O‘zbekiston Kremlyov tashkilotidan chiqdi

Surat manbasi, olympic.uz
World Boxing xalqaro boks federatsiyasi Prezidenti Boris van der Vorst O‘zbekistonning ushbu tashkilotga rasman qo‘shilganini e’lon qildi.
Federatsiyaga O‘zbekiston bilan birga Qozog‘iston, Gvatemala va Laos ham a’zo bo‘lib kirdi.
Bu bilan World Boxing ga qo‘shilgan mamlakatlarning soni 51 ga yetdi.
Endi World Boxingga a’zo mamlakatlar o‘z bokschilarini 2028 yildagi Los-Anjelesdagi Yozgi Olimpiada o‘yinlariga yubora oladilar.
Shu vaqtgacha O‘zbekiston IBA - Xalqaro Boks assotsiatsiyasining a’zosi edi.
Ammo Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi 2023 yili IBAni tan olishdan bosh tortdi, bunga boks assotsiatsiyasidagi moliya, boshqaruv va hakamlik bilan bog‘liq muammolar sabab qilib ko‘rsatildi, XOQ 2028 yildagi olimpiadadan boksni chiqarib tashlashini e’lon qildi.
Bu yilgi Parij olimpadasida boks musobaqalarini XOQning o‘zi boshqardi.
XOQ Prezidenti Tomas Bax milliy federatsiyalarni yangi, "ishonchli" xalqaro tashkilot topishga chaqirdi, aks holda bokschilari 2028 yildagi olimpiadaga qo‘yilmasligini aytdi.
Buning uchun esa muhlat 2025 yilgacha berildi.
AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstraliya va Braziliya bokschilari 2023 yili IBAga muqobil World Boxing xalqaro boks federatsiyasini tashkil qildilar.
Yaqinda World Boxing ga Frantsiya ham qo‘shildi.
Bir oy oldin World Boxing Prezidenti Boris van der Vorst O‘zbekistonga bordi, o‘shanda sport rasmiylari O‘zbekistonning bu tashkilotga qo‘shilishini tasdiqladilar.
Xalqaro Boks assotsiatsiyasi IBA ni tug‘ilgan paytidagi familiyasi Lutfulloev bo‘lgan Umar Kremlyov 2020 yildan buyon boshqaradi.
IBAga Rossiyaning davlat nazoratidagi "Gazprom" shirkati homiylik qilishi sababidan xorij matbuoti Umar Kremlyovni Kremlga aloqasi bor shaxs deb ko‘radi.
Shu yilgi Parij olimpiadasida IBA boks musobaqalaridan chetlatgan ikki bokschi ayol jazoirlik Imona Xalif va tayvanlik Lin Yuy-tin mojarosi o‘rtaga chiqdi.
IBAga ko‘ra, bu ikki sportchida o‘tkazilgan "genetik testlar ularning erkak ekanini namoyish etgan".
Biroq IBA testlaridan shubhalangan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi jazoirlik va tayvanlik sportchini ayollar o‘rtasida musobaqada qatnashishlariga ruxsat berdi.
Imona Xalif va Lin Yuy-tin nega 2023 yilda diskvalifikatsiya qilinganlariga ochiqlik kiritishga va’da bergan IBA rahbarlari shoshilinch onlayn matbuot anjumani tashkillashtirdilar, ammo "tibbiy sir"ni oshkor etolmasliklari vaji bilan ishonchli isbot-dalil taqdim etolmadilar.
Telegram kanalimiz















