojlariga sarflashini aytadi. "Ishlagan pullarimni uyimizga, bolalarimning ehtiyojlariga sarflayman. O'zimga har doim ham ajratavermayman, juda kam qisminigina shaxsiy xarajatlarimga ishlataman".
"Oila va ishni birga olib ketish qiyin, doim bir xayolim uyda, biri ishda bo'ladi. Kenja farzandim hali juda kichkina, lekin men tez ishga chiqib ketdim. Haftada olti kun soat 8:00 dan to 15:00 gacha ishda bo'laman. 1 mln 600 ming so'm oylik olaman. Oliy ta'limda o'qimaganimdan afsuslanaman, bu armonim bo'lib qolgan, juda xohlaganman o'qishni. O'qiyman deganman, ammo oilada ko'pchilik bo'lganimiz bois o'qiy olmaganman. Sharoitimiz yetmagan, olti farzand bo'lganmiz, yagona boquvchimiz dadam bo'lganlar", - deya afsuslanadi suhbatdoshimiz. "Hozirgi kundagi eng katta orzuim - farzandlarim menga o'xshab ilmsiz bo'lmasin. Ular ilmli o'qimishli bo'lishini istayman. O'zim o'qimaganim uchun yoshligimda ham, hozir ham qiynalyapman. Bolalarim o'qib, katta ishlarda ishlashini juda xohlayman. Qizlarga ham o'qib, kasb-hunar o'rganib keyin turmushga chiqishini maslahat beraman. Bitta er bo'lsa, topiladi", - deydi S.B
M.J
"Uydan chiqib kelib, bu yerda jamoa bilan ishlashning o'ziga yarasha zavqi bor. Oyligi ham zarur vaqti juda asqatadi. Davlat ishining qiyin jihatlari bor, albatta. Tunlari navbatchilikda qolsak, uxlamasdan tong ottiramiz. Kelgan kasallarga qaraymiz", - deydi M.J
"Qancha xona mavjud bo'lsa, hammasini tozalab chiqamiz. Ishni yakunlayotganda, hamma javobgarlikni o'z bo'ynimizga olgan holatda topshirib chiqib ketamiz. Shundan so'ng uyga shoshamiz. Uyda barcha ro'zg'or yumushlari ayol kishiga qarab turgan bo'ladi".
Bu suhbatdoshimiz 2017-yildan beri shifoxonaning bolalar bo'limida ishlab kelishini aytadi.
U maoshini faqat uch farzandining ehtiyojlariga sarflashini urg'ulaydi. "Topgan pulimni asosan ro'zg'orga ishlataman. Uch nafar farzandim bor. Ularga kiyim-kechak olib beraman. Shaxsan o'zim uchun, bilmadim, ishlatmasam kerak. Bolam-chaqam deb, shu uyim deb yuribmiz-da", - deydi M.J. Va o'z orzu-umidlarini biz bilan baham ko'radi. "Eng katta orzuyim - bolalarimning baxti, ularning tinchligi va sog'ligi. Eng muhimi ham shu. O'qimishli bo'lishsin deymiz. Ularni voyaga yetkazib, uylantirib rohatini ko'rsak deymiz".
https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002
















