Shu paytgacha misli ko‘rilmagan yangilik: Odamzot sun’iy DNK yaratmoqchi, bu insoniyat uchun xavfmi yoki imkoniyat?

DNK

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Bu tadqiqot shu paytgacha tabu edi, chunki u "loyihalangan bolalar" yaratilishi yoki kelajak avlodlar uchun kutilmagan o‘zgarishlarga sabab bo‘lishidan xavotirlar bor edi.
    • Author, Pallab Gosh&Gvindaf Xyuz
    • Role, Ilm-fan muxbiri&Ilmiy videotasvirchi
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Bu tadqiqot shu paytgacha tabu ostida edi.... Endi "jin ko‘zadan chiqib bo‘ldi"mi?

Inson DNKsini noldan sun’iy yaratish ishlari boshlandi.

Inson jismining asosiy qurilish qo‘llanmasi bo‘lmish DNKni noldan yozish bo‘yicha dunyodagi ilk loyiha va bahsli tadqiqot ishi boshlandi.

Bu tadqiqot shu paytgacha tabu edi, chunki u "loyihalangan bolalar" yaratilishi yoki kelajak avlodlar uchun kutilmagan o‘zgarishlarga sabab bo‘lishidan xavotirlar bor edi.

Biroq dunyodagi eng yirik tibbiy xayriya jamg‘armasi – Wellcome Trust ushbu loyihani boshlash uchun dastlabki 10 million funt mablag‘ni ajratdi.

Tashkilot bu tashabbus ayrim og‘ir kasalliklarni davolashni tezlashtirish orqali ko‘proq yaxshilik keltiradi, demoqda.

Kembrijdagi Molekulyar biologiya bo‘yicha MRC laboratoriyasidan doktor Julian Seyl, loyiha ishtirokchilaridan biri sifatida, Bi-bi-siga bu tadqiqot biologiyadagi navbatdagi ulkan sakrash bo‘lishini aytdi.

"Hech qanday chegara yo‘q. Biz odamlarning hayotini yaxshilaydigan, ular qariganida sog‘lom qarishga yordam beradigan terapiyalar ustida ishlayapmiz. Masalan, jigar, yurak yoki immun tizimi kabi zararlangan a’zolarni almashtirish uchun kasallikka chidamli hujayralar yaratish ustida ishlayapmiz", dedi u.

Biroq tanqidchilar bu tadqiqot gen o‘zgartirish orqali odamni "mukammallashtirish"ni istaydigan vijdonsiz olimlarga yo‘l ochib berishi mumkinligidan xavotirda.

Beyond GM nomli targ‘ibot guruhi direktori doktor Pet Tomas: "Biz hamma olimlar yaxshilik qilishni istaydi, deb o‘ylaymiz, lekin ilm samarasi ziyon yetkazish yoki harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin", dedi.

Loyiha tafsilotlari Bi-bi-siga inson genomini to‘liq xaritalagan Human Genome Project yakunlanganining 25 yilligi munosabati bilan ma’lum qilindi. Bu loyiha ham asosan Wellcome tomonidan moliyalashtirilgan edi.

Aloqador mavzular:
Илмий тадқиқот
BBC News
Biz hamma olimlar yaxshilik qilishni istaydi, deb o‘ylaymiz, lekin ilm samarasi ziyon yetkazish yoki harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin.
Doktor Pet Tomas
Beyond GM nomli targ‘ibot guruhi direktori (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Tanamizdagi har bir hujayrada DNK deb atalgan molekula bor. DNKda genetik axborot saqlanadi. U faqat to‘rt xil kichik molekula – A, G, C va T kombinatsiyalaridan tashkil topgan bo‘lib, ularning ketma-ketligi bizni kim ekanimizni belgilaydigan barcha genetik ma’lumotni tashiydi.

Human Genome Project inson genlarini shtrix-kod kabi o‘qish imkonini berdi. Endi boshlanayotgan Synthetic Human Genome Project esa bundan ham katta sakrashni anglatadi – u DNKni nafaqat o‘qish, balki uni noldan, molekulama-molekula qilib yaratish imkonini berishi mumkin.

