Erkaklikni kuchaytiramiz: Rus pravoslav cherkovi Amerikaliklarni o‘ziga tortmoqda

- Author, Lyusi Esh
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 6 daq
"Ko‘pchilik mendan so‘raydi: "Muso ota, erkakligimni ko‘tarish uchun nima qilishim kerak?"
Bu ruhoniy YouTube videosida serquvvat erkaklikni targ‘ib qilmoqda.
U tor jinsi shim kiyish, oyoqlarni chalishtirish, dazmol ishlatish, qoshlarni tartibga solish va hatto sho‘rva ichishni ayollarga xos deb masxara qiladi.
Baquvvat jussali, besh farzandning otasi Muso Makfersonning og‘ir metal musiqasi ostida og‘ir atletika bilan shug‘ullanayotganini ko‘rsatuvchi boshqa videolar ham bor.
U protestant oilasida tarbiyalangan va bir paytlar tom yopuvchi bo‘lib ishlagan, ammo hozirda Texasning Jorjtaun shahrida Rossiyadan tashqaridagi Rus Pravoslav Cherkovi (RPCh) ruhoniysi bo‘lib ishlaydi. Bu cherkov Moskvadagi asosiy cherkovning bir tarmog‘i hisoblanadi.
Bosh idorasi Nyu-Yorkda joylashgan RPCh global tarmog‘i so‘nggi paytlarda AQShning turli hududlarida asosan boshqa dinlardan o‘tgan odamlar hisobiga kengayib bormoqda.
So‘nggi olti oy ichida Muso ota Ostindan shimolroqda joylashgan o‘zining Bibi Maryam cherkovida 75 nafar yangi izdoshni cho‘qintirishga tayyorladi.
"Xotinim bilan 20 yil oldin pravoslavlikni qabul qilganimizda, biz uni eng yaxshi saqlanadigan sir deb atardik, chunki odamlar uning nima ekanligini bilishmasdi," deydi u.
"Ammo so‘nggi bir yarim yil ichida jamoatimiz uch baravar ko‘paydi."

Muso otaning cherkovidagi yakshanba liturgiyasi paytida yigirma-o‘ttiz yoshlardagi erkaklar ko‘pligi meni hayratga soldi. Ular ibodatxonaning orqa qismida ibodat qilib, cho‘qinishardi. Zamonaviy Amerikadagi hayotdan bezgan yosh yigitlarni milodiy IV asriga borib taqaladigan an’analarga ega bu din o‘ziga jalb qilayotgandek edi.
Dasturiy ta’minot muhandisi Teodor menga orzusidagi ishi va sevimli xotini borligini, ammo ichida bo‘shliq his qilganini aytdi. Uning fikricha, jamiyat erkaklarga nisbatan "juda shafqatsiz", ularga doim noto‘g‘ri yo‘ldaliklarini uqtirmoqda. U erkaklarni oila boquvchisi bo‘lgani va xotini uy bekasi bo‘lgani uchun qoralash kerak emas deydi.
"Bizga bunday munosabat juda zararli deb uqtirishadi, – deydi Teodor. – Aslida bunday bo‘lmasligi kerak."
Men uchratgan deyarli barcha yangi dindorlar o‘z farzandlarini uyda o‘qitishni afzal ko‘rishadi. Buning qisman sababi ular ayollar karьeraga emas, oilalariga ko‘proq e’tibor berishlari kerak deb hisoblashlaridir.
Hyuston shimolidagi Spring shahridan bo‘lgan RPCh bosh ruhoniysi Jon Uaytfordning aytishicha, uyda ta’lim berish diniy ta’limni ta’minlaydi, "bolalaringizni himoya qiladi", "transgenderlik yoki oyning 57 ta jinsi kabi" mavzulardan nari bo‘lishga yordam beradi.

