Qatar Isroil zarbasidan so‘ng arab-islom sammitiga mezbonlik qilmoqda, AQSh Isroil bilan Dohaga zarba oqibatlarini muhokama qiladi, Rossiya dronlari ikkinchi NATO davlatiga kirdi

Video tagso‘zi, Isroil Dohadagi Hamas yetakchilariga zarba bergan tavsirlar
O'qilish vaqti: 4 daq

Qatarda arab va islom davlatlari rahbarlari Isroilning o‘tgan hafta Dohada Hamas yetakchilariga havo zarbasi berishidan so‘ng favqulodda yig‘ilish o‘tkazmoqda. AQSh Quddusda Isroil zarbasi oqibatlarini muhokama qiladi. Rossiya harbiy dronlari NATO a’zosi Ruminiya hududiga kirdi.

Reuters agentligi ko‘rgan Dohaga yig‘ilayotgan davlat rahbarlari qaror loyihasida Isroilning "genotsid, etnik tozalash, (va) qashshoqlashtirishni o‘z ichiga olgan dushmanona harakatlari" qoralanadi. Unga ko‘ra, bu harakatlar "tinchlik va hamjihatlik istiqbolini" xavf ostiga qo‘ymoqda. Isroil bunday ayblovlarni keskin rad etgan.

Tahlilchilar fikricha, harbiy chora ko‘rish ehtimoli yo‘q bo‘lgani uchun qanday amaliy qarorlar qabul qilinishi hozircha noma’lum.

Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Al-Tani esa jahon hamjamiyatini "ikki xil standartlar"ni to‘xtatishga va Isroilni jazolashga chaqirdi.

Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Al-Tani jahon hamjamiyatini "ikki xil standartlar"ni to‘xtatishga va Isroilni jazolashga chaqirdi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Al-Tani jahon hamjamiyatini "ikki xil standartlar"ni to‘xtatishga va Isroilni jazolashga chaqirdi

Yakshanba kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp "Qatar juda muhim ittifoqchi bo‘lib kelgan. Isroil ham, boshqalar ham ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Biz kimgadir zarba berayotganimizda ehtiyot bo‘lishimiz kerak", dedi.

Shanba kuni Isroilga jo‘nab ketarkan, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Trampga "Qatarga qilingan hujum uslubi yoqmaganini" ma’lum qildi.

Rubio Quddusda Isroil zarbasi oqibatlarini muhokama qiladi

Rubio va Netanyahu

Surat manbasi, Reuters

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Quddusda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan uchrashmoqda. Suhbat asosiy mavzusi – Isroilning Qatardagi zarbasi va uning oqibatlari bo‘lishi kutilmoqda.

O‘tgan haftadagi zarba AQShning yaqin ittifoqchisi hududida Hamas yetakchilarini nishonga olgani uchun xalqaro norozilik uyg‘otgan va Prezident Donald Tramp tomonidan ham tanqid qilingan.

Rubio avvalroq: "Albatta, biz bundan xursand emasmiz. Prezident ham xursand emasdi. Endi olg‘a qarash va keyingi qadamlarni belgilash vaqti keldi", degan edi.

Aloqador mavzular:

Qatarda yirik AQSh harbiy bazasi joylashgan va rasmiy Doha G‘azodagi urushni to‘xtatish bo‘yicha diplomatik harakatlarda muhim vositachi sifatida qatnashib kelmoqda.

Yakshanba kuni Netanyahu jurnalistlarga AQSh–Isroil munosabatlari "G‘arbiy devor toshlaridek mustahkam" ekanini aytib, Rubio bilan birga Quddusning eski shahridagi muqaddas joyga qisqa tashrif buyurdi.

Reuters
Qatar juda muhim ittifoqchi bo‘lib kelgan. Isroil ham, boshqalar ham ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Biz kimgadir zarba berayotganimizda ehtiyot bo‘lishimiz kerak.
Donald Tramp
AQSh prezidenti (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Tashrif davomida ularga AQShning Isroildagi elchisi Mayk Hakkabi hamrohlik qildi. Rubio devor tirqishiga yozuv qo‘ydi. Har ikkisi ham jurnalistlarning Isroilning Qatarga zarbasiga oid savollarini javobsiz qoldirdi.

