You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Million-million dollarlik: Tolibon Afg‘onistonni G‘arb yordamisiz ham ko‘tarayaptimi?
Afg‘onistonni boshqarayotgan Tolibon xabar qilishicha, O‘zbekiston bilan turli sohalarda $200 million dollarlik sarmoya masalasi muhokama qilingan, Turkmanistondan temir yo‘lni Afg‘oniston ichiga uzaytirish bo‘yicha $7 millionlik hujjatlar imzolangan, 1500 tacha kompaniya jami 1 milliard dollardan ziyod sarmoya kiritishga, Afg‘onistonda yer olib, o‘z zavod-farbikasini qurib ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirgan.
Bular Afg‘onistonning xalqaro tan olingan hukumatining asosiy donorlari bo‘lgan G‘arb mamlakatlari Tolibonni rasman e’tirof etmay, Afg‘onistonga mo‘ljallangan mablag‘larni muzlatganiga qaramasdan, joriy hukumat "o‘zini-o‘zi uddalayotganini" anglatadimi?
Tan olish kerak, Afg‘onistonning aksar joylarida vaziyat ayanchli, ayniqsa, qish oylarida oddiy odamlar isinish, bolalarini boqishda ko‘p qiynalmoqdalar, Tolibon joylarda tarqatayotgan bug‘doy, un bilan ko‘pchilik qornini to‘ydirib bo‘lmaydi.
2021 yil avgustida Tolibon butun mamlakat bo‘ylab nazoratni qo‘lga kiritganidan keyin Tolibondan Afg‘onistonda istiqomat qiladigan barcha millat, ellatlar vakillarini tamsil etadigan, orasida ayollar ham mavjud inklyuziv hukumat tuzishni talab qildilar.
O‘zlarining 1990 yillardagi Tolibondan o‘zgarganlarini aytadigan Tolibon islohotlar va’da qildi.
Ammo o‘tgan uch yildan ortiq vaqt ichida Tolibon ayollarning o‘qish va ishlash huquqlarini yanada chekladi, tobora ko‘p shariat tartiblarini joriy etdi.
Tolibonni inson huquqlarini poymol etishda ayblayotgan G‘arb siyosatchilari Tolibonni Afg‘onistonning rasman tan olingan rahbariyati deb bilmaydi, muloqotni istayotgani yo‘q.
Biroq Xitoy, Turkiya, O‘zbekiston, Rossiya, boshqa Osiyo mamlakatlari Tolibon bilan hamkorliklarini kengaytirishga harakat qilmoqdalar.
Shu kunlarda Tolibon poytaxt Kobulda mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni kamaytirish yo‘llarini muhokama qildi, u yerda nimalar qilinayotgani va nimalarni qilmoqchi ekanlari haqida hisobot berdilar.
Tolibon o‘zlarida mablag‘, mutaxassis va zarur texnika yo‘qligi bois Afg‘oniston yer osti boyliklarini qazib olishga xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilgan, ular orasida Xitoy yetakchidir.
Afg‘onistondagi bir necha neft koni, mis, boshqa ma’dan konlari xitoylik shirkatlarga berilgan, ushbu shartnomalar jami bir necha milliard dollariga baholanadi.
Afg‘onistonga eng ko‘p sarmoya kiritayotgan mamlakatlar Turkiya, O‘zbekiston va Qatardir.
Yaqinda Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mullo Abdul G‘ani Barodar rahbarligidagi hay’at Toshkentda O‘zbekiston rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi, 200 million dollardan ziyodlik sarmoya masalasi muhokama etildi.
O‘zbekiston Hayraton portidan Mozori Sharifgacha tortilgan temir yo‘lini Hirotga quradigan bo‘ldi.
Afg‘oniston O‘zbekistondan elektr quvvati oladigan, Afg‘oniston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmini 3 milliard dollarga yetkazamiz, deb kelishib oldilar.
Ayni paytda poytaxt Ashxobodda "Turkmaniston Temir yo‘llari" bilan uch hujjat imzolangan, 7 million dollarga baholanayotgan loyiha "Torg‘undi-Hirot" temir yo‘lini kengaytirish, "Aqina-Andxo‘y" temir yo‘lining 10 kmlik qismi qurilishini nihoyasiga yetkazish, Andxo‘ydan Juzjon viloyatining Shibirg‘onigacha temir yo‘l tortish loyihasini ishlab chiqishni nazarda tutadi.
Shu kunlarda Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkentdagi uchrashuvida Trans Afg‘on temir yo‘li qurilishini tezlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
Tolibonning Jamoat ishlari vaziri Muhammad Ashraf Haqshunos Afg‘oniston televideniesiga bergan intervyusida o‘zlarining Trans Afg‘on temir yo‘li qurilishida qatnashishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
"Afg‘oniston ushbu loyihaning zaminimizda boshlanishiga to‘la tayyor. Afg‘oniston Islomiy Amirligining Jamoat Ishlari vazirligi mamlakatlarning ushbu loyihani amalga oshirish harakatlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi, hamkorlikka va’da beradi", dedi Muhammad Ashraf Haqshunos.
O‘zbekiston Pokiston bilan bog‘laydigan Afg‘oniston zaminidan o‘tadigan 573 kmlik temir yo‘l qurilishi 7,8 milliard AQSh dollariga baholangan.
Tolibon rasmiylariga ko‘ra, Qatar ushbu loyihani moliyalashga rozilik bergan.