Mubashshir Ahmad ishi: O‘zbekiston Konstitutsiyasini DXX buzayaptimi yo IIV?

Surat manbasi, Facebook/Mubashshir Ahmad
Turkiyadan O‘zbekistonga noqonuniy deportatsiya qilingani Turkiya matbuotida tanqidlarga sabab bo‘layotgan taniqli ulamo Mubashshir Ahmadning ahvoli qandayligi haqida O‘zbek rasmiylari mamlakat qonunchiligiga zid holda axborot bermayaptilar, besh kundan buyon qaerdaligi na advokatlari, na qarindoshlariga ma’lum qilinayapti. Shu munosabat bilan Mubashshir Ahmad asos solgan Azon Global jamoasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi.
Ushbu murojaatda shunday deyiladi:
"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Inson huquqlari bo‘yicha vakili - Ombudsmanga
O‘zbekiston Respublikasi
Bosh prokuraturasiga
O‘zbekiston Respublikasi
Adliya vazirligiga
ARIZA
Biz, quyida imzo chekuvchi fuqarolar, 2025-yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Tursunov Alisher Axmadovich (taxallusi Mubashshir Ahmad)ga nisbatan bo‘layotgan munosabatdan chuqur xavotirdamiz.
Alisher Tursunov yillar davomida xalqimizga o‘zining diniy-ma’rifiy chuqur bilimi bilan xizmat qilib kelgan, diniy ekstremizm va zo‘ravonlikni rad etib, millatni diniy-milliy qadriyatlarimizga asoslangan sog‘lom mafkuraga ega bo‘lishi yo‘lida o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan shaxs sifatida tanilgan.
Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244 prim 3-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida unga nisbatan qo‘shimcha modda, ya’ni ushbu kodeksning 244 prim 1-moddasi bilan sirtdan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etish uchun jalb qilish haqida qaror qabul qilinib, qidiruv e’lon qilingan.
Joriy yilning 8-may kuni fuqaro A.Tursunov Turkiya Respublikasida ushlanib, 10-may kuni O‘zbekiston Respublikasiga deportatsiya qilinib, so‘ngra O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Uning Turkiyadan olib kelinishi hamda Jinoyat kodeksining 244 prim 1-moddasi va 244 prim 3-moddalari bo‘yicha ayblanib, qamoqqa olinib, tergov harakatlari olib borilishida O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi talablari buzilmoqda deb hisoblaymiz.
Xususan, IIV tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, vatandoshimiz Alisher Tursunov joriy yilning 10-may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilib olib kelingan bo‘lsada, bugungi kunga qadar uning himoya huquqi ta’minlanmagan.
Huquqiy himoya bilan shug‘ullanayotgan advokatlarga vatandoshimiz Alisher Tursunovning qaerda ekanligi haqida ma’lumot taqdim etilmay, himoyachilarga u bilan uchrashib malakali huquqiy yordam berilishiga to‘sqinlik qilinmoqda.
Xususan, A.Tursunovning himoyachilari "Gulyamov, Sadikov and Partners" advokatlik firmasi advokatlari A.G‘.Sodiq, F.Sh.Abraevlarga, qolaversa, muqaddam advokatlik orderi taqdim etgan A.Daminov va J.Mutalibovlarga ham ish hujjatlari bilan tanishish, gumon qilinuvchini ushlash jarayonida himoya bilan ta’minlash, ehtiyot chora tanlashda sud majlisida qatnashish, himoya ostidagi shaxs bilan xoli uchrashish imkoniyati berilmagan.
Advokatlar tomonidan Toshkent shahar IIBBga murojaat qilinganda, tergov organi advokatlarga gumon qilinuvchi A.Tursunovning qaysi tergov hibsxonasida vaqtincha saqlanayotganligini bilmasligini, ehtimol Davlat xavfsizlik xizmati markaziy tergov hibsxonasi (Gvardeyskiy)da saqlanayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot berishgan.
