G‘azoda ocharchilik ekani ilk bor tasdiqlandi

Surat manbasi, Reuters
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan dastaklanuvchi idora shu soatlarda o‘zining hisobotini e’lon qildi.
Oziq-ovqat xavfsizligi bosqichlarining integratsiyalashgan tasnifi idorasi (IPC) birinchi marta G‘azo shahri va uning atrofida ocharchilik mavjudligini tasdiqladi.
Mazkur idoraning ta’kidlashicha, bo‘lgadagi yarim milliondan ortiq odam "ochlik, qashshoqlik va o‘lim" bilan to‘qnash kelmoqda.
"Halokatli sharoitlar"ning kelasi oy Dayr al-Balah va Xon Yunisgacha kengayishi kutilmoqda.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi "G‘azoda ocharchilik yo‘q", deya, yangi hisobotni rad etdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish inqirozni "texnogen falokat", deb aytdi.
U G‘azoga insonparvarlik yordamining to‘siqsiz kirishiga chaqirdi.
Bu Isroil Bosh vaziri vazirlar mahkamasi G‘azo shahriga yangi hujum rejalarini ma’qullaganini aytgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
21 avgust: Falastinliklar G‘azo shahridan qochmoqda, Isroil quruqlikdagi hujumning birinchi bosqichini boshladi
Yolanda Knell
Devid Gritten va Gabriela Pomroy, BBC News
Falastinliklar G‘azo shahrining ayrim tumanlarini tark eta boshladi. Shahar rasmiylari ma’lum qilishicha, Isroil armiyasi quruqlikdagi keng ko‘lamli hujumning dastlabki bosqichini boshlagan.
Bir necha kunlik kuchli havo hujumlari va artilleriyadan o‘t ochishlardan so‘ng, Isroil qo‘shinlari bir milliondan ortiq aholi yashaydigan shahar chetlarida o‘z mavqeini egalladi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish murojaat qilib, yangi hujum "inqiroz va halokat keltirishi muqarrar"ligini ta’kidlab, darhol o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.
Isroil xalqaro tanqidlarga qaramay, butun G‘azo shahrini nazoratga olish niyatidan qaytmasligini ko‘rsatmoqchi.
Shaharning Zaytun va Sabra mavzelaridan yuzlab falastinliklar shaharning shimoliy g‘arbiy qismiga qochgan. Shaharliklar tuni bilan tinmay havo zarbalari va artilleriyadan o‘t ochilganini aytmoqda.
— Tun bo‘yi uylar biz bilan titraydi, portlashlar, samolyotlar, tez yordam sirenalari va yordam so‘rab baqirgan ovozlar bizlarni ado qilmoqda. Portlash ovozlari yaqinlashmoqda, ammo qayerga ketamiz? — deydi mahalliy yashovchi Ahmad ash-Shanti AFP agentligiga.
Bir hafta oldin Sabradagi uyidan qochgan Amal Abdul-Aal esa: "Bir haftadan beri hech kim uxlamayapti. Kechasi osmonda doimiy yorug‘lik, artilleriya va havo zarbalari to‘xtamayapti", deydi.
Isroil armiyasi matbuot kotibi Zaytun va Jabaliya tumanlarida qo‘shinlar harakat boshlaganini aytdi. Ular mudofaa vaziri Isroil Kats tomonidan tasdiqlangan va hafta oxirida xavfsizlik kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan hujumga zamin hozirlashmoqda.
Bosh vazir Benyamin Netanyahu G‘azodagi "terrorning so‘nggi tayanchlari"ni egallash muddatlarini qisqartirayotganini aytdi.
Hamas o‘z bayonotida Isroil rahbarini "G‘azo shahrining begunoh aholisiga qarshi shafqatsiz urushni" davom ettirayotganlikda aybladi. Va mintaqaviy vositachilarning o‘t ochishni to‘xtatish borasida yangi taklifini "inkor" qilishda aybladi. Isroil hozircha bu rejaga rasmiy javob bergani yo‘q.