Olimlarning dastlabki maqsadi inson DNKsining tobora kattaroq bloklarini yaratish usullarini ishlab chiqish. Bu sintetik yo‘l bilan inson xromosomasini to‘liq yaratishgacha boradi. Bu xromosomalar bizning rivojlanishimiz, tiklanishimiz va saqlanishimizni boshqaradigan genlardan iborat.

Bu genlar va DNK ular tanamizni qanday boshqarayotganini yaxshiroq tushunish uchun tadqiq etiladi.

Wellcome Sanger instituti direktori professor Mettyu Herls aytishicha, ko‘plab kasalliklar aynan shunday genlar noto‘g‘ri ishlaganda paydo bo‘ladi va bu tadqiqotlar shifo usullarini yaxshilashi mumkin.

"DNKni noldan yaratish bizga uning haqiqatda qanday ishlashini tekshirish va yangi nazariyalarni sinab ko‘rish imkonini beradi, chunki hozirda buni faqat mavjud DNKni biroz o‘zgartirish orqali qilish mumkin", dedi u.

Loyiha faqat laboratoriyadagi probirkalar va idishlarda amalga oshiriladi, ya’ni sintetik hayot yaratish rejalashtirilmagan. Ammo bu texnologiya olimlarga inson badani ustidan beqiyos nazorat imkonini beradi.

Loyiha tibbiy samarani ko‘zlagan bo‘lsa-da, bu texnologiyadan vijdonsizlar noto‘g‘ri foydalanishidan xavotirlar bor.

Tadqiqot jarayoni

Surat manbasi, BBC News

Surat tagso‘zi, Sanger institutidagi mana bu mashinalardan inson genomini tartiblash uchun foydalanilgan.

Masalan, biologik qurollar, "mukammallashgan" insonlar yoki inson DNKsiga ega maxluqlar yaratishga urinishlar bo‘lishi mumkin. Edinburg universitetidan professor Bill Ernshou bu sohada sun’iy inson xromosomalarini yaratish usulini ishlab chiqqan mutaxassis. U Bi-bi-siga shunday dedi:

"Jin ko‘zadan chiqib bo‘lgan. Agar hozir cheklovlar kiritsak ham, tegishli jihozlarga ega tashkilot qandaydir sintez qilishni boshlashga qaror qilsa, uni to‘xtata olmaymiz".

Pet Tomas esa ushbu texnologiyadan foydalanib yaratilgan davolash usullari tijoriylashtirilishidan xavotirda.

"Agar biz sintetik a’zolar yoki hatto sintetik odamlar yaratsak, u holda ular kimga tegishli bo‘ladi? Ularning ma’lumotlari kimga tegishli?", deb so‘raydi u.

Bu texnologiya noto‘g‘ri qo‘llanilishi tahdidi mavjud ekan, Wellcome nima uchun bunday loyihani moliyalashtirishga qaror qilgan?

Jamg‘arma vakili doktor Tom Kollins Bi-bi-siga shunday dedi:

"Biz o‘zimizga shunday savol berdik: agar biz hozir harakat qilmasak, narxi qanchaga tushadi? Bu texnologiya bir kun kelib shundog‘am yaratiladi, shunday ekan, hoziroq uni mas’uliyat bilan rivojlantirishga harakat qilyapmiz va axloqiy masalalarni ochiq-oydin hal qilib olishni xohlaymiz".

Loyiha bilan parallel ravishda Kent universitetidan professor Joy Jan boshchiligida ijtimoiy fanlar dasturi amalga oshiriladi. U jamiyat fikrini o‘rganmoqchi.

"Biz mutaxassislar, ijtimoiy fanlar tadqiqotchilari, ayniqsa, oddiy odamlarning bu texnologiyaga munosabatini, u ular uchun qanday foyda keltirishi mumkinligini va, eng muhimi, ularda qanday savol va xavotirlar borligini o‘rganmoqchimiz", dedi u.