Shu o‘rinda asosli savol tug‘iladi, nima uchun Toshkent shahar IIBB tergov qilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi shaxs DXX tergov hibsxonasida saqlanmoqda?
Bundan tashqari, advokatlar tomonidan 14.05.2025 yilda DXX markaziy tergov hibsxonasiga borilganda dastlab A.Tursunovning shu yerda saqlanayotganligini ma’lum qilishib, ikki soatdan so‘ng uchrashuvga ruxsat berishlarini aytishgan. Biroq, oradan biroz vaqt o‘tib, DXX xodimlari advokatlarga qo‘ng‘iroq qilishib, A.Tursunovning DXX tergov hibsxonasida yo‘qligini, ular boshqa shaxs bilan adashtirib yuborishganligini ma’lum qilishgan.
Qiziqarli tomoni shuki, qanday qilib ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan shaxsni boshqa bir odam bilan adashtirishlari mumkin?

Surat manbasi, .
Mazkur holatlar bugungi kunda inson huquqlarini ta’minlash, qonun ustuvorligini ro‘yobga chiqarish lozim darajada emasligini ko‘rsatmoqda. Chunki, A.Tursunov 10 may kuni O‘zbekiston Respublikasiga olib kelinib, oradan qariyb 96 soat vaqt o‘tgan bo‘lsada, uning qaerda saqlanayotganligi, sog‘ligining ahvoli qandayligi noma’lumligicha qolmoqda.
Ushbu xolat bugungi kunda Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari qonunga rioya qilgan holda amalga oshirayotganligini shubha ostiga olmoqda.
Albatta, jinoyat protsessi tamoyillarini buzgan holda, tergov organi davlat himoyachisini ishda ishtirok etishga jalb qilgan bo‘lishi mumkin, biroq, buning uchun qonuniy asoslar mavjud bo‘lmagan, chunki:
1) gumon qilinuvchi o‘zi tanlagan himoyachilar xizmatidan voz kechmagan;
2) kelishuv bo‘yicha advokatlarning ishda ishtirok etishiga ob’ektiv imkonsizlik bo‘lmagan;
3) himoyachini almashtirish uchun boshqa qonuniy asoslar bo‘lmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasida "Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik printsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak" degan imperativ norma belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 18-moddasida "Jinoyat ishini yuritish uchun mas’uliyatli barcha davlat organlari va mansabdor shaxslar jinoyat protsessida qatnashayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishlari shart. Sud va prokuror qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum etilgan yoki qonun yoxud sud hukmida nazarda tutilganidan ortiq muddat hibsda ushlab turilgan yoki qamoqda saqlangan yoxud uy qamog‘ida bo‘lgan har qanday shaxsni darhol ozod qilishi shart" deb belgilab qo‘yilgan.
Qolaversa, mazkur kodeksning 23-moddasida "Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanishi" ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, ushbu kodeksning 48-moddasida gumon qilinuvchining quyidagi asosiy huquq va majburiyatlari belgilab berilgan:
• Ushlab turilganligi va turgan joyi to‘g‘risida advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoxud xabar berish;
• U amalda ushlangan yoki jinoyat joyida ushlash bilan bog‘liq tezkor-qidiruv tadbiri amalda yakunlangan yoxud uning gumon qilinuvchi deb e’tirof etilganligi to‘g‘risidagi qaror unga ma’lum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega bo‘lish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish.
Biroq, ko‘rishimiz mumkinki, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan huquqlarning birontasi ta’minlanmasdan, qonun normalari qo‘pol ravishda buzilgan.
Tergov organining ushbu noqonuniy harakatlari natijasida gumon qilinuvchi A.Tursunov jinoiy ta’qibning o‘ta muhim paytida – ozodlikdan mahrum qilish masalasi hal qilinayotganda o‘zi tanlagan advokatlar tomonidan himoyalanish kabi konstitutsiyaviy huquqidan amalda mahrum etilgan, qolaversa, advokatlar ishda ishtirok etishga o‘z vaqtida kirishish va qamoqda saqlash uchun asoslarning yo‘qligini isbotlovchi dalillarni sudga taqdim etish imkoniyatidan mahrum etilgan.
