Genotsid nima va G‘azo urushini kim genotsid demoqda? - Video

Surat manbasi, Khames Alrefi/Anadolu via Getty Images
- Author, Luis Barrucho
- Role, BBC Jahon xizmati
- O'qilish vaqti: 5 daq
G‘azo urushi dunyoda Isroil genotsid sodir etmoqdami-yo‘qmi, degan katta bahs-munozarani kuchaytirdi. Xalqaro huquqda eng og‘ir jinoyat sifatida e’tirof etilgan genotsid masalasi yana markazga chiqdi.
Avgust oyi o‘rtalariga qadar Isroilning harbiy amaliyoti natijasida G‘azoda 61 mingdan ortiq odam, asosan, oddiy aholi halok bo‘ldi, deb xabar qilmoqda Hamas nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Bu urush 2023 yil 7 oktyabrdagi HAMAS hujumiga javoban boshlangan edi. O‘shanda o‘ldirilgan 1200 kishining va asirga olib ketilgan 251 kishining ko‘pchiligi tinch aholi edi.
Qurbonlar soni ko‘payib ketgani va vayronagarchilik o‘tkir tanqidlarga sabab bo‘ldi. Turkiya va Braziliya kabi davlatlar, inson huquqlari tashkilotlari hamda BMTning ayrim mutaxassislari Isroilning harakatlarini genotsid deb baholadi.
2023 yil dekabrida Janubiy Afrika Respublikasi Isroilga qarshi Genotsid to‘g‘risidagi 1948 yilgi Konventsiya buzilgani da’vosi bilan Xalqaro sudga (ICJ) murojaat qildi.
Bir oydan so‘ng sud vaqtinchalik qaror chiqarib, falastinliklarning «genotsiddan himoyalanish huquqi mavjud bo‘lishi mumkin»ligini bildirdi. Sudьyalar Janubiy Afrika Respublikasi keltirgan ayrim dalillar tasdiqlansa, ular konventsiya tatbiq qilinadigan sohaga tushishi mumkinligini aytdi.
G‘arb davlatlari – jumladan Buyuk Britaniya va Germaniya – Isroil harakatlarini genotsid deb atashdan tiyildi. Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron esa bu so‘zni siyosiy yetakchilar emas, balki «o‘z vaqtida tarixchilar aytishi kerak», dedi.
Isroil genotsid ayblovlarini «o‘ta yolg‘on» deb rad etadi va o‘zimizni himoya qilish huquqidan foydalanmoqdamiz, deya ta’kidlaydi. Bu pozitsiyani uning eng yirik hamkori AQSh ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Genotsid nima va unga kim baho beradi?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Genotsid ta’rifi nima?

Surat manbasi, Bettmann Archive/Getty Images
"Genotsid" atamasini 1943 yilda yahudiy-polyak huquqshunosi Rafael Lemkin ilk bor qo‘llagan. U yunoncha genos («irq, qabila») va lotincha cide («o‘ldirish») so‘zlaridan yasalgan.
Barcha oila a’zolari halok bo‘lgan Xolokost qirg‘inidan keyin, Lemkin genotsidni xalqaro huquqda jinoyat sifatida tan olish uchun kurashdi.
Uning sa’y-harakatlari natijasida 1948 yil dekabrida BMTning Genotsid to‘g‘risidagi Konventsiyasi qabul qilindi va 1951 yil yanvardan kuchga kirdi. 2022 yilga kelib, uni 153 davlat ratifikatsiya qilgan.
Konventsiyaning 2-moddasida genotsid quyidagilardan har biri sifatida ta’riflanadi (milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni butunlay yoki qisman yo‘q qilish maqsadida):
- Guruh a’zolarini o‘ldirish
- Jismoniy yoki ruhiy og‘ir ziyon yetkazish
- Guruh yo‘q qiladigan turmush sharoitlarini qasddan yaratish
- Guruh ichida tug‘ilishlar oldini olish
- Bolalarni majburan boshqa guruhga o‘tkazish
Konventsiya ishtirokchi davlatlarga genotsid «oldini olish va jazolash» majburiyatini ham yuklaydi.
Qaysi amalni genotsid deb hisoblashni nim hal qiladi?

Surat manbasi, Abdalhkem Abu Riash/Anadolu via Getty Images
BMT ta’kidlashicha, u vaziyatni mustaqil ravishda genotsid sifatida baholamaydi. Bunday qarorni faqat xalqaro sud organlari qabul qiladi.
Xalqaro huquqda faqat bir nechta holat rasman genotsid sifatida tan olingan:
- 1994 yil Ruanda genotsidi
- 1995 yil Bosniyadagi Srebrenitsa qirg‘ini
- 1975–1979 yillarda Kambodjada Qizil kxmerlarning ozchiliklarga qarshi kampaniyasi
Genotsid yuzasidan qaror chiqaradigan eng yirik sudlar – Xalqaro sud (ICJ) va Xalqaro jinoyat sudi (ICC). Shuningdek, BMT Ruanda va sobiq Yugoslaviya bo‘yicha maxsus tribunallar tuzgan edi.
Xalqaro sud BMTning eng oliy sud organi bo‘lib, davlatlar o‘rtasidagi nizolarni hal qiladi. Masalan, Ukraina 2022 yilda Rossiyaga qarshi ish ochgan. Kiev Kremlni Donbassda «genotsid sodir etildi» degan yolg‘on da’vo bilan bosqinni oqlashda ayblamoqda.

