Mirziyoyev tejamkorlikka buyurdi, amaldorlar 'labbay' dedi – Bu yildan quyosh panellari chindan majburiy bo‘ladimi?

Surat manbasi, Rasmiy
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvarь kuni o‘tgan videoselektorda vazirliklar va hokimliklarga resurslarni tejash, energosamaradorlikni ta’minlash orqali xarajatlarni qisqartirish topshirig‘ini bergan. Yig‘ilishdan so‘ng gapirgan amaldorlar bu yilda aholi xonadonlarigacha bo‘lgan barcha sohalarda keng qamrovli quyosh panellari o‘rnatish kampaniyasi boshlanishini ma’lum qilgan. Prokuratura bu topshiriq "so‘zsiz" bajarilishiga va’da bergan.
27 yanvarь kuni Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘inda kuni "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili davlat dasturi loyihasi mavzusi muhokama qilingan.
"Oxirgi uch yilda joylarda 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol elektr stantsiyalari ishga tushirildi, 35 ta kichik GES qurildi. Sanoatda "yashil energiya" sertifikati tizimi joriy qilindi. Quyosh panellari o‘rnatgan xonadonlar 60 mingdan oshdi. "Yashil makon" dasturi doirasida daraxtlar ekilib, bog‘lar yaratilyapti. Suvdan tejab-tergab foydalanilyapti", deyiladi prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
O‘zbekiston 24 telekanali efirga uzatgan reportajda prezident joylardagi energosamaradorlik va tejamkorlikdan mamnun emasligi ko‘ringan.
U, misol tariqasida, Xorazm viloyatidagi vaziyatni tanqid qilgan.
"Xorazm viloyatida 40 mingga yaqin korxona bor. Qariyb 2 million aholi yashaydi. Ularning bir yillik elektr energiyasi iste’moli 2,6 milliard kVt/soatga teng. Hozirgi kunda viloyat 1,3 milliard kVt/soat elektr ishlab chiqarayotgan bo‘lsa, qolgan 50 foizni boshqa hududlardan olyapti. Shuning uchun, Mirzamahmudov [Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov – tahr.] va Raximov [Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Raximov – tahr.] kamida 1,3 milliard kVt/soatni yashil energiya hisobidan qoplashi shart va majbur. Boshqa yo‘limiz yo‘q", ta’kidlagan Mirziyoyev.
Shavkat Mirziyoyev 2025 yilda yalpi ichki mahsulotni $125 milliardga yetkazish ko‘zlanayotgani, ammo mamlakat tarmoqdagi yo‘qotishlar hisobiga qo‘shimcha 27 foiz YaIM yaratish imkonini qo‘ldan boy berayotganini tilga olgan.
O‘zbekiston prezidenti yig‘ilishda tegishli vazirliklar va viloyat hokimliklariga energosamaradorlikni oshirish evaziga xarajatlarni, kamida, 15-20 foizgacha qisqartirish choralarini ko‘rishga buyurgan.
Yig‘ilishdan so‘ng davlat televideniesiga intervyu bergan amaldorlar so‘zlaridan joriy yilda mamlakatda keng miqyosli quyosh panellari o‘rnatish kampaniyasi bo‘lib o‘tishi anglashilgan.
"Vazifa so‘zsiz bajariladi"
Prezidentdan topshiriq olgan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda binolar tomlarining kamida 50 foizini quyosh panellari bilan qoplash rejalashtirmoqda.
"… 2 yil ichida uch mingga yaqin kichik gidroelektrstantsiyalar qurish, aholi va xo‘jalik sub’ektlari tomlarining kamida 50 foizini quyosh panellari hamda geliokollektorlar bilan qoplash bo‘yicha ko‘rsatmalar va dastur ishlab chiqarish topshirig‘i berildi", degan vazir davlat televideniesiga.
Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzaev o‘zi rahbarlik qilayotgan hududdagi qishloq xo‘jaligi sohasida ishlatilayotgan nasos stantsiyalarining bari quyosh energiyasiga o‘tkazilishini bildirgan.