Amerikaning yevangelist mega-cherkovlaridagi millionlab dindorlar bilan taqqoslaganda, pravoslav nasroniylarining soni juda oz – aholining atigi bir foizini tashkil qiladi. Bu Rossiya, Ukraina, Sharqiy Yevropa va Gretsiyada tarqalgan Sharqiy pravoslavlik, shuningdek, Yaqin Sharq va Afrikadagi oriental pravoslavlikni o‘z ichiga oladi.
1917 yildagi Rossiya inqilobidan qochgan ruhoniylar tomonidan asos solingan RPChni ko‘pchilik AQShdagi eng konservativ pravoslav mazhab deb hisoblaydi. Bu kichik diniy jamoa ovozi baland bo‘lib, sodir bo‘layotgan voqealar, ayniqsa Prezident Donald Trampning Moskvaga yuz burganidan keyingi keng qamrovli siyosiy o‘zgarishlarni aks ettiradi.
Yangi dindorlar soni qanchalik o‘sganini aniqlash qiyin, ammo Pew tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, pravoslav nasroniylarning 64 foizi erkaklar bo‘lib, bu 2007 yildagi 46 foizdan yuqoridir.
773 ta yangi dindor haqidagi kichikroq tadqiqot bu tendentsiyani tasdiqlaydi. So‘nggi qo‘shilganlarning aksariyati erkaklar, ko‘pchilik pandemiya ularni yangi e’tiqod izlashga undaganini aytadi. Bu so‘rovnoma Amerikadagi Pravoslav Cherkovidan (APCh) olingan. APCh XVIII asr oxirida Alyaskada rus rohiblari tomonidan tashkil etilgan va hozirda AQSh, Kanada va Meksikada o‘zlarini rus pravoslavlari deb hisoblaydigan 700 dan ortiq cherkov, missiya, jamoa, monastirь va muassasalarga ega.
Sharqiy pravoslav nasroniyligi tarixi va tafakkurini o‘rganuvchi professor Skott Kenvorti o‘zining Sintsinnatidagi APCh cherkovi "odamlarga to‘laligini" aytadi.
U 24 yildan beri bir cherkovga qatnab keladi va Kovid karantiniga qadar jamoat a’zolari soni o‘zgarmaganini aytadi. O‘shandan beri yangi qiziquvchilar va cho‘qinishga tayyorgarlik ko‘rayotganlar oqimi to‘xtamayapti.
"Bu faqat mening cherkovim yoki Texasdagi bir nechta joyda sodir bo‘layotgan hodisa emas, – deydi professor Kenvorti, – bu, albatta, kengroq miqyosdagi hodisa."
Yangi dindorlar to‘lqinida raqamli makon muhim rol o‘ynaydi. Muso otaning internetda ko‘p izdoshlari bor – u Instagram sahifasida xotinining homiladorlik testi ijobiy chiqqan suratni joylashtirib, oltinchi farzandi tug‘ilishini e’lon qilganida 6000 ta layk oldi.
Biroq pravoslav ruhoniylari va asosan erkaklar bo‘lgan izdoshlarining o‘nlab boshqa podkastlar va videolar ham mavjud.
Muso ota o‘z jamoasiga Xudoga xizmat qilishning ikki usuli borligini aytadi – rohib yoki rohiba bo‘lish yoki turmush qurish. Ikkinchi yo‘lni tanlaganlar homiladorlikdan saqlanishdan voz kechishlari va iloji boricha ko‘proq farzand ko‘rishlari kerak.
"Menga cherkov tarixida tug‘ilishni nazorat qilishning biror turini ma’qullagan avliyoni ko‘rsating," deydi Muso ota. Masturbatsiyaga kelsak, ruhoniy uni "achinarli va erkakka munosib emas" deb qoralaydi.
Muso ota pravoslavlikni "maskulinlik emas, balki shunchaki normallik" deydi, "G‘arbda esa hamma narsa juda ayollashib ketgan". Uning fikricha, ba’zi protestant cherkovlari asosan ayollarga mo‘ljallangan.
"Men Teylor Sviftning kontsertiga o‘xshagan ibodatlarga borishni istamayman, – deydi u. – "Ibodat qo‘shiqlari so‘zlariga e’tibor bering, hammasi hissiyot – bu erkaklarga xos emas."
Elissa Beletich Devis, sobiq protestant, hozir Ostindagi yunon pravoslav cherkoviga mansub, yakshanba maktabi o‘qituvchisi va shaxsiy podkast yuritadi. Uning aytishicha, ko‘plab yangi muqtadiylar "uokka qarshi guruh"ga mansub bo‘lib, ba’zan o‘zlarining yangi e’tiqodlari haqida g‘alati tasavvurlarda yurishadi - ayniqsa rus cherkovidagilar.
"Ular buni harbiy, qat’iy, intizomli, erkaklarga xos, avtoritar din deb bilishadi, – deydi Elissa. – Bu juda kulgili. Go‘yo qadimgi amerikalik puritanlar va ularning g‘alati urf-odatlari qayta yuzaga chiqayotgandek."