Surat manbasi, Mahmoud Abu Hamda/Anadolu via Getty Images
Yana bir misol – 2017 yilda Gambiyaning Mьyanmaga qarshi da’vosi. Unda musulmon roxinjalarga qarshi «tizimli va keng ko‘lamli tozalash amaliyotlari» orqali genotsid sodir etilgani aytilgan edi.
2002 yilda Rim statuti asosida tuzilgan Xalqaro jinoyat sudi (ICC) esa shaxslarni javobgarlikka tortadi. Hozirda unga 125 davlat a’zo, ammo AQSh, Xitoy va Hindiston a’zo emas.
Xalqaro jinoyat sudi genotsid ayblovlarini tergov qilgan, ammo hozirgacha faqat bir shaxsga – 2019 yilda qariyb 30 yillik hukmronlikdan so‘ng ag‘darilgan Sudanning sobiq prezidenti Umar Hasan Ahmad al-Bashirga ayb qo‘ygan. U hali ham ozodlikda.
Davlatlarning qonun chiqaruvchi yoki ijroiya organlari «genotsid» atamasidan foydalanishi mumkin, ammo BMT ta’kidlashicha, bunday bayonotlar o‘z chegarasidan tashqarida huquqiy kuchga ega emas.
Masalan, so‘nggi yillarda bir qator davlat va parlamentlar 1932–33 yillarda Iosif Stalinning kollektivlashtirish siyosati sababli Ukrainada millionlab odamlar halok bo‘lishi – Golodomorni genotsid sifatida tan oldi.
Buyuk Britaniya esa buni rad etgan. Sababi uning uzoq yillik pozitsiyasiga ko‘ra, genotsid faqat vakolatli xalqaro sud qarori bilan aniqlanishi mumkin.

Surat manbasi, .
Konventsiyaga qarshi tanqidlar
Konventsiya qabul qilinganidan beri unga qarshi turli tanqidlar yangrab keladi. Asosiy e’tirozlar – uning qo‘llanishi qiyinligi. Ayrimlar ta’rif juda tor desa, boshqalar uning ko‘p ishlatilishi oqibatida qadri pasayganini aytishadi.
«Genotsid uchun belgilangan mezon deyarli imkonsiz darajada og‘ir», deydi Xalqaro jinoyat sudi bilan ishlagan ekspert Tiys Bauvknegt AFPga bergan intervyusida.
«Siz niyat bo‘lganini isbotlashingiz kerak – shu niyat sodir bo‘lgan voqealarning yagona izohi ekanini ko‘rsatishingiz shart», deya qo‘shimcha qiladi u.
Tanqidchilar, shuningdek, nishonga olingan siyosiy va ijtimoiy guruhlarning ta’rifdan chiqarib tashlanishi va qancha o‘lim genotsid hisoblanishi masalasini ham ko‘tarishadi.
Bauvknegtning aytishicha, sudning genotsid haqida rasmiy qaror chiqarishi uchun yillar ketishi mumkin. Masalan, Ruanda misolida BMT tashkil etgan tribunal qariyb o‘n yildan so‘ng genotsid sodir bo‘lganini rasman e’tirof etgan.
1995 yilda Bosniyaning Srebrenitsa shahrida 8 mingga yaqin musulmon erkak va o‘g‘il bola o‘ldirilgan qirg‘in esa 2007 yilda Xalqaro jinoyat sudi tomonidan genotsid sifatida tan olindi.
York universiteti kriminologiyasi bo‘yicha mutaxassis Reychel Bernsning ta’kidlashicha, genotsid sodir etganlarning juda kam qismi javobgarlikka tortilgan.
«Ruanda, sobiq Yugoslaviya va Kambodjada qancha jinoyatchi bo‘lgani noma’lum, ammo faqatgina sanoqlilari aybdor deb topilgan», deydi u.
Ekspertlar ta’kidlashicha, agar biror vaziyat yuridik jihatdan genotsid sifatida tan olinsa, Konventsiyaga qo‘shilgan davlatlar uning oldini olish yoki to‘xtatishga majbur. Bu choralar diplomatiyadan tortib sanksiyalar yoki hatto harbiy interventsiyagacha bo‘lishi mumkin.
Masalan, Ruanda genotsidi paytida AQSh hukumatining maxfiy hujjatlari ochiqlanganda ma’lum bo‘lishicha, rasmiylar "genotsid" so‘zini atay ishlatmagan. Bu qisman Konventsiya orqali yuzaga keladigan huquqiy va siyosiy majburiyatlar oldini olish uchun qilingan edi.
"BMT ta’rifi mavjud bo‘lsa ham, amalda hamon aniq ta’rif berish, chora ko‘rish va javobgarlikka tortishda muvaffaqiyatsizliklar kuzatilmoqda", deydi Berns.