Prezident tanqidini eshitgan Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Raximov yig‘ilishdan "tegishli xulosa" olgani va o‘z hududida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlaridan tortib fermer xo‘jaliklariga qadar quyosh panellari o‘rnatish dolzarb vazifaga aylanishini bildirgan.
Bugungi selektorda barcha elektr energiya isteʼmolimizning 50 foizini muqobil [manbalar] hisobidan qoplash vazifasi belgilandi. Bugundan shu rejimga oʻtamiz.
"Fermer xo‘jaliklari rahbarlari ham, tadbirkorlar ham, fuqarolarimiz ham, birinchi navbatda, o‘zlari uchun qanchalik iqtisod bo‘lishi, qolaversa, doimiy ravishda kafolatlangan elektr energiya bilan ta’minlanishini to‘liq tushundi. Tushungan holda, ongli ravishda [quyosh panellari] o‘rnatishni hamma joyda boshladilar. To‘liq viloyat bo‘yicha bu ishga hozir kirishganmiz".
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov prezident elektr energiya iste’molining yarmini muqobil manbalardan qoplash topshirig‘ini berganini tilga olgan.
"Selektor yig‘ilishida bizga aniq vazifa belgilandi, ya’ni barcha elektr energiya iste’molimizning 50 foizini muqobil [manbalar] hisobidan qoplash. Aniq, nomma-nom tashkil qilishimiz bo‘yicha bizga topshiriq berildi. Bugundan shu rejimga o‘tamiz".
Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov esa mamlakatda prezident topshirig‘i asosida boshlanayotgan ommaviy ravishda quyosh panellari va gelio kollektorlar o‘rnatish vazifasi "so‘zsiz" bajarilishi bo‘yicha nazorat prokurorlar qo‘lida bo‘lishi haqida gapirgan.
Mahalliy matbuotda chiqqan mazkur xabar zumda faollar va tarmoq foydalanuvchilari e’tiboriga tushgan.
Fikr bildiruvchilarning ko‘pi prezident topshirig‘i aholi va tadbirkorlarni majburlash kampaniyasiga aylanib ketishi ehtimolidan xavotir bildirgan.
"Aholini va tadbirkorlarni Konstitutsiya bilan belgilangan xuquqlari bor. Energetika vazirligi boshqalarga muammo o‘ylab topish emas, muammolarni hal qilish bilan shug‘ullanishi kerak. Ertaga tadbirkorlar va aholi orasida katta noroziliklar kelib chiqaradigan takliflar nega kiritiladi?!", degan savolni o‘rtaga tashlagan Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abdukadirov.
Aksar fikr bildiruvchilar esa energetika muammosini hal etish yo‘lida amalga oshirilayotgan bu chora-tadbirlar "kimning hisobidan" bo‘lishiga qiziqish bildirgan.
"Bizda odamlarda o‘zi tomni normalno yopishga imkon yo‘q. Quyosh paneliga pul qaydan bo‘lsin. Agar davlat kredit beradi, deyishsa, unda bu o‘zi kreditga botgan aholiga qo‘shimcha yuk bo‘lmaydimi?", yozgan Facebook foydalanuvchisi.
Boshqa bir qism foydalanuvchilar esa ekologiya abgorlashib borayotganini ta’kidlab, chang va qum bo‘ronlari avj olayotgan bir zamonda quyosh panellari samaradorligidan katta umid qilmaslikka chaqirgan.
Tarmoq faoli Javlon Ahmedov esa ikki yil ichida mamlakatda bunday katta ko‘lamda panellashtirishni amalga oshirish imkoniyatlariga ishonchsizlik bilan qaragan.
"Bu quyosh panellari masalasi bo‘yicha o‘tgan 3 yilda nechangchi qaror yoki taklif? Bir taklifni nechchi martta gapirish mumkin? Nima keragi bor quruq gaplarni. 3 yil oldin gaplar aniq qaror edi. 3 yildan keyin rejaga aylanibdi. Bunaqada bu loyiha 10 yildan keyin ham amalga oshmaydi".












