Kamtarlik va davlat xizmatchisi bir-biriga yot tushunchalarmi?

Surat manbasi, Telegram/Saida Mirziyoyeva
Singapur Prezidenti Halima Yoqub "O‘zbekiston Havo yo‘llari" samolyotida Toshkentga kelgani yodingizdami?
Aholi jon boshiga boyligi bo‘yicha dunyoning birinchi mamlakati rahbarining o‘z samolyotida emas, tujjoriy avia kompaniya uchog‘i bilan safar qilgani O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini "larzaga solgan" edi.
Bugun gazeta.uz veb-nashri O‘zbekiston uchun dolzarb mavzuni ko‘tardi, muammo ildizlaridan biri, shubhasiz, amaldorlarning davlat puliga nisbatan munosabatidadir.
Nima uchun aholining davlat xizmatchilariga bo‘lgan ishonchi past?, degan savolni qo‘yadi gazeta.uz.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda hokim yoki vazirlarning zaruriyat bo‘lmasa ham qimmat avtomobil xarid qilganlari xabarlari matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p tarqaldi, ko‘p muhokama qilindi.
Shu yil martida Prezident Mirziyoyev hokim va vazirlarni "inomarka"lardan voz kechishga buyurdi.
Matbuot bugun hokim kiygan ko‘ylak yoki poyafzalning xorijdagi narxi qanchaligini muhokama qilayapti.
Bu narsa hokimman yoki vazirman degan inson, "boshqa insonlardan boy bo‘lishim, boy ko‘rinishim kerak", "yuqori, ustun turishim kerak, buning uchun xalq, davlat pulini bemalol sarflashim mumkin", degan noto‘g‘ri tushunchadandir.
Holbuki, kuni kecha Qozog‘iston Prezidenti Toqaev prezidentlik lavozimini ish yurituvchi deb ta’rifladi.
"U(prezident) Xudoning elchisi emas. U o‘z xalqi saylagan davlat menejeri. Bizning holatimizda sakkiz yil muddatga", dedi Qosim-Jo‘mard To‘qaev Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida.

Surat manbasi, .
Samarqand shahrida o‘tgan BMTning davlat xizmatiga bag‘ishlangan forumida ushbu mavzuga bog‘liq juda ko‘p dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, etika va korruptsiya masalalari ham.
Forumda O‘zbekistonda davlat xizmatlarini rivojlantirishning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilingani urg‘ulandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT forumi qatnashchilariga murojaatini Prezident ma’muriyati rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.
"Dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda va biz O‘zbekistonda bu o‘zgarishlarga faol islohotlar bilan javob bermoqdamiz", degan Saida Mirziyoyeva O‘zbekistondagi davlat xizmatchilarining 35 foizini xotin-qizlar tashkil etishini ta’kidladi.
Nega O‘zbekistonda davlat xizmatchilariga ishonch pastligi haqida munosabat bildirar ekan, gazeta.uz mushtariysi Radis Ilalov davlat idora va tashkilotlarning oddiy fuqarolarga nisbatan munosabatiga to‘xtaldi:
"Oddiy narsadan boshlash mumkin. O‘z mamlakati fuqarolari bilan qayta telefon aloqasini yo‘lga qo‘yish bilan. Misol kerakmi? Avariya, svet, suv, gaz o‘chishi payti shu sohaning hamma darajasidagi amaldorga qo‘ng‘iroq qilishga harakat qilib ko‘ring. Telefonlar band. Boshqa vazirliklar bilan ham ahvol shu. Aloqadek oddiy narsaning ustidan ham nazorat yo‘q. Fuqarolarning muammolarini eshitishni xohlamaydilar".
Muzaffar Abduazimov esa davlat xizmati xodimlarining o‘z kasb faoliyatlaridan naqadar qoniqishlari va sohani yanada yaxshilashga qanchalar hissa qo‘sha olishlari mumkinligini savol ostiga oldi.