Uchrashuvda shuningdek Isroil armiyasining G‘azo shahrini egallash rejasi va ishg‘ol etilgan G‘arbiy sohilda kelgindilarga yangi maskanlar qurilishi masalasi ham muhokama qilinishi kutilmoqda.

Hafta oxirida Isroil armiyasi G‘azo shahrida turar joy binolarini buzishni davom ettirdi va isroillik ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, endi shaharning g‘arbiy mahallalarida quruqlikdagi operatsiyalarni boshlash arafasida turibdi.

Rossiya dronlari Ruminiya havo hududiga kirdi – Bu NATOdagi ikkinchi holat

F16

Surat manbasi, EPA

Ruminiya Rossiya droni uning havo hududiga kirganini bildirdi. Bu – NATO a’zosi bo‘lgan davlatlar orasida ikkinchi shunday holat hisoblanadi.

Ruminiya mudofaa vazirligi xabarida aytilishicha, shanba kuni Ukrainadagi Rossiya hujumlari kuzatilayotganda, Ruminiyaning harbiy samolyotlari chegara yaqinida dron qayd etgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu yorib o‘tishni xatolik deb bo‘lmasligini, bu – "Rossiya tomonidan urushni ochiq kengaytirish" ekanini aytdi. Moskva esa hozircha Ruminiyaning iddaolariga izoh bermadi.

Chorshanba kuni Polsha kamida uchta Rossiya droni uning havo hududiga kirganini va ularni urib tushirganini bildirgan edi.

Ruminiya mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, ikki F-16 samolyoti chegarani kuzatayotganda dron qayd etilgan. Bu "Dunayda Ukraina infratuzilmasiga qilingan Rossiya havo hujumlari"dan keyin sodir bo‘lgan.

Shu munosabat bilan Moskva elchisi Ruminiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan.

Dron "Geran" sifatida aniqlangan – u Eronda ishlab chiqilgan "Shahed 136" turidagi apparat bo‘lib, Rossiya tomonidan ham Ukrainaga hujumlarda, ham kuzatuv maqsadida ishlatiladi. U Kiliya Veke qishlog‘idan 20 km janubiy-sharqda radarga tushgan, so‘ng yo‘qolib qolgan.

Vazirlikka ko‘ra, dron aholi yashaydigan hudud ustidan uchmagan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘dirmagan.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas buni "YeI a’zosi bo‘lgan davlat suverenitetini yana bir marta qabul qilib bo‘lmaydigan buzish" deb baholadi.

Yozda qabul qilingan yangi qonunga muvofiq, Ruminiya uchuvchilari dronni urib tushirish huquqiga ega bo‘lgan, ammo vazirlik "qo‘shimcha xavflar baholanganidan so‘ng otishga qaror qilinmaganini" bildirdi. Bu bayonot mahalliy OAV tanqididan keyin e’lon qilindi.

Ukraina prezidenti Zelenskiy so‘nggi voqeaga munosabat bildirib, "Rossiya armiyasi dronlar qayerga yo‘naltirilayotganini va ular havoda qancha vaqt parvoz qilishi mumkinligini aniq biladi", dedi.

U G‘arb mamlakatlaridan Moskvaga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirishni doimiy ravishda so‘rab kelmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp esa bu hafta Rossiya dronlari havo hududini buzgani haqida fikr bildirib, Rossiyaga qarshi qattiqroq sanksiyalar joriy etishga tayyorligini aytdi. Ammo bu NATO davlatlari ayrim shartlarni bajarishi – jumladan, Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishiga bog‘liq bo‘ladi.

Rossiya 2022 yil fevralda Ukrainaga to‘liq bosqin boshlagan va jang maydonida asta-sekin ilgarilab kelmoqda.

Tramp urushni tugatish sa’y-harakatlariga boshchilik qilib kelayotgan bo‘lsa-da, Rossiya o‘tgan oy Alyaskada Putin va Tramp sammiti o‘tkazilganidan keyin Ukrainaga hujumlarni kuchaytirdi.