Isroil xizmatdagi shaxsiy tarkibga dam berish maqsadida sentyabr boshida 60 ming zaxiradagi askarni chaqiradi.
G‘azo shahridagi yuz minglab falastinliklarga uylarini tark etib, bo‘lganing janubiga ketish buyrug‘i berilishi kutilmoqda.

Isroilning ko‘plab ittifoqchilari ushbu rejani qoralashdi.
Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron, uni "ikki xalq uchun ham halokat olib kelishi va butun mintaqani uzoq muddatli urush o‘chog‘iga tortib ketishi mumkin"ligidan ogohlantirdi.
Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi esa yangi qochqinlar oqimi va jangovar harakatlarning kuchayishi 2,1 million aholisi bor G‘azo uchun "shusiz ham halokatli bo‘lgan vaziyatni" badtar qilishidan ogohlantirdi.
Isroil hukumati o‘tgan oy Hamas bilan o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha bilvosita muzokaralar samarasiz tugagach, butun G‘azo sektori ustidan nazorat o‘rnatish niyatini e’lon qildi.
Chorshanba kuni telemurojaatda Isroil mudofaa kuchlari (IDF) rasmiy vakili, general Effi Defrin Hamas 22 oylik urushdan so‘ng "chok-chokidan uzilgani va zaiflashganini" aytdi.
— "Biz Hamasning siyosiy va harbiy terrori tayanchi bo‘lmish G‘azo shahriga yanada katta zarar beramiz. Yer ustidan ham, yer ostida ham terror infratuzilmasiga qaqshatgich zarba beramiz va aholining Hamasga qaramligini kamaytiramiz," — dedi u.
Defrinning ta’kidlashicha, armiya amaliyot boshlanishi sabrsizlik bilan kutmoqda:
— "Biz dastlabki amaliy harakatlarni boshlab yubordik. Ayni damda IDF qo‘shinlari G‘azo shahri chetlarini egallab turibdi."
Uning aytishicha, ikkita brigada Zaytun mavzusida amaliyot olib bormoqda. Shu kunlarda ular yer ostida qurol saqlangan tunnelni aniqlagan. Uchinchi brigada esa Jabaliya hududida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Fuqaro himoyasi agentligi ma’lumot berishicha, chorshanba kuni Isroil havo zarbalari va artilleriyasi natijasida hudud bo‘ylab 25 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida G‘azo shahri g‘arbidagi Shati qochqinlar lagerida yashagan oila — uch nafar bola va ularning ota-onasi ham bor.
Defrin IDF garovda saqlanayotgan 50 nafar shaxsga zarar yetmasligi uchun "barcha choralarni ko‘rayotganini", ulardan 20 nafari tirik ekani taxmin qilinayotganini bildirdi. Ularning oila a’zolari esa G‘azo shahridagi yerdagi hujum garovdagilar hayotiga xavf solishidan xavotir bildirdi.
Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi esa urush kuchayishi ham falastinlik aholi, ham garovdagilar uchun "falokatli vaziyat" yaratishidan ogohlantirdi.
"Oylab, tinimsiz davom jtayotgan jangovar harakatlar va qayta-qayta ko‘chirilishdan keyin G‘azo aholisi butunlay holdan qoldi. Ularga yana bosim emas, yengillik kerak. Qo‘rquv emas, nafas olish imkoni kerak. Ular munosib hayot uchun zarur bo‘lgan asosiy ehtiyojlarga — oziq-ovqat, dori-darmon, tozalik vositalari, ichimlik suvi va xavfsiz boshpanalarga ega bo‘lishi shart," — deyilgan tashkilot bayonotida.
"Harbiy harakatlarning har qanday faollashuvi, azob-uqubatlarni yanada kuchaytiradi, oilalarni parokanda qiladi va ortga qaytmas gumanitar inqirozga olib kelishi mumkin. Garovdagilar hayoti ham xavf ostida qolishi ehtimoldan xoli emas," — deyiladi bayonotda.