Bu o‘z navbatida sud tomonidan qaror qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Sizdan:
1. Fuqaro Tursunov Alisher Axmadovich (Mubashshir Ahmad)ning qonunda belgilangan himoya huquqi ta’minlanishini, davlat tomonidan beriladigan advokatlar emas, uning o‘zi va yaqinlari tomonidan yollangan advokatlar tomonidan himoya qilinishini ta’minlashingizni;
2. Uning diniy faoliyati siyosiy yoki noaniq "ekstremizm" tamg‘asi bilan noto‘g‘ri talqin qilinishining oldini olishingizni;
3. Tergov harakatlari davomida unga va uning oilasiga nisbatan insoniy muomala, huquqiy kafolatlarni ta’minlashingizni;
4. Mustaqil ommaviy axborot vositalariga ushbu jarayonni yoritish imkonini yaratishingizni;
5. Turkiyadan deportatsiya jarayoniga oid rasmiy va huquqiy hujjatlarni ochiq e’lon qilinishini ta’minlashingizni;
6. Ushbu murojaatni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy tamoyillari – qonun ustuvorligi, inson huquqlari va diniy erkinliklarga hurmat ruhida ko‘rib chiqishingizni so‘raymiz.
Hurmat bilan, Azon Global jamoasi".

Surat manbasi, Milli Gazete
Ayni paytda Mubashshir Ahmadning O‘zbekistonga topshirilishi Turkiya matbuotidagi asosiy mavzulardan biriga aylandi.
"Turkiyadagi yirik Milli Gazete, Yeni Akit va DoğruHaber kabi muxolifat nashrlari ushbu masalani birinchi sahifalarda yoritib, hukumatni tanqid qildi. Ularda "olimni zolimga topshirdilar" kabi og‘ir so‘zlar bilan voqea tafsilotlari keng yoritildi", deb yozdi Azon Global veb-nashri.
14 may. Mubashshir Ahmad ishi siyosiymi?

Surat manbasi, Facebook/Mubashshir Ahmad
Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunovning jamoat xavfsizligi va diniy mazmundagi materiallarni tarqatish ayblovlari bilan qamoqqa olinishi O‘zbekistonning so‘z erkinligi bo‘yicha xalqaro reytingi yanada yomonlashgani haqidagi xabarlar chiqqan kunlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Bosh qarorgohi Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkiloti, an’anaga ko‘ra, 3 may kuni dunyodagi so‘z erkinligi ahvoliga bag‘ishlangan o‘zining yillik hisobotini e’lon qildi.
Yangi ro‘yxatda O‘zbekiston 180 mamlakat orasidan 148-o‘rinni egallagan, bu joy 2024 yildagi ro‘yxatdagi o‘rin bo‘lsa-da, mamlakatdagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat bir yil oldingi 37,27 dan 35,24 ga pasaygan, deb topildi.
O‘zbekistondagi so‘z erkinligi ahvoli 2023 yildagi reytingdagi o‘rni 137-da edi, bu oxirgi ikki yilda mamlakatdagi matbuot erkinligi ahvoli tobora yomonlashayotganini anglatadi.
O‘zbekiston tergovchilari 51 yoshli Mubashshir Ahmadga nisbatan qonunga zid axborot tarqatishga oid ayblovlarni ilgari surmoqdalar.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi talqiniga ko‘ra, diniy ulamo Mubashshir Ahmad o‘z faoliyati bilan O‘zbekistonga xavf tug‘dirgan.
"... u yuridik tizimdan chetlab o‘tilgan va noqonuniy tarzda O‘zbekistonga topshirilgan", – deb yozdi Mubashshir Ahmadning Turkiyadagi advokati Ibrohim Ergin o‘zining X(sobiq Tvitter) tarmog‘idagi sahifasida.