Surat manbasi, Buck Johnson
Bak Jonson 25 yil davomida o‘t o‘chiruvchi bo‘lib ishlagan va Counterflow podkastini olib boradi.
Uning aytishicha, u dastlab mahalliy rus pravoslav cherkoviga kirishga qo‘rqqan, chunki u boshqacha ko‘rinar, tanasi tatuirovka bilan qoplangandi," ammo uni quchoq ochib kutib olishgan ekan. U, shuningdek, cherkov butun kovid karantini davomida ochiq bo‘lganidan mutaassir bo‘lgan.
U Lokhartdagi uyida ikkita ulkan televizor ekrani qarshisidagi divanda o‘tirib, yangi e’tiqodi dunyoqarashini o‘zgartirayotganini aytadi.
"Amerikaning Rossiyaga nisbatan salbiy qarashlari meni tashvishga solmoqda," deydi Bak. U "an’anaviy" ommaviy axborot vositalari Ukraina urushi haqida noto‘g‘ri ma’lumot berayotganini aytadi.
"Menimcha, Amerikada Sovuq urushni boshdan kechirgan katta avlod bor, – deydi Bak, – nima uchunligini unchalik tushunmayman, ular Rossiyani yomonlashadi."
Moskvadagi Rus cherkovi rahbari patriarx Kirill Ukrainaga bostirib kirishni qat’iy qo‘llab-quvvatlab, uni Muqaddas urush deb atadi va uning qurbonlariga hech qanday achinish bildirmadi. Men arxierey ota Jon Uaytforddan ko‘pchilik urushqoq deb hisoblaydigan Rossiyaning oliy ruhoniysi haqida so‘raganimda, u patriarxning so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinganini ta’kidladi.
Putinning Muqaddas Kitob oyatlaridan iqtibos keltirayotgani, Moskvadagi Xaloskor Masih cherkovida ibodat paytida qo‘lida sham ushlab turgani, Yepifaniya marosimida muzli suvga sho‘ng‘ish uchun cho‘milish kiyimlarini yechgani aks etgan kadrlar va fotosuratlar muxlislar e’tiborini tortganga o‘xshaydi. Ba’zilar – Amerikada va boshqa mamlakatlarda – Rossiyani haqiqiy nasroniylikning so‘nggi qo‘rg‘oni deb bilishadi.

Qariyb o‘n yil muqaddam pravoslavlikni qabul qilgan yana bir kishi, ruhoniyga aylangan texaslik Jozef Glison ota Amerikadan rafiqasi va sakkiz farzandi bilan Moskvadan to‘rt soatlik yo‘l naridagi Borisoglebskiy qishlog‘iga ko‘chib o‘tdi.
"Rossiyada bir jinslilar nikohiga ruxsat berilmagan, bu uyda farzandlaringizni o‘qitishingiz mumkin bo‘lgan joy va, albatta, menga bu yerda pravoslav xristianligining ming yillik tarixi yoqadi," deydi u rossiyalik video boshlovchiga.
Bu paxmoq soqolli texaslik konservatorlarni Rossiyaga ko‘chib o‘tishga undovchi harakatning oldingi safida turibdi. O‘tgan yil avgustida Putin G‘arb liberalizmidan qochganlar uchun tezkor "umumiy qadriyatlar" vizasini joriy qildi.
Texasga qaytgach, Bakning aytishicha, u va uning hammaslaklari amerikacha iste’molchilikdan voz kechishmoqda.
"Biz an’analar, oilaga muhabbat, jamoaga muhabbat, qo‘shnilarga muhabbat kabi uzoq muddatli qadriyatlar haqida o‘ylayapmiz," deydi Bak.
"Menimcha, pravoslavlik bizga to‘g‘ri keladi, ayniqsa, Texasda."