Ichki ishlar vazirligi Mubashshir Ahmadni jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan va diniy mazmundagi materiallarni noqonuniy tarqatishda ayblamoqda.
Vazirlik rasman tasdiqlashicha, bunday noqonuniy materiallar Mubashshir Ahmad "ta’sisligidagi axborot platformalari orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan".
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, diniy ulamoning jinoyat sodir etishda gumonlanayotgani "tegishli ekspertiza xulosalariga ko‘ra" tasdiqlangan, deb hisoblaydi.
Shu yil fevralida Ichki ishlar vazirligi Mubashshir Ahmadni noqonuniy diniy tashkilot tuzishda ayblagani, lekin bu haqdagi xabar "texnik xato" tufayli Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalib ketgani ma’lum bo‘lgandi.
O‘shanda bu xabarlarga Mubashshir Ahmad, "vatanimga qora chaplanib qolishini xohlamayman", deb munosabat bildirgan.
Ayni paytda oxirgi yillarda u yoki bu jinoyat ishiga ekspertiza xulosasini berayotgan ekspertlarning saviya va malakasi naqadar talabga javob berishi masalasi ham ayrim faollar tomonidan savol ostiga olinayapti.
Xususan, 1991 yildagi Islom Karimov va Tohir Yo‘ldoshning Namangandagi videosi uchun sudga tortish, "Ezgulik" Inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ustidan sudga murojaat qilish holatlari oxirgi misollardan ayrimlari.
Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishidagi ayblovlar qanchalar o‘z isbotini topishi sudda aniq bo‘ladi va sud qarorida ushbu jinoyat ishining qanchalar mahalliy va xorij matbuotida yoritilgani aks etishi ayon.
Mubashshir Ahmad marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning shogirdi, O‘zbekistonda Azon.uz veb-sayti va Azon TV telekanaliga asos solgan, bir necha diniy kitoblar muallifi hisoblanadi.
U 2023 yil yozida Azon.uz va Azon TV o‘z faoliyatlarini to‘xtatayotganini xabar bergan, nega yopilayotgani sababi haqida "mavridi kelsa", xabar berilishi haqida yozgan edi.
O‘sha yil oxirida Azon Global onlayn platformasi ish boshladi, "O‘zbekning "o‘gay" ajdodi – Muhammad Shayboniyxon" deb sarlavha qo‘yilgan maqolaga o‘xshash, mamlakatning ichida yozish qaltis hisoblanadigan qator mavzularga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qildi.
Azon Global Yaqin Sharq, xususan, G‘azodagi hodisalarni muntazam faol yoritib kelayapti.
Mubashshir Ahmad O‘zbekistonga deportatsiya qilinganini rasmiylar 13 may kuni tasdiqladilar.
Shundan so‘ng uning huquq va erkinliklari naqadar ta’minlanayotgani, yaqinlari yoki advokatlari bilan ko‘rishishlariga ruxsat berildimi yoki yo‘q, bu haqda hozircha xabar berilmadi.
Ayni paytda uning hibsga olingani O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida keng muhokama qilinmoqda.
Mubashshir Ahmadning din va jamiyatga doir fikrlari avvallari ham turfa bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan.
Tarafdorlari tomonidan "mo‘’tadil diniy ma’rifatparvar" deb ta’riflanadigan Mubashshir Ahmadning qarashlariga tanqidiy yondashadiganlar ham oz emas.
Bu qarama-qarshi fikrlar oqimi ayniqsa so‘nggi kunlar ko‘payganini ko‘rish mumkin.
Ayni paytda, O‘zbekiston parlamenti blogerlik faoliyati haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda.
O‘zbekistonlik qator jurnalist va faollar esa ushbu qonun loyihasi shu holatida qabul qilinsa, u mamlakatdagi blogerlik faoliyati va so‘z erkinligini yanada cheklashi mumkinligi borasida xavotir bildirishmoqda.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, so‘nggi qadamlar kelasi yilda ham O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi obro‘siga ta’sir etishi mumkin